Post Views:
102
Qadimdan hozirgi kunga qadar Markaziy Osiyo xalqlari sug‘orma dehqonchilik orqali oziq-ovqatga bo‘lgan talab va ehtiyojlarini qondirib kelgan. Dehqonchilikka bunday bog‘liqlik natijasida, aholi aynan o‘sha qishloq xo‘jaligi bilan muntazam shug‘ullanadigan yerlarda joylashgan. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, uning siyosati va ijtimoiy-iqtisodiy hayoti tubdan o‘zgardi va bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki ba’zi vositalar orqali aholi o‘sishiga, davlat siyosatiga va an’anaviy yerdan foydalanish tajribalariga ta’sir etdi. Aholi sonining o‘sishi va yashash joylarining kengayib borishi ba’zi hollarda, qishloq xo‘jaligi yer maydonlarining kamayishiga ham olib keldi. O‘zbekiston uchun bu jiddiy holdir, chunki qishloq xo‘jaligiga yaroqli sug‘oriladigan yerlar cheklangan.
O‘rganilayotgan hudud Toshkent viloyati bo‘lib, yer maydoni 15600 km kv., va aholisi 2400000 dan ortiq. Boshqaruv markazi Toshkent shahri, aholisi 2156300 kishi. Shimol va shimoli-sharqdan Chotqol tog‘ tizmalari o‘rab turadi, viloyatning asosiy qismi janub va janubi-g‘arb tomoni esa dengiz sathidan 400-600 m balandlikda bo‘lgan adir va tekisliklardan iborat. Iqlimi kontinental, qishi nam, shu bilan birga yumshoq, yozi issiq va quruq. O‘rtacha harorat yozda 26,8 va qishda 1,3 daraja atrofida [O‘zbekiston Respublikasi yer resurslari davlat qo‘mitasi axborotnomasi. Toshkent, 2003; O‘zbekiston Respublikasi yer resurslarining holati va ulardan foydalanish bo‘yicha 2000 yil uchun milliy hisobot. Toshkent, 2001]. Hududning asosiy daryosi Sirdaryo bo‘lib, Chirchiq va Ohangaron irmoqlari shu hududda Sirdaryoga kelib quyiladi. Deltalardagi cho‘kindilar organik birikmalarga boy bo‘lgan qalin tuproq qatlamini hosil qiladi va kontinental sharoitda ushbu hududlarda unumdor tuproqli va chuchuk suvga imkoniyati bo‘lgan oazislar vujudga keladi. Bu tuproqlar tabiiy quruq va sho‘rlanmaganligi sabab, dehqonchilik bilan muntazam shug‘ullanish va doimiy yashash uchun juda qulay shart-sharoit yaratadi.
Ushbu tadqiqotda 1989 va 2000 yildagi kosmik suratlar ma’lumotlarini Masofadan zondlash (Remote Sensing) va Geo-axborot tizimi (Geographic Information system) texnologiyalari orqali kuzatib tahlil qilingan. Ushbu ikki davr uchun ma’lumotlar to‘plamining yetarliligi uni muhokama qilishda muhim omildir.
Toshkent viloyatida shaharlarning kengayib borishi mavzusi xalqaro va mahalliy matbuotda qisman yoritilgan. Bunday ilmiy maqolalarning kamligi ushbu mavzuni yoritish geo-ma’lumot tahlili olib borish kabi ma’lum jarayonni talab etadi. Xaritalash va o‘rganilayotgan hududga doir davriy jihatdan ketma-ket olinadigan kosmik suratlarni masofadan zondlash orqali tahlil qilish shular jumlasidandir. Xullas, bunday tadqiqotlar geo-axborot tizimiga asoslangan tahlillarda ma’lum kompyuter dasturlaridan, Joyni aniqlab beruvchi global tizim (GPS) birliklaridan va mavjud qog‘oz xaritalarni raqamli xaritalashdan foydalanishni taqozo etadi. Shunga qaramasdan, masofadan zondlash orqali shaharlarning yer yuzasida egallangan qismini tasniflash xalqaro miqyosda, keng o‘rganilgan. Bu mavzudagi muhim tadqiqotlardan biri, quruq iqlim sharoitida aholi yashaydigan hududlar yer yuzasi ko‘rinishini tasniflash natijalarini ma’lumotlar to‘plamidan foydalangan holda tekshirishdir [Dillabaugh et al. Landsat urban mapping based on a combined spectral-spatial methodology. In Remote Sensing of Environment., 2004; Ellis et al. Measuring long-term ecological changes in densely populated landscapes using current and historical high resolution imagery. In Remote Sensing of Environment. 2006]. Bu tadqiqotda geo-axborot tizimi va masofadan zondlash tahlillarini birga qo‘llashning afzalliklari haqida foydali mulohazalar aytib o‘tilgan. So‘nggi paytda ayrim maqolalarda aholi yashash joylarida o‘simlik qoplamini farqlashning yangi usullaridan foydalanish haqidagi tavsiyalar ham yoritilgan [Mesev V. Remote sensing of urban systems: Hierarchical integration with GIS. In Computers, Environment and Urban Systems. 1997].
