Tohir Qahhor

Tarjimai hol

Tohir Qahhor shoirgina emas, ayni chog‘da, mohir publitsist va tarjimon hamdir. Uning milliy merosimiz, tariximiz, madaniyatimiz, haqidagi maqolalari jamoatchilik e’tiborini qozongan. Shoirdagi nozik ta’b, saviya, jur’at uning she’rlariga alohida joziba bag‘ishlaydi. Unga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni berilgan.

Tohir Qahhor 1953 yilda Namanganning To‘raqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetida tahsil olib, 1975 yilda jurnalistika fakultetini tugatgan. Avval respublika radiosining adabiy-dramatik bo‘limida muharrir, 1979-1986 yillarda «Sharq yulduzi» jurnalida adabiy xodim, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Tohir Qahhor so‘nggi yillarda turk-o‘zbek adabiy aloqalariga bag‘ishlangan dissertatsiya yozib, filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasiga erishdi.

Shoirning dastlabki kitobi 1980 yilda «Oq o‘rik» nomi bilan chop etilgan. Shundan so‘ng uning «Oqayotgan daryo» (1982), «Osmon kimniki?» (1984), «Eshik taqillayotir» (1984), «Kun ko‘zi» (1987), «Yulduzlar mening bog‘im» (1988), «Tog‘ning parvozi» (1990), «Otashgiyoh» (1992) kabi o‘nga yaqin to‘plamlari ketma-ket chiqadi. Bu to‘plamlarga kirgan she’rlarni o‘qigan kitobxonda ajib tuyg‘ular qayta jonlangandek bo‘ladi. Bu she’rlarda tarix hozirgi zamon va kelajak muammolar sodda va ravon ifodalarda o‘z aksini topgan. Ayni chog‘da, shoirdagi nozik ta’b, saviya, jur’at uning she’rlariga alohida joziba bag‘ishlaydi.

U tarjimon sifatida turk shoiri Ziyo Ko‘kalpning «Ergeno‘ko‘n» dostoni va qator she’rlarini, fors adabiyoti namoyandalari Hofiz Sheroziy va Abdurahmon Jomiy g‘azallarini, kolumbiyalik mashhur adib G.Markesning «Oshkora qotillik qissasi»ni, arab adabiyotining klassiklari Abu Tammom, Al-Maariy va boshqa ko‘plab Sharq va G‘arb adabiyoti namoyandalarining asarlarini mahorat bilan o‘zbek tiliga o‘girgan.

Shoir 1994 yilda «Hur Turkiston uchun» degan publitsistik maqolalar to‘plamini e’lon qildi. 1995 yilda Anqarada «Bugungi o‘zbek shoirlari» nomli kitobi nashr etildi. Shuningdek, u ikki jildlik «Turk dunyosi adabiyoti tarixi»ning maydonga kelishida tarjimon sifatida ishtirok etdi. Yigirma to‘rt jildlik «Turk dunyosi adabiyoti antologiyasi»ning o‘zbek adabiyotiga oid qismini nashrga tayyorladi.

Shuningdek, turk olimi Ismoil Akaning «Amir Temur davri tarixi» (1996) kitobini o‘zbek tiliga tarjima qildi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x