To‘g‘ri davo

Bir semiz podshoh bor ekan. Shunaqa semiz ekanki, semizligidan uncha-muncha joyga sig‘mas ekan. Bo‘ynini qashlashga ham qo‘li yetmas ekan. U barcha tabiblarni yig‘ibdi, o‘zini davolashlarini, sal bo‘lsa ham ozdirishlarini buyuribdi. Tabiblar uni qancha davolashmasin, u battar semirar, battar kengayib borar ekan. Oxiri bir aqlliroq tabib topilibdi. U podshohning bilagini ushlab ko‘rib:
— Agar podshohi olamga ma’qul bo‘lsa, men munajjimlik kitoblarini varaqlab chiqsam, tabiatdagi dorilarni o‘rganib chiqay, shundan keyin ulardan birini sizga tavsiya qilay, — debdi.
— Juda yaxshi, — debdi podshoh. — Munajjimlik kitoblarini o‘qib chiq, hammasini bilib olib, keyin menga dori ber, — deb buyuribdi podshoh.
Tabib ketibdi va ertasiga ertalab kelib podshohga:
— Sizni davolash uchun hech qanday dori topolmadim, — deb ma’lum qilibdi.
— Bu qanaqasi? — deb baqiribdi podshoh. — Nima uchun menga dori yo‘q bo‘lar ekan?
— Kitoblarda yozilishicha, umringizdan atigi qirq kun qolibdi, qirq kun o‘tib o‘lar ekansiz, — debdi tabib pinagini buzmay.
Podshoh qattiq g‘azablanibdi va baqirib debdi:
— Modomiki menga dori topilmagan ekan, bu tabibni zindonga tashlanglar, agar aytgan kunida o‘lmasam, buning o‘zini dorga osaman.
Tabibni zindonga tashlashibdi, podshoh esa olim haqida o‘ylagancha qolaveribdi. Tunu kun o‘lim haqida o‘ylab g‘am chekibdi, buni eshitgan qarindoshlari va do‘stlari ham yig‘layverib yuragini ezishibdi. Qirq kun ichida podshohning rangi saig‘ayib ketibdi, cho‘pdek ozib ketibdi.
U qirq kun muddat o‘tgach tabibni zindondan oldirib, unga debdi:
— Endi seni dorga osaman, nega menga yolg‘on gapirding?
— Shuning uchunki, — debdi tabib, — sizning davolanishingiz uchun boshqa dori yo‘q edi.
Podshoh juda xursand bo‘lib ketibdi va tabibga shohona hadyalar beribdi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x