TILLAQOSH

TILLAQOSHzargarlik buyumi; ayollarning bosh kiyimi ustidan peshonaga taqiladigan taqinchogʻi. Tilla yoki tilla suvi yugurtirilgan kumush va b. metallardan yasaladi. Tillaqosh asosini qayrilma qosh shaklidagi bir-biri bilan tutashadigan 2 boʻlak hosil qiladi, boʻlaklar tutashgan joyga bir dona laʼl qadaladi, boʻlaklar yuzasi naqshlar bilan bezatilib, yuqori cheti feruza koʻzlar bilan hoshiyalanadi; qayrilma qosh shaklining yuqorisiga panjarali naqshlar ishlanadi va Tillaqosh uchburchak shaklidagi toj koʻrinishiga ega boʻladi, panjarali gullar oʻrtasiga feruza koʻzlar bilan hoshiyalanadigan marjon va b. qadamalar oʻrnatiladi. Tillaqoshning quyi qismiga oʻzaro almashinib keladigan mayda munchoq va yaproqchalar terilgan biri kalta, biri uzun zanjirlar osiladi. Tillaqoshning yuqori qismining markazi (uchi) va ikki chekkasidan zanjirlar chikarilib, ular markazda birlashadi va ilgak bilan yakunlanadi. Bir xil badiiy usulda bezatilgan Tillaqosh gajak, isirgʻa, zebigardon bilan birga ansambl hosil qiladi. Tillaqosh shakliga oʻxshash peshonaga taqiladigan ziynat buyumi Fargona vodiysida bargak, tepa qismidagi panjarali naqshlari boʻlmagan turi Buxoroda bolo abru deb ham ataladi, Xorazmning osmatuzi taqinchogʻi oʻziga xos bezatilishi bilan Tillaqoshdan farq qiladi. Qadimdan kelin hamda yosh ayollarni himoyalovchi tumor vazifasini bajargan. Tillaqosh hozir, asosan, toʻy marosimida va raqqosalarning milliy libosining tarkibiy qismi sifatida qoʻllaniladi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x