Publitsistik esse
Tinchliging – hurliging.
Xalq maqoli
Inson va tinchlik soʻzi havo bilan suvdek egizak. Chunki inson hamisha tinchlikka tashna boʻlib, har kuni tinchlikni sogʻinib yashaydi, mudom tinchlik osmonidan nafas olishga intiladi. Har tong tinchlik bilan uygʻonishni istaydi. U quyoshga talpinganday tinchlikka talpinadi. Tinchlikni ota-onasiday, farzandiday, jigargoʻshasiday yaxshi koʻradi. Tinchlik insonning joni-jahonidir, borligʻi va hayotidir. Shu bois u hamisha tinchlikka taʼzim qilishni muqaddas burchi, deb biladi. Tinchlik poyiga bosh egadi. Tinchlikni boshiga toj qiladi. Tinchlikni joniga joylaydi.
Shoir yozganidek:
Yer ohista kezar ekan samoda,
Tinchlik degan zoʻr neʼmatga bosh egdim…
– Beshikda yotgan goʻdaklarning osmonday tiniq koʻzlarida, begʻubor va pok tabassumida nima aks etgan?
– Tinchlik!
– Onalarning allasida, har kungi iltijosida, otalarning eng yorqin orzu-tilaklarida nima mujassam?
– Tinchlik!
– Bobolarning duosida, momolarning oʻlanida aytiladigan birinchi kalom qanday soʻz?
– Tinchlik!
Togʻning ulkan choʻqqisida turgan burgutga ham, polaponlariga tumshugʻida suv olib uchayotgan qaldirgʻochga ham tinchlik kerak. Suvdagi baliq ham tinchlik istaydi. Yam-yashil maysalar, nihollar, daraxtlarga ham tinchlik bagʻrida oʻsadi. Tabiat esa tinchlik bilan barhayot, tinchlik tufayli gullab yashnaydi. Tinchlik bilan barqaror. Tabiat tinchlik bilan umrboqiydir.
Tabiatning borligi va borligʻi tinchlikdan.
Tabiatning boqiyligi va bahori tinchlikdan.
Yer shari har lahza nafas olar tinchlikdan.
Tabiatning har shomi-yu har nahori tinchlikdan.
Ey odamzot, sen tinch-totuv yashashni istasang, uni daraxtlardan oʻrgan. Tinchlik qanday bebaho qudratli kuchligini bilmoqchi boʻlsang, togʻlarga boq. Tinchlik umrimizni bezab tursin desang, daryoyu dengizlardan ibrat ol! Tinchlik hayotimning mazmuniga aylansin desang, bolalarning begʻubor qoʻshigʻiga joʻr boʻlgin!
Afsus va nadomatlar boʻlsinkim, odamning dushmaniyam, kushandasiyam odam bolasi ekan. Tinchlikning bunyodkori ham, buzgʻunchisi ham odam ekan. Biri tinchlikni qanchalar asrab-avaylasa va tinchlik uchun kurashsa, boshqa biri urush olovini yoqishga shunchalar oʻch boʻlarkan. Biri tushlarida tinchlikni koʻrib quvonsa, biri urushni koʻrib sevinarkan. Biri tinchlik bilan faxrlansa, boshqasi urush qoʻzgʻab gʻururlanarkan. Biri tinchliksevar, degan nom qozonsa, yana biri urushga daʼvat etadi, urush olovini yoqish uchun zimdan gugurt tayyorlaydi.
Inson va tinchlik, inson va urush mavzulari ming-ming yillik tarix sahifalari uzra hamon bahs qiladi, hanuz munozara yuritadi. Bu ikki qarama-qarshi toʻlqin tinimsiz kurashda:
Tinchlik – jon deydi, urush esa qon.
Tinchlik – hayot deydi, urush esa qurbon.
Tinchlik – mehnat deydi, urush esa kulfat,
Tinchlik – obod deydi, urush deydi, vayron.
