Taniqli tarjimon Nizom Komil bilan suhbat
– Nizom aka, fan-texnika yutuqlari hayotga tezlik bilan tatbiq etilishi tufayli tilimizda juda koʻp yangi soʻzlar paydo boʻldi. Bu atamalarning aksariyati oʻzbekcha muqobili bilan almashtirilmayapti. Yaʼni inglizlar, ruslar, fransuzlar qanday atasa – bizda ham xuddi shunday qoʻllanilyapti. Bu borada qanday yoʻl tutsak toʻgʻri boʻladi deb oʻylaysiz?
– Jamiyat rivoji, fan va texnika taraqqiyoti tilga ham oʻz taʼsirini koʻrsatmay qolmaydi. Yangi-yangi atamalar paydo boʻladi va ular dunyodagi barcha tillar bagʻriga singib ketadi. Bu tabiiy hol. Bundan choʻchimaslik kerak. Endi muqobil soʻzlar masalasiga kelsak, boshqa tillardan oʻzbek tiliga kirib kelayotgan barcha atamalarning muqobili ona tilimizda bor, deyish ham toʻgʻri emas. Mana, masalan, velosiped, mashina, poyezd, samolyot degan atamalarning muqobili bormi? Yoʻq. Chunki men yuqorida nomlarini tilga olgan narsalar ilgari bizda boʻlmagan. Demak, bu atamalarning muqobili boʻlishi ham mumkin emas. Ularni allaqanday sunʼiy nomlar bilan atash gʻirt nodonlik. Bu soʻzlar allaqachon tilimizga oʻrnashib boʻlgan va beminnat xizmat qilib kelmoqda. Esimda, 1989 yili oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishi bilan tilni butunlay “tozalash” tarafdorlari ham paydo boʻldi. Aeroportni tayyoragoh, samolyotni uchoq, institutni oliygoh, ilmiy-tadqiqot muassasalarini ilmgoh deyish rasm boʻldi.
Ammo bu hol uzoqqa choʻzilmadi. Tilimiz bu atamalarni hazm qilolmadi, tupurib tashladi. Yana oʻz oʻzaniga tushib oldi. Tashqaridan turib tilga zoʻravonlik qilish befoydaligiga oʻshanda amin boʻlganman.
– Tarjima asarlarda hamon Hegel va Gegel, Hayne va Geyne, Hyugo va Gyugo, Herakl va Gerakl… singari turfalik bor. Bunday ikki xil yozilishning sababi aniq, albatta…
– Siz tilga olgan allomalar ismlarining turlicha yozilishi va talaffuz etilishi faqat tarjima asarlarda emas, boshqa nashrlarda ham uchrab turadi. Gap shundaki, rus tilida yumshoq “H” tovushi yoʻq, shuning uchun ruslar “H” oʻrniga “G” tovushi va harfini ishlatishadi. Bizga ham ruslardan oʻtgan. Geyne, Gyugo va hokazo. Oʻzbek tilida esa “H” tovushi bor, binobarin, bu buyuk adiblar ijod qilgan tillarga mos ravishda Hayne, Hyugo deya talaffuz etilsa va shu shaklda yozilsa toʻgʻri boʻladi, deb oʻylayman.
– Sizning nazmda ham qalam tebratganingizdan xabarimiz bor. Sheʼrlar, gʻazallar va muxammaslaringizni oʻqiganmiz. Ayting-chi, tarjima qilish uchun qay biri oson: sheʼrmi, hikoyami?
