Post Views:
291
Toshkentning 1983 yilda nishonlangan 2000 yilligi yodimizda. O‘shanda, asosan arxeologik qazishmalarga asoslanib, o‘sha sana nishonlangan edi. Toshkent haqida tarixiy manbalarda eslatilishi ham qariyb 2000 yilga borib qoladi. Tarixiy tadqiqotlar tajribasi ko‘rsatishicha, biror shahar yoki davlatning yozma manbada eslatilishi bu ob’yektlarning paydo bo‘lishidan 2-3 asr, ba’zan esa 5 asr kech keladi. Shuning uchun Toshkentning tarixini ham bemalol ikki ming yildan ortiq deyish mumkin. Keling, tarixiy manbalarga murojaat etaylik.
“Toshkent” degan atama birinchi marta o‘rta asrlarda Beruniyning 1030 yilda yozilgan “Hindiston” asarida uchratiladi. Asarida olim bunday yozadi: “Ko‘rmaysanmi, “Tosh” so‘zi asli turkcha ism bo‘lib, “Shosh” ko‘rinishini olgan, ya’ni turkcha “Toshkand” – “toshli qishloq” so‘zidan. Xuddi shuningdek “Jug‘rofiya” kitobida “Burj al-hijora” (“Tosh qal’a”) deb atalgan”[1]. Beruniy shunga o‘xshash so‘zlarni o‘zining 1037 yilda yozgan “Qonuni Mas’udiy” asarida ham aytgan: “Binkot Shoshning markazi, turkchada Toshkand, yunonchada Tosh qala”[2].
Olimning “Hindiston” asaridan olingan iqtibosga kelsak, Beruniydan avvalgi mualliflarning birortasida turkcha Toshkand atamasi uchramaydi. Chunonchi, 942-944 yillarda Movarounnahrda, jumladan Toshkentda bo‘lgan arab sayyoh-geograflari al-Istahriy va Ibn Havqal bu atamani keltirmaydilar va faqat Shosh atamasini ishlatadilar[3].
Demak, Toshkand atamasi Shosh atamasidan biroz keyinroq qo‘llanilgan ko‘rinadi. Shosh atamasining o‘ziga kelsak, bu arabiy atama bo‘lib, shaharning qadimiy aholisi – saklar tilidagi Chach atamasining arabiylashganidir. Atama bu shaklda Eronning Sosoniylar sulolasidan ikkinchi shahanshoh Shopur I (241-272) davriga tegishli yozuvlarda uchratiladi. Bu yozuvlardan birida “to Kat, Sug‘d va Chach hududlarigacha”[4] degan ibora keladi.
Beruniyning “Burj al-hijora” atamasi esa musulmon olimlaridan birinchi bo‘lib uning vatandoshi Muhammad ibn Muso al-Xorazmiyning (783-850) “Kitob surati-larz” (“Yerning tasviri kitobi) asarida keltiriladi[5]. Al-Xorazmiydagi nom ham “Jug‘rofiya” kitobidan olingan. Haqiqatan ham uning asarining nomi “Surat al-arz” asarida yunoncha “geografiya” atamasining arabchaga tarjimasi bo‘lib, “jug‘rofiya” atamasi esa bu so‘zning arabcha talaffuzga moslashtirilganidir.
Aslida esa “Jug‘rofiya” deb milodiy I-II asrlarda yashagan Klavdiy Ptolemeyning “Geografiya” asari nazarda tutiladi. Bu asarning 6-kitobida Yaksart daryosining, ya’ni Sirdaryoning boshlanish yerlaridan birmuncha sharqda ko‘chmanchi saklar o‘lkasida Lithinos Purgos (lotincha tarjimasida: Turres Lapidea), “Tosh qal’a” (yoki “Tosh shahri”) va uning geografik koordinatlari: uzunlamasi – 1350, kenglamasi – 430 keltiriladi. Lekin shaharning Beruniydagi koordinatlari: 89010′ va 430. Bundan ko‘rinadiki, Ptolemeydagi shaharning uzunlamasi Beruniydagidan 40o ortiq. Bundan ushbu xulosaga kelish mumkin[6]: Ptolemeydagi uzunlama xato keltirilgan bo‘lib (chunki uning o‘zi bu yerlarda bo‘lmagan), Beruniyda u birmuncha tuzatilgan (shuni aytish kerakki, Beruniydagi eng sharqiy toponimning uzunlamasi 1020ni tashkil qiladi) yoki Ptolemey butunlay boshqa shaharni nazarda tutgan bo‘lib, Beruniy yanglishgan bo‘lishi mumkin. Keyingi holda Ptolemey Sharqiy Turkistondagi Toshqo‘rg‘on shahrini nazarda tutgan bo‘lishi mumkin. Bunga uning “Geografiya”sining London nashrida Tsats, ya’ni Chach shahri nomining alohida keltirilganligi dalil bo‘lishi mumkin.
A. Ahmedov
[1] Abu Rayhon Beruniy. Hindiston. Tanlangan asarlar. II j. Toshkent: Fan, 1965. 232-b
[2] Abu Rayhon Beruniy. Qonuni Mas’udiy. 1-5 maqolalar. Tanlangan asarlar. V j, 1-kitob, Toshkent: Fan, 1973. 426-b
[3] Betger Ye.K. Izvlecheniye iz knigi «Puti i stranы». Vыp. XI. Arxeologiya Sredney Azii. T. IV. Tashkent:211
[4] Lukonin V.G. Kultura Sasanidskogo Irana. Iran v III-V vv. Ocherki po istorii kulturы. M.: Gl. red. vost. lit-rы, 1969. S. 62, 126; Yego je. Drevniy i rannesrednevekovыy Iran. Ocherki istorii kulturы. Gl. red. vost. lit-rы. M., 1987. S. 219
[5] Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy. Tanlangan asarlar. Matematika, Astronomiya, Geografiya. Toshkent: Fan, 1983. 312-b
[6] KL. Ptolemaei. Geographiae Libri ato. Tabula Asiae VII, p. 81
Manba:
Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyiga bag‘ishlangan Xalqaro ilmiy konferensiya materiallari
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, «Fan» nashriyoti, 2009
https://shosh.uz/uz/toshkent-2200-beruniy-va-ptolemey-toshkent-haqida/