Ona zamin har qanday katta-kichik urushlardan charchadi, benihoya toliqdi. Biror-bir goʻshada oʻq ovozi eshitilsa, yerning bagʻri titraydi. Portlashlardan tuproqlarga titroq kiradi. Hatto bombalardan togʻu toshlar larzaga keladi. Qudratli dengizlar ham urush ovozidan choʻchiydi, daryo toʻlqinlari ozor chekadi.
Eng dahshatlisi, tarix urushlardan zada boʻlib ketdi, urushlardan zerikdi tarix sahifalari. Bu hasratli sahifalar nolalarga, cheksiz faryodlarga, dardu alamlarga toʻlib ketdi, urush dastidan. Odam nega urush qiladi, nega urushlarni oʻylab topadi, nega urush uchun zamin hozirlaydi? Nahotki, odam bolasi dunyoga faqat urush qilish, qon toʻkish va vayron qilish uchun kelsa? Tarix hali-hanuz ushbu savollarga javob topa olgani yoʻq.
Behuda toʻkilgan qonning nidosida
tinchlik oh uradi.
Begunoh uzilgan jonning nidosida
tinchlik oh uradi.
Urushdan kim foyda koʻrdi, ey johil banda!
Besabr soxta shonning nidosida
tinchlik oh uradi.
* * *
Bugun urushlardan afgʻonchalik jafo chekayotgan xalqni topish qiyin. Bolalar urush maydonlarida tugʻilib, urush olovlari ichra ulgʻayib, urush bilan hayotlari barham topmoqda, kelajagi urush tufayli barbod boʻlmoqda. Bir nafas boʻlsin bu zaminda urushning ajal tegirmoni toʻxtagani yoʻq.
Afgʻon tuprogʻi hanuz tinchlikni qoʻmsab yashaydi.
Afgʻon tuprogʻi hamon osoyishtalikni
istab yashaydi.
Bu qadim yurt urushlardan zada boʻlib ketdi-ku!
Afgʻon tuprogʻi Yaratgandan tinchlik
soʻrab yashaydi.
Urush bolalagan bu yurtning tuprogʻidan urush hidi keladi, tosh boʻlaklari urilganda urush chinqirigʻi eshitiladi, kuygan daraxtlarning ildizlaridan urush tutuni burqsiydi, maysalar oʻq ovozidan titraydi. Shoʻrlik chumolining beli laʼnati bombalardan yagʻir boʻlib ketdi…
Yurtboshimiz qayta-qayta taʼkidlaganidek, Afgʻoniston masalasini faqat tinchlik yoʻli bilan hal etish mumkin.
* * *
Agar beshik tepasiga qargʻa kelib qoʻnsa, u qagʻillab, beshikda yotgan goʻdakning tinchligini albatta buzadi. Agar uyga bexosdan ilon kirib qolsa, tamom, uydagilar tinchligini yoʻqotadilar. Agar qishloqqa boʻri oralasa, faqat odamlarning emas, balki hayvonlarning ham tinchligi buzilishi tayin. Agar Vatanga dushman koʻz olaytirsa, yurt tinchligi xavf ostida qoladi. Agar dushman oʻzingdan chiqsa, tinchlikning holi tang boʻladi. Bunday xavfli dushmandan Yaratganning Oʻzi asrasin va Oʻzi uning jazosini bersin!
Har bir davrning, zamonning oʻz kushandasi boʻlganidek, bugungi tinch va osoyishta dunyoning xatarli balosi – terrorizm nomini oldi. Terrorizm ofatlar va kulfatlar zanjiriga aylandi, eng dahshatli va xatarli urushlarning oʻchogʻi boʻlib qoldi. XX asr – tarixda atom asri, deya qayd etilgan boʻlsa, XXI asrning boshlanishi allaqachon terrorizm tamgʻasi bilan muhrlanayotir. Kamikadzelar asriga aylanayotir. Terrorizm – diniy ekstremistik guruhning urush oʻchogʻi va ashaddiy quroli sifatida keng qanot yozayotir. Ular bu qurol bilan tinch diyorlarni buzishga, tinch shaharlarni vayron qilishga, osoyishta yuraklarga gʻulgʻula solishga tahdid qilayotir. Sokin muhitlarni, tinch goʻshalarni buzayotir.