– Nazmda qalam tebratganim qursin! Eslasam, uyalib ketaman. Soʻzni qofiyalashtirish sheʼriyat emasligini anglagunimcha… “qancha qogʻozlarning boshiga yetdim”. Allohga shukr, bu darddan qutilganimga ancha yillar boʻldi. Roman tarjimasi jarayonida duch kelganim sheʼriy parchalarni bir gal Erkin Vohidov, bir gal rahmatli Muhammad Yusuf oʻzbekchalashtirib bergan. Oʻzim uchun esa toʻrt satr sheʼrni tarjima qilishdan koʻra oʻn sahifali hikoyani oʻzbekchaga oʻgirish yengilroq. Ammo bir narsani ham aytib qoʻyishim kerak: tarjimalarim kitobxonga sal-pal maʼqul boʻlayotgan ekan, bunda sheʼriyatga oshuftaligimning ham hissasi yoʻqmikin, degan oʻy baʼzan koʻnglim koʻchalarini oralab qoladi.
– “Soʻz soʻylashda va ulardan jumla tuzishda uzoq andisha kerak”, deb oʻgit beradi hassos yozuvchimiz Abdulla Qodiriy. Oʻquvchi (tinglovchi, tomoshabin) didini jizgʻanak qilayotgan bozor adabiyoti va tijoriy oʻzandagi teatr-kino namunalarining bu boradagi holati barchamizga ayon… Sizningcha, sanʼat niqobini tutgan joʻnlik, sayozlik, oʻrtamiyonalik, didsizlik bilan qanday kurashish mumkin? Yo ayrim ziyolilarimiz aytganidek, loyqa oqayotgan daryoning tinishini kutish kerakmi? Tarjimonning oʻquvchi didiga moslashishini yoq(oq)laysizmi?
– Jannatmakon Abdulla Qodiriyning andisha haqidagi gapini zap keltirdingiz-da! U zot asarga qoʻyiladigan koʻpdan-koʻp talablarni nazarda tutgan va oʻzi ham bunga toʻla amal qilgan. Lekin hozir-chi? Oʻsha andisha hammada ham bormi?! Kim oʻzini yomon yozuvchi yoki yomon shoirman, deydi? Kim oʻzini yomon rejissyor yoki yomon rassomman, deb istihola qiladi? Ovora boʻlasiz – demaydi. Siz aytgan “bozor adabiyoti”ning mahsulotlari ham ana shunday andishasizlikning mevalaridir. Afsuski, bunga qarshi kurashish oson emas. Chunki “Yomon asar yaratish taqiqlanadi” degan qonun yoʻq. Istak bor, xolos. Bilasizki, istak – qonun emas. Butun umid gazeta va jurnal, nashriyot muharrirlaridan. Ularning didi va eʼtiqodi hal qiluvchi kuchga ega. Oʻzim ham noshirlikdan nafaqaga chiqqanman, umrimning koʻp vaqtini andishasiz qalamkashlar bilan olishishga sarfladim. Nazarimda, didsizlikka qarshi kurashish uchun birinchi galda didni, saviyani koʻtaradigan asarlarni koʻproq targʻib qilishimiz lozim.
Har qanday sanʼat vakilining, jumladan, tarjimonning ham, oʻquvchi yoki tomoshabin didiga moslashishi – istiqbolsiz yoʻl. Bu yoʻl adabiyotni ham, boshqa sanʼat turlarini ham tubsiz jar yoqasiga yetaklaydi.
– Mashhur gruzin yozuvchisi Nodar Dumbadzening “Ellada” (Hellados), “Kukaracha”, “Oq bayroqlar”, “Abadiyat qonuni” asarlarini oʻzbek tiliga mahorat bilan oʻgirgansiz. Yana amerikalik yozuvchi Irvin Shouning “Tungi darbon” romanini ham oʻzbek oʻquvchilari eʼtiboriga havola qildingiz. Dumbadzening falsafiy, oʻylashga undovchi asarlaridan “Tungi darbon” butkul farq qiladi; bu har ishga uchib-qoʻnib yuradigan kishi haqidagi sarguzashtlarga boy roman. Sizni ushbu badiiyati unchalik baland boʻlmagan asar tarjimasiga nima undadi?
