“Toqat”, “qanoat”, “bagʻri kenglik” tushunchalari lotin tilida tolerantlik deyilgan. Yunonchadagi “katarsis” soʻzi ruhiy poklanish, qalbning huzurlanishini bildiradi. Tolerantlik bilan katarsis aro qanday bogʻliqlik bor? Badiiy ijod sinoati tolerantlikdan katarsisgacha bosib oʻtiladigan jarayonni tahlil qilib berishda anglashiniladi. Odamzod tugʻilibdiki, jismoniy zarbalarga, ruhiy-maʼnaviy tazyiqlarga duch kelib, yengib yengilib yashaydi. Gʻafur Gʻulom sheʼriyatida: “Voy, bechora jonim!” degan nido hamisha jaranglab turadi. Mirtemir kuyib, yonib, oʻrtanib: “Odam boʻldimmi menam!” deya xoʻrsinadi. Ayniqsa, XX asrda yuzlab yozuvchilar “faryod” chekdilar: tuhmatga chidadilar, biri-biridan dahshatli qamoqxonalarda azoblandilar, otildilar, chala oʻlik holatida koʻmildilar. “Oltin zanglamas” (Shuhrat), “Koʻzyoshi tomgan hikoyalar” (Said Ahmad), “Kafansiz koʻmilganlar”, “Javohirlar sandigʻi” (Shukrullo), “Gulag arxipelagi” (Aleksandr Soljenitsin), “Arbat bolalari” (Anatoliy Ribakov) singari asarlarda toqati-toq boʻlgan sanʼatkorlar qalbidan tomib turgan qonni aniq koʻrish mumkin.
- Maqsud Shayxzoda, Vosit Saʼdulla, Toʻxtasin Jalolov, Hamid Sulaymon singarilar dahshatda kechgan kunlari haqida yozmadilar. Yozish – azoblarni qayta tuyish, qalbni qayta qiynash, dardni yangilash. Said Ahmad “Borsa kelmas darvozasi”ni yozib boʻlganidan keyingi holatini eslaydi: “Mana, “Borsa kelmas darvozasi”ga nuqta qoʻydim. Oʻrnimdan turayotganimda boshim aylanib, oʻtirib qoldim. Ichkari uyda televizor koʻrib oʻtirgan kuyov oʻgʻlim Mahmudjonni chaqirdim. U rangimni koʻrib, qoʻrqib ketdi. Shoshib tomirimni ushladi. Ichkaridan apparat olib chiqib qon bosimimni oʻlchadi. 200 ga 130”. (“Kiprikda qolgan tong”. “Sharq” NMAK. 2003 yil. 201-202-betlar).
Xotirlash shunchalik azob boʻlsa, oʻsha dahshatlarning oʻzi qanday qoʻrqinchli kechganini tasavvur etish qiyinmas.
Tolerantlik va katarsis badiiy ijoddagi muhim qonuniyatni koʻrsatadi. Yaʼni, realizm hayotiy voqealarni aynan koʻrsatib berishmas. Sanʼatkor ming azob bilan yozgan asar kitobxon qalbini poklaydi, hayotga, insonlarga muhabbatini oshiradi. Ijod jarayonida isteʼdod zaharni asalga, toʻtini bulbulga, jaholatni bagʻri kenglikka yoʻnaltira oladi. Isteʼdod tabiatida hayotbaxshlik, sururiylik, istiqbolga intiqlik bor. Sanʼatkor hayot haqiqatini tasvirlaydi, ayni paytda, insoniy mehr, joziba, ruh eleksirini asar mohiyatiga singdiradi.
Gʻafur Gʻulom sheʼriyatida mantiq uzra mantiq yetakchilik qiladi. Lirik qahramon yetim oʻsganini, bir mehribon qoʻlga, nonday aziz soʻzga intiq yashaganini eslaydi. Mana, uning oʻzi urushda yetim qolgan bola tepasida mijja qoqmay tunni tongga ulaydi, hayolida turli voqealar jonlanadi. “Sen yetim emassan” sheʼrining xotimasini hayot qoʻshigʻi, istiqbolga havas deyish mumkin. Shu nuqtada kitobxon “erib” ketadi, qalbi chinniday poklanadi.
Gʻafur Gʻulomda tolerantlik bagʻri kenglik shamoyilida koʻproq namoyon boʻldi. Shoir dil haroratini doʻstlariga ilindi, yaqin-yiroq qadrdonlarni uyiga chorladi: mevazor, polizlarga jumla jahonni taklif qildi. Uning sheʼrlarida soxtalik, yuzakilik yoʻq:
Tilimi tilimni ming tilim qilgan
Qirqmalar bogʻladi yukin qovgʻaga,
Asaljon Shakarov pasporti bilan
Bebilet joʻnaydi doʻstga sovgʻaga.
