Toshkent-2200. Choch – G‘arbiy Turk xoqonligining boshqaruv markazlaridan biri sifatida


Post Views:
1 421

Har qanday davlat uyushmasi, u xoh o‘troq etnoslar tomonidan barpo etilgan bo‘lsin, xoh unga ko‘chmanchi qabilalar asos solgan bo‘lsin, o‘z boshqaruv markazini har tomonlama qulay joyda tashkil etishga uringan. O‘z geografik joylashuviga ko‘ra Yettisuv xuddi shunday hududlardan biri hisoblanib, G‘arbiy Turk xoqonligining asosiy boshqaruv markazi vazifasini bajarishdan oldin ham bu yer miloddan avvalgi mingyillikning so‘nggi asrlarida Usun kabi nisbatan yirik ko‘chmanchi davlat uyushmasining, keyinroq esa bir qator katta-kichik qabila urug‘lar tomonidan tashkil etilgan etno-siyosiy uyushmalarning boshqaruv markazi vazifasini bajarib kelgan. Bundan tashqari, Chochning shimoli-sharqida joylashgan va unga qo‘shni o‘laroq, mazkur hududda kechgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar ushbu vohaga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmagan.

Hozirgi kun tarixshunosligida Yettisuv G‘arbiy Turk xoqonligini 560-700 yillarda Ashina sulolasi boshqargan paytda ham, 699-756 yillar oralig‘ida Turgash xoqonligi hukm yuritgan pallada ham, har ikkala sulolaning boshqaruv markazi vazifasini bajarib kelganligi xususida fikrlar muqimlashgan. Haqiqatan ham, bu yerdagi poytaxt shaharlardan biri – Suyab Ashina sulolasining, Navokat esa Turgash xoqonligining boshqaruv markazi bo‘lganligi masalasi ham o‘sha davr yozma manbalaridagi ma’lumotlar, ham arxeologik tadqiqotlar asosida o‘z tasdig‘ini topgan. Biroq, asosan xitoy va yunon (Vizantiya) tillaridagi manbalar, qisman esa arab-fors tilli manbalardagi ba’zi ma’lumotlar G‘arbiy turk xoqonlarining o‘z qarorgohlari sifatida nafaqat Yettisuvdagi shaharlarni tanlashgani, balki vaqti-vaqti bilan o‘z boshqaruv markazlarini Yulduz vodiysi (Sharqiy Turkiston) va Choch vohasiga ko‘chirishganidan darak beradi. Keyingi yillarda aniqlangan numizmatik materiallar ham bu masalani hal etishda muhim o‘rin tutadi.

Garchi, xitoy yilnomalarida G‘arbiy turk hukmdorlari o‘z qarorgohini uch marotaba Choch shimolidagi mavzeda qurishgani haqida eslatilgan yoki arab geograflari asarlarida vohaning qadimiy harbiy qal’a shahri sifatida Jabg‘ukat nomi uchrashi tadqiqotchilarga yaxshi ma’lum bo‘lsa-da, bu yer xoqonlikning siyosiy markazlaridan biri bo‘lganmi yoki aksinchaligi masalasi shu paytgacha e’tibordan chetda qolib kelgan.

Avvalo, bu masalani tadqiq etishdan oldin, uni hal etishda yordam beradigan o‘sha davrdagi ijtimoiy-siyosiy holatga nazar tashlasak. Ma’lumki, 552 yilda Oltoy tog‘larining janubiy etaklarida Ashina turklari o‘z xo‘jayinlari Juan-juan xoqonligiga qarshi bosh ko‘taradilar va ushbu davlatni ag‘darib, qisqa muddat ichida uning qo‘l ostidagi hududlar ustida, markazi O‘rxun vodiysi (Mo‘g‘uliston) bo‘lgan Turk xoqonligiga asos solganlar. Oradan ko‘p o‘tmay esa ushbu xoqonlik Eftalitlar davlatiga barham berib, o‘z hududlarini Amudaryogacha kengaytiradi va, pirovardida, Uzoq Sharqdan to Shimoliy Kavkaz hamda Shimoliy Qora dengiz bo‘yigacha bo‘lgan hududlar bitta davlat qo‘l ostida birlashtiriladi. Aynan shu paytdan boshlab, xoqonlikning Oltoy tog‘idan boshlanuvchi g‘arbiy qismida, markaz (O‘rxun vodiysi) ga bo‘ysunuvchi G‘arbiy qanot tashkil etiladi va uning markazi dastlab Yulduz vodiysidagi Oqtog‘, keyinroq esa Yettisuvdagi Suyab shahri bo‘lib qoladi. Keyinchalik ushbu qanot zamirida G‘arbiy Turk xoqonligi vujudga keladi.

