Tilim, onamning tili!..

Baʼzida til kambagʻallashib boryapti, degan gap quloqqa chalinib qoladi. Shunday paytlarda, nahotki, butun bir xalqni xalq, millatni millat qilib turgan ona tilimiz kambagʻallashayotgan boʻlsa, degan havotