Toshkent-2200. O‘rta asrlarda Binkat – Toshkentning suv bilan ta’minlanishiga doir mulohazalar


Post Views:
443

Ma’lumki, qadimgi Shosh vohasi o‘zining qulay geografik o‘rni, go‘zal tabiati, tabiiy boyliklari, yer-suv, o‘simliklar olami va hayvonot dunyosi bilan o‘ta qadim zamondan boshlab hamma davr kishilarining e’tiborini o‘ziga jalb qilib kelgan. Shu bois hududda kishilikning ibtidoiy, qadimgi va o‘rta asrlariga mansub yodgorliklari ancha keng tarqalgan.

Vohadan qadimgi Parak – Chirchiq va Ohangaron daryolari oqib o‘tib, Sirdaryoga, ya’ni – Sayxun daryosiga borib kuyiladi. Mazkur joy daryolar, serunum tuproqli yerlar tufayli vohaning ko‘p joylarida ilk qishloqlar vujudga kelib, ular asta sekin, shaharlarga aylana borganlar. Bularning eng yiriklari Shoshtepa ilk shahar harobasi, Mingo‘rikdagi qadimgi Toshkent, Oqtepa – ilk o‘rta asr qasri va nihoyat, Binkat-o‘rta asrlardagi Toshkent shahridir. Shak-shubhasiz vohadagi hamma qadimgi va o‘rta asr qishloq va shaharlarining aksariyati tabiiy yoki sun’iy suv manbalari yaqinida vujudga kelgan va rivoj topgan. Chunonchi Shoshtepa Jo‘nariq bo‘yida, Mingo‘rik Solar bo‘yida, Oqtepa qasri va nihoyat Binkat o‘rta asrlardagi Toshkent [U istokov drevney kulturы Tashkenta. Tashkent: Fan. 1982. S. 91-129; 171-172] esa Parak-Chirchik daryosidan suv oluvchi Bo‘zsuv anhorining Qaykovus kanalidan chiqarilgan tarmoq ariqlardan keladigan suv bilan ta’minlangan.

Ammo Binkat – o‘rta asrlardagi Toshkent kal’asi va shahristoni esa yirik sug‘orish tarmoqlaridan bir oz uzoqroq va balandlikda bo‘lgan. Ayniqsa uning arki hozirgi Chorsu bozori hududida bo‘lib, kamida bozorning yer sathidan 10-15 metr balandda joylashgan bo‘lsa kerak. Somoniylar davrida Shosh va Usurshonada YAhyo binni Asad va undan keyin uning avlodlari hukmronlik qilganlar. Bu davrda dastavval Shoshning loyqa bosib, suvsizlikdan qurib qolgan sug‘orish tarmoqlari qayta tiklangan.

Tarixchi Tabariyning xabariga ko‘ra, bu ishni amalga oshirish uchun xalifa Mu’tasim (833-842 yillarda hokimlik qilgan) xazinadan ikki million dirham mablag‘ ajratilgan. Natijada xalqning fidokorona qilgan mehnatlari tufayli vayron bo‘lgan Shosh qishloq va shaharlarining bir qismi qayta tiklangan. Viloyatning markaziy shahri hisoblangan qadimgi Toshkent ham bu davrda Salor suvi sohilidagi o‘zining qadimgi o‘rni Ming o‘rikdan 4-5 kilometr shimoli-g‘arbga tomon siljib, Bo‘zsuv va undan bosh olgan Kalkovuz (Kaykovus), Jarariq va Ko‘kcha kanallari bilan V-VI asrlardayoq sug‘orilib obod etilgan joyda yangidan qad ko‘targan. Bu yangi joyda qayta barpo etilgan Shosh viloyatining bosh shahri o‘rta asr arab mualliflari va geograflarining asarlarida “Binkat” nomi bilan tilga olinadi.

Mahmud Koshg‘ariy esa uni “Tarkan” degan nomini ham keltiradi. V.V.Bartold Shoshning IX-XII asrdagi poytaxti Binkat hozirgi Toshkentning o‘rnida bo‘lgan degan fikrni birinchi bo‘lib aytgan edi. Toshkent shahrining topografiyasini o‘rgangan M.Ye.Masson esa, Binkat Toshkentning aynan hozirgi “Eski shahar” deb atalgan qismiga to‘g‘ri keladi, deb hisoblagan [Masson M.Ye. Proshloye Tashkenta. Izd. ANSSR. 1954. S. 105; Buryakov Yu.F.Toshkent vohasining qadimgi karvon yo‘llari. Toshkent: Fan, 1974. 42-47 – betlar].