Garchi, G‘arbiy Turk xoqonligining chegaralari Qora dengizning shimoli, Xuroson, Shimoliy Hindiston, Tibet hududlarigacha bo‘lgan keng hududni o‘z ichiga olgan imperiya bo‘lishi bilan birga, o‘zining markaziy hududiga ega edi. U Yettisuv va atroflari hamda Yulduz vodiysi bilan kifoyalanib, sharqda taxminan Oltoy tog‘ining g‘arbiy etaklari va Oltoy tog‘larigacha, g‘arbdan Talas daryosi havzalari, janub va janubig‘arbdan Choch – Farg‘ona – Qoshg‘ar – Kucha – Yanki (Qorashahr) – Gaochan (Turfon) hukmdorliklari, ya’ni Tangritog‘ (Tyanshan)ning shimoliy etaklari bilan o‘ralgan edi. Qolgan hududlar, aniqrog‘i Sharqiy Turkiston, Amudaryo – Sirdaryo oralig‘i, Xuroson, Afg‘oniston va Shimoliy Hindistondagi voha hukmdorliklari xoqonlikning bevosita emas, bilvosita hududini tashkil etib, ular dastlabki paytlarda asosan xoqon tomonidan yuborilgan noib – tudunlar nazoratidagi mahalliy sulolalar tomonidan boshqarilgan. Hatto, Isfijob (Sayram), Forob (Tarband) kabi Sirdaryoning o‘rta havzasidagi kichik hukmdorliklar ham o‘z geografik joylashuviga ko‘ra, odatda, Yettisuvga nisbatan ko‘proq Chochga yaqinlashar, hatto vaqti-vaqti bilan Choch hukmdorligi tarkibiga kirar edi.