– Nodar Dumbadze – boshqa olam, albatta. Irvin Shouning “Tungi darbon” romanini esa ustoz Ozod Sharafiddinovning buyurtmasiga koʻra tarjima qilganman. U kishi oʻsha kezlari “Jahon adabiyoti” jurnalining bosh muharriri edilar. Jurnal endigina chiqa boshlagan yillar edi. Yangi nashrga oʻquvchilarni kengroq jalb etish uchun sarguzasht asar kerak boʻlib qolgan-da. Buning boshqa boisi yoʻq. Tarjima jarayonida oʻzim ham asar voqealari qaʼriga shoʻngʻib ketganimni sezmay qolganman. Siz aytgandek, badiiyati uncha baland boʻlmagan shu kitob Moskvada bir necha million nusxada chop etilgan.
– Bugun xorijiy tillardan bevosita tarjima qilayotgan yosh tarjimonlarimiz paydo boʻldi. Biroq ayrim tarjimonlarning ishlarida pala-partishlik, matnni bir marta oʻgirish bilan kifoyalanish, tahrirga qaytmaslik kabi qusurlarning asorati koʻzga tashlanmoqda. Bu borada ustoz tarjimon sifatida qanday maslahat berardingiz?
– Tarjimonlar safi kengayib borayotgani kishini quvontiradi, albatta. Ammo gap sonda emas, sifatda. Talab yoshu qariga barobar. Toʻgʻri tarjima – yaxshi tarjima degani emas. Shuning uchun yosh tarjimonlarimiz tinmay izlanishlari, oʻqib-oʻrganishlari, adabiy til nimayu badiiy til nima – buning farqini aniq-ravshan ajrata oladigan boʻlishlari zarur. Tarjima orqasidan boyib ketaman deyish – xomxayol. Tarjima jarayonida shirin azoblarni his etsangiz, sizdan boy odam yoʻq. Ana shu azoblarni his etish uchungina yashaydigan ijodkorlar bor.
– Tarjima qilish uchun biror xorijiy tilni mukammal bilishning oʻzi kifoyami?
– Til bilgan yaxshi. Ammo biror bir tilni mukammal bilaman, deyishdan hayiqish kerak. Har bir til – tubsiz ummon. Uning tagiga yetib boʻlmaydi. Nima, meni oʻzbek tilini mukammal biladi deb oʻylaysizmi? Be-e! Tarjima jarayonida undan soʻz tilanaman, xolos. Qaysi tildan qaysi tilga tarjima qilmang – umringiz “tilanchi”lik bilan oʻtadi.
– Sizga yoqqan, tarjimon sifatida tan bergan uchta tarjima asarni aytib oʻtsangiz. Va albatta, sabablarini ham…
– Yaxshisi, men tan bergan uchta tarjimonning ism-sharifini aytib qoʻya qolay. Bular – Mirzakalon Ismoiliy, Qodir Mirmuhammedov, Ibrohim Gʻafurov. Ularning tarjimalari bu dargohga qadam qoʻygan yosh tarjimonlarga yoʻlchi yulduz vazifasini oʻtaydi.
– Yosh tarjimonlardan kimlarning ijodini kuzatib boryapsiz? Ularning yutuqlari nimada? Suhbat soʻngida yosh tarjimonlarga qanday tilaklaringiz bor?
– Yosh tarjimonlarning ijodini kuzatib boraman, desam, yolgʻon soʻzlagan boʻlaman. Keksalik… Oʻzim ham tarjimani yigʻishtirib qoʻyganman. Negadir sheʼr oʻqigim kelaveradi. Sakson yoshga yaqinlashib qolgan odamning sheʼr oʻqib yurishi gʻalatiroq, shundaymi?! Ammo nachora… Yoshlikda bergan koʻngil.
Yosh tarjimonlarga maslahatim: sheʼriyat bilan doʻst tutining – mushkulingiz oson boʻladi.
Gʻiyosiddin Oʻnarov gurunglashdi.
“Yoshlik”, 2016 yil 1-son
https://saviya.uz/hayot/suhbat/togri-tarjima-yaxshi-tarjima-degani-emas/