Ma’lumki, Toshkent zilzilasidan so‘ng shaharda boshlangan ulkan qurilishlar munosabati bilan deb yozadi A.R.Muhammadjonov o‘zining “Qadimgi Toshkent” risolasida “Ulug‘ ustoz YAhyo G‘ulomov tashabbusi bilan tashkil etilgan maxsus “Toshkent arxeologik ekspeditsiyasi” bu borada sinchkovlik bilan tadqiqot ishlarini olib bordi. Arxeologlar eski shahar hududida qurilayotgan har bir imorat, har bir inshoot kommunikatsiya, poydevor, zovurlarda kuzatish va qazishlar o‘tkazib, Toshkentning IX-XII asr tarixiy topografiyasiga ko‘pgina yangiliklar kiritdilar [Muhammadjonov A.R. Qadimgi Toshkent. 35-43 betlar; Pugachenkova G.A, Rempel L.I. Vыdayushiyesya pamyatniki arxitekturы Uzbekistana. Tashkent; Gos. izd-vo xudojestvennoy literaturы Uz. 1958. S.145148; Muhammadjonov A.R . Qadimgi Toshkent… 5-42 – betlar].

Shuningdek, mazkur arxeologik ekspeditsiyaning maxsus bo‘limi G‘.Dadaboyev va kamina ishtirokida Chirchiq daryosining o‘ng sohilidagi yodgorliklarni o‘rganishga kirishdi. Maxsus bo‘limning maqsadi qadimgi Chirchiqning o‘ng sohilidagi yerlarni sug‘orilish tarixi haqida ma’lumot to‘plash va o‘rganish edi. Bu maxsus guruh Toshkent shahri va uning xududidan o‘tkazilgan qadimgi Bo‘zsuv tarmoqlari Zogariq, Kichikqo‘riq, Qaykovus, Ko‘kcha, Jarariq, Xo‘japarxon, Salor, Jo‘n va boshqa ariq va kanallar sug‘organ yerlarni hamda ular qachon qazilgaiini aniqlashdan iborat edi.

YUqorida nomlari zikr kilingan ariq, kanal va anhorlar qadimgi Binkat shahrining shakllanishi va ravnaqida juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan.

Arxeologik ashyolar va yozma manbalarni sinchiklab o‘rgangan arxeolog olimlar, xususan akademiklar Ya.G‘ulomov va A.R.Muhammadjonovlar ham Binkat Toshkentning aynan hozirgi “Eski shahar” deb atalgan qismiga to‘g‘ri keladi deb hisoblaydilar.

Ushbu Olimlar yozma manbalar va arxeologik tadqiqotlarga asoslanib Binkat alohida-alohida kalin va baland devorlar bilan o‘rab olingan to‘rt qism: ark(o‘rda), shahriston (ichki shahar) hamda ichki va tashqi rabod (shaharning hunarmand, kosib va savdogarlari yashaydigan qism) lardan iborat ekanligini aniqlab berdilar.

Akademik A. Muhammadjonovning yozishiga ko‘ra, shaharlarning bo‘yi ham, eni ham bir farsax (6-8 km) uzunlikka teng bo‘lgan. Shaharning markazi hisoblangan ark va shahriston qismlari Toshkentning Xadra, Eski jo‘va hamda Chorsuv maydonlari oralig‘idagi hududga to‘g‘ri kelib, yer sathidan ancha balandda joylashgan. Arkning umumiy sahni bir gektar, shahristonning maydoni esa 15 gektarga teng bo‘lgan. Arkning ikki darvozasi, shahristonning Abul Abbos, Qasr va Gumboz deb atalgan uchta darvozasi bo‘lgan. Binkatning ichki rabotining o‘nta, tashqi rabotining yettita darvozasi bo‘lgan ekan. Qadimgi Toshkent shahar hokimining saroyi, qamoqxona, chaqa va tangalar so‘qiladigan zarbxona ark (o‘rda)ning ichida bo‘lib, ibodatxona uning tashqarisiga joylashgan. Hunarmandlar, kosiblar, savdogarlarning mahallalari, amirlarning qarorgohlari, yerdor dehqonlarning ko‘shk va qo‘rg‘onlari, shuningdek, bozor Binkat shahristoni hamda ichki va tashqi rabod kismlarida bo‘lgan. Harbiy chokar (askarlar) ning turarjoylari esa tashqi rabodda joylashgan bo‘lib, u Chaqardiza deb atalgan. Beshyog‘och va Xadra avvalgi Chaqar mahallasida bo‘lgan.

