Borliqdagi barcha mavjudot, jonzot, voqea, jarayonni Kuch harakatga keltiradi. Usiz Borliq toʻxtab, quyosh muzga aylanardi. Usiz Borliqning qiyofasi yoʻq, millat, davlat, jamiyat, shaxs, oila, yurt, muhabbat kabi muqaddas tushunchalar ham dunyoga kelmasdi. Ajdodlarimiz ilm orqali qachonlardir bu Kuchning nimaligi, qandayligi, qayerdaligi, u hosil boʻladigan Oʻzakni yaxshi bilgan. Ular shunday yutuqqa yetishgan. Bugun bizning jamiyat shu Kuchga ehtiyojmand, qalbimiz esa hayotbaxsh ilmga tashnadir.
Asrlar davomida asrab kelingan, dolgʻali farosat toʻlqinlari mavj urgan ulkan Ilm dengizi mavjudligini hozirgacha koʻpchilik bilmaydi. Ammo, bilamiz, deb oʻylashadi. Bilgan… u, haqiqatan ham Tiriklik Yombisi ekanini anglagan zahoti sakrab kurash maydoniga tushadi. Undan bahra olish uchun bor qurbini ishga soladi. Koʻhna yopiq sahifalarda olamga chiqishni kutib yotgan hadsiz-hisobsiz qutlugʻ Ziyo yurtga tarqalishiga koʻmaklashadi. U anglansa, shunday… bor mavjudot, jonzot, voqea, jarayon, oʻtmish harakatga keladi.
Uning koʻz ilgʻar-ilgʻamas oniy bir qatimi ham ruhga quvvat beradi. Odamga dunyoni tanishga koʻmaklashadi. Jugʻrofiy oʻrniga koʻra, bu dengiz Toshkentda joylashgan. Uni hozir Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar xazinasi, deyishadi. Mazkur dargohda saqlanayotgan qadimiy sharq qoʻlyozma asarlari toʻplami dunyoning beqiyos ilmiy ahamiyatga ega boʻlgan yirik jamgʻarmalaridan biridir. U ushbu turdagi xazinalar orasida boyligi va ilmiy tarixiy ahamiyati jihatidan Rossiyadagi Moskva, Qozon, Sankt-Peterburg, Ovruponing Angliya, Germaniya, Fransiya kabi mamlakatlaridagi qoʻlyozmalar saqlanadigan kutubxonalardan afzalroq jihatlarga ham egadir. Dunyoning istalgan eng nufuzli qoʻlyozmalar xazinalaridan uning zalvori ortiq boʻlsa ortiqdir, aslo kam emas.
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti 1943 yili Respublika Davlat Bosh kutubxonasining (hozirgi Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona) Sharq boʻlimi asosida tashkil qilinib, 1950 yilgacha Sharq qoʻlyozmalarini oʻrganish instituti nomi bilan ataladi. Ilmiy sohalar va vazifalar koʻlami kengayib borishi tufayli, keyinchalik Sharqshunoslik instituti deb oʻzgartiriladi. 1957 yili unga oʻrta asrlarning buyuk qomusiy olimi Abu Rayhon Beruniy (973–1048) nomi berildi.
Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar xazinasi:
- Qoʻlyozma asarlarning asosiy kutubxonasi.
- Ikkinchi (dublikat) kutubxona.
- Toshbosma asarlar kutubxonasi.
- Hamid Sulaymon nomidagi qoʻlyozma asarlar kutubxonasi.
- Hamid Sulaymon nomidagi toshbosma asarlar kutubxonalaridan tashkil topgan.
Ulardan tashqari, xorijdan suratli tasmalarda keltirilgan, chet ellarda nashr etilgan mamlakatimiz madaniyati va tarixini oʻrganishda muhim asarlar alohida boʻlimlarda saqlanadi.