“Kuz keldi”.
Gʻafur Gʻulom poeziyasida avlodlar aro munosabatga alohida eʼtibor beriladi. Donishmand shoir anglashicha, ajdod hamisha avlodni qoʻllashi, uning oʻsishiga hissa qoʻshishi kerak.
Siz, axir, osmonni olmoqchi boʻlsangiz
Men ne uchun yelkamni tutib bermayin?!
“Sizga”.
XX asr oʻzbek adabiyotida yetuk asarlar yaratildi. Lekin sotsialistik realizmning sanʼatdagi yetakchi metod sifatida tasdiqlanishi; gumanizmning bir yoqlama, choʻltoq talqinlanishi, nihoyat, inson va tabiatning bir-biriga zid qoʻyilishi shoʻro adabiyotining bedavo dardiga aylandi. Shular haqida oʻylarkanman, beixtiyor, “Boshsiz odam” (Abdulla Qahhor) hikoyasidagi mana bu tasvir yodimga tushaveradi: “Usta Abdurahmon qizlarni koʻp uradi. Bir kuni Niso buvi: “Ursangiz, oʻsha doʻkoningizga olib borib uring”, deganida usta: “Ha, joning achiydimi, bundan keyin men urayotganda kulib turmasang uch taloqsan…” deb yuboradi. Shundan keyin Niso buvi koʻp martalab “kuldi”. (Abdulla Qahhor. Asarlar. Olti tomlik. Birinchi tom. Toshkent. 1967 yil. 80-bet). Shoʻro yozuvchilari, Niso buviday uch taloqdan qoʻrqib, koʻp martalab “kuldi”lar. Mana shunday ser “kulgi”lardan biri Mirtemir edi. U yarim asr ijod qilgan boʻlsa, bironta yorliqqa loyiq topilmadi. Ikki kam yetmish yillik umrida kuni roʻshnolik koʻrmadi. Toʻgʻri, shoirning shoʻx-shoʻx yallalari, serzavq alyorlari, mehrga toʻyingan oʻlanlari koʻp. Lekin Mirtemir yoshligidayoq yomonotliq qilindi: Belomorkanalda erksizlar, ijtimoiy hayotdan chetlatilganlar qatorida qora terga botib ishladi. Kechirildi. Ona yurtida yashadi, ijod qildi. Lekin koʻnglidagi gʻashlik, armon sira ketmadi. U “Pattining hasratlari”, “Toshbu”, “Azalik”, “Doʻstimning umr yoʻldoshi”, “Xoltosh” singari sheʼrlarni emin-erkin yozdi. Buning boisi shundaki, shoirning qalb qatlarida alam, armon qat-qat. Shoir yurt kezdi, doʻstlar orttirdi, shogirdlar tayyorladi, oʻynoqi qoʻshiqlar yozdi. Lekin farzandlik burchini oʻtolmaganidan, onasiga chin farzandday xizmat qila olmaganidan koʻngli gʻash, dard dunyosi qorongʻi:
Seni jindak xushbaxt qilgani –
Tagsiz jarlardan oʻtolmaganim,
Seni soʻnggi yoʻlga oʻzim uzatolmaganim –
Togʻday zil.
Abadiyatday cheksiz armon boʻlib qoldi dilimda, onaginam!
Odam boʻldimmi menam?
Mirtemir dunyodan daryoday oqib oʻtdi, alam, gʻashliklarga botib ketdi. Shoir ijodida “Betobligimda” sheʼri alohida qimmatga ega. Majnuntol tagiga oʻtqazishlarini soʻraydi lirik qahramon. Majnuntol azaldan ayol, onaday eʼzozlangan. Afsonaviy qahramonlar goʻzal qizlarni daraxt orasi (ichi)dan topganlar. Ikkinchidan, majnuntol qaddi dol boʻlsa-da, harorat, toza havo ulashadigan ona misoli. Umr boʻyi onasini eslab, qoʻmsab kelgan lirik qahramon majnuntol tagiga oʻtqazishlarini soʻraydi:
Majnuntol tagiga oʻtqazing meni,
Shu kungacha oʻzni men cheklab boʻldim.
Majnuntol tagiga oʻtqazing meni,
Men uchun yigʻlasin, men yigʻlab boʻldim.