Shahar devoridan tashqarida esa shaharliklarning va u yerda istiqomat qiluvchi qishloq ahlining bog‘-rog‘lari, tokzor va ekinzorlari bo‘lgan. Bu yerlar hozirgi Samarqand darvoza, Chilonzor, CHo‘ponota, Qatortol, Nazarbek, Do‘mbirobod, Qa’ni, Chimboy va Achchiobod kabi aholi yashaydigan hududlarga to‘g‘ri keladi [Muhammadjonov A.R . Qadimgi Toshkent … 40-42; 66-67 – betlar].

Ma’lumki, Shosh vohasining asosiy suv manbai qadimda Parak, Chirs uvi deb atalgan Chirchiq daryosi hisoblangan.

Misr uchun Nil, Messopotamiya uchun Dajla va Frot, O‘rta Osiyo uchun Sayxun va Jayxun qanchalik katta ahamiyatga ega bo‘lsa Chirchiq va Ohangaron daryolari Shosh va Eloq vohasi aholisi uchun ham shunchalik buyuk ahamiyatga ega bo‘lgan.

Ma’lumki, YAhyo G‘ulomovning tashabbuslari bilan 1966 tashkil etilgan Toshkent arxeologik guruhining tadqiqotlaridan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, bundan uch ming yillar ilgari ajdodlarimiz Chirchiq daryosini to‘sib, ketmon, belkurak bilan ariq qazib, Toshkentga suv olib kelib, Shosh vohasini obod qilganlar.

Ma’lumki, Shosh vohasi, Binkat va uning atroflari tog oldi hududlari bo‘lib, yerining aksariyati o‘r, qir va tepaliklardan iborat ancha murakkab tuzilishga ega bo‘lgan.

Shu bois afsonalarda aytilishicha, Toshkent-Binkat yetti soy va yetti qirlik ustida qad ko‘targan. Qadimgi Binkat qal’asi ham shu tepaliklardan birining ustiga bino qilingan. Ta’kidlash lozimki, Binkat Urta Osiyodagi boshqa shaharlarga qaraganda suvga serob va bog‘-rog‘larga burkangan shahar bo‘lgan [Muhammadkarimov A. Toshkentnoma. Tarixiy-toponomnk lavhalar. Birinchi kitob. Toshkent: Movarounnahr, 2004. 124-bet]. Bu esa qadimgi Chirchiq daryosidan bosh olgan Bo‘zsuv va uning Zog‘ariq, Kaykovus, Salor, Bo‘rjar, Qorasuv, Darhon, Anhor, Jo‘nariq, Kichikqo‘riq (Qichqiriq), Chovli va boshqa ariq kanallarining oqar suvi tufaylidir.

Shuni ta’kidlash kerakki, Toshkentda shuningdek, qadimgi Binkatda sug‘orish shaxobchalari juda yaxshi yo‘lga qo‘yilganligini yoshi ulug‘lar yaxshi biladilar. shaharda oqar suvli, hovuzi bo‘lmagan mahalla yoki guzar bo‘lmagan. Bu hovuzlar aholini suv bilan ta’minlabgina qolmay jazirama yoz chillasida shahar haroratini me’yorlab turgan.

Axborotchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, shaharda 500 dan ortiqroq hovuz bo‘lgan ekan. Ba’zi hovuzlarning nomlari xalq orasida hamon saqlanib qolgan, ular Sassiq hovuz, Katta hovuz, Hovuzbog‘, Langar hovuz va boshqalardir [Muhammadkarimov A. Ko‘rsatilgan asar. 124-bet].