Dahshatlarning eng dahshati – terrorizm,
Yovuzlikning eng yovuzi – terrorizm.
Jaholat, vahshiylik mujassam unda,
Ofatlarning eng ofati – terrorizm.
Jaholat ildiz otgan vujudda tinchlik kabutari in qurolmaydi. Lekin jaholat qanchalar dahshat solmasin, baribir tinchlik shiddatini toʻxtatolmaydi, tinchlikning yoʻliga gʻov boʻlmaydi, tinchlik toʻlqinini kesolmaydi. Tinchlik shamolini toʻsishning aslo iloji yoʻq. Tinchlik temirdan ham mustahkam, poʻlatdan ham qattiq, toshdan ham quvvatli.
Mustaqilligimizning eng oliy neʼmatlaridan biri – bu, shubhasiz, tinchlik va yana tinchlik. Tinchlik barqarorlashib, mustahkamlanib borgani sari, ayrim hayotiy masalalar oʻz-oʻzidan yechilib, jamiyatda uchraydigan ayrim kamchiliklar barham topib, muammolar hal boʻlayotir. Prezidentimiz har bir maʼruza va nutqlarida xalqimiz va yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo boʻlsin, deb qayta-qayta taʼkidlaydilar va buni Yaratgandan iltijo qilib soʻraydilar.
Tinchlik bor ekan, millat yuksalaveradi,
Tinchlik bor ekan, yurt obod boʻlaveradi.
Tinchlik bor ekan, balo-qazo yoʻlamaydi,
Tinchlik bor ekan, hurlik aslo xatar bilmaydi.
Mamlakatimizda boʻlayotgan ulkan oʻzgarishlar, yuksak taraqqiyot zamirida tinchlik yotibdi. Eng qadimiy obidalarning qayta tiklanishi yoki taʼmirlanishi tinchlik tufayli amalga oshyapti. Shaharlar, qishloqlar obodligi tinchlikdandir. Mahallalar chiroyi tinchlik ohanglari bilan yoʻgʻrilgan. Va bu obod, koʻrkam va chiroyli goʻshalarda yashash, oʻqish, ishlash tinchlik bilan uygʻunlashib ketgan. Qurilayotgan ravon yoʻllar, ulkan imoratlar, goʻzal bogʻlar, koʻrkam maktablar, zamonaviy kollejlar, hashamatli koʻpriklar tinchlikka xizmat qilyapti. Koʻchalarda odamlar bir-birlarining emas, goʻyo tinchlikning qoʻllaridan ushlab yurganday erkin kezadilar, tinchlik bilan qadam tashlaydilar, tinchlik osmonidan nafas oladilar.
Soʻzlardagi haroratda tinchlik bor.
Koʻzlardagi jasoratda tinchlik bor.
Tinchlik uchun fidoyilik burchimiz,
Qalblardagi nafosatda tinchlik bor.
Dalalarda tinchlik shamoli esadi. Bu shamol moʻl-koʻl hosil xirmonlarini hadya etadi. Dehqonning, bogʻbonning va choʻponning ham asosiy niyati – tinchlik. Oʻzbekistonda tinchlikning hamisha barqaror va mustahkam boʻlishidan faqat oʻzbekistonliklar emas, balki bu tinchlikdan qoʻshni davlatlar ham manfaatdordirlar. Tinchlik qoʻshnilarning bir-biriga mehrini oshiradi, doʻstlik rishtalarini mustahkamlaydi. Ular oʻrtasida faravonlik, bagʻrikenglik yaratadi.
Oʻzbekiston davlat siyosatining oʻzagini tinchlik tashkil etishini dunyo ahli koʻrib-bilib turibdi. Oʻzbekiston Rahbari dunyoning eng nufuzli minbarlaridan turib, tinchlik haqida baralla soʻzlayotir, har qanday muammoni faqat tinchlik yoʻli bilan hal etishga qayta-qayta daʼvat etayotir. Haqiqatan ham tinchliksevar Prezidentimiz tanlagan yoʻl bu – tinchlik yoʻlidir!