Shularga tayangan holda, geo-axborot tizimi va masofadan zondlash tahlillari asosida tanlangan hududni o‘rganishga kirishildi. Toshkent viloyati uchun geo-axborot tizimi ma’lumotlari to‘liq bo‘lmaganligi sababli, ArcGIS 9.2 dasturidan foydalanib, yangi qatlamlar tuzildi: 1:500000 masshtabdagi topografik xarita raqamlashtirildi, rastr va sheypfayllarga aylantirildi, shu asosida viloyat chegarasi (poligon), tumanlar chegaralari (poligon), shahar va qishloqlar (nuqtali va poligon), daryo va sug‘orish kanallari (chiziqli) sheypfayllari ishlab chiqildi. Hamma xaritalar WGS 1984 boshlang‘ich nuqta va Universal Transverse Mercator 42 shimoliy mintaqa koordinata tizimiga geo-bog‘langan.
Tahlilda University of Maryland Global Land Cover Facilityning veb-sahifasida berilgan hududga doir davriy jihatdan ketma-ket olinadigan kosmik manbalardan foydalanilgan (http://glcf.umiacs.umd.edu): 1989 va 2000 yilda olingan Landsat TM suratlari. Bularning har biri 7 benddan iborat bo‘lib, tiniqligi 28,5 m/piksel. Landsat TMning his qiluvchi ekranlari ko‘zga ko‘rinadigan, infraqizilga yaqin va o‘rta infraqizildan radioto‘lqingacha bo‘lgan to‘lqin uzunliklari yordamida yer yuzasini ko‘rsatib beradi. Ushbu suratlar ham WGS 1984 boshlang‘ich nuqta va Universal Transverse Mercator 42 shimoliy mintaqa koordinata tizimiga geo-bog‘langan. Ularni ko‘rib chiqishda Erdas Imagine (tasavvur dasturi)dan foydalanildi. Kosmik suratlar tahlili paytida Toshkent viloyatidagi asosan qishloq xo‘jaligi yerlari egallagan hududlar qoldirilib, tog‘li qism olib tashlandi va xarita yangidan raqamlashtirildi. Chunki balandlik qismida qishloq xo‘jaligi maydonlari deyarli ko‘zga tashlanmaydi, kosmik suratlardagi har ikkala yil uchun aholi turar joy maydonlari hisoblab chiqilganda sezilarli o‘zgarish bo‘lmagan.
Tasniflash jarayonining birinchi bosqichida yer yuzasi qoplami bir nechta sinflarga bo‘lingan, “eng ko‘p o‘xshashlik” qonuniyati orqali tasniflangan va aholi turar joylari, ekin maydonlari aniqlab olingan. Sinflarni yanada aniq bo‘lishi uchun ushbu sinfga tegishli 10 ta joydan kichik hududlar ajratib olingan va ularning aniqlilik darajasi tekshirilgan. Tasniflashning 2-bosqichida “klasterlash” usulidan foydalanib aholi turar joylarining yer yuzasi ko‘rinishidagi aniqlik 80 foizgacha oshirilgan. 3-bosqichda esa 5×5 pikselli harakatlanuvchi oyna orqali surat tahlil qilinib, har bir pikselni “shovqin”dan tozalash jarayoni amalga oshirilgan. Ko‘pgina sinovlardan so‘ng, yer yuzasi ko‘rinishining qoniqarli tasnifiga ega bo‘lindi. Ushbu tasnifga asoslanib, har bir sinf egallagan hududni hisoblash uchun Erdas Imagine faylni ESRI GRID va poligon sheyp-fayllarga aylantirildi. So‘nggi bosqichda har bir hudud hisoblab chiqildi. Fazoviy va spektral tahlillardan ko‘rinadiki, 1989 yilda aholi yashash joylari hududi 43860 gektarni tashkil etgan bo‘lsa, 2000 yilda bu ko‘rsatkich 60874 gektarni tashkil etgan (rasm).
Toshkent vohasida turarjoy hududining kengayishi tasniflangan surat (chapda 1989, o‘ngda 2000 yil).
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, 10 yil ichida taxminan 16000 gektar yer aholi yashash joylariga aylantirilgan. Natijada, qishloq xo‘jaligi yer maydonlari qisqargan. Bu umumiy maydonning 5 foizini tashkil etadi, bizningcha, bunga jiddiy e’tibor qaratishimiz lozim. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi yerlari nafaqat shaharlarning kengayishi oqibatida, balki sho‘rlanish, eroziya va degradatsiya oqibatida yo‘qotilishini ham nazarda tutish kerak.
Д. Мақсудова Исследование процесса урбанизации Ташкентского оазиса по космическим съемкам
В статье рассматриваются вопросы урбанизации Ташкентcкого оазиса и в период с 1989 по 2000 гг. Автор попытался рассчитать расширение урбанизированной зоны, используя новейшие технологии ГИС и Дистанционного зондирования. В результате данного исследования выявлена скорость трансформации сельскохозяйственных земель в зону городской застройки.
D. Maksudova Studying the urban processes in the Tashkent Oasis using satellite imagery
The article deals with issues of urban development in Tashkent Province during 1989-2000. Author tries to calculate residential expansion using the newest GIS and Remote Sensing technologies. As a result of the study the rate of transformation of agricultural lands into urban use is revealed.
Manba:
Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyiga bag‘ishlangan Xalqaro ilmiy konferensiya materiallari
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, «Fan» nashriyoti, 2009
https://shosh.uz/uz/toshkent-2200-toshkent-vohasi-urbanizatsiya-jarayonini-kosmik-suratlar-orqali-o-rganish/