Post Views:
53
1865 yilda rus podshosi qo‘shinlari general M.G. Chernyayev boshchiligida Toshkent shahrini ishg‘ol qilganlaridan 8 yil o‘tgach, o‘lkada harbiy harakatlar olib borilayotgan bir davr – Qo‘qon va Xiva xonliklariga qarshi harakatlar kuchaygan pallada – Sankt-Peterburgdan O‘rta Osiyoga AQSHning Rossiyadagi bosh konsuli Yevgeniy Skayler[1] tashrif buyuradi.
Ye. Skayler O‘rta Osiyo bilan avvaldan 1868 yildayoq qiziqib qolgan edi. O‘shanda u moskvalik savdogarlar bilan yaxshi aloqalari tufayli Orenburgga tashrif buyurib, u yerda paxta savdosini o‘rgangan. O‘lkaga kelish uchun u rasmiy doiralarning maxsus ruxsatnomasini oladi. Uning sayohatini rus harbiy ma’murlari A.M. Gorchakov, D.A. Milyutin va K.P. Kaufman ma’qullaydilar[2].
Yevgeniy Skayler O‘rta Osiyoga tashrif buyurgan g‘arblik sayohatchilarning dastlabki vakili bo‘lishi bilan birga AQSH hukumatining Rossiyadagi diplomatik vakili ham edi[3].
Ye. Skayler Turkistonga sayohati natijalarini 1874 yil 7 martda Sankt-Peterburgdagi AQSH elchisi Marshall Djevellga ma’lum qilgan va u hisobot shaklida o‘sha yili Vashingtonda “Qo‘shma Shtatlar tashqi aloqalari” (“Foreign relations of the United States”) nomli to‘plamda rasman nashr etilgan.
U o‘z hisobotida keng qamrovli masalalarni, jumladan Rossiya hukmronligi ostidagi Turkistondagi vaziyat, Rossiyaning O‘rta Osiyo xonliklari bilan o‘zaro munosabatlari, Turkistondagi rus hokimiyatining Afg‘oniston, Qashg‘ar va G‘o‘ljaga oid siyosiy nuqtai nazarlarini bayon etgan.
1875 yil 11 fevralda “Golos” gazetasida “Skayler sayohatnomasi va Turkiston byudjeti” nomli bosh maqola e’lon qilinadi. U reaksion ruhda yozilgan bo‘lib, rus ma’muriyatining Turkistonga haddan tashqari ishonuvchanligi keskin tanqid qilinadi[4].
Chunki Ye.Skayler Turkistondagi 1868-1872 yilgi besh yillik mustamlaka ma’muriyatining foyda va xarajatlarini taqqoslab, O‘rta Osiyo mulklari Rossiya uchun 19 million rubl zarar keltirganiga amin bo‘ladi. U buning sabablarini ruslarning o‘lkadagi ko‘plab fuqaro ma’muriyati va o‘zini oqlamaydigan ulkan harbiy qo‘shinlarida deb biladi.
Keyinroq 1876 yilda ushbu nashr muallif tomonidan to‘ldirilib, o‘zining Sirdaryo, Toshkent, Turkiston, Chimkent, Samarqand, Zarafshon vodiysi, Xo‘jand, Qo‘qon, Buxoro, Qarshi, Shahrisabz, Issiqko‘l, Yettisuv va G‘uljaga sayohatlari natijasida ko‘rganbilganlari hamda eshitganlari asosida kengaytirilib, “Turkiston: Rus Turkistoni, Qo‘qon, Buxoro va G‘uljaga sayohat qaydlari” nomli ikki jildli kitob holida ilk bor London (Buyuk Britaniya)da nashr etiladi[5].
Shuni ta’kidlash joizki, asar muallifning ko‘rgan-kechirganlari va bevosita o‘zi shohid bo‘lgan voqyea va manzaralar asosida yozilganligini e’tiborga oladigan bo‘lsak, uni tarixiy-geografik, qolaversa sayohatnoma asar deyish ham mumkin. Vaholonki, XIX asrning ikkinchi yarmida Turkiston tarixiga oid bu kabi salmoqli manba na Rossiya va, na G‘arb mualliflari tomonidan yaratilmagan.
Toshkent muallif sayohati davrida Turkistonning siyosiy-ma’muriy markazi bo‘lganligi bois asarda shahar haqidagi ma’lumotlar batafsil yoritilgan. Ular asarning birinchi jildi, 3–5 boblarida berilgan.
Jumladan, 3-bobda Toshkentning umumiy tarixi bayon etilgan. Ye.Skayler Toshkentni o‘rab turgan devor va darvozalari, shaharning umumiy ko‘rinishi haqida shunday yozadi: “Aytishlaricha, Toshkent devorlarining uzunligi o‘n olti milni[6] tashkil etib, 12 darvozasi bo‘lgan. Shaharni Rossiya qo‘shinlari egallagandan so‘ng uning uchtasi olib tashlangan. Ba’zi joylarda devor balandligi o‘n ikki yoki o‘n besh futni[7] tashkil etib, ular suvoqlangan paxsadan iborat. Devorning pastki qismi tepasiga qaraganda ancha qalin bo‘lib, tepa qismi to‘p va zambaraklar uchun maxsus joy va teshiklardan iborat. Ichkaridan tepaga chiqaverishda tor yo‘lakcha va maydonlar bo‘lib, ular askarlarning turishi, to‘p va zambaraklarning joylashtirilishi uchun qulaydir. Tor ko‘cha devorni uylardan ajratib turadi. Devor tashqarisida, shahardan olti mil narida bir necha milga cho‘zilgan bog‘lar bor. Shaharni bir necha metr masofada yashirib turuvchi, daraxtlari zich joylashgan bu bog‘lar, garchi Rossiya bosqinidan katta talofat ko‘rgan bo‘lsa, o‘sha-o‘sha chiroyligicha turibdi. Vaqtida bu bog‘lardagi daraxtlar savdo rastalari qurish uchun kesilgan, kesilgan daraxtlar o‘rnidan qo‘shin armiyaning harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazadigan tajriba maydoni sifatida foydalanilgan[8].
Ushbu bobda shahar aholisi haqida ham to‘xtab o‘tgan muallif uning sonini aniqlash juda qiyin ekanligi, ular to‘g‘ri ro‘yxatga olinmaganligini ta’kidlaydi. Ammo shaharni yaxshi bilgan kishilar Toshkent aholisining asosiy qismi o‘zbeklardan iborat bo‘lib, unda 120 000 aholi bor deb hisoblashini, bundan tashqari tojiklar, tatarlar, qirg‘izlar, hindilar va boshqa millat vakillari ham istiqomat qilishini yozgan[9]. Ba’zi tarixiy adabiyotlarda 1868 yilda shaharda 76 053 kishi6, boshqa birlarida esa XIX asrning 70-yillarida shaharda 78 981 kishi[10] istiqomat qilganligini nazarda tutadigan bo‘lsak, Ye. Skayler tashrif buyurgan 1873 yilga kelib, 3-5 yil ichida shahar aholisi qariyb 40 000 dan ortiq kishiga ko‘payishi mumkin emas. Bu jihatdan muallif xatolikka yo‘l qo‘yganligini e’tibordan qochirmaslik kerak.
Toshkentning mintaqa shaharlari ichida Islom an’analarini o‘zida saqlab qolgan markaz sifatidagi o‘rni masalalari, shahardagi musulmon hayotining o‘ziga xos jihatlari 4-bobda yoritilgan.
Ye. Skayler shahardagi tasavvuf oqimlari va ularning diniy urf-an’analari haqida to‘xtalib, shunday yozadi: “Tariqat birodarligi Toshkentda ham mavjud bo‘lib, uning eng mashhurlaridan Naqshbandiya, Xufiya, Jahriya, Qodiriya va Chistiya bo‘lib, eng oxirgisiga Qo‘qon va Xo‘jandda ham amal qilinadi. Mazkur tariqatlarning paydo bo‘lishi va ularga asos solinishini aniqlash juda qiyin. Har bir tariqatning o‘z afsonaviy tarixi bo‘lib, unga qat’iy ishoniladi va har biri ma’lum avliyolar tomonidan himoya qilinadi. Jahriya birodarligi Toshkentning turli joylarida kundalik tadbir o‘tkazib turadi. O‘rda bozori yaqinidagi Eshon Sohib Xo‘ja masjidida, payshanba kuni kech soat 9 dan juma tongi soat 5-6 largacha bo‘lib o‘tgan marosimning guvohi bo‘ldim”[11].
Toshkentda musulmonchilik qonun-qoidalariga ruslar monelik qilmaganliklari, general Kaufman har qanday missionerlik harakatini aholi orasida olib borilishini rad etganligi va Sankt-Peterburgdan shu maqsadda kelgan bir-ikki kishini darhol Toshkentdan chiqarib yuborganligi, chor ma’muriyatining bu harakati tahsinga loyiq bo‘lib, mahalliy aholi o‘z dinlarining ta’qib qilinmaganidan mamnun ekanliklari batafsil keltirib o‘tilgan[12].
