Toʻydan qolmas, janozaga bormas oqsoqollar

Vaqti-soati kelib, yaqin kishimiz yoki mahalladoshimiz bandalikni bajo keltirsa, ich-ichimizdan qaygʻuramiz. Marhumning oila aʼzolariga  hamdardlik bildirib, uni soʻnggi manziliga izzat-ikrom bilan kuzatib boramiz. Soʻng, davralarda el-yurt ravnaqi uchun qilgan ezgu amallarini hurmat ila yod etib, yoshlarimizga xotiralar soʻzlaymiz. Xayrli ishlarini davom ettirishga daʼvat etamiz.

Xalqimizning ming-ming yillardan buyon davom etib kelayotgan bu aʼmoli odamlarni mehr-oqibatli, qadr-qimmatli, ahil, yaxshi-yomon kunlarida birga boʻlishga, yordamu himmatini ayamaslikka, bamaslahat ish tutishga undashi bilan hayotimizga, turmush tarzimizga singib ketgan.

Qandaydir sabab bilan toʻyga bormasangiz, hech kim ranjimaydi. Ammo eshitib, imkoningiz boʻla turib, mahalladagi janozaga chiqmaslikni kechirib boʻlmaydi. Afsuski, xalqimizning hamjihatligu hamdardligini namoyon etadigan ana shu marosimga ayrim joylarda loqaydlik bilan qaralayotganiga guvoh boʻlyapmiz. Bu, ayniqsa, koʻp qavatli uylardan iborat zamonaviy mahallalarda yaqqol koʻzga tashlanmoqda.

Yaqinda bir kasbdoshim qoʻngʻiroq qilib, mamlakatimiz ilm-fani va iqtisodiy rivojiga katta  hissa qoʻshgan taniqli akademik olimning vafot etganini aytib qoldi. U kishi mening ham doʻstim edi. Janozaga bordim. Tumonat. Ular marhumning qarindoshlari, doʻst-birodarlari, shogirdlari. Kasbdoshimdan «Mahalla oqsoqoli koʻrinmaydi», deb soʻradim. «Kecha eshitgan boʻlsa-da, mana, hozirgacha na oʻzidan, na faollardan darak bor. Toʻy boʻlsa, yugurib borardi. Mana, sizga mahallaning ahvoli», dedi u chuqur uh tortib. Dafn marosimi mahalla oqsoqolisiz oʻtdi. Osmon uzilib tushmagan boʻlsa-da, dilimizdan tilimizga koʻp-koʻp savollar koʻchdi. «Nega mahalla oqsoqoli marosimga bosh-qosh boʻlmadi?», «Nega mahalladoshlarni bundan xabardor etmadi?», «Nega marosimdan keyin ham koʻrinmadi?», «Mahalla musibatli kuningda malham boʻlmasa, undan ne foyda?» «Axir, olim birodarimiz mahallaning toʻy-hashami, hashari-yu, maʼrakasida doim birga edi-ku»…

Tunov kuni bir «dom»da yashaydigan qoʻshnim kutilmaganda yurak xurujiga chalinib, olamdan oʻtdi. U keksa onaxonning yolgʻiz oʻgʻli boʻlib, begʻubor, samimiy inson edi. Eshitgan zahoti chiqdim. Oila aʼzolariga hamdardlik bildirib, qanday yordam kerakligini soʻradim. Muammo yoʻqligini, marosim bilan bogʻliq barcha yumushlarni marhumning birga ishlaydigan doʻstlari qilayotganini, mahallaga ham xabar berilganini bilgach, xotirjam boʻldim. Ammo janozada bor-yoʻgʻi ikki qoʻshnigina qatnashdik, xolos. Mahalla rahbarlaridan birortasi qorasini ham koʻrsatmadi.

Oradan besh-olti kun oʻtib, mahallamizning eng nuroniy onaxoni — Oftob momo yuz yoshda bu foniy dunyodan koʻz yumdilar. U kishi  nabirasi bilan turar, oʻgʻil-qizlari shaharning turli tumanlarida istiqomat qilishar, biroq onadan xabar olib turishni kanda qilmas edilar. Nabiralari esa, buvijonning duosini olish uchun u kishining xonadonidan oyoq uzishmas, buni koʻrgan qoʻni-qoʻshnilar havas qilishardi. Mana endi duogoʻy momo ham yoʻq. Buni qarangki, momoning yoshiga yetishni niyat qilib, na mahalla rahbarlaridan, na mahalladoshlardan biror bir kishi janozaga chiqdi.

