Toshkent gazetalari tarixi


Post Views:
3 040

Toshkentda Markaziy Osiyoda ilk gazetalar – «Turkestanskiye vedomosti» («Turkiston vedomostlari») va «Turkiston viloyatining gazeti» 1870 yildan chiqa boshlagan. Turkiston general-gubernatorligi tomonidan tashkil etilgan mazkur nashrlardan ko‘zlangan maqsad mustamlakachilarning yerli xalqlarga o‘zlarining siyosatlarini targ‘ib va tashviq etish bo‘lgan. Mazkur gazeta harbiy okrug shtabi huzuridagi bosmaxonada nashr etilgan. Ularning har ikkisi ham 1917 yilgacha chop ettirilgani bois Turkiston matbuoti tarixida uzoq muddat davomida uzluksiz faoliyat ko‘rsatgan davriy nashrlar sanaladi.

Mazkur gazeta o‘lkadagi davriy matbuotning shakllanishi va rivojlanishi uchun turtki bergani bilan ham ahamiyatlidir.

«Turkiston viloyatining gazeti» o‘zbek publitsistikasining shakllanishiga yo‘l ochdi. Zokirjon Furqat, Sattorxon Abdug‘afforov, Ishoqxon Ibrat, Mahmudxo‘ja Behbudiy va boshqa ziyolilarning bu gazetadagi chiqishlari natijasida Turkiston o‘lkasida jaholatga qarshi kurash, ommani, ayniqsa, yosh avlodni har tomonlama ilm-ma’rifatli qilib tarbiyalashga intilish harakatining kuchayishini ta’minladi. Boshqacha aytganda, mazkur nashr ma’rifatparvarlarning fikr va so‘z aytishi uchun ilk minbar vazifasini o‘tadi.

19-asrning 90-yillari Turkistonda matbuot sohasida o‘ziga xos yangilanish jarayonlari kuzatildi. Ana shu davrdan e’tiboran o‘lkada rus tilidagi dastlabki xususiy gazeta o‘z faoliyatini boshladi. Toshkentda nashr qilingan «Okraina» (1890–1907), «Russkiy Turkestan» (1898–1907) gazetalari dastlabki xususiy nashrlardir. Bu gazetalar liberal-burjua yo‘nalishiga ega bo‘lib, o‘lkadagi rus tadbirkorlarining manfaatlarini o‘zida aks ettirgan. Bu kabi gazetalar general-gubernatorlikning rasmiy nashrlaridan farqli ravishda, kishilarni siyosiy, iqtisodiy va adabiy hayotga aloqador axborot bilan ta’minlash barobarida jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarni tanqid qilish orqali mavjud muammolar yechimini izlagani bilan ham ahamiyatlidir.

20-asrning boshida Toshkent rus siyosiy matbuoti tarmog‘ida ishchilar harakatining paydo bo‘lishi zaminida tug‘ilgan sotsial-demokratik nashrlar ham joy ola boshlaydi.

Chorizm mahalliy xalqlar ongi va bilim saviyasining yuksalishidan manfaatdor bo‘lmagan. Shu bois hukmron siyosat milliy ongning yuksalishiga xizmat qiladigan vositalarning, jumladan, milliy tildagi davriy nashrlarning yuzaga kelishiga iloji boricha yo‘l qo‘ymadi. 1906 yilga qadar butun o‘lkada yagona «Turkiston viloyatining gazeti»dan bo‘lak mahalliy tilda bironta gazeta nashr qilinmagani ham buning dalilidir.

Toshkentda o‘zbek tilidagi dastlabki mustaqil davriy nashrlarning paydo bo‘lishi 1905–07 yillardagi 1-rus inqilobi davriga to‘g‘ri keladi. Bu, shubhasiz, o‘lka ijtimoiy hayotida tarixiy ahamiyatga ega muhim voqyea edi. Inqilobiy harakatlardan sarosimaga tushgan chorizm turli islohotlar soyasida matbuot sohasida ham yon berishga, so‘z erkinligini qisman bo‘lsa-da ta’minlashga majbur bo‘ldi. O‘lkaning ziyolilari bundan foydalanib, davriy nashrlar chiqarish to‘g‘risida chor ma’muriyatidan ruxsatnomalar olishga erishdilar. Toshkentda dastlabki ijtimoiy-siyosiy va adabiy mazmundagi o‘zbekcha davriy nashrlar tashkil topdi. Ularning tashkilotchilari, muharrirlari va yetakchi mualliflari, asosan, 20-asr boshida Turkistonda yuzaga kelgan jadidchilik harakatining g‘oyaviy yo‘lboshchilari, mahalliy sanoatchi boylar bo‘lgan. Xususan toshkentlik Sayidkarim Sayidazimboy 1907 yilda tijoratchilarning maxsus «Tujjor» gazetasiga asos soldi. Bir yildan so‘ng rus tilida shunday gazeta («Turkestanskaya torgovo-promishlennaya gazeta») chiqarildi. Jadidlar istilochilar va ularning mahalliy malaylari tomonidan toptalgan Turkiston o‘lkasini obod va taraqqiy etgan yurtga aylantirish, xalqni jaholat, ilmsizlik va xurofot botqog‘idan qutqarib, ilm-ma’rifatli etish orzusida keng faoliyat olib bordilar. Zero, ular bunday ezgu niyatlarga erishishda matbuot qudratli ta’sir vositalaridan biri ekanini yaxshi anglagan.

