Qadimiy bir baytda shunday deyiladi:
Hidi yoʻq gulga chaman hayf,
Mehri yoʻq dilga badan hayf.
Har bir gulning oʻziga xos hidi va har bir dilning takrorlanmas mehri, ayniqsa, adabiyot uchun qadrlidir. Chunki adabiyot – saralangan badiiylik chamanidir. Inson diliga yoʻl topgan asarlargina bu chamandan oʻrin ola biladi. Kitobxonlar qalbiga “jiz” etib tegmagan, unga zavq bermagan soʻxtasi sovuq asarlarga bu chaman chindan hayfdir. Shu sababli adabiyotga kitobxon qalbi orqali yoʻl topib kelmagan asar unda yashab keta olmaydi. Isteʼdodli qalbning mehri bilan yoʻgʻrilgan gʻoyaviy mazmun va yangicha bir goʻzallik xush boʻyini taratadigan badiiy shakllargina adabiyot chamaniga mos tushadi, uning boyligiga boylik, husniga husn qoʻshadi.
Togʻay Murod qissalari adabiyotimizga Surxon vodiysining oʻziga xos nafasini olib kirdi, mehnatsevar, kamtar va tanti chorvadorlar, bogʻbonlarga nisbatan dilimizda samimiy mehr uygʻotdi. “Ot kishnagan oqshom” qissasi “Alpomish” dostoni anʼanalarini eslatadigan xalqchil ruh bilan sugʻorilgan. Togʻay Murodning oʻzi ham Alpomish va Barchinlarni bergan goʻzal vodiylar, bepoyon yaylovlarda oʻsganligi uning soʻz boyliklaridan, yozuvchilik uslubi va oʻziga xos ovozidan sezilib turadi. Nasriy asarga sheʼriy jarang va koʻtarinki ruh bagʻishlay olish qobiliyati yosh adibning qalamiga xos eng yaxshi fazilatlardandir.
Qissa qahramoni Ziyodulla oddiy bir choʻpon. Uning oʻz oti Tarlonga boʻlgan mehri – insonning tabiatga qoʻygan mehriday sof. Tarlon tabiat timsoli boʻlgani uchun ham yozuvchi uni yorqin bir obraz darajasiga koʻtarib tasvirlaydi.
Birinchi qissaning qahramoni Ziyodulla oʻzi yashayotgan joydagi qallob va riyokor odamlarga qarshi dadil kurashadi. U hatto oʻzidagi jismoniy nuqsonga qarshi isyon koʻtaradi, “kal” degan malomatni maʼnaviy ustunlik – mohir chavandozlik shuhrati bilan yengib oʻtadi.
“Oydinda yurgan odamlar” qissasida yosh adibning ijodiy izlanishlari boshqacharoq yoʻldan boradi. Qoplon ham Ziyodulla kabi mehnatsevar, bir soʻzli odam, u ham tabiatga ixlos qoʻygan, Oymomo degan qizni sevib qolgan. Ikki qalbning tuganmas muhabbatiga farzandsizlik balosi qarshi turadi. Ular umr boʻyi shu dardga davo izlaydilar, baʼzi odamlarning malomatlaridan azob tortadilar, bir qancha vaqt oʻksik va tili qisiq boʻlib yuradilar.
Farzandsizlik muammosiga Togʻay Murod oʻz qissasida yangicha talqin berganini alohida aytish kerak. Muallif qissaning dastlabki boblarida Qoplon bilan Oymomoni “akamiz”, “opamiz”, deb hurmat bilan qalamga oladi. Yoshlari ulgʻaygan sari adib endi ularni “bobomiz”, “momomiz”, deb eʼzoz bilan ulugʻlaydi. Qoplon va Oymomo dillaridagi insoniy muhabbatning yuksakligi tufayli kitobxonlar qalbida farzandlarcha mehr uygʻotadilar. Shu bilan ular maʼnaviy jihatdan koʻp farzand koʻrgan muhtaram bobolar va momolar qatoridan oʻrin oladilar.
Togʻay Murodning qalbida mehnatkash xalqimizga atalgan yaxshi tuygʻular koʻp ekani uning qissalaridan se-zilib turibdi. Faqat hali bu asarlar – adibning ilk qadamlaridir. Biz uning ijodi ham, mahorati xam yangi-yangi yuksakliklarga koʻtariladi, deb umid qilamiz. Chunki unda tugʻma bir isteʼdod bor. Isteʼdod esa asl eʼtibori bilan mehru oqibatdan tarkib topadi. Mana shu mehru oqibatning biror zarrasi zoye ketmasligi uchun adib oʻz isteʼdodiga “Bu faqat meniki emas, xalqniki, adabiyotniki!” deb qarashi kerak. Ana oʻshandagina isteʼdod oʻsgan sari uni umrboqiy qiladigan masʼuliyat hissi ham oʻsib, ilk muvaffaqiyatlardan esankirashga yoʻl qoʻymaydi.
Chinakam katta adib oʻz xalqiga katta bir qoʻshin keltirgandan ham ulkanroq zafar va shuhrat keltirishi mumkin. Faqat buning uchun adib oʻzidagi isteʼdodni xuddi qoʻshin bayrogʻini avaylab qoʻriqlaydigan yalovbardor kabi asrashi kerak, bu bayroqni oldirib qoʻymasligi, unga gʻubor yuqtirmasligi, dogʻ tushirmasligi kerak.
Togʻay Murodga chin qalbdan aytadigan tilagim ana shu.
Pirimqul QODIROV
1985
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/togay-murodning-tugma-istedodi/