Marosimdan keyin, sekingina oʻgʻillaridan soʻradim: «Mahallaga aytilganmidi?». «Ha», dedi-yu, yarasiga tuz sepilganday boʻlib, «Oqsoqol feʼli chatoq bir ayol ekan. U bormi desam, yoʻq deydi. Bu bormi desam, yoʻq deydi. Atrofni qarang, vayron boʻlib, chiqindiga botib yotibdi. Uyat emasmi? Poytaxtning qoq markazidagi dongʻi chiqqan mahallaning ahvoli shu boʻlsa… Afsus… Ming afsus… Bu achinarli hol oʻsha bir insonning ruhini ham chirqiratayotganiga shubha qilmasa ham boʻladi. Nahotki, butun bir mahalladan oqsoqollik yukini koʻtara oladigan tuzukroq bir odam topilmagan boʻlsa?! Raisi ham, uning maslahatchisiyu kotibasi ham umuman idoradan chiqishmas ekan. Bunaqada mahalla obodu, xalqi ahil boʻladimi?»…

— Eh, doʻstim, — dedim chuqur xoʻrsinib, — yetti-sakkiz yil avval shundaymidi mahallamiz? Yoʻq! Davlatimiz rahbari mahalla tinch-totuvligiyu ravnaqi uchun jon kuydirayotgan bir paytda tuman rahbarlari oʻz «qonuni»ga binoan, birov bilmas saylov oʻtkazib, oʻzlariga tegishli boʻlgan odamni qoʻygandan keyin, odamlarning hafsalasi pir boʻlarkan-da. Xabaringiz bor, oldingisi  mahalla mulkini talon-toroj qilib yubordi. Bitta mahallaga nimaiki zarur boʻlsa, hammasi bor edi. Endi  yoʻq. Hozirgisi esa, ayol boʻlsa ham, undan battar. Shu bois, odamlar haddan tashqari loqayd boʻlib qoldi. Bu ayanchli ahvolni tuman rahbarlari ham biladi. Qabuliga ham bordik. Foydasi boʻlmadi. Koʻrib turibsiz-ku, janozaga chiqishmayapti-ya, janozaga…

Afsuski, bu yagona misol emas. Bunday ayanchli holni shaharning koʻp qavatli uylardan tashkil topgan boshqa mahallalarida ham koʻrdim.

Olamdan oʻtgan kishi bilan vidolashuv, uni soʻnggi makoni — tuproqqa qoʻyishda hozir boʻlish har birimizning ham insoniylik, ham musulmonlik burchimiz. Masalaning eng muhim tomoni shundaki, mahalladagi maʼrakayu marosimga, ayniqsa, janozaga uning rahbarlari bosh-qosh boʻlmasa, yoshi kattalar oʻrnak koʻrsatmasa, ertaga nima boʻladi?! Bundan bezovta boʻlmaslik mumkinmi? Yoshlarimiz bu insoniy burchni unutib qoʻymaydimi? Axir, bu ham tarbiya-ku. Birni koʻrib fikr qil, mingni koʻrib shukr qil deganlaridek, janozaga borgan odam ham birni koʻradi, ham koʻpni. Istaydimi-istamaydimi, koʻnglidan qator-qator savollar, fikr-oʻylar oʻtadi. Mulohaza, mushohada yuritadi. Insonning insoniyligi, uning oila, mahalla, boringki, jamiyatda tutgan oʻrni haqida oʻylaydi. Oʻzini oʻzgalarning oʻrniga qoʻyib koʻradi. Oxir-oqibat, «Yakka otning changi chiqmas, changi chiqsa ham, dongʻi chiqmas» maqoliga amal qilib, mahalla-koʻydan ajralib qolmaslikka, qoʻshilib-qorilib yurishga, nafaqat maʼraka-marosimlarda, balki toʻy-hashamu hasharlarda bel bogʻlab xizmatda turishni kanda qilmaydi. Kattaga ham, kichikka ham mehribon, gʻamxoʻr boʻladi.

Buning uchun odamlar qalbiga yoʻl topa oladigan, ularni birlashtiradigan, dardiyu quvonchiga sherik boʻladigan, obodligu farovonlik sari yetaklashga qurbi yetadigan oqsoqol kerak! Bunday oqsoqolni mahalla ahlining oʻzi tanlab, oʻzi saylab olmas ekan, gap gapligicha qolib ketaveradi.

 

Nuriddin OCHILOV,

jurnalist

 

od-press.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/toydan-qolmas-janozaga-bormas-oqsoqollar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x