Toshkentda tashkil etilgan davriy nashrlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishda mahalliy rus matbuoti hamda Rossiyaning turli hududlarida tatar tilida nashr qilingan gazetaning, xususan, ma’rifatchi Ismoilbek Gasprinskiy muharrirligida chiqqan «Tarjumon» gazetaning ish tajribasiga tayanilgan.

O‘zbekistonda chinakam milliy matbuotning yuzaga kelishi 1906 yil 27 iyunda Toshkentda chop etilgan «Taraqqiy» gazetasi bilan bog‘liq. «Sadoi Turkiston» (1914–15) gazetani saviyasi, omma ongiga ta’siri jihatidan o‘zbek matbuoti tarixidagi eng ibratli nashr-lardan deb hisoblash mumkin.

Biroq bu gazetaning faoliyati mashaqqatli kechdi. Chor senzurasi ularni qattiq iskanjaga oldi. Toshkentda chiqqan «Taraqqiy», «Xurshid» (1906), «Shuhrat» (1907), «Osiyo» (1908) gazetalari «nomatlub» yo‘nalishi uchun Turkistondagi chor ma’muriyati tomonidan yopib qo‘yildi. Boshqa nashrlarning tez-tez moliyaviy tanglikka giriftor bo‘lishi ham ular faoliyatining to‘xtashiga sabab bo‘ldi. Toshkentda ma’rifatchilar tomonidan asos solingan o‘zbek matbuoti o‘z yo‘lidagi jiddiy to‘siq va g‘ovlarga qaramay milliy ong, til, adabiyot va jurnalistikani shakllantirishga muayyan ta’sir ko‘rsatdi.

1917 yil Fevral inqilobi Turkistondagi ijtimoiy munosabatlar, shu jumladan, matbuot rivojiga ham ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. Milliy birlik harakatini avj oldirishga, o‘zbek xalqining istiqlolga erishish yo‘lidagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga 1917 yilda tashkil etilgan «Najot», «Turk eli», «Turon», «Ulug‘ Turkiston» gazetasi o‘ziga xos hissa qo‘shdi. Yangilanish va islohotlar talabi bilan maydonga kelgan mazkur nashrlar o‘lkada sovet hokimiyati o‘rnatilgan davrda bir muddat chiqishda davom qilgan bo‘lsa ham, biroq ko‘p o‘tmay, yangi hukmron mafkura yetakchilari tomonidan «aksilinqilobchi»likda ayblanib, faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

Toshkentda partiya-sovet matbuotining dastlabki namunasi rus tilidagi «Nasha gazeta» bo‘lib, uning 1-soni 1917 yil aprelda chiqdi. Ushbu gazeta 1919 yil 12 aprda «Izvestiya», 1922 yildan «Turkestanskaya pravda» nomlari bilan chop etildi. 1924 yil noyabrdan «Pravda Vostoka» gazetasi chop etila boshlandi. Bu gazeta 1991 yil sentyabrdan ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy gazeta maqomida (1994 yildan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi muassisligida) chiqmoqda.

Toshkentda 1918 yil 24 yanvarda «Prodovolstvennoye delo» (Oziq-ovqat qo‘mitasi nashri), 1918 yil martdan «Golos krestyanina» (O‘lka dehqonlar kengashi ijroqo‘mining nashri), 1918 yil apreldan «Narodniy universitet» (Turkiston xalq universiteti va Turkiston Respublikasi xalq komissarligi nashri) chop etildi.

O‘zbek tilidagi birinchi sovet gazetasi 1918 yil 21 iyundan dastlab Turkiston Muxtor Sovet Sotsialistik Respublikasi Milliy ishlar xalq komissarligining nashri hisoblangan va keyinchalik partiya gazetasi maqomini olgan «Ishtirokiyun» («Kommunist») gazetasidir. Gazeta keyinchalik «Qizil bayroq» (1921–22), «Turkiston» (1922–24), «Qizil O‘zbekiston» (1924–64), «Sovet O‘zbekistoni» (1964–91) nomlarida bosildi. 1991 yil sentyabridan «O‘zbekiston ovozi» nomi bilan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining rasmiy nashri sifatida nashr etilayotir.

