Togʻay Murod asarlari rus tiliga tarjima qilindi

Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida isteʼdodli yozuvchi va tarjimon Togʻay Murodning rus tiliga tarjima qilingan “Tarlan” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Moskvadagi “RIPOL klassik” nashriyotida chop etilgan mazkur kitob taqdimotida shoir Vafo Fayzullo, filologiya fanlari nomzodi Abdulla Ulugʻov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi xorijiy mamlakatlar bilan aloqa qilish boʻlimi boshligʻi A. Alimbekov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Sh. Qurbon hamda tarjima mualliflari Vadim Murodxonov va Suhbat Aflotuniylar ishtirok etdilar.

Tadbirda Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida oʻtkazilayotgan bu kabi taqdimotlar yoshlarni maʼnaviy barkamol etib tarbiyalashdagi ahamiyati alohida taʼkidlandi.

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Togʻay Murodning asarlari koʻplab tillarga tarjima qilingan va nufuzli mukofotlarga sazovor boʻlgan. Mazkur “Tarlan” kitobidan Togʻay Murodning “Tarlan/Ot kishnagan oqshomlar” (Vadim Muratxanov va German Vlasovlar tarjimasi) hamda “Oydinda yurgan odamlar/Lyudi, idushʼiye v lunnom svete” (Suhbat Aflotuniy tarjimasi) asarlari oʻrin olgan.

Tarjima jarayoni haqida soʻzlar ekan, Vadim Murodxonov shunday dedi: “Togʻay Murod – qimmatbaho toshlar xazinasi, jon ato etilgan milliy naqsh kabidir. Bu – asarlari yevropa tillariga tarjima qilingan oʻzbek nasrining zabardast vakili, oʻzida fantastika va reallikni, hajv va fojeani mujassam etgan qadimiy Oʻrta Osiyo dostonchiligini yangilagan adib. Uning asarlarini tarjima qilish ham mushkul, ham zavqli. Bu – ichki nazm nafasiga yoʻgʻrilgan nasr, nokitobiy, jonli folklor nurida bitilgan realistik maktub, nozik psixologiya, yorqin boʻyoqlar bilan tasvirlangan obrazlar yigʻindisidir.

Tarjimon Yevgeniy Abdullayev Togʻay Murodning asarlaridan olgan taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi va “Oydinda yurgan odamlar” qissasining rus tiliga tarjima qilinishida kechirgan hissiyotlarini taʼrifladi. “Togʻay Murodning nafaqat asarlarining tili, balki nomlarini xam tarjima qilish mushkul. Buning uchun u kabi dunyoqarash va fikrlash doirasiga ega boʻlish kerak”, – dedi Yevgeniy Abdullayev.

Tadbirda shuningdek oʻzbek va rus shoirlari oʻz sheʼrlaridan namunalar oʻqishdi.

 

Farrux JABBOROV

 

“Xalq soʻzi” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/jarayon/togay-murod-asarlari-rus-tiliga-tarjima-qilindi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x