Endi, Choch vohasining bir muddat G‘arbiy Turk xoqonligi boshqaruv markazlaridan biriga aylanishi masalasiga kelsak. Garchi, xitoy yilnomalarida voha xoqonlikning markaziy hududi sifatida tilga olinmagan bo‘lsa-da, yuqorida qisqacha to‘xtab o‘tganimizdek, Choch bir necha marotaba xoqonlik o‘z qarorgohini barpo etgan joy sifatida qayd etilganining guvohi bo‘lamiz. Xoqonlikning asosichilaridan biri Istami yabg‘u (560-576) VI asrning 60-yillarida, g‘arbda Eftalitlarga qarashli hududlar ichida ilk o‘laroq, Choch vohasini qo‘lga kiritgan palladan to shu asrning oxirigacha xoqonlik va voha orasida biror-bir jiddiy voqyea sodir bo‘lganiga doir ma’lumot uchramaydi. Biroq, VII asr boshlariga kelgach, Choch va xoqonlik orasida jiddiy voqyealar sodir bo‘la boshlaydi. Darvoqye, xitoy yilnomalarida qayd etilishicha, 605 yilda G‘arbiy Turk xoqonligi amaldorlaridan biri, keyinchalik xoqon bo‘lgan Sheguy (611–618) Chochdagi mahalliy hukmdorni o‘ldirib, bu yerni ulus (udel) sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z tasarrufiga oladi va boshqaruvga bevosita xoqonlikning boshqaruvchi xonadonidan bo‘lmish Tegin Tyanchji (Tele Tyanchji; 605–609)ni tayinlaydi. Shu o‘rinda Choch tarixi bilan bog‘liq yana bir masalaga to‘xtalib o‘tish lozim. Sheguy xoqon bo‘lishidan ancha avval, ya’ni 611 yilgacha xoqonlik boshqaruvida shad martabasini egallab turgan paytda, Choch vohasini o‘z chekiga tushgan ulus (udel) sifatida olgan edi. Xoqonlik boshqaruv tizimida mavjud taomilga ko‘ra, shad unvoni xoqonning o‘g‘illari va jiyanlariga, ya’ni shahzoda – teginlarga berilar va ular o‘z qo‘shiniga ega bo‘lar hamda biror o‘lkaning boshqaruviga tayinlanardilar. Qisqasi, 605 yilda Chochning mahalliy hukmdori xoqonlikka tobe bo‘lishiga qaramay, Sheguy shad bilan nizolashib qolgach, bu yer Sheguyga ulus qilib berilganmidi yoki undan avvalroq ham voha ushbu shahzodaga qarashli ulus edimi, degan masala muammolidir. Aynan shu yillarda vohada xoqonlikning boshqaruvchi xonadoni – Ashina sulolasiga mansub Tegin Tyanchjidan boshlanuvchi va to VII asrning o‘rtalarigacha bosh sulola maqomida bo‘lib kelgan Choch Teginlari (605-750) hukmronligining ilk yillaridanoq, voha G‘arbiy xoqonlikning markaziy boshqaruvi bilan bevosita aloqador bo‘la boshlagandi. Jumladan, Tan-shu yilnomasida qayd etilishicha, G‘arbiy Turk xoqoni Chulo (Chura; 603–610) o‘z davlati hududida yana ikkita “kichik xoqon” tayinlab, ulardan birining qarorgohini Shi-go (lug‘. Tosh davlati)ning shimolida ta’sis qiladi va butun Xu o‘lkalarini, ya’ni o‘troq hukmdorliklarni ushbu “kichik xoqonlik” vositasida boshqara boshlaydi. Ushbu “kichik xoqonlik”ning aynan qachon, Chulo xoqon boshqaruvining qaysi yilida tashkil qilingani aniq bo‘lmasa ham, unga asos solingan vaqt taxminan 605 yildan keyingi sanalarda, Chulo va Sheguy orasiga nifoq tushib, davlatning g‘arbiy qismlarida hokimiyatni mustahkamlashga ehtiyoj sezilgan bir paytga to‘g‘ri kelsa ajabmas. Muhimi bu emas, yanada ahamiyatlirog‘i xitoy yilnomalarida “Chulo xoqon Chochning shimolida “kichik xoqonlik” ta’sis qildi”, deb qayd etilar ekan, vohaning aynan qaysi joyini nazarda tutganligidir. Boisi, qadimdan Chochning hududi an’anaviy tarzda shimoli-sharqda Taroz, shimoli-g‘arbda esa Sirdaryoning o‘rta havzalari, aniqrog‘i, Tarband (Forob/O‘tror-Shavg‘ar) gacha bo‘lgan hududlarni o‘z ichiga olar, shimoliy hududlari deganda esa Isfijob (Sayram) kabi viloyatlarni ham o‘z ichiga oluvchi Tarband va Taroz oralig‘idagi viloyatlar tushunilardi. Buning moziysi, hatto, miloddan avvalgi davrlarga borib taqalardiki, manbalardan xitoyliklarga yengilgan Hun shanyuyi Chjichji Qang‘ hukmdoridan yordam so‘rab, miloddan avvalgi 40-yillarda o‘z askarlari uchun Talas daryosi bo‘yida qal’a qurdirgani ma’lum. Darvoqye, VIII asrning o‘rtalarida ham Da-lo-sы (Talas/Taroz) shahrida Choch hukmdorlari muntazam ravishda o‘z garnizonini saqlagani Tan-shu yilnomasida qayd etilgan. Tarozni Chochga tegishli deb bilish an’anasi, ehtimol, Qang‘ davlati (mil. av. III – mil. III asr.) ning ushbu mavzeni o‘z hududiga olgan davrlardan beri davom etib kelgan shekilli, ma’lum ma’noda uning vorislari bo‘lmish Choch hukmdorlari doimo bu yerga o‘z e’tiborlarini qaratib kelishgan.