Shoir gʻashlik, alam haqida yozadi, lekin uning sheʼrlaridan gʻam-anduh ufurib, koʻngilni vayron qiladigan ruh sezilmaydi. Mirtemir sheʼriyatida hayotning zarba, tazyiqlari bor. Lekin ular zinhor badiiy asar tabiatidagi poklovchi ruhni, qalbni erkalovchi zavqni toʻsib qoʻymaydi. Aksincha, Mirtemirning lirik qahramonida ruh tiniqligi, yashash ziddiyati aniq koʻrinadi. Tolerantlik – hayot murakkabliklari, ziddiyatlari, past-balandliklarini aniq koʻrsatuvchi vosita. Mirtemir sheʼriyatidagi tolerantlik bagʻri kenglikkinamas, hayot ziddiyatlarini aniq-tiniq koʻrsatib beradigan sanʼat sinoati.
Maqsud Shayxzoda, Said Ahmad, Shuhrat, Shukrullo, Saida Zunnunova singarilar nohaqlik nimaligini oʻz boshlaridan kechirdilar. Azob-uqubatlarining bir chimdiminigina tasvirladilar. Lekin ular yurtni tark etishni, eldan chiqishni xayollariga keltirmadilar. Sabr-toqat, el-yurtga sadoqat ulardagi tolerantlikning yorqin koʻrinishi. Jabrlangan ijodkorlar asarlarida xalqdan, yurtdan nolish tuygʻusi yoʻq. Aksincha, Maqsud Shayxzoda “Toshkentnoma” dostonida, “Mirzo Ulugʻbek” dramasida yurtga, elga boʻlgan samimiyatini tasvirladi. Shuhrat ijodida “Oltin zanglamas”, “Jannat qidirganlar” romanlari alohida oʻrin egallaydi. Shukrullo “Kafansiz koʻmilganlar”, “Javohirlar sandigʻi” asarlarida hayotidagi qora kunlarni eslaydi. “Kafansiz koʻmilganlar” romanida sovuq oʻlkalarda mahkumlik azobini tortayotgan inson jasoratini koʻrsatadi. “Javohirlar sandigʻi” asarida ham hayotining alamli damlarini xotirlaydi. Shukrullo asarida jahl, raqiblaridan nolish kayfiyati boʻrtib koʻrinadi. Kitobxon – ziyrak, farosatli. U voqea-hodisalar mohiyatini anglab yetadi. Ijodkor odam aybdor qidirishni emas, ruhidagi ziddiyatlar jarayonini koʻrsatishi yetarli. Said Ahmad, Shuhrat, Mirzakalon Ismoiliy, Yongʻin Mirzo singari qatagʻon qilinganlardan Vosit Saʼdulla Shukrulloga yoʻllagan maktubida quyidagilarni yozadi: “Shunday yaxshi gʻoyalarni targʻib qiluvchi “Javohirlar sandigʻi”ngga oʻch hissi munosib emas edi. Shu yerda bir yaxshi topilma, tagdor gap bor ekan: pakana odam oʻziga tenglashtirish uchun novcha payini (hasaddan) qirqish kerakmi, degan maʼnodagi jumlang… Bir vaqt menga doʻstimizdan ozurda boʻlganligini aytganingda, senga taskin bergan edim. Hammasini unutibsan, jahl… ustunlik qilibdi. Ammo esdaliklaring bunga muhtoj emas edi”. (“Gʻoyibona muhabbat”. Toshkent. “Meriys”. 2010 yil. 62-63-betlar).
- Badiiy asar shaxsiy gʻaraz, jahldorlik, qasd olishni hazm qila olmaydi. Boshqacha aytganda, tolerantlik-qanoat, xususiy maylni koʻz-koʻz qilmaslik, boshqalar manfaati yoʻlida oʻziga malomatni ravo koʻrish. Sheʼriyatda bu holat koʻzga yaqqol tashlanadi.
Sheʼrda tolerantlikning koʻrinishi, uni sheʼrshunos va ijodkorlar tomonidan talqin qilinishi “Farida Afroʻz sheʼriyati: talqinlar…, taqrizlar…, suhbatlar…, bagʻishlov sheʼrlar…” (Toshkent, “Davr press”. 2010 yil) nomli kitobda koʻzga tashlanadi.
Farida Afroʻz sheʼriyatidagi tolerantlik deganda firoq, alam, oʻkinch singarilardan unib chiqqan navnihollar, oppoq umidlar, qalbni erkalaydigan kuy, sandalga solingan choʻgʻning bozillashi anglashiniladi. Shoir qalbi – bepoyon dala. Unga har narsa ekilgan. Lekin olinadigan hosil – hayot eleksiri, qalbni poklaydigan moʻjiza.
