TOJIKLAR — Markaziy Osiyodagi qdd. xalqlardan biri. Tojikiston Respublikasining asosiy aholisi (4 mln. 898 mingdan ortiq, 2001). Oʻzbekistonda (1 mln. 165 mingdan ortiq, 2000; asosan, Samarkand, Buxoro, Surxondaryo, Qashqadaryo, Fargʻona, Andijon, Namangan, Toshkent viloyatlari va Toshkent sh. da), Afgonistonda (3 mln. 700 ming), Xitoyning sharqida, Eron Xurosonida, RFda, Qozogʻistonda va Turkmanistonda, shuningdek, Pokistonda yashaydilar. Tojiklarning umumiy soni 10 mln. dan ortiq. Asosiy qismi tojikdariy tilida soʻzlashadi. Togʻli Badaxshon Muxtor viloyati hamda Yagʻnob aholisining asosiy qismi sharqiy eron tillari guruhi oilasiga kiruvchi maxsus shevalarda soʻzlashadi. Tojiklar, asosan, islom dinining sunniy mazhabiga, Badaxshon aholisining aksariyati esa shia mazhabining ismoiliya oqimiga eʼtiqod qiladi.
Tojiklarning etnik maydonda shakllanishiga Markaziy Osiyoda yashovchi bir qator etnik guruh va qabilalar, chunonchi sugʻdiylar, baqtriyaliklar, toxarlar, koʻchmanchi sak va skiflar katta taʼsir koʻrsatgan.
Tojikiston Tojiklari shim. va jan. Tojiklarga boʻlinib, har 2 guruh geohududiy kelib chiqishiga qarab yana bir qancha guruhlarga boʻlinadi. Chunonchi: xoʻjandlik, koʻloblik, garmlik, pomirlik, darvozlik, romitlik, vaxonlik, gʻozimaliklik, yovonlik va gʻ. k. Pomirda yashovchi Tojiklar, turfa dialektlarda soʻzlashishlariga qaramasdan, ular qam oʻzlarini Tojiklarning ajralmas qismi sifatida eʼtirof etadilar.
Tojiklarning xoʻjalik mashgʻuloti kadimdan, asosan, sunʼiy sugʻorishga asoslangan dehqonchilik va bogʻdorchilik hisoblanib, chorvachilik ham muhim rol oʻynagan. Shuningdek, hunarmandchilik: yogʻoch oʻymakorligi va ganchkorlik, kashtachilik, choʻptaroshlik (tovoq, choʻmich va qoshiqlar yasash) keng rivojlangan.
Ad.: Bartold V. V., Tadjiki, t. 2,(1), M., 1963; Vamberi A., Ocherki o Sredney Azii. M., 1868; Shishov A., Tadjiki: Etnograficheskiye i antropologicheskoye issledovaniye, Tojiklar, 1910.
Nasriddin Mamanazarov.