Aftidan, o‘tmishda Chochning shimoli-sharqdagi chegarasi Taroz shahri va atroflariga borib tutashganligidan xitoy muarrixlari ham xabardor bo‘lsa kerak. Aksariyat holatlarda Tarozdan sharqda, Merke atrofidagi Mingbuloqni ham Chochning shimolida joylashgan mavze sifatida ko‘rsatishgan. Jumladan, Tan-shu yilnomasida G‘arbiy Turk xoqonligining eng qudratli hukmdorlaridan biri Tun yabg‘u-xoqon (618–630) o‘z hokimiyatining dastlabki yillaridayoq, qarorgohini vohaning shimolidagi SyanTsyuan (Mingbuloq) mavzesiga ko‘chirgani va bu yerdan turib vassal G‘arbiy o‘lkalar ustidan nazoratni kuchaytirgani ta’kidlanadi. Tun yabg‘u-xoqonning siyosiy markaz mohiyatidagi qarorgohini Yettisuvdan Choch vohasiga ko‘chirishdan maqsadi, har holda vohaning strategik jihati bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Chunonchi, Choch o‘zining jug‘rofiy joylashuviga ko‘ra Markaziy Osiyoning shimoli-sharqiy qismidagi ko‘chmanchi-chorvador elatlar bilan mintaqaning janubi-g‘arbiy qismidagi o‘troq-dehqon xalqlar orasida siyosiy-madaniy va tijoriy aloqalar uchun ko‘prik vazifasini o‘tardi. Ayniqsa, bu hudud xoqonlik tarkibiga kirgach, vohada tijoriy hayot gurkirab o‘sa boshlashi, xoqonlarning e’tiborini tortmasdan qolmasdi. Shu bilan bir qatorda Choch vohasida qarorgoh qurish ham ko‘chmanchilar ustidan, ham o‘troq vohalar ustidan nazoratni yanada qulaylashtirishga olib kelardi. Tun yabg‘u-xoqon ham Chochning bu kabi jihatlarini nazarda tutgani uchunmi, xitoy yilnomalarida qayd etilishicha, u o‘z qarorgohini Mingbuloqda barpo etgach, bu yerdan turib qo‘l ostidagi vassal hukmdorliklar boshqaruvchilarining har biriga eltabar unvonini taqdim etadi va ularni nazorat qilish uchun biror nafardan tudun yuboradi. Binobarin, Turk xoqonligida yuqori darajali unvonlardan biri eltabar “biror el yoki davlatning boshqaruvchisi”, tudun esa “bo‘ysundirilgan o‘lkalardan soliq yig‘ishni tashkil etuvchi va mahalliy hukmdor ustidan nazorat qiluvchi”, ya’ni noib ma’nosida qo‘llanilardi. Demak, tobe hukmdorlarga ham yuqori unvon berish, ham ular ustidan biror nazoratchi tayinlash kabi islohatlarni amalga oshirish bilan Tun yabg‘u-xoqon vassallar ustidan nazoratni yanada mustahkamlash niyatida bo‘lgan va o‘z qarorgohini aynan Chochga ko‘chirgan.

Darvoqye, Chochning o‘ziga xos jihatlari Tun yabg‘u-xoqondan oldin o‘tgan hukmdorlarning nazaridan ham chetda qolmagan edi. Avvalo, u o‘z qarorgohini Chochning shimoliga ko‘chirish bilan, o‘zidan birmuncha muddat oldin Chulo xoqon (603-610) tomonidan amalga oshirilgan ishni aynan takrorlaydi. Ahamiyatlisi shundaki, Choch vohasi G‘arbiy Turk xoqonligi uchun qariyb yana yarim asr davomida strategik ahamiyatini yo‘qotmagan bo‘lsa kerak, 651-657 yillarda xoqonlikning Ashina sulolasidan bo‘lgan so‘nggi mustaqil hukmdori, Istami yabg‘uning beshinchi bo‘g‘in avlodi bo‘lmish Ishbara xoqon (Ashina Xelu/Ulug‘) ham o‘z qarorgohi sifatida Mingbuloqni tanlagani ma’lum.