Qoʻlyozmalar xazinasidagi eng qadimiy asarlarning yozilgan vaqti qariyb bir yarim ming yilga yetadi. Jamgʻarmada bir qancha sharq xalqlari tillarida yozilgan asarlar yigʻilgan. Ular tarix, adabiyotshunoslik, sanʼatshunoslik, rassomchilik, falsafa, islomshunoslik, kimyo, handasa, tibbiyot, tilshunoslik, dorishunoslik, maʼdanshunoslik, falakiyot, jugʻrofiya, musiqashunoslik, dehqonchilik, chorvachilik, ovchilik kabi ilm-fanning barcha sohalarini qamrab oladi.
Institut qoʻlyozmalar xazinasida Yusuf Xos Hojib Bolosagʻuniy, Mahmud Koshgʻariy, Rabgʻuziy, Rudakiy, Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Saʼdiy, Amir Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Farididdin Attor, Jaloliddin Rumiy, Hofiz, Umar Hayyom, Fuzuliy, Mirzo Abduqodir Bedil kabi mumtoz adabiyotning yana koʻplab vakillari adabiy-badiiy asarlari va Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy, Najmiddin Umar an-Nasafiy, Mirzo Ulugʻbek, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, Qutbiddin Sheroziy singari allomalarning tabiiy va aniq fanlarning turli yoʻnalishlariga doir kitoblari saqlanadi.
Asosiy kutubxonada VIII–XIX asrlarda turkiy, arabiy va forsiy tillarda yozilgan islom tarixi, tasavvuf, islomiy fanlarga oid qoʻlyozmalar mavjuddir. Ular qatorida Qurʼonning VIII asrda hijozi-kufiyda yozilgan noyob nusxasi hamda keyingi asrlarda turli mohir xattotlar tomonidan nasx va boshqa xatlarda koʻchirilgan ajoyib nusxalari ham bor.
Hozirga qadar faqat sharq qoʻlyozmalari asosiy kutubxonasining oʻzida 25621 dona asar saqlanishi aytilar edi. Biroq keyingi yillarda Germaniyaning Gerda Henkel jamgʻarmasi koʻmagi bilan asosiy kutubxonada saqlanayotgan asarlarning elektron roʻyxatini (katalog) tuzish ishlari amalga oshirilishi natijasida asarlar soni yana ortdi.
Institut ilmiy xodimlarining saʼy-harakatlari bilan oʻn bir jilddan iborat “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi sharq qoʻlyozmalari toʻplami” katalogi chop qilingan. Ularda har xil mavzu va turli sharq tillarida yozilgan 7574 asar qisqacha ilmiy tavsiflangan, Abu Nasr al-Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Amir Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy kabi ilm-fan va adabiyotning ayrim mashhur vakillari asarlari kataloglari ham nashr etilgan. “OʻzR FA Sharqshunoslik instituti jamgʻarmasida saqlanayotgan sharq miniatyuralari” bezakli katalogi chop qilindi. Ibn Sino tavalludi 1000 yilligi munosabati bilan “Tib qonunlari” asarining oʻzbek va rus tillaridagi nashri amalga oshirildi.
Endi Borliqni qayergadir olib ketayotgan oʻsha Tiriklik Yombisi paydo boʻladigan, farosat toʻlqinlari azaliy mavj urguvchi qutlugʻ Ilm dengiziga eltadigan soʻqmoqdan yurib, uning hayotbaxsh qatralaridan bahramand boʻlish uchun yoʻlga tushsak boʻladi. Duch keladiganlarimiz Ulugʻ Yogʻduning kichik zarralaridir. Mana, birinchi uchragani…
Abdusattor JUMUNAZAR
1961 yili tugʻilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning sharqshunoslik fakultetini tugatgan. “Xilvat ahli”, “Oʻrgimchak kitobi”, “Nasaf”, “Mashrab”, “Vaxshuvor”, “Buxoro taʼlim tizimi tarixi kabi asarlari nashr qilingan.
“Yoshlik”, 2018/1
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/tiriklik-yombisi/