Ye. Skayler Toshkentdagi ta’limning butun O‘rta Osiyodagi kabi to‘la diniy shaklda ekanligini yozib, maktablar ikki xil:maktab yoki boshlang‘ich maktab hamda madrasadan iborat ekanligini qayd etadi: “Maktablarning mudarrislariga ota-onalar haq to‘laydilar. Bayramlarda, asosan, ikki marta: Ramazon va Qurbon hayitlari oldidan maxsus sovg‘a yoki to‘n beriladi. Bulardan tashqari, ular har payshanba kuni non va kichik sovg‘alar olib turadilar. Madrasa talabalari ta’lim uchun hech qanday to‘lov to‘lamaydilar, lekin ular o‘z ustozlari kabi madrasalarning vaqf deb atalmish mulkidan keladigan daromad hisobidan ta’minlanadilar.
O‘g‘il bolalar 5-6 yoshlarida boshlang‘ich maktablarda o‘qiy boshlaydilar va bu 7 yilga cho‘ziladi. Ular o‘qishni alifbodan boshlab so‘ng Qur’on poralarini o‘tadilar. Ular orasida “Chor kitob”, “Mantiq” va “Forsiycha” kabi 6-7 ta kitoblarni o‘qiydilar. Bu yetti kitobni ular osonlik bilan o‘qishlari va yoza olishlari shart.
Madrasada o‘qish 7 yil davom etadi, ammo kamdan-kam odam to‘liq kursni bitirib chiqadi. Bunga erishganlar imom yoki masjid ruhoniysi, mudarris, qozilarning kotiblari (mirzo) bo‘lishlari ham mumkin…
…Bu yerda madrasadan tashqari yana bir necha maxsus maktablar ham bor. Ular ibodatchilarni o‘qitadigan “salovat xona”, “qori xona”lardan iborat bo‘lib, o‘quvchilar bu yerda Qur’onni yod olishadi. “Masnaviy xona” ham bo‘lib, u yerda shoirlarning masnaviy asarlari o‘rganiladi. Ta’lim faqat erkaklar bilan chegaralanib qolmaydi. Qizlar ham maxsus maktablarda o‘qish va yozishga o‘rgatiladi, ular 3 yoki 4 yil o‘qiydilar, so‘ng turmushga chiqqunlariga qadar 1 yoki 2 yil tikishni o‘rganadilar”[13].
5-bobda esa Toshkent bozorlari va savdo-sotiq, hunarmandchilik ishlarining ahvoli tahlil etilgan.
Ye.Skaylerning Toshkentga tashrifi davrida shahar aholisining ko‘pchilik asosini dehqonlar va yer egalari tashkil qilardi. Ular yerdan olinayotgan daromad bilan tirikchilik o‘tkazib, boshqa ishlar bilan shug‘ullanmasdi. Shahar aholisi orasida hunarmandlar anchagina qismni tashkil qilib, ko‘nchilar va etikdo‘zlar, shuningdek, bo‘zchilar ayniqsa ko‘p edi.
Muallif Toshkentning hunarmandchilik markazi sifatidagi o‘rniga ham yuqori baho bergan. Jumladan, u bu haqda shunday yozadi: “Bu yerda (Toshkentda – Z.S.) boshqa joylarda singari ishlab chiqarish bir necha tarmoqlarga bo‘linadi. Masalan, bir do‘konda mahsulot asosi qilinsa, boshqalari biriktirganlar, yana boshqalari esa dastalar, qopqoqlar yasaganlar, yon tarafda bezaklar tayyorlash do‘konlari kesishgan va hokazo. Bu qator oxirida esa Rossiyadan keltirilgan oshxona buyumlari. Barcha ishlatiladigan temir buyumlar tashqaridan olib kelingan, mahalliy buyumlar kam, faqat pichoq va qilich ishlab chiqarish bundan istisnodir. Temirdan qilingan pichoq, qaychi va ustaralarning katta qismi sotuvga beriladi, garchi ko‘pchilik qaychilarning chetlari po‘latdan payvandlangan bo‘lsa ham, ba’zilari esa butunlay po‘latdan qilingan. Odatda eski qilichlar baland narxda sotiladi. Pichoqlar har bir osiyolikning hayotida muhim ahamiyatga ega. Pichoqlarning ishlab chiqarish va sotish ishlari bilan ko‘pchilik shug‘ullanadi. Dastalar odatda suyakdan qilinadi va bezatiladi. Deyarli har bir pichoq o‘zining ot terisidan qilingan g‘ilofiga ega”[14].
Ye.Skayler Toshkentni Rossiya va Qoshg‘ar bilan bog‘lab turuvchi savdo va karvon yo‘llari geografiyasini ham batafsil yozgan: “Eski karvon yo‘llarining qariyb barchasi Toshkentdan Petropavlovsk va Troitskkacha borgan. Ularning ko‘plari hozirda Orenburgga yo‘nalgan bo‘lib, pochta yo‘li ham shu yo‘nalishda. 1300 milni tashkil etuvchi bu yo‘lni 60 kunda bosib o‘tish mumkin. …Troitskdan Toshkentgacha 39 kunlik yo‘l qariyb 1200 mildan iborat.