Shuningdek, vohaning markazi Binkent (hozirgi Toshkent) shahrining yaqinginasida Jabg‘ukat nomli shahar qad ko‘targan bo‘lib, tadqiqotchilar uning paydo bo‘lishini xoqonlik bilan aloqali hisoblaydilar. Buning asosida esa bir tomondan arxeologik tadqiqotlar natijasida shaharning aynan VI-VII asrlarda barpo qilingani, qolaversa boshqa yoqdan ushbu shahar nomining lug‘aviy jihatdan “Jabg‘u shahri”, ya’ni “Hukmdor shahri” ma’nosini bildirishi kabi omillar yotadi. Ma’lumki, turkiy xalqlarda qadimdan poytaxt yoki qarorgoh shahar nomini hukmdorning unvoni bilan atash an’ana edi. Jumladan, Xazar xoqonligi (650-965) ning poytaxti Xonbaliq (“Xon shahri”) deb nomlangan bo‘lsa, keyinchalik mo‘g‘ullar Xitoyni egallagach, bu yerning poytaxti Pekinni ham an’anaga muvofiq xuddi shunday nom bilan atay boshlashgandi. Demak, Choch vohasidagi shaharning Jabg‘ukat deb atalishida ham qadimgi turkiy an’ana yotadi, deb aytishga asos bor. Garchi, bir qator tadqiqotchilar Jabg‘ukatni Tun yabg‘uxoqonning qishlik qarorgohi bo‘lgan, deb hisoblashsa-da, ushbu shaharning undan ancha oldin, G‘arbiy Turk xoqonligining bosh hukmdorlari yabg‘u/jabg‘u unvoni bilan hukm yuritayotgan payt – VI asr oxirlarida xuddi shu maqsadda barpo etilgan bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas. Aynan shu paytlarda jabg‘u unvoni bir muddat G‘arbiy Turk xoqonligining bosh hukmdorlariga nisbatan qo‘llanilgani va ulardan bir nechtasi aynan Choch vohasiga tashrif buyurganliklari nazarda tutilsa, Jabg‘ukatning xoqonlik bilan aloqali ravishda paydo bo‘lgani masalasida shubhaga o‘rin qolmaydi. Shu o‘rinda arab geograflari asarlarida uchraydigan “Jabg‘ukat – chiroyli shahar bo‘lib, qadimda Chochning harbiy lageri – lashkargohi edi” shaklidagi ma’lumot ushbu shaharning nima maqsadda barpo qilinganini yanada oydinlashtiradi. Bundan tashqari, arab geograflari asarlarida Jabg‘ukat bilan deyarli yonma-yon joylashgan Xotunkat nomli shaharning qayd etilishi, hatto, ushbu shahar nomining xitoy yilnomalarida ulardan ham ancha oldin, 640 yillarda G‘arbiy turk xoqonlaridan biri El-Bilga Tulu xoqon (Ibi Dulu kexan; 638–642) ning Chochga qochib, Koxotun-chen (lug‘. “Xotun shahri”) ga sig‘inishi munosabati bilan uchrashi ham diqqatga sazovordir. Ahamiyatlisi shundaki, ushbu shahar nomi ostida ham qadimgi turkiy an’ana – davlat boshqaruvida bosh hukmdor – xoqon bilan birgalikda, doimo uning ayoli xotun unvonli malika joy olishi an’anasi yotganligini ko‘rish mumkin. Bu, avvalo, qadimdan turkiy xalqlar keng tarqalgan hududlarda Xotun-baliq (“Xotun shahri”), Xotunsini, Xotun-art, Xotunsuv nomli toponimlarning uchrashida o‘z tasdig‘ini topsa, ikkinchidan, Xotunkat shahrining aynan Jabg‘ukat shahri bilan yonma-yon joylashgan shahar sifatida eslatilishining o‘ziyoq, uning xoqonlik bilan aloqali ravishda qad rostlaganini ko‘rsatadi. Shuningdek, arxeologik tadqiqotlar ushbu shaharning ham VI-VII asrlarda vujudga kelganini tasdiqlashi, Xotunkatning xoqonlik bilan bog‘liqligi borasida shubhaga o‘rin qoldirmaydi. Demak, Jabg‘ukat-Xotunkat paralleli – bu xoqonlik siyosiy markazida hukmdor o‘rdasi (yoki chodiri) bilan yonma-yon malika o‘rdasining joy olishi an’anasining Choch vohasida yonma-yon joylashgan shahar misolida aks etishidir, deb hisoblash mumkin. Shu tariqa vohada Xotunkat shahrining mavjudligi ham Choch bir muddat G‘arbiy Turk xoqonligining boshqaruv markazi bo‘lganiga yana bir dalil bo‘lib xizmat qiladi.