U yoki bu tekislik suv sathidan balandlikda joylashgan maydon, mahalla, shaharning shahriston yoki qasr, o‘rda arkiga tutash idishlarda suv sathi bir tekislikka ko‘tariladi degan fizika qonuniyati bo‘yicha Ko‘tarma va Qaynama degan suv inshootlari o‘tkazilgan yoki charxparak suv uzatkichlari o‘rnatilgan.

Sharqda qadimdanoq miroblar suvni sun’iy yo‘l bilan pastdan yuqoriga chiqarish usulini kashf etganlar. Suvni yuqoriga chiqarishning eng qadimgi usuli Misrning shaduflari bo‘lib, ular qadimgi Misr (Mesopatamiya)da va Hindistonda keng tarqalgan edi. Ular ustunga dastak boglab havozaga o‘xshatib yasaladi va odatda, daryo, kanal sohili yoki quduq tepasiga quriladi. Dastakning bir tomoniga og‘ir tosh yoki ogir buyum, ikkinchi tomoniga esa qovg‘a (paqir, mesh) o‘rnatilgan bo‘lib, odatda u teridan yasalgan. Suv botirib oluvchi dastak qovg‘a meshni botirib suv oladi va uni yuqoridagi tarnovli hovuzchaga to‘kadi, undan suv ekinzorga oqadi. Ma’lumotlarga ko‘ra shaduf yordami bilan bir soatda ikki metr balandlikka 3400 l, uch metr balandlikka 2700 l, to‘rt metr balandlikka 2050 l, besh metr balandlikka esa 1800 l suv chiqarilgan ekan.

YUqoriga suv chiqarishning shaduf tizimi Xindistonda “densli” nomi bilan tarqalgan. Shuningdek, Hindistonda “rati”deb yuritiladiganlari ham keng tarqalgan bo‘lib, bular Misr “atue”siga o‘xshashdir.

Shunday qilib, Sharqda suvni yuqoriga ko‘tarish tizimining xilma-xil usullari kashf etilgan va kundalik hayotda keng foydalanilgan.

O‘rta Osiyo, Xususan O‘zbekistonda suvni yuqoriga chiqarishning o‘ziga xos charxpalak, kaynama to‘g‘on va tutash idishlar usulidan keng foydalanilgan.

YAhyo G‘ulomovning “Xorazmning sug‘orilish tarixi” degan kitobida Xorazmda kanal va ariqlardan dalalarga suv chikarishning eng oddiy usullari “sepma”, “depma” va “nova”lar hakida anchagina ma’lumotlar bor.

Bundan tashqari O‘rta Osiyoda sug‘oriladigan yerlarga suv chiqarishning juda ko‘p usullari bo‘lgan [G‘ulomov Ya.G‘. Xorazmning sug‘orilishi tarixi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi nashriyoti, Toshkent: O‘qituvchi, 1959. 258-275 – betlar; Kabirov A. Vsemirnaya istoriya. Tashkent: Ukituvchi, 2001. S. 48].

Shuni ta’kidlash joizki, Binkat qal’asi shaharning eng baland qismida shaharning Registon maydonidan kamida 10-15 metr balandlikda, shahriston esa undan pastroq sathda joylashgan bo‘lsa kerak. Eng pastda esa ichki va tashqi rabotlar o‘rin olgan.

Binkat shahrining rabotlari va atrofidagi yerlar xonadonlar, ekin maydonlari Bo‘zsuv kanalidan suv olgan Kaykovus, Zog‘ariq, Solar, Qorasuv, Jo‘n, Darxon, Chovli, Anhor, Ko‘kcha, Jarariq, Xo‘japarxon, Tezariq, Qayirma, Damachchi, Tarnovboshi, Labzak, Registon, Qichqiriq (Kichikqo‘riq), Oqqo‘rg‘on, Darvozakent va boshqa ariq va kanallar suvidan foydalanganlar.

Binkat qal’asi va shahriston bozor maydoni, ariq va kanallar sathidan balandda joylashganligi uchun kal’a ostidan oqib o‘tadigan Registon arig‘idan suv chiqarishning imkoni bo‘lmagan.

Ammo o‘z vaqtida Binkat qal’asi va shahriston suv bilan to‘la ta’minlangan edi.

