Toʻnyuquq bitigi

(Mazmuni)

Dono Toʻnyuquq men oʻzim, Tabgʻach davlatida tarbiyalandim. Turk xalqi Tabgʻach davlatiga boʻysunar edi.

Turk xalqi oʻzining xoni bilan boʻlmay, Tabgʻach xoqonligiga qoʻshildi, xonlik boʻldi. Oʻz xonini qoʻyib, yana Tabgʻach xoqonligiga qoʻshildi. Tangri shunday degan ekan: Xon berdim. Xoningni qoʻyib taslim boʻlding. Tabgʻachga taslim boʻlgani uchun tangri “Oʻl”, degan, shekilli, turk xalqi oʻldi, yoʻq boʻldi, tugadi. Turk xalqi yerida birorta ham urugʻ qolmadi. Ichkari-yu tashqarida qolgani toʻplanib yetti yuzta boʻldi, ikki qismi otliq, bir qismi yayov edi. Yetti yuz kishini uyushtiradigan boshligʻi shad edi. Unvon ol, dedi. Unvon oladigan men edim Bilga Toʻnyuquq. Xoqonni ham qoʻlga olayin, dedim, soʻngra oʻyladim: oriq va semiz buqani (birov) tezagidan bilsa, birov semiz buqani oriq buqadan ajrata olmas emish. Shundan soʻng Tangri bilim bergani uchun faqat oʻzim xoqonni qoʻlga oldim. Dono Toʻnyuquq boʻyla bagʻa tarxon[1] eltarish xoqon birga boʻlib, janubda Tabgʻachni, Sharqda (Sharqiy) Xitoyni, Shimolda oʻgʻuzni koʻplab oʻldirdi. Allomasi, chovushi[2] men oʻzimgina edim, Chugʻay[3] kuzni (togʻning quyosh tushmaydigan tomonini) va Qoraqumni manzil qilib olgan edik. U yerda kiyik, quyon yeb turar edik. Xalqning tomogʻi toʻq edi. Dushmanimiz atrofga qanotini yetkazdi. Biz shay edik. Shunday turar (yashar) erk ahli. Oʻgʻuzdan oʻshanda kuzatuvchi keldi. Kuzatuvchining gaplari shunday: “Toʻquz oʻgʻuz xalqi ustiga bir xoqon hukmron. U Tabgʻachga Kuni Sangunni yuboribdi. Xitoyga Toʻngra Semni yuboribdi. Ularga shunday gap yuboribdi: “Turk xalqi yurgan emish. Xoqoni bahodir ekan, maslahatchisi alloma ekan. Oʻsha ikki kishi bor boʻlsa, seni Tabgʻachni oʻldirajak ekan, deyman. Shimolda Xitoyni oʻldirajak, u meni, oʻgʻuzni ham oʻldirajak, deyman. Tabgʻach, sen oʻngdan, hujum qil! Xitoy, oldidan hujum qil! Men chapdan hujum qilay. Turk sir xalqi yerida boshqa ega yurmasin. eplasak oʻsha egani yoʻq qilaylik, deyman”. Bu gapni eshitib, tunlar uyqum kelmadi. Kunduz oʻtirgim kelmadi. Undan soʻng xoqonimga iltimos qildim: Tabgʻach, Oʻgʻuz, Xitoy bu uchovi hujum qilsa, qamalda qolajakmiz. Unda vujudining ichi-tashini, mol-u jonini topshirgan kishiday boʻlamiz. Yupqa yigʻin (toʻda) tor-mor qilishga oson emish, ingichka yigʻin uzishga oson emish. Yupqa qalin boʻlsa, tor-mor qiladigan bahodir emish. Ingichka yoʻgʻon boʻlsa, uzadigan bahodir emish. Sharqda Xitoydan, janubda Tabgʻachdan, gʻarbda Qurdandan, shimolda Oʻgʻuzdan himoyalanish uchun ikkiuch ming lashkarimiz bor. Bundan boshqa keladiganimiz yoʻq. Shunday (hujum boshlaylik) deb iltimos qildim. Xoqonim men dono Toʻnyuquqning arzini eshitdi. Koʻnglingga qarab yoʻl tut, dedi. Koʻk oʻng (daryosi)ni yuqorilab, Oʻtukan (togʻining) yish (yon bagʻri)ga tomon yoʻl oldim. Inigak koʻli boʻyiga Toʻgʻla (daryosi) tomonidan Oʻgʻuz keldi. Ularning lashkari uch ming ekan, biz ikki ming edik. Urushdik, tangri yorlaqadi, qochirdik, daryoga tushdi. Qochganlar yoʻlda yana oʻldi. Shundan keyin Oʻgʻuz koʻplab taslim boʻlib keldi. Men oʻzim turk xalqini Oʻtukan yeriga (boshlab) keltirdim. Bilga Toʻnyuquq Oʻtukan yeriga qoʻnibdi deb eshitib, janubdagi, shimoldagi xalq keldi. Biz ikki ming edik, ikki qoʻshin boʻldi. Turk xalqi yer yuziga oʻrnashgandan beri, Turk xoqoni taxtga oʻrnashgandan beri Shantung shahriga, dengiz, daryoga yetmagan edi. Xoqonimga arz qilib, (u tomonga) lashkar tortdim.

