Toleim tonggin kutib

 Ishqing deb

 

Bir bulbuli sayrona boʻldim, sani ishqing, deb,

Har goʻshada hayrona boʻldim, sani ishqing, deb.

 

Yiroq ketolmay bir dam, yor, shamʼi jamolingdan,

Parvonadek giryona boʻldim, sani ishqing, deb.

 

Kezib junun sahrosin, chekib Laylim jafosin,

Majnun kabi mastona boʻldim, sani ishqing, deb.

 

Izlab Shirin dudogʻing, yemirdim hijron togʻin,

Farhoddayin mardona boʻldim, sani ishqing, deb.

 

Oʻt ichra Samandardek, haq izlab qalandardek,

Bir Mashrabi devona boʻldim, sani ishqing, deb.

 

May ichmay gulkosangdan, ketmam, deb, darvozangdan,

Oxir poyi ostona boʻldim, sani ishqing, deb.

 

Hajringda, ey jonona, Zikrillo yona-yona,

Ishq ahliga afsona boʻldim, sani ishqing, deb.

 

 

Jonim boʻling

 

Ey nigor, sayr aylasam, yonimda sayronim boʻling,

Ishq aro lutf aylasam, shirin suxandonim boʻling.

 

Men sadoqat gulshanin koʻzlab yoʻl olsam, jonginam,

Bir umrlik menga yoʻldosh, nozli jononim boʻling.

 

Dahr aro necha gʻanim, gʻamlarga boʻlsam gar duchor,

Barchasini bartaraf etmoqqa imkonim boʻling.

 

Chiqsa jonim nogahon bu ishq yoʻlida, ey nigor,

Siz mani jismim aro, jonim boʻling, jonim boʻling.

 

Topsamu Zikriy kamol, boshimga qoʻnsa baxt qushi,

Siz mani bagʻrimdagi eng baxtli insonim boʻling.

 

 

Figʻon

 

Yetolmay yor visoliga dilim aftoda oh chekkay,

Chidolmay gʻam-firogʻiga kuyib, gʻamboda oh chekkay.

 

Azaldan oshiq ahlining alamli qismati shulkim:

Nigorim, yori jonim, deb, ikki dunyoda oh chekkay.

 

Biri Laylim, biri Zuhrom, debon, yor hajrida boʻzlar,

Ki, Majnun dashtda oʻrtansa, Tohir daryoda oh chekkay.

 

Menam Layli nahorimni sogʻinib volalar qilsam,

Meni ohu figʻonimdan kuyib shabboda oh chekkay.

 

Boʻlib qon tah-batah qalbim, mayi nob ixtiyor etsam,

Manam tok qonidurman deb, qoʻlimda boda oh chekkay.

 

Manga mayu gulobingdan quy endi, charxi kajraftor,

Umid orzularim butkul boʻlib barbod-a, oh chekkay.

 

Sogʻinib yori jonimni, ne tong, Zikrillo yosh toʻksam,

Koʻzim marjonlari titrab, shodayu shoda oh chekkay.

 

 

Kelmasmusan?

 

Sogʻinib yongay dilim, oh, dilbarim, kelmasmusan,

Yoritib koʻnglim uyin, moh paykarim, kelmasmusan?

 

Necha yilkim kelmayin, bagʻrimni koʻp qon aylading,

Bagʻritoshim, ey shoʻxi siyminbarim, kelmasmusan?

 

Kechalar uyqumda ham noming tilimdan tushmagay,

Ey labi bolu soʻzi qand, shakkarim, kelmasmusan?

 

Tobakay qonimni toʻkkay nashtarin kipriklaring,

Koʻzlari jallod oʻshal, shoʻx axtarim, kelmasmusan?

 

Zulflari – qalbga oʻyilgan oʻtli ishqim naqshiday ey,

Sochlari sunbulginam, mushk-anbarim, kelmasmusan?

 

Kelmasang jonon agar, tandin chiqib ketgay bu jon,

Rahm etib jonimga, ey jonparvarim, kelmasmusan?

 

Yoʻllaringga termulib, Zikrillo zor kutgay sani,

Husn mulkiga xoqonu qaysarim kelmasmusan?

 

 

Dilraboning dastidan

 

Ohkim, devonaman bir dilraboning dastidan,

Ishq aro toʻlgʻonaman shoʻx mahliqoning dastidan.

 

Kiprigin oʻqlab otar ikki hilolin yoy etib,

Dilginam boʻldi yaro, ul ikki yoning dastidan.

 

Zulflari bir juft ilondek jon qushimni ovlagay,

Endi bul qush jon berar, zulfi dutoning dastidan.

 

Toleim tonggin kutib, vaslin umid ettim, va, lek,

Kunlarim boʻldi qaro qoshi qaroning dastidan.

 

Koʻrmadim koʻngil berib, ul bagʻritoshdan bir mehr,

Tun-kun chekdim jafo ul bevafoning dastidan.

 

Doʻst-yorlardin kechib, tanho oʻziga dil berib,

Qoldim oshnosiz, netay, nooshnoning dastidan?

 

Bagʻri qon bir lola yangligʻ qovjirar qalbim mani,

Oʻrtanib hijron degan dardu baloning dastidan.

 

Zikri Olloh aylab-aylab qolmadi tanda majol,

Endi men qayga boray javru jafoning dastidan?

 

 

* * *

Dedim: “Ishqingda kuydim, ey maµvashi jonona”.

Dedi: “Otashda kuymas, sham uzra qay parvona?”

 

Dedim: “Aqlu µushimni olding-ku, ey parivash”.

Dedi: “Bilmasmisan, Qays nechun boʻlgan devona?”

 

Dedim: “¤tli ishqimni izµor etay, diloro”.

Dedi: “Sadaf ichra dur saqlanmasmu pinµona?”

 

Dedimki: “Visolingsiz jismimni tark etar jon,

Dediki: “Ahli oshiq ekan bermasmu mardona?!”

 

Dedim: “Kelgil, ey goʻzal, ishqimga vafo ayla”.

Dedi: “Husn aµliga aµdu vafo begona”.

 

Dedim: “Gʻuncha dudogʻing µajrida yondim, ey gul”.

Dedi: “Bulbul boʻlursan, ishqimda yona-yona”.

 

Dedim: “Sensiz, nigorim, menga dunyo kerakmas”.

Dedikim: “Sensiz, ey yor, men-da netgum jahona?”

 

Zikrillo NEʼMAT

 

“Sharq yulduzi”, 2012–6

https://saviya.uz/ijod/nazm/toleim-tonggin-kutib/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x