Savol tug‘iladi, suv ark va shahristonga qayerdan chiqqan. Bu muammo ko‘pdan beri arxeologlar dikqatini o‘ziga jalb qilib kelgan. Ammo bu muammoning yechimi hal bo‘lmay kelar edi. Bu muammo bizning ham diqqat e’tiborimizni o‘ziga jalb qilib kelardi.

1968 yilning qish va ilk bahor oylarida Toshkent arxeologik ekspeditsiyasining G‘.Dadaboyev, O‘.Alimov va A.Kabirov ishtirokidagi kichik guruhi Toshkent shahri va uning atroflaridagi Zog‘ariq, Hasanboy, Qichqiriq, Kaykovus, Xo‘japarxon, Jarariq, Chuqursoy (Qoraqamish), Damachchi kabi irrigatsiya tarmoqlari va shaxobchalari bo‘ylab joylashgan Xo‘jand tepa, Zakat tepa, Sir-kechar ota, Chingiztepa, Shoxnishintepa (Sharshin tepa), Quloqchin tepa, Chig‘atoy, Sag‘bon oqtepasi, Beltepa, Bo‘ston tepa va Mo‘g‘uldarxon tepa kabi arxeologik yodgorliklarda qazuv-qidiruv ishlari olib borilgan edi.

Qidiruv-qazuv ishlari davrida biz Eski jo‘va bozori hududida ikki yer osti suv inshooti qoldig‘iga duch keldik. Bu inshootlarning biri bozorning shimolida hozirgi Sharq restorani yaqinida, ikkinchisi esa “Ko‘kaldosh” madrasasining orqa tomonidagi tepalikning g‘arbiy yon bag‘rida bo‘lib, hozir u yerda bozor militsiya bo‘limining idorasi joylashgan.

Ma’lumki Eski jo‘va bozoriga kirish bo‘sag‘asida «4-poliklinika» degan tibbiy markaz bor. Bir vaqtlar shu tibbiy markazdan uncha uzoq bo‘lmagan joyda avtobuslarning bekati bo‘lar edi.

Mazkur joydan uch-to‘rt qadam narida eni-bo‘yi 2,5 – 3 metr, chuqurligi taxminan 1,2 – 1,5 metr keladigan, kavlangan joyga ko‘zimiz tushdi. Chuqurni sinchiklab ko‘zdan kechirar ekanmiz, uning shimol tomonida katta -kichikligi hozirgi g‘ishtlardan ixchamroq, sarg‘ish, pishgan g‘ishtlar tizilmasiga ko‘zimiz tushdi. Qurilmaning yuqori qismi konussimon, o‘tkir burchakli, ikki yoni va past tomoni tekis, to‘rtburchak qilib terilgan. Qurilmaning balandligi taxminan 70 – 75 sm, eni esa 45 – 50 sm atrofida. Janub tomonida qurilmaning izlari ko‘zga tashlanmadi aftidan qurilmaning bu qismini qazuvchilar buzib yuborgan bo‘lsa kerak. Qurilmaning shimol tomoni to‘g‘ri Kaykovus arig‘i tomon, janub tomoni esa hozirgi bolalar dunyosi magazini va Xoja Ahrori Vali masjidi tomon yo‘nalgan.

Taxminimiz bo‘yicha bu qurilma yer osti suv inshootining qoldig‘i bo‘lib, shakshubhasiz, bu inshoot Binkat qal’asi, shahristoni va rabotlari bino bo‘lgan davrda, ya’ni IX-X asrlarda qurilgan bo‘lsa kerak. Bu yer osti suv inshooti Hazrati Imomga o‘tishdagi Qozi ko‘cha yo‘nalishi bo‘yicha Kaykovusning chap sohiligacha davom etgan bo‘lsa kerak.

