Post Views:
251
TOSHKENT AGLOMERATSIYASI – aholi, soni, hududining kattaligi va xo‘jalikdagi ahamiyatiga ko‘ra O‘rta Osiyoda shakllangan shahar va qishloqlarning eng yirik, murakkab hududiy tizimi. 6,4 ming km2 maydonni egallaydi. Uning tarkibiga 10 ta shahar (Toshkent, Chirchiq, Yangiyo‘l, Fazalkent, Keles, Parkent, Oqqo‘rg‘on, Do‘stobod, Chinoz, To‘ytepa) va 17 ta shaharcha (Alimkent, Bo‘zsuv, Gulbahor, Iskandar, Olmazor, Salor, Tuyabo‘g‘iz, Ulug‘bek, Chorbog‘, Chig‘iriq, Eshonguzar, Yangibozor, Yangihayot, Yangi Chinoz, O‘rtaovul, Qibray, Qiziltog‘) hamda 600 dan ortiq qishloq kiradi. Aglomeratsiya doirasida 4 mln. ga yaqin aholi yashaydi, shundan 2,6 millioni shahar aholisi, urbanizatsiya darajasi 72% ni tashkil etadi. Mazkur hudud respublikada yuqori darajada urbanizatsiyalashgan bo‘lib, shaharlar zichligi har ming kv.km ga respublikada 0,5 tani tashkil etgani holda, bu yerda 4,2 tadan to‘g‘ri keladi.
Aglomeratsiya Chirchiq daryosi vodiysi bo‘ylab polosasimon ko‘rinishda janubi-g‘arbdan shimoli-sharqqa 130 km dan ortiq masofaga cho‘zilgan, ko‘ndalang diametri 40 km ga yetadi. Janubi-g‘arbda Sirdaryo, shimoli-sharqda Chorvoq suv omboriga borib tutashadi. Shimoliy chegarasi Qozog‘iston bilan bo‘lgan davlat chegaralariga, janubi esa keng qishloq xo‘jalik yerlariga to‘g‘ri keladi.
Aglomeratsiya monotsentrik tipda bo‘lib, poytaxt shahar negizida, sug‘orma dehqonchilik hududida vujudga kelgan. Qulay iqtisodiy geografik o‘rnidan kelib chiqqan holda funksional va hududiy jihatdan atrofga qarab kengayib bordi. Hozirgi kunda shahar maydoni 330 km2 bo‘lib, 1922 yilga nisbatan 3,3 marta kengaygan. Aglomeratsiyalashuv jarayonining dastlabki davrlarida (1960-yillarda) tizim tarkibida 11 ta yo‘ldosh shahar bo‘lgan. 1970 yilda ularning soni 17 ta, 1989 yilda 27 taga yetdi. Aglomeratsiya aholisining deyarli yarmi uning markazida to‘plangan. Shahar aholisining nisbati uning markazi foydasiga 4:1 ni tashkil etadi.
Aglomeratsiya «yadro»si – Toshkent shahri; aholi zichligi 1 km2 ga 300–350 kishi, o‘qish, mehnat bo‘yicha aloqalar ustun turuvchi, markazga jamoat transportida qatnash vaqti 1 soat, radiusi 35–40 km gacha bo‘lgan 1-zona. Bu zonada Toshkentning o‘ng qanotida 1-toifali yo‘ldosh shahri – Chirchiq joylashgan bo‘lib, u ham o‘z navbatida atrofidagi Fazalkent, Iskandar, Orkutsoy, Chorvoq, Qibray kabi aholi manzilgohlarini o‘z ta’sir doirasiga tortib turadi. Chap tomonida 2-yirik yo‘ldosh shahri Yangiyo‘l ham ana shunday lokal hududiy tizimni shakllantirish arafasida. Ushbu zonaning bevosita Toshkentga tutash qismida aholi nihoyatda zich (1 km2 ga 600–700 kishi) joylashgan (587 ming kishi). Bu yerdagi Keles, Eshonguzar, Nazarbek, Ko‘ksaroy, Yangibozor, Salor kabi aholi manzilgohlari suv, energiya, kanalizatsiya, telefon tarmoqlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish hamda aholi aloqalari orqali Toshkent bilan chambarchas bog‘liq holda rivojlanadi. Ular birgalikda Toshkent megapolisi yoki «Katta Toshkentni» tashkil etadi.
2-zona mehnat va o‘qish aloqalari susayib, madaniy-maishiy, rekreatsiya aloqalari ustunlik qiluvchi, aholi zichligi 1 km2 ga 150–200 kishini tashkil etuvchi, markazdan 60–70 km radiusga ega hududlarni o‘z ichiga oladi. Bu yerda Toshkentning «uzoqdagi» yo‘ldosh shaharlar va qishloqlari joylashgan bo‘lib, uning chegaralari markazga qatnash vaqti 2 soatgacha bo‘lgan izoxronalardan o‘tadi. Bu yerda aloqalar susayib borib, shahar atrofi tashqi zonasi bilan bog‘lanib ketadi.
Aglomeratsiyaning hududiy tarkibida Toshkentni atrofi bilan bog‘lovchi transport yo‘llari «o‘q»larga o‘xshab atrofga kirib boradi va yo‘ldosh shahar hamda qishloqlarni aglomeratsiya «yadro»siga tortilib turishini ta’minlaydi. Ular markazdan atrofga radial yo‘nalishda ketuvchi temir yo‘l, yirik avtomagistrallar va ulardan yonga tarmoqlanib ketuvchi 2-darajali yo‘llardir. Aholi manzilgohlarining asosiy qismi Chirchiq va Chinoz yo‘nalishi bo‘ylab joylashgan. Bu yo‘llar aglomeratsiyaning nafaqat ichki qismini, balki uni qo‘shni hududlar bilan ham bog‘lab turadi.
Aglomeratsiyada Toshkent bosh shahar bo‘lib, yo‘ldosh shaharlar uni to‘ldiruvchi va unga xizmat qiluvchi funksiyalarni bajaradi.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/toshkent-aglomeratsiyasi-2/