TOJIK TILI — hindevropa oilasidagi eroniy tillar guruhining jan. gʻarbiy guruhchasiga mansub til. Asosan, Tojikiston va Shim. Afgʻonistonda, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Qozogʻistonning ayrim tumanlarida, qisman Eronda tarqalgan. Tojik tilida jami 10 mln. dan ortiq (mas., Tojikistonda 4 mln. dan, Oʻzbekistonda 1 mln. dan ortiq, Afgʻonistonda 4 mln. ga yaqin) kishi soʻzlashadi (2001). Fonetik tizimida 6 unli va 24 undosh fonema bor. Urgʻu dinamik xususiyatga ega, koʻpincha soʻzning oxirgi boʻgʻiniga tushadi. Grammatik qurilishi agglyutinativflektiv xususiyatga ega. Ot, sifat, son turkumlaridagi soʻz oʻzgarishining qadimda rivojlangan tizimi hozirda yoʻqolgan. Jins va kelishik kategoriyalari mavjud emas. Kelishik munosabatlari sintaktik usulda ifodalanadi. Izofa otlar aloqasida eng keng tarqalgan vositalardandir. Feʼl sohasida koʻplab analitik shakllar va birikmalar uchraydi. 4 ta mayl (aniqlik, buyruq, shart va ehtimollik) bor.
Adabiy Tojik tili qad. forstojik tili (9 — 15-a. lar)ga — fors, tojik va dari tillarida soʻzlashuvchilar uchun umumiy manbaga borib takaladi. 20-a. da adabiy tilning soʻzlashuv tili bilan yaqinlashuvi natijasida unda, ayniqsa, leksikada, jiddiy oʻzgarishlar roʻy beradi.
Tojik tili dagi ilk yozma yodgorliklar 9-a. ga mansub. Tojikiston Respublikasidagi Tojik tilida 1929-y. gacha arab, 1940-y. gacha lotin, 1940-y. dan rus grafikasi asosidagi yozuvdan foydalaniladi.