Albatta bunday yer osti suv inshootining boshlanishida tinitgich hovuz bo‘lgan bo‘lishi kerak. Kaykovusdan qurilmaga o‘tgach loyqa suvni miroblar tinitib, so‘ng tiniq suvni yer osti suv inshootiga o‘tkazganlar. Kaykovusning yer osti suv inshootiga ulanadigan joyi, albatta, Binkat arki va shahristonidan ancha balandda bo‘lganki, suv yerosti qurilmasidan oqib borib, fikrimizcha shahriston yoki ark hovlisidagi hovuzga bemalol quyigan. Binkat arki bilan Kaykovus oralig‘idagi masofa 1,5 km. Qadimgi miroblar O‘rta Osiyo va O‘zbekiston hududida baland va past joylarga suv chiqarish uchun tog‘ daryolari va soy suvlaridan ustalik bilan foydalanganlar. Bunga sohibqiron Amir Temur davrida Oqsaroyga sopol quvurlar qurilmasi orqali chiqarilgan suv inshooti misol bo‘la oladi. Buni yozma manbalar ham tasdiqlaydi.

Demak, Binkat qal’asi va shahristoniga Qaykovus anhoridan suv chiqarilgani aniq. Bu fikrni isboti sifatida shuni aytish mumkinki, kunlarning birida guruhimiz bilan Ko‘kaldosh madrasasi yonidan Chorsu bozoriga kiradigan yo‘ldan bozor sari o‘tib borar edik. Daf’atan ko‘zimiz ko‘chaning o‘ng tomonidagi do‘nglik yonbag‘rida yo‘nalishi g‘arb tomonga qaratib qurilgan yer osti suv inshootiga tushdi.

Bu inshoot g‘ishtlari Kaykovus tomon qurilgan inshoot g‘ishtlariga aynan o‘xshash. Uning ichi axlat uyumi va tuprok bilan to‘lgan edi. Mazkur inshoot Binkat arki va shahristonidagi hovuz va ortiqcha suvlarni tashqariga chiqib ketishiga mo‘ljallangan qurilma bo‘lsa kerak.

Binkat qal’asi, shahristoniga yer osti suv inshootidan kelib hovuzga quyilgan suvning ortiqchasi va xonadonlardan chiqqan chiqindi suvlar tashqariga chiqib ketish uchun mo‘ljallab quriltan mazkur yer osti inshooti orqali pastdagi Registon arig‘iga oqizilgan bo‘lishi kerak.

50-60 yillargacha Eski jo‘va bozori o‘rtasidan chuchuk suvli buloq qaynab turar edi.

Binkat qal’asi, shahristoni, ichki va tashqi raboti Kaykovus anhoridan bosh olgan katta-kichik ariqlar, buloklar va yer osti suv inshooti orqali obi-hayot bilan ta’minlangan. Ma’lumki, yashirin yer osti suv inshootlarining xo‘jalikdan tashqari juda katta mudofaa ahamiyati ham bo‘lganki, Binkat dushmanlar gomonidan qamal qilingan vaqtda aholi suv tanqisligiga uchramay, yer osti suv inshooti suvidan foydalanib shaharni ma’lum muddatga qadar mudofaa qila olgan. Shuni ham alohida ta’kidlash lozimki, yer osti inshootining bosh kanal va anhorlardan suv olgan joy ko‘pchilikdan, ayniqsa, dushmanlardan sir tutilgan.

Shunday qilib, IX-X qad ko‘targan, keyinchalik ham Binkat shahri ark, shahriston, rabot va uning atrofidagi yerlar keyingi asrlarda ham Bo‘zsuv shoh kanalidan bosh olgan Kaykovus, Qichkiriq kanallaridan chiqarilgan irrigatsiya shaxobchalaridan keladigan suv bilan sug‘orilgan.

А.К. Кабиров

Некоторые размышления о водоснабжении средневекового Бинката – Ташкента

Данная статья посвящается проблеме обеспечения водой населения Бинката-крепости города Ташкента в средневековый период. Автор на основе различньгх письменньгх источников, археологических данных и собственных исследований описывает своеобразные методы в строении гидросооружений в средневековом Ташкенте.

A.K.Kabirov

Binkat- the problem of provision with water in medieval Tashkent

This article is devoted to the problem of provision with water the population of Binkat – the fortress of Tashkent in Middle Ages. Author on the basis of written source, archeological data and own researches described methods of building hydraulic work in medieval Tashkent.

Manba:

Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyiga bag‘ishlangan Xalqaro ilmiy konferensiya materiallari
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, «Fan» nashriyoti, 2009

https://shosh.uz/uz/toshkent-2200-o-rta-asrlarda-binkat-toshkentning-suv-bilan-ta-minlanishiga-doir-mulohazalar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x