(Xalqimni) Shantung shahriga, dengiz, daryoga yetkazdim, yigirma uch shahar magʻlub boʻldi. Dushmanning uyqusi harom boʻlib, choʻl-biyobonda yotib qoldi. Tabgʻach xoqoni dushmanimiz edi. Oʻn oʻq (qabilasi) xoqoni ham dushmanimiz edi. Undan koʻproq qirgʻizning qudratli xoqoni dushmanimiz boʻldi. Uch xoqon: “Oltin yish (joyning nomi) ustiga talon solaylik, deb maslahat qilishibdi. (Soʻng) Sharqqa, Turk xoqoniga lashkar tortaylik, unga qarshi lashkar tortmasak, agar u gʻazablansa, bizni yoʻq qiladi, depti. Xoqoni bahodir ekan, maslahatchisi alloma ekan, qachon gʻazablansa, oʻldiradigan koʻrinadi. Uchovimiz yopirilib hujum qilaylik, uni yoʻqotaylik”, depti. (Shunda) Turgash (qabilasining) xoqoni bunday depti: “Mening xalqim u yerda boʻladi. (Shunda) Turk xalqi yana hayajonda (qoladi), depti. Oʻgʻuzi yana parokanda, depti. Bu gapini eshitib tunlari uyqum, kunduzlari oʻtirgim kelmas edi. Shunday oʻyladim: Tabgʻach, oʻn oʻq, qirgʻiz xoqon(lig)iga Koʻgman togʻidan oshib oʻtib, hujum qilamiz. Shuning uchun avval biz lashkar tortaylik, dedim.

Koʻgman (joyning nomi) yoʻli bitta ekan. Yoʻlni qor bosgan deb eshitib, bu yoʻl bilan yursa yaramaydi, dedim. Yerchi (yoʻl boshlovchi) surishtirdim. Choʻllik Az qabilasidan bir yigitni topdim. Az yerini u yaxshi bilar ekan, bir manzili bor ekan. Ani daryosi boʻylab borilar ekan, oʻsha yerda yotib, bir otligʻ yoʻl yurib boriladi, dedi. Oʻsha yoʻl bilan yursa imkon bor deb oʻyladim. Xoqonimga buni aytib, qoʻshinni yoʻlga soldim, “Otlantir!” deb buyruq berdim. Oq tarmal (hozirgi Xua Kem) daryosini kechib oʻtib, qoʻshimcha qarorgoh qurishga ijozat berdim. Biroz dam olgach, otlanishga buyruq berdim, qorni yorib yuqoriga otni yetaklab, oʻzimiz yayov yurib, daraxtlarga tayanib qoʻshinni chiqardim. Oldindagi yigitlar ilgarilab, oʻsimliklar bor dovondan oshdi, undan qiynalib pastga tushdik. Oʻn kun davomida biz yonlanma yoʻllardan yurdik. Toʻsiqni aylanib oʻtdik. Yerchi ham yanglishib, boʻgʻizlandi. Xoqon xafa boʻlib, otlarni choptiringlar, dedi.