Shoira ijodida milliylik, iymon-eʼtiqod juda koʻp sheʼrlarida namoyon boʻladi. Qalbi yonganida, dili ogʻriganida lirik qahramon yaratganga suyanadi, haq taolodan madad kutadi.
Farida Afroʻz sheʼriyatida tolerantlik doimiy izlanish, anglash tushunib yetishdir:
Bildim, armonimning umri uzoqdir,
Poyandoz solingan izlar tuzoqdir.
Bildim, xiyonatning yoʻli charogʻon,
Bildim, boʻynimdagi marjon firoqdir,
Bildim…
Ushbu sheʼrni sharhlab, isteʼdodli shoira Halima Ahmedova shunday fikrni yozadi: “Aslida, qismat zanjirining bosh va oxiri qayerda, biz bilmaymiz? Bilganimiz shuki, ishq va hijron, sogʻinch va visol, qaygʻu va shodlik hamisha bir-birini toʻldirib, bir-biriga bogʻlanib yashaydi”.
Shoʻro davlatining deyarli boshidan-adogʻigacha yashagan, Oʻzbekistonimiz mustaqilligining yigirma yillik tantanalariga intilib borayotgan Fozila Sulaymonova Farida Afroʻz sheʼriyatining nozik tomonlarini anglabdilar. Sheʼrshunos ustozimiz shoira sheʼriyatidagi tashlandiq quduq, suvga choʻkkan tosh, eski tegirmonga eʼtibor qaratib, ularning soʻz koʻzgusidagi koʻrinishidan zavqlanadilar. Qariyb bir asrni yashab qoʻygan insonning oliy kechinmalar haqidagi fikrlari kishi havasini keltiradi. Yerosti tebranishlari, suvosti titramalari, chaqmoqlar, yomgʻirlari-la namoyon boʻladi oliy kechinmalar. “Vaqt hayajon girdobida ham, balandlikda ham, teranlikda ham shiddat bilan harakatlanadi:
Sendan goʻzal gul yoʻq dunyoda,
Senday xushboʻy, sendayin mayin –
Otam qabrin yashnatgan yantoq”.
Ayolda, ayniqsa, shoirada tolerantlik koʻzga yaqqol tashlanadi. Halima Ahmedova hayotni qoʻli gul dehqonga mengzaydi. Qoʻrquv daraxti, gʻussa niholini ham shu dehqon ekkan. Ajabki, shu dehqon qayerga shodlik urugʻini qadasa, puch chiqadi.
Shoiranning sakkiz misrali “Hikmat” sheʼri bor. Undagi mana bu toʻrtlik diqqatga sazovar:
Shundan topdim hayot falsafasini,
Boylikda yuvilmas na dard, na alam.
Ochlikdan oʻlganni koʻrmadim, ammo,
Oʻlsa ochkoʻzlikdan oʻladi odam.
Halima Ahmedova vaqt haqida, mangu zamon toʻgʻrisida oʻyga toladi:
Lahzalar sochilib yotibdi,
Maysalar, gullarda,
daraxtda…
Kim tugʻilib,
kimdir oʻlayapti,
Tan olging kelmagan shu vaqtda.
Bozor xaltalari yelkada,
Vaqt ketayapti koʻchalarda jim.
Oʻzin osib qoʻydi bilmasdan,
Vaqtning yuragiga allakim…
Yugurishdan charchab qolgan vaqt
Shu makonda dam olar faqat.
Vaqtning yugurikligidan, lahzalarning “chiq-chiq”idan shoira qalbida armon, sustkashlikdan norizolik kayfiyati paydo boʻladi. U sheʼrda armon, nolishnimas, odamlarga ishonchni, shoira singlisiga suyanib yashayotganidan qoniqish tuygʻusini ifodalaydi.
Shoira yana bir muhim haqiqatni anglaydi. Insonning ustozi odamginamas, borliq, mavjudot, atrofimizdagi olam bebaho murshiddir:
Mening ustozlarim koʻpdir hayotda…
Yonib yashamoqni oʻrgatdi quyosh.
Gʻam, koʻzyosh, qaygʻuning sellari aro
Qanoat darsini oʻtdi xarsang tosh.
Tuproq kamtarlikka boshladi meni,
Loqaydlikdan qoch, deb, uqtirdi daryo.
Mening otashimdan qoʻrqmasang, agar,
Sen oshiqsan dedi, yonayotgan sahro.
