Shoirlik
Ravshan FAYZ xotirasiga
Koʻzingiz oldida oʻsdi bu bola,
Tong otsa – uygʻondi, kech tushsa – yotdi.
Bir qishloq bolasi kabi dashtlarning
Neki bor issigʻu sovugʻin totdi.
Tuppa-tuzuk oʻsdi, qomat – rasida.
Qishda telpak kiydi, yozda-chi doʻppi.
Oshini oldirib qoʻygan yoʻq, yana
Biror qoʻy ogʻzidan olmadi choʻpni.
Ozni oz demadi, koʻpni esa koʻp,
Bergandi oʻziga loyiq es-hushni.
Va birdan… E, Xudo, bola paqirning
Boshiga, kim bilsin, nima kun tushdi?
Qachon? Qayda? Nechun? Nima chorasi?
Hayrat koʻpning tilin qoʻydi tamgʻalab.
Yoru doʻsti tugul, ota-onasin
Qilibdi-ya qarang, koʻzin shamgʻalat.
Bola-chi, bariga beparvo, befarq
Yashardi ilhomdan imdodlar tilab.
Oq qogʻoz qoshiga egilgan boshin
Oʻtardi yellarmas, farishta silab.
Dunyoga yotda-yu qismati zotan
Har ikir-chikirga doirlik edi…
…”Boshiga tushgan kun” – shoirlik edi,
Bedorligi edi soʻziga – Vatan!
Yoʻllar
Yoʻllar bor – soʻngida kimdir intizor,
Yoʻllar bor – soʻngida yoʻqlovchi yoʻqdir.
Odam bolasiga, ey onaizor,
Sen kabi koʻnglini toʻqlovchi yoʻqdir.
Onajon – Vatanning bagʻridan oʻtar
Kim ildam yoʻl bosib, kimdir – sustqadam.
Horgʻin yoʻlchilarni manzillar kutar,
Fayzga toʻlar agar qoʻysa doʻst qadam.
Doʻstlar kelaversin yaqin-yiroqdan.
Bizning Oʻzbekiston – koshonamizga.
Tole muhrlanmish tugʻilgan chogʻdan
Ona boʻsasi-la peshonamizga.
Mehmondir
Koʻz nuri ham koʻrar koʻzga mehmondir.
Maxtumquli
Mehmon erur asli dunyoda bari –
Husnu chiroy toʻrt kun yuzga mehmondir.
Koʻngilga mehmondir ishqi dilbarning,
Koʻz nuri ham koʻrar koʻzga mehmondir.
Sogʻlom tanga kelib-ketar dard mehmon,
Qoʻyganingdan yuzin burmas mard mehmon,
Mard yigitning qilichiga gard mehmon,
Tizzangdagi mador tizga mehmondir.
Yosh yurakka ishqdan yaxshi mehmon yoʻq,
Er bilakka ishdan yaxshi mehmon yoʻq,
Kuzakdan soʻng qishdan yaxshi mehmon yoʻq,
Qargʻa-zogʻlar kelib, kuzga mehmondir.
Qadrin bilmay, soʻng qilmagin attangni,
Toʻriga qoʻy sen doimo xonangning,
Bogʻlab qoʻygan emas ota-onangni,
Ota-ona oʻgʻil-qizga mehmondir.
Mehmondirmiz bu dunyoda barimiz,
Bugun beri boʻlsak, erta – narimiz,
Qolib ketar yiqqan molu zarimiz,
Buguncha – biz, erta – oʻzga mehmondir.
Dunyo, sendan tilab toqat-toʻzimni,
Olovingda kuyib, suydim muzingni,
Mayli, qoʻyma, oldimga non-tuzingni,
Olloyor chin, shirin soʻzga mehmondir.
Duduqmomo
Yolgʻiz edi Duduqmomo,
Keng hovlida bir oʻzi.
Yolgʻizlikdan, keksalikdan
Xira tortgandi koʻzi.
Uzumlari qarovsiz ham
Shigʻil hosil qilardi.
Momo esa qoʻriqlashning
Zoʻr yoʻlini bilardi.
Bizdek bola-baqralarni
Hovlisiga chorlardi.
Biz kelganda xira koʻzi
Chiroqdayin porlardi.
Har kun erta-sahar bizni
Kutar edi momomiz,
Qoʻlimizga qandu novvot
Tutar edi momomiz.
To kechgacha ishkom osti
Bizga oʻyin joy edi.
Yaqinlashmas biror chumchuq,
Darrov hoyu-hoy edi.
Yoz oʻtardi, kuz oʻtardi,
Qish kelardi qahrli.
Qoʻyni-qoʻnji qorga toʻla,
Ayozlari zahrli.
Lekin odat kanda boʻlmay
Kelar edik qanchamiz.
Momo esa choʻgʻ solgancha
Gullatardi tanchamiz.
Bizni gapga solib qoʻyib,
Dardimizni bilardi.
Oramizda yetim boʻlsa,
Boshginasin silardi.
Onamizga aytolmagan
Sirni unga aytardik.
Xullas, pastak bu kulbadan
Katta boʻlib qaytardik!..
…Qolib ketdi ortda yoshlik,
Momo ham yoʻq olamda.
Kecha oʻzim bola edim,
Bugun koʻnglim bolamda.
Mahallada bolalar koʻp,
Turlik nashʼu naʼmosi.
Afsuski, bu bolalarning
Yoʻqdir Duduqmomosi.
Ona ekan momo bizga,
Mayoqdayin porlagan.
Borimizni aylagan bol,
Yoʻgʻimizni borlagan.
Mahallaga ona ekan,
Mushtdaygina boʻlsa ham.
Koʻrgim kelar yana uni
Tushdagina boʻlsa ham…
Olloyor BEGALIYEV
1961 yilda tugʻilgan. Toshkent davlat sanʼat va madaniyat institutining sanʼatshunoslik fakultetini tugatgan. Uning “Bir buloq bor”, “Sehrli uyqu”, “Rangin qorlar”, “Yolgʻonga ishongan daraxt” singari sheʼriy va ertaklar toʻplamlari nashr etilgan.
“Sharq yulduzi”, 2017/9
https://saviya.uz/ijod/nazm/tole-muhrlanmish-tugilgan-chogdan/