Ani daryosidan boraylik! dedim. Daryo suvining quyi tomoniga yurdik. Lashkarni sanash uchun tushirdik. Otlarni oʻtga boyladik. Keyin yana yoʻlga tushdik. Kun ham, tun ham yelib bordik. Qirgʻiz (qabilasi)ni uyquda bosdik. Biz lashkarimizning engagini (old qismini) jangga kiritdik. Qirgʻiz xonining lashkari yigʻildi. Jang qildik, sanchdik, xoqonini oʻldirdik. Bizning xoqonga qirgʻiz xalqi taslim boʻldi, taʼzim qildi. Qaytdik. Yana Koʻgman (togʻi)ni aylanib oʻtdik. Qirgʻizdan qaytganimizdan soʻng Turgash xoqonidan kuzatuvchi keldi. Gapi shunday: “Sharqdan Turk xoqoniga qoʻshin tortaylik, qoʻshin tortmasak, u bizni yoʻq qiladi. Xoqoni bahodir ekan, maslahatchisi alloma ekan, har qanday yoʻl bilan bizni oʻldiradigan koʻrinadi”, depti. (Kuzatuvchi) Turgash xoqoni yoʻlga chiqibdi. Oʻn oʻq xalqning hammasi chiqibdi. Tabgʻach lashkari ham bor ekan, dedi. Bu gapni eshitib, xoqonim men uyga tushayin (borayin), dedi. Xotini vafot etgan edi. Uning marosimini oʻtkazayin, dedi. (Siz qoʻshin bilan boring, dedi. Oltin yishda oʻrnashing, dedi. Lashkarboshi Inol xoqon, Tardush shad borsin, dedi. Dono Toʻnyuquqqa menga aytdi: bu qoʻshinni olib bor (unga bosh boʻl), dedi. Karam-u gʻazabni koʻnglingdagiday qil, men senga nima ham deyin, dedi. Dushman keladigan boʻlsa, bahodir yigitlarni yigʻ va dushmanni oʻldir. Kelmaydigan boʻlsa, til tutib maʼlumot olib tur, dedi.

Oltin yishda oʻrnashdik. Uch kuzatuvchi kishi keldi, gapi bir: Xoqoni lashkar bilan yoʻlga chiqqan, oʻn oʻq lashkari bilan bekam-u koʻst chiqqan, dedi. Yaris dashtida yigʻilamiz, degan. Oʻsha gapni eshitib, xoqonga u gapni joʻnatdim: “Nima oʻylayin!” (Bunday) gapni olib qaytib keldi: “Shu yerda turing!” Borma, yaxshilab qorovul qoʻy, dushmanga bostirib qoʻyma! debdi. Boʻgu xoqon menga shunday deb aytib yuboribdi. Bosh lashkarboshiga maxfiy gap yuboribdi: dono Toʻnyuquq hushyor, u oʻzi biladi. Bu gapni eshitib, qoʻshinni yoʻlga soldim. Oltin yishning oʻtib boʻlmas joyidan oshdik. Irtish daryosining oʻtib boʻlmas joyidan kechib oʻtdik, tunda toʻxtamadik. Boʻluchuga tong otganda yetib keldik.

Bizning kuzatuvchilarimiz til tutib keltirdi. Gapi shunday: Yaris dashtida oʻn tuman (yuz ming) lashkar yigʻildi. Bu gapni eshitib, beklar hammasi qaytaylik, pokiza uyat yaxshidir, dedilar. Men esa shunday deganman, men dono