Qoshg‘ar savdosi odatda Norin orqali To‘qmoq va Verniyga, lekin ularning ba’zilari Terakdovon va Qo‘qondan o‘tgan. Qoshg‘ardan Qo‘qonga qadar masofa 300 mildan ziyodni tashkil etib, karvonlar bu yo‘lni 12-20 kunda bosib o‘tishgan”[15].
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash o‘rinliki, Ye. Skaylerning Turkistonga sayohat qaydlaridagi Toshkent tavsifi ko‘plab ma’lumotlarni o‘zida jamlagani, Sharqning muhim darvozasi sanalgan shahar va uning hayoti bundan qariyb bir yarim asr ilgari G‘arb kitobxoniga qiziqarli tarzda tanishtirilganligi bilan ahamiyatli sanaladi.
Z. Saidboboyev
Ташкент глазами западного дипломата
В статье анализируются ценные сведения о Ташкенте, приводимые американским дипломатом Е. Скайлером, посетившим город во второй половине XIX в. и написавшем книгу о Туркестане. На базе этого источника анализируется социально-экономическая жизнь города.
Z. Saidboboev
Tashkent by the viev of foreign diplomat
In the is paper is considered valuable datas on Tashkent, which given by the American diplomat Ye. Schuyler, visited city in second half of the 19th century and in his book about Turkestan. On the basis of that source the socio-economic life of city is analyzed.
[1] Skayler Yevgeniy (Schuyler Eugene, 1840–1890) amerikalik diplomat va olim bo‘lib, 1865 yildan diplomatik sohada faoliyat ko‘rsatgan. U 1867 yil 15 iyulda AQSHning Moskvadagi konsuli etib tayinlanadi va keyinroq 9 yil davomida u Reval, Sankt-Peterburg va Konstantinopolda turli diplomatik lavozimlarda ishlaydi. 1880 yilda Ruminiyada AQSH diplomatik vakolatxonasiga boshchilik qiladi. 1882 yildan bir vaqtning o‘zida AQSHning Yunoniston, Ruminiya va Serbiyadagi bosh konsuli vazifasini bajaradi. Ye. Skayler 1884 yilda Qo‘shma Shtatlar tashqi siyosat mahkamalaridan iste’foga chiqadi hamda Jons Xopkins va Kornuell universitetlarida dars beradi, maqolalar yozib turadi
[2] Дмитриев Г.Л., Депеша Е. Скайлера и проблемы среднеазиатской политики царизма 70-х гг. XIX в. // Научные труды ТашГУ. № 517. Ташкент, 1976. С. 34
[3] Schuyler E. Turkistan: Notes of a Journey in Russian Turkistan, Kokand, Bukhara and Kuldja. Vol. I. London., 1876. R. 9
[4] Дмитриев Г.Л., Депеша Е. Скайлера и проблемы среднеазиатской …. С. 45
[5] Schuyler E. Turkistan: Notes of a Journey in Russian Turkistan, Kokand, Bukhara and Kuldja. Vols. I-II. London., 1876
[6] Mil – ingliz uzunlik o‘lchov birligi bo‘lib, 1,06 km. ga teng. Matnda 16 fut 16,9 km. ga tengligi nazarda tutilgan
[7] Fut – ingliz uzunlik o‘lchov birligi bo‘lib, 1 fut 0,3 metrga teng. Bu yerda devorlar balandligi 12-15 fut deyilganda 3,6 dan 4,5 metrlar chamasi nazarda tutilgan
[8] Schuyler E. Ko‘rsatilgan asar. -R. 48
[9] YUqoridagi asar. R. 51
[10] O‘zbekiston SSR tarixi. 4 tomlik. 2-tom. Toshkent: Fan. 1971. 126 bet. 7 Ozodayev F. Toshkent tarixidan ocherklar (XIX asrning ikkinchi yarmida shaharning ijtimoiyiqtisodiy va siyosiy hayoti). Toshkent: O‘z FA nashriyoti. 1960. 142 bet
[11] Schuyler E. Ko‘rsatilgan asar. R. 88
[12] Saidboboyev Z. Toshkentda musulmon hayoti // Imom al-Buxoriy saboqlari. 2003, 4-son. 215 bet
[13] Schuyler E. Ko‘rsatilgan asar. R. 91-94
[14] Schuyler E. Ko‘rsatilgan asar. R. 100-101
[15] Schuyler E. Ko‘rsatilgan asar. R. 115
https://shosh.uz/uz/toshkent-g-arblik-diplomat-nigohida/