O‘zbekiston SSR tashkil bo‘lganidan keyin, 1925 yildan aholining turli qatlamlariga mo‘ljallangan respublika miqyosidagi gazetalar: «Yosh leninchi», «Komsomolets Vostoka», «Kambag‘al dehqon», «Qizil yulduz», «Batrak», «Ishchi», «Pioner Vostoka», «Lenin uchquni», «Uzbekistanskaya pravda», «Madaniy inqilob» va boshqalar aynan Toshkentda chiqa boshladi. 30-yillarga kelib matbuot butkul stalinizm jarchisiga aylandi. Barcha masalalar bo‘yicha u faqat partiya rahbariyatining rasmiy yo‘l-yo‘riqlari va nuqtai nazarini ifodaladi, shu yillarda butun mamlakatda amalga oshirilgan yalpi qatag‘on uchun mafkuraviy zamin ham yaratdi.

Shu davrda matbuotni tashkil etish va taraqqiy toptirishda xizmatlari singgan Usmonxon Eshonxo‘jayev, Abdulhamid Sulaymonov (CHo‘lpon), Abdulla Qodiriy, Ziyo Said, Mo‘min Usmon, Mannon Romiz, A’zam Ayubov, Abulhay Tojiyev, Muhammad Hasanov, Fayzulla Xo‘jayev, Akmal Ikromov, Qosim Sorokin, Qurbon Beregin va b. iste’dodli jurnalistlar, muharrirlar, publitsistlar o‘zlari tashkil etgan matbuotda «xalq dushmanlari», «partiyaga qarshi trotskiychi-zinovyevchi-buxarinchi guruhlarning hamtovoqlari», «ashaddiy millatchilar» deb nohaq badnom qilindi va stalincha qatag‘on qurboniga aylandilar.

1941–45 yillardagi urush davrida barcha jabhalar singari matbuot tarmog‘i ham birmuncha qisqardi, Toshkentda chop etilgan qator gazetalar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Chiqib turgan gazetalarning hajmi va nusxasi kamaydi.

Urushdan keyingi davrda Toshkentda matbuot taraqqiyoti, asosan, shahar hamda yirik korxona, zavod, ilmiy va ta’lim muassasalari gaz.lari hisobiga yanada kengayishi, mavjud gazetalar nusxasining keskin ko‘payishi, matbuot moddiy-texnika bazasining mustahkamlanishi bilan xarakterlidir.

20-asrning 80-yillari 2-yarmiga kelib «qayta qurish» deb nom olgan davr matbuotida so‘z erkinligi va oshkoralik epkinlari kuzatila boshladi. Boshqacha aytganda, sobiq sovetlar hokimiyatining zaiflashuvi, iqtisodiyotning izdan chiqishi, jamiyatda yuzaga kelgan turfa xil muammolar kishilarni hayotga haqqoniy ko‘z bilan qarashga undamoqda edi. Shu davrda, garchi kommunistik partiya nazorati ostida ish olib borsa-da, davriy matbuotda milliy o‘z-o‘zini anglash g‘oyalari bilan sug‘orilgan dolzarb, muammoli, mushohadaga boy maqolalar chop etildi. Tarixning ana shu burilish pallasida ko‘plab yetuk o‘zbek ziyolilarining ona tilimiz, milliy qadriyatlarimiz, o‘zlikni anglash, istiqlol ruhidagi ta’sirchan, bahs va munozaralarga chorlovchi maqolalari chop etildi. Biroq chalajon hukmron partiya matbuotdagi murosasiz va keskin chiqishlarga nisbatan o‘zining tazyiqini turli vositalarda namoyon etdi.

Jurnalistika ustidan partiya yakkahokimligining barham topishi natijasida matbuot tizimida yangi nashrlar paydo bo‘ldi. Toshkentda 1991 yil 1 yanvardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi (Oliy Majlisi) va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Xalq so‘zi», «Narodnoye slovo» gazetalari nashr etila boshladi. Endilikda tashkilotlar, partiyalar, harakatlar, uyushmalar, ayrim jamoalar, fuqarolar ham ommaviy axborot vositasini ta’sis etish huquqiga ega bo‘ldilar.

Istiqlol tufayli davriy matbuotning ahamiyati har jihatdan yuksaldi. Mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy islohotlar natijasida yangi-yangi nashrlar ta’sis etildi. Jumladan, Toshkentda «XXI asr», «Huquq», «Hurriyat», «Mohiyat», «Jamiyat», «Uzbekiston Today» singari gazetalar nashr etilmoqda. Aksariyat gazetalar siyosiy partiyalar, vazirlik, tashkilot va yirik kompaniyalar tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, mamlakatimizning siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ma’rifiy manfaatlariga xizmat qilmoqda. Bulardan tashqari, mustaqillik yillarida ko‘ngilochar nashrlar soni ham ko‘paydi.

Hozirgi paytda Toshkentda 19 nomda respublika gazetalari, 2 viloyat gazetasi («Toshkent haqiqati» – «Tashkentskaya pravda»), 2 shahar gazetasi («Toshkent oqshomi» – «Vecherniy Tashkent»), 44 ko‘p tirajli gazetalar nashr etiladi.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/toshkent-gazetalari-tarixi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x