Tolerantlik, baayni, hayot: unda gʻam, alam, makr, soxtalik, ishq, goʻzallik, gʻashlik, quvonch, yupanch qorishib ketgan. Shu qonuniyatni uqqan, oʻzlashtirgan odam yashamoqlikning murakkablik vodiysini bosib oʻta oladi. Yaʼni, yetuk inson hamisha idrok qilib, mushohada yuritib yashaydi. Oʻychi, mushohadakor odamga voqea-hodisa, jarayondagi oʻzgarishlarning ildizi ochilib boraveradi. Qadim zamonlardan boshlab, sanʼatkorlar mushohadakor, donishmand siymolar xarakterini yaratganlar. Qizigʻi shundaki, sinchkov, voqea-hodisalar ildizini anglaydigan zotlar tragediyalar qahramoni boʻlganlar. Aristotel tragediyaning vazifasi voqealarning tub ildizini ochishda deb biladi. Adabiyotshunos Mahkam Mahmudov “Katarsis” soʻzining maʼnolari tavsifi” (“Sharq Yulduzi” jurnali 2010 yil, 6-son) maqolasida tolerantlik va katarsis mohiyatini yoritishga yaqin keladi: “Esxil oqilona taʼkidlaganidek: “jafo chekkandagina hodisalarning mohiyatini bilish mumkin”. Pushkinning “Men fikrlash va jafo chekish uchun yashamoq istayman”, degan soʻzlari ham shunga mos keladi. Lekin bu jafo chekish ongni ogʻriq, qoʻrquv va boshqa shunga oʻxshash holatlar orqali qiynamasligi, balki odamlarning fikr-tuygʻularini musaffolashtirishi kerak. Haqiqiy shoir, u qaysi zamonda yashamasin, ana shunday ulugʻ maqsad bilan ijod qiladi”.
Tolerantlik globallashuv, keskin migratsiya, kommunikativlik sharoitida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bu hol YUNYeSKO tomonidan “Tolerantlik tamoyillari – deklaratsiyasi”ni (1995 yil, 16 noyabr) qabul qilinganidayoq sezilgan edi.
Mangu murosa yoʻrigʻini izlash faylasuf-siyosatdonlarni hamisha oʻylantirib kelgan. Nemis filosofi Immanuil Kant amaliy aql bilan maʼnaviyat muammolarini hal qilish mumkinligini koʻrsatdi. Uning “mangu murosa” haqidagi qarashlari mantiqiy ravishda “mangu tinchlik” gʻoyasiga olib keladi. Bu masala uzviy ravishda tolerantlik mohiyatini anglashga undaydi. Anglashilinadiki, globallashuv, migratsiya, kommunikativlik tolerantlik bilan bogʻlanadi. Endi tolerantlikni aql nuri bilan yoritilgan erk, ozodlik, zamin-erkin harakat bilan aloqadorlikda anglash lozim boʻladi.
Tolerantlikni Oʻzbekiston Prezidenti Islom Karimov “Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch” asarida bunday ifodalaydi: “Hozirgi vaqtda koʻz oʻngimizda dunyoning geopolitik, iqtisodiy va ijtimoiy, axborot – kommunikatsiya manzarasida chuqur oʻzgarishlar roʻy berayotgan, turli mafkuralar tortishuvi keskin tus olayotgan bir vaziyatda, barchamizga ayonki, fikrga qarshi fikr, gʻoyaga qarshi gʻoya, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish har qachongidan koʻra muhim ahamiyat kasb etmoqda”. “Jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish” – nihoyatda muhim, hayotiy qonuniyat ekanligini zamon tasdiqlayapti. Mamlakatimiz rahbari mana shu qonuniyatdan zarracha ham yiroqlashayotgani yoʻq. Voqea-hodisalar mohiyatini, hayotning tub ildizini teran anglayotgan Yurtboshimiz, sanʼatkor, yozuvchi, faylasuflar tili bilan aytganda, tolerantlik va katarsis nazariyasini toʻldirib, boyitib bormoqda.
Xullas, oʻta oddiy koʻringan tolerantlik, zinhor tor tushuncha emas. U badiiy adabiyotda, sanʼat turlarida boʻlmasin, katarsis gʻoyasi bilan uzviy bogʻlanadi. Tabiat va jamiyatning asosiy qonuniyati – goʻzallikka intilish, sinergetika bilan tutashadi. Yaʼni, tolerantlik va katarsis sanʼatning, jumladan, adabiy tanqidning ildiz masalalariga ulanib ketadi.
Abdugʻafur RASULOV,
filologiya fanlari doktori,
OʻzMU professori
“Sharq yulduzi”, 2011–3
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/tolerantlik-va-ruhiy-poklanish/