Shuningdek, X asr arab geograflari Shoshning poytaxti Binketdagi mahalla, ko‘cha va darvozalar nomlarini qayd etar ekanlar, ularning orasida Ko‘yi Xoqon nomi uchraydiki, “Xoqon ko‘chasi” ma’nosidagi ushbu joy nomining paydo bo‘lishi ham, bizningcha, G‘arbiy Turk xoqonlarining Chochdagi faoliyati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Agar Choch vohasida VI-VII asrlar mobaynida zarb qilingan tangalarning salmoqli bir qismi G‘arbiy Turk xoqonligiga tegishli bo‘lib chiqmaganida edi, voha xoqonlikning boshqaruv markazlaridan biri bo‘lgani haqidagi masala yetarlicha tasdiqlanmasdan qolaverardi. Keyingi yillarda Toshkent vohasidan topilayotgan numizmatik materiallarni sinchiklab o‘rganishimiz natijasida ushbu xoqonlik tomonidan qariyb 20 tipdagi sug‘diy yozuvli tangalar zarb qilingani aniqlangan bo‘lib, ularning 3 ta tipida “jabg‘u”, 5 ta tipida “jabg‘u-xoqon”, 5 ta tipida esa “xoqon” unvoni o‘rin olgan, qolganlari esa anepigrafik (4 ta tip) va yozuvlari haligacha to‘laqonli o‘qib chiqilmagan (2 ta tip) tangalardan iborat. Ahamiyatlisi shundaki, ushbu tangalar orasida 2 nafar hukmdor ismi uchrab, ulardan birida 576-583 yillarda G‘arbiy qanot hukmdori bo‘lgan, 600-603 yillarda esa Sharqiy qanotni ham egallagach, Turk xoqonligining bosh hukmdoriga aylangan Tardu xoqonning nomi, ikkinchisida esa 618-630 yillardagi hukmronligi davomida G‘arbiy Turk xoqonligini eng qudratli davlatga aylantirgan Tun yabg‘u-xoqonning nomi aks etgan. Eng muhimi shuki, Turk xoqonligining markazlari bo‘lmish na O‘rxun vodiysida va na Yettisuvda xoqonlik bilan aloqador tangalar topilmagani bois, shu paytgacha tadqiqotchilar orasida “xoqonlik tanga-pul tizimiga ega bo‘lmagan” mazmunidagi fikrlar hukmron edi. Nihoyat, Toshkent vohasidan G‘arbiy Turk xoqonligiga taalluqli yuzlab nusxada mazkur mis tangalarning topilishi bu masalaga oydinlik kiritishi barobarida, ushbu xoqonlikning davlat sifatida shakllanish jarayonlarini ham aks ettirganligi aniqlandi. Ya’ni, G‘arbiy xoqonlikning shakllanish jarayonlarini izchil yoritish imkonini bermaydigan yozma manba ma’lumotlarini Toshkent vohasining numizmatik materiallari to‘ldiradigan mohiyatdadir. Darvoqye, G‘arbiy Turk xoqonligi o‘zining shakllanish jarayonlarida uchta bosqichni bosib o‘tgan bo‘lib, ilk bosqichda u Turk xoqonligining G‘arbiy qanoti bo‘lib, boshqaruvchilari yabg‘u unvoniga ega bo‘lishgan va markaziy hokimiyat mavqyeidagi Sharqiy xoqonlikka bo‘ysunishgan, ya’ni Yabg‘ulik davri (VI asr 60-yillari va oxirgi choragi); ikkinchi bosqichda esa G‘arbiy qanot o‘z siyosiy faoliyatida deyarli mustaqil bo‘lib, Sharqiy xoqonlikka nomigagina bo‘ysunuvchi siyosiy birlik o‘laroq, hukmdorlari yabg‘u-xoqon unvonida hukm yuritishgan, ya’ni Yabg‘uxoqonlik davri (VI asr oxirlari – VII asr 30-yillari); nihoyat uchinchi bosqichda Sharqiy Turk xoqonligiga 630 yilda Xitoyning Tan sulolasi tomonidan barham berilgach, mazkur xoqonlikning vorisi sifatida G‘arbiy qanotning mustaqil davlat –xoqonlikka aylanishi va uning boshqaruvchilari oliy hukmdor ma’nosidagi xoqon unvoni bilan hokimiyat yurgiza boshlagan davr (VII asr 30-yillari–VIII asr ikkinchi choragi) ni o‘zida namoyon qilgan. Binobarin, Choch, nafaqat o‘z tangalarida aks ettirgan jabg‘u → jabg‘u-xoqon → xoqon kabi unvonlar uzviyligi, balki ikonografik, paleografik va tamg‘alar shakli ( ) singari xususiyatlari bilan ham yuqorida keltirilgan G‘arbiy Turk xoqonligining shakllanish bosqichlarini ochib beradi. O‘z navbatida Choch bir muddat ushbu xoqonlikning boshqaruv markazlaridan biri bo‘lib turishi barobarida, xoqonlik uchun o‘sha davr odaticha davlat alomatlaridan biri hisoblanuvchi tanga-pul zarb qilishga mos hudud bo‘lib xizmat qildi.

