Tarjimai hol
Shoir Mahmud Toirov she’rlari respublikamizning o‘nlab taniqli xonandalari ijrosida kuylanib kelinmoqda. Shoirning «Oqib ketgan armonlar» va «Otamning o‘kinchi» nomli dostonlari o‘z samimiyati bilan o‘quvchilar e’tiborini qozongan.
Shoir Mahmud Toirov 1952 yilning 31 avgustida Toshkent viloyatining Parkent tumani Parkent qishlog‘ida tavallud topgan.
Mahmud Toirov 1959 yil Nizomiy nomidagi o‘rta maktabga o‘qishga kirib, uni 1969 yili tamomlaydi.
Xuddi shu yili Toshkent Davlat universiteti filologiya fakultetining kechki bo‘limiga o‘qishga kiradi. Talabalar shaharchasidagi qurilish tashkilotida duradgor bo‘lib ishlaydi.
Kechki bo‘limda o‘qigani bois, 1971-1973 yillarda harbiy xizmatda bo‘ladi.
1973 yili xizmatdan qaytib o‘qishni davom ettiradi. Sobiq «Yosh gvardiya» nashriyotida musahhih va musahhixlar bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlaydi.
1977 yili universitetni tugatib, Respublika radiosining bolalar va o‘smirlar uchun eshittirishlar bosh tahririyatida mehnat faoliyatini davom ettiradi.
1984 yilda «Parkent tongi» gazetasiga muharrir etib tayinlanadi. 1999 yil iyun oyidan boshlab O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyat bo‘limining mas’ul kotibi lavozimida ham ishlab kelmoqda.
Mahmud Toirov she’rlari respublikamizning o‘nlab taniqli xonandalari ijrosida kuylanib kelinmoqda.
Mahmud Toirov ijodi, mehnat faoliyati munosib taqdirlandi — 2001 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlandi. 2005 yilda unga «O‘zbekiston xalq shoiri» unvoni berildi.
Mahmud Toirovning birinchi she’ri o‘rta maktabning 7-sinfida o‘qib yurgan kezlari «Tannoz kelur» nomi bilan Parkent tumanining «Sur’at» gazetasida e’lon qilingan.
Ilk to‘plami «Ayt endi, yuragim» esa 1991 yilda G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida chop etildi.
Shundan so‘ng shoirning «Biz nechun uchrashdik» (1992), «Muhabbat shevasi» (1995), «Oqib ketgan armonlar» (1996), «Barmoqlar bodasi» (1998), «Haqni tanib» (1999), «Yuz to‘rtlik» (2002) to‘plamlari va «Saylanma»si (2002) nashr qilinadi. Shoirning «Oqib ketgan armonlar» va «Otamning o‘kinchi» nomli dostonlari o‘z samimiyati bilan o‘quvchilar e’tiborini qozongan.