Navoiy viloyatida boʻlgan faollar uchrashuvida koʻpni koʻrgan bir otaxon shunday dedi: “Yaxshi bilamizki, bozordagi, doʻkonlardagi mahsulotlarning, buyumlarning narxi aniq koʻrsatilgan. Qani kim aytadi: tinchlikning bahosi qancha? Bir kunlik, bir oylik yoki bir yillik tinchlikning narxi qancha turadi? Kim aytadi? Umuman, tinchlikning bahosi bormi?!.”
Oltinning bahosi bor, neftning bahosi bor va yana qancha-qancha boyliklarning baholari belgili. Lekin haqiqatan ham tinchlikning bahosi bormi? Baholash lozim boʻlganda uning narxi qanchaga belgilanardi? Buni Ollohdan boshqasi bilmaydi…
Tinchlik bebaho neʼmat! Tinchlik – farzandini bagʻriga mahkam bosib olgan ona kabi zaminni quchib turgan qudratli kuch. Tinchlik oyu quyosh kabi yerni turli balo-qazolar, tasodifiy urushlardan asrab-avaylashga intilayotgan yana bir sayyoradir.
Yurtboshimiz oʻzining “Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch” kitobida yozganidek: “Bejiz emaski, yurtimizdagi qaysi xonadonga kirsang, qanday yigʻin yoki maʼraka boʻlmasin, fotihaga qoʻl ochilganda, yoshu qari, erkagu ayol – barchamiz Yaratgandan tinchlik va osoyishtalikni soʻrab duo qilamiz”. Bunda katta hikmat bor.
Chunki:
Oʻgʻlim insho yozar tinchlik haqida,
Qizim daftariga tinchlik soʻzini bitar.
Nomingdan aylanay, sening, ey, tinchlik,
Nabiram tinchlik kabutarini chizar.
Ayniqsa, kabutarning marjonday tiniq koʻzlarini mehr bilan, zavq bilan chizadi.
Har kuni Ollohdan tinchlik soʻraymiz. Soʻng quyoshdan tinchlik soʻraymiz. Oydan-da, yulduzdan-da mudom tinchlik boʻlishini iltijo qilamiz. Tinchlik daraxti hamisha, har doim koʻzlarni yashnatib, dillarni yayratib, gullab-yashnab turishini istaymiz.
Aziz doʻstim, sen tinchlik daraxtini avvalo, oʻz qalbingga ek, hayotingga ek! Soʻng hovlingga, mahalla va qishlogʻingga ek. Keyin bu muqaddas daraxtni Vataning bagʻriga ekkin. Uning mustahkam ildizlari, ulkan shoxlari, yam-yashil barglari dunyoni tutsin, tinchliksevarlar qalbini, bir-biriga zanjirday bogʻlasin. Bu daraxt tinchlikning haqiqiy timsoliga aylansin.
Tinchlik daraxti!
Sen huda-behudaga bu daraxtga tegma, ozor berma, boʻlar-boʻlmasga uning shoxlarini sindirma, barglarini sargʻaytirma, behuda toʻkma. Uni hamisha onangni, farzandingni, Vataningni asraganday asra.
Mangu gullab tursin – tinchlik daraxti.
Mangu meva bersin – tinchlik daraxti.
Bu daraxtni asrashdan aslo erinmaylik.
Mangu boqiy boʻlsin tinchlik daraxti!
Daraxt koʻrkam bogʻlarga aylansin, tinchlikzorga aylansin!
Men tinchlikni yaxshi koʻraman va unga hamisha taʼzimdaman. Sen ham tinchlikka talpin, tinchlikka taʼzim qil! Toki yer yuzini tutsin, yer yuzi boʻylab yangrasin tinchlik ruhi, tinchlik sadosi, tinchlik ovozi!
Ashurali JOʻRAYEV
“Yoshlik”, 2011 yil, 7-son
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/tinchlik-daraxti/