Xullas, bir-biridan farqli tillardagi yozma manbalar ma’lumotlari va numizmatik materiallar Choch vohasi ma’lum vaqt mobaynida G‘arbiy Turk xoqonligining boshqaruv markazlaridan biriga aylanganidan darak beradi. Vohaning shimolidagi Mingbuloq mavzesi qariyb yuz yil davomida vaqti-vaqti bilan G‘arbiy Turk xoqonligining yozgi qarorgohi bo‘lishi bilan birgalikda boshqaruv markazi vazifasini ham o‘tagan, vohaning markaziy qismidagi Jabg‘ukat shahri esa xoqonlikning qishki qarorgohi vazifasini bajargan. Bunda, eng avvalo, vohaning ham strategik, ham iqtisodiy jihatdan muhim joyda joylashgani katta rol o‘ynagan.

G‘. Boboyorov

Чач как один из центров управления Западно-Тюркского каганата

В статье предпринята попытка обоснования, на основе нумизматических данных и сведений письменных источников того, что Чачский оазис определенное время являлся одним из центров управления ЗападноТюркского каганата. В качестве доказательства исследователь приводит сведения из китайских хроник.

G. Babayarov

Chach is One of the Centers of Governance of the Western Turkic Qaghanate

In this article the author tries to give arguments on the base of numismatic data and information that Chach oasis for certain period was one of the centres of governance of the Western Turkic Qaghanate. Being related to Qaghanate, Arabian geographers inform that there was a city of Jabghukath near the capital of Shash, Binkath and there were the gates Binkath’s Kuy-i Xaqan (“the street of Xaqan”), and also the mintage of the specific coins of the Western Turkic Qaghanate with its high-rank titles such as Jabghu, Jabghu-qaghan, Qaghan in legends exactly in the territory of Chach oasis, etc.

Фойдаланилган адабиётлар:

Clauson G. A k-BeshIm Sûyâb // Asia Major, vol. 4, 1961, p. 1-13; Kармышев А.М. Раннесредневековый монетный комплекс Семиречья // История возникновения денежных отношений на территории Кыргызстана. Бишкек, 2002. С. 20.

Согдийские документы с горы Муг // Чтение. Перевод. Комментарий. Вып. II. Юридические документы и письма / Чтение, перевод и комментарии Лившица В.А. М., 1962. С. 82; Sims–Williams N., Grenet F. The Sogdian inscriptions of Kultobe // Shygys. 1. Almaty, 2006. Р. 103-107.

Буряков Ю.Ф. К истории раннесредневекового Чача // O’zbekiston tariхi. 2002. №3. С. 12.

Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрания сведений о народах, обитавших в Средней Азии в древние времена. М.; Л., 1950. Т. 2. С. 313; Chav annes E. Documents sur les Tou-Kiue (Turks) occidentaux. СПб., 1903. Р. 141.