Tunyuquq: Oltin yishni oshib keldik, Irtish daryosini kechib keldik. Jangchilarning kelgani qahramon, deganlar. Dushman sezmay qoldi. Tangri Umay[4] muqaddas yersuv (Vatanni) dushmanni bosib (olish yoʻli bilan) bergan koʻrinadi. Nega chekinamiz, dushmanni koʻp, oʻzimizni oz deb nega qoʻrqamiz. Qani, bosaylik, hujum qilaylik, dedim. Hujum qildik, dushmanni tor-mor qildik. Ikkinchi kun keldi. Urushdik. Ularning qoʻshini biznikidan ikki qanot yarmicha ortiq edi. Tangri yorlaqagani uchun dushman koʻp deb biz qoʻrqmadik, jang qildik. Tardush shadi ham Oʻn oʻq xoqoni tomonida ishtirok qildi. Ularni ham tor-mor qildik, xoqoni, yabgʻusi (bu ham harbiy unvon), shadi (ham) oʻsha yerda oʻldirildi. elliktacha yigitni tutdik va oʻsha kechasiyoq har birini oʻz xalqiga joʻnatdik. U gapni eshitib oʻn oʻq beklari, xalqi, hammasi bizga bosh egib keldi. Kelgan beklar, xalqdan ajrab, ozgina xalq qochgan edi. Biz lashkar tortdik, ularni quvdik. Inju oʻgʻuzni[5] kechib Tinsi oʻgʻli[6] ketadigan Bangligak togʻini oshib oʻtib, Temir darvozagacha quvib bordik. Oʻsha yerdan qaytardik. Inal xoqonga arab va tuxor (arablarning ittifoqdoshi) hujum qildi. Oʻshanda dubulgʻa kiygan soʻgʻdoq xalqi hammasi keldi. Oʻsha kuni hujum qildi. Turk xalqi Temir darvozaga Tinsi oʻgʻli yotadigan togʻga yetdi, egasi yoʻq ekan. U yerga men, dono Toʻnyuquq, yetkazib borganim uchun sariq oltin, oq kumush, qizjuvon, egri tuya, ipak hadsiz keltirdilar. eltarish xoqon dono maslahatchisi qahramon boʻlgani uchun Tabgʻachga qarshi oʻn yetti marta urush qildi. Qitanilarga qarshi yetti marta urush qildi. Oʻgʻuzga qarshi besh marta urush qildi. Oʻshanda maslahatchi ham, urushuvchi ham men oʻzim edim. eltarish xoqonga, Turk Boʻgu xoqonga, Turk Bilga xoqonga xizmat qildim, tun uxlamay, kunduz oʻtirmay, qizil qonimni tugatib, qaro terim yugurtib, mehnatni, kuchni berdim. Men oʻzim uzoqlarga bosqin uyushtirib turdim. Qoʻngʻir qoʻy, oq otni katta qildim. Bosib olishga urinadigan dushmanni poymol qilar edim. Xoqonim bilan lashkarlar tortdik, tangri yorlaqasin! Bu turk xalqiga qurolli dushmanni keltirmadim, yalovli otni yugurtirmadim. eltarish xoqon muvaffaqiyat qozonmasa, unga qoʻshilib men oʻzim muvaffaqiyat qozonmasam, davlat ham, xalq ham yoʻq boʻladigan edi. Xoqonim muvaffaqiyat qozongani uchun, men oʻzim muvaffaqiyat qozonganim uchun davlat ham davlat boʻldi, xalq ham xalq boʻldi, oʻzim chol boʻldim, ulgʻaydim.

Turk Bilga xoqon davlatida bu bitikni yozdirdim, men Bilga Toʻnyuquq. eltarish xoqon muvaffaqiyat qozonmasa edi, u boʻlmasa edi, men oʻzim dono Toʻnyuquq, muvaffaqiyat qozonmasam edi, men boʻlmasam edi, Qapagʻan xoqon boshliq Turk sir xalqi yerida urugʻ ham, xalq ham, kishi ham boʻlmas edi, turk xalqi yeriga xoʻjayin ham boʻlmas edi.

Yeltarish xoqon va dono Toʻnyuquq muvaffaqiyat qozongani uchun Qapagʻan xoqon, Turk sir xalqi yurgan bu davlat yashab turibdi. Turk Bilga xoqon Turk sir xalqini tarbiyat qilib turibdi.

 

 

“Ona tili va adabiyot” (“Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, Toshkent – 2014) darsligidan

 


[1]  B oʻ y l a  b a gʻ a  t a rx o n – Toʻnyuquqning unvoni.

[2]  Ch o v u sh i – shuhratlisi.

[3]  Ch u gʻ a y – hozirgi Inshan.

[4]  U m a y – qadimgi turklarning onalik sifatiga ega boʻlgan xudosi.

[5]  I n j u  oʻ gʻ u z – Sirdaryoning qadimgi nomi.

[6]  T i n s i  oʻ gʻ l i – Soʻgʻd podshosining unvon laqabi.

 

https://saviya.uz/ijod/nasr/tonyuquq-bitigi/

3 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x