VATAN
Jamalaksoch qizcha edim,
Qirlarda oʻynab
Boychechaklar terar eding
Yonimda, Vatan.
Bolalikning qoʻshigʻiga
Joʻr boʻlib kuylab,
Sevgi boʻlib uygʻonding sen
Jonimda, Vatan.
Meni yoʻllar oʻz izmiga
Oldi kun sayin,
Tinim bilmas sayyoh kabi
Yeldim, yugurdim.
Qoʻsha-qoʻsha sevinch topdim,
Yoʻqotdim qoʻsh-qoʻsh,
Baxtdan sarxush, gʻamdan noxush
Onimda – Vatan.
Kaftlarimning qadogʻiga
Oftob sochdi don,
Yuragimga bir alanga
Tushdi hayotdan.
Koʻzlarimning qarogʻiga
Jo boʻldi osmon,
Yeru koʻkni qamragan –
Imkonimda – Vatan.
Shoxlarida tillo beshik
Keltirdi Bugʻu,
Va men aytdim onalarning
Buyuk allasin,
Irmoqlari had-hisobsiz
Daryoday toshdim.
Hayajonim, toshqinli
Tugʻyonimda – Vatan.
Sochlarimga oq togʻlarning
Boʻyogʻi koʻchdi,
Izzat-obroʻ oʻtrusida
Kechdi bor umrim.
Shukronamning daraxtlari
Tugdi tar meva,
Eldan topgan duoyi
Dostonimda – Vatan.
SIZGA
Sizga menday mehribon yoʻq,
Menga Sizday – soyabon.
Sizga menday vafodor yoʻq,
Menga sizday – havodor.
Koʻksingizga otilsa oʻq,
Mendayin balogardon yoʻq.
Koʻngil aytar: to oʻlguncha
Bizday doʻsti qadrdon yoʻq.
Menga Sizday habib yoʻqdir,
Sizga menday tabib yoʻq.
YURAGIMGA
Chap qovurgʻam ostini gʻashlab
Kuydiradi simillab bir choʻgʻ.
Qafasini sindirib tashlab,
Chiqaman deb tunlar qilar doʻq.
Chirmab oldi gʻamlar quyuni,
Yuragim, ne chohlarga tushdik.
Chirpiratdi taqdir oʻyini,
“Borsa-kelmas” rohlarga tushdik.
Asta-sekin taʼsir qilguvchi
Ogʻu kabi dardlarni koʻrdik.
Yolgʻiz Alloh oʻzi bilguvchi,
Bugʻdoy ekib, goh arpa oʻrdik.
Uyasiga ilon dorigan
Qushday goho qoldik chirqillab.
Yetmish yil qoʻsh haydab horigan
Boʻlsak hamki, turibmiz gullab.
Tark etmagin, yurak, loshimni,
Hali borar yoʻlimiz yiroq.
Toshdan dedim bu bardoshimni,
Boʻlsa hamki qalbim ming quroq.
Hali borar yoʻlimiz yiroq…
MANZARA
Tizza boʻyi qor kechib borar
Qush izlari,
Onam izlari.
Suvloq suvin qaymoqqa qorar
Onamning bol kabi soʻzlari.
Tong saharlab ariq boshida
Lampashishalarni yuvadi.
Oftob tushib koʻzu qoshidan
Shisha qurumlarin quvadi.
Oqshom uyning eshiklarida
Charaqlaydi osma fonuslar.
Fonuslarning piliklarida
Jam boʻladi gʻuj-gʻuj yulduzlar.
Tokchadagi har nur, soyani
Lipillatib oʻynaydi xayol.
Tashqarida – gʻoʻzapoyaning
Gʻaramida uxlaydi shamol.
Kavushchalar toʻla keng ayvon
Tunni haydab, turadi ushlab.
Tun xonaga kirolmay hayron,
Sahargacha chaladi hushtak.
Ertak aytar osma fonuslar.
GʻANIMAT DAMLAR
Bu dunyoga hamma gʻanimat,
Hech kim boʻlmas dunyoga ustun.
Gar mol-mulkat bir pulga qimmat,
Joning sabil tiriklik uchun.
Roʻzgʻor – gʻorning chuvalgan toʻri
Oʻrab tashlar oyoq-qoʻlingni.
Goh tulkisan, gohida boʻri,
Yoʻqotasan yurar yoʻlingni.
Qoʻllaringda sayragan toring
Chertilmasa tob tashlar, tinar.
Choʻqqilarda charx urgan soring
Oʻlja quvib, qanoti sinar.
Tun kechalar sukunatidan
Topolmaysan sehrli ertak.
Zim-ziyolik koʻzing olarkan,
Yulduzlar ham ovutmas andak.
Quchogʻingda oyday toʻlganlar
Farzandlaring osmonday yiroq.
Bolalikda yoqqan gulxanlar
Olovida boʻlma isinmoq.
Junjikasan, boʻm-boʻsh bagʻringda
Burqsib yotar kuz xazonlari.
Insho bitar sening toʻgʻringda
Xattot kuzning zar mezonlari.
Insholarning xulosasida
Baxtmi yoki ranju alamdir…
Men oʻqiyman kuz nafasida:
Tiriklik bu tansiq bayramdir!
Oydin HOJIYEVA
“Yoshlik”, 2014 yil 3-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/tiriklik-bu-tansiq-bayramdir/