Togan İ., Kara G., Baysal C. Çin kaynaklarında Türkler. Eski T’ang Tarihi (Chiu T’ang-shu). Ankara, 2006. S. 80.

Бабаяров Г. Древнетюркские монеты Чачского оазиса (VI–VIII вв.). Ташкент, 2007. С. 46-49.

Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрания сведений… Т. 1. С. 279; Taşağıl A. Gök-Türkler. I, 2. Baskı, Ankara, 2003. S. 89

Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрания сведений… Т. 2. С. 93; Зуев Ю.А. Ранние тюрки: очерки истории и идеологии. Алматы, 2002. С. 93.

Талас/Тароз – Н.Я. Бичурин баъзан ушбу шаҳар номини Хынлос шаклида келтиради (қар. Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрания сведений.., II. С. 314).

Chavannes E. Documents sur les Tou-Kiue.., р. 144.

Бичурин Н.Я. Собрания сведений… Т. 2. С. 283.

Toganİ., Kara G., Baysal C. Çin kaynaklarında Türkler. Eski T’ang Tarihi.., S. 85.

Толстов С.П. К истории древнетюркской социальной терминологии // ВДИ. 1938. № 1–2. С. 72-81.

Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрания сведений… Т. 1. С. 289; Taşağıl A. Gök-Türkler. II, Ankara 1999. S. 71.

Жабғукат – ушбу шаҳарнинг ўрни ҳозирги Тошкент шаҳрининг шимоли-шарқида, Дўрмон қишлоғидан қарийб 4 км масофада жойлашган Оқ ота ёдгорлигига тўғри келади, деб ҳисобланади (Буряков Ю.Ф. Историческая топография Ташкентского оазиса. Ташкент, 1975. С. 74–75).

Байтанаев Б.А. Вопросы локализации Нуджикета // Новые исследования по археологии Казахстана. Труды научно-практической конференции «Маргулановские чтения – 15». А-А., 2004. С. 67-70, прим. 25.

al-Istakhri, Abu Ishak al-Farisi, Viae regnorum, ed. M.J. de Goeje, BGA, pars 1. Lugduni-Batavorum: E.J. Brill, 1967, P. 345; Hudud al-‘Alam, the regions of the world, a persian geography, translated and explained by V. Minorsky. London, 1970, P. 117, 357

Хотункат – ушбу шаҳарнинг ўрни ҳозирги Тошкент шаҳрининг шимоли-шарқида, Дўрмон қишлоғидан 4 км жанубда жойлашган, Оқота тепалигининг жанубидаги Туғайтепа ёдгорлигига тўғри келади (Буряков Ю.Ф. Историческая топография… С. 73–74).

Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрания сведений… Т. 2. С. 288; Chavannes E. Documents sur les Tou-Kiue.., р. 58. Бичурин ушбу шаҳар номини асл ҳолатида келтирмай, ўгириб “город Ханьша” тарзида берган. Бу эса О.И. Смирнова каби баъзи тадқиқотчиларни истисно қилганда, аксарият тадқиқотчиларни мазкур шаҳар номининг Хотункат билан алоқадорлиги ҳақида фикр юритишларидан чалғитган (қар. Смирнова О.И. Тюркологические заметки // СНВ. Вып.10. М., 1971. С. 65).

Бартольд В.В. Географический очерк Мавераннахра. Соч. М., 1963. Т.1. С. 228; Муҳаммаджонов А. Қадимги Тошкент. Тошкент, 1988. 43-бет.

Бабаяров Г., Кубатин А. К вопросу монетного чекана Западно-Тюркского каганата (на основе нумизматических материалов Ташкентского оазиса) // Тюркология. Туркестан (Казахстан). 2005. №6. С. 97-105; Бабаяров Г. Древнетюркские монеты Чачского оазиса. С. 9, 11-12.

Manba: Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyiga bag‘ishlangan Xalqaro ilmiy konferensiya materiallari
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
«Fan» nashriyoti
2009

https://shosh.uz/uz/toshkent-2200-choch-g-arbiy-turk-xoqonligining-boshqaruv-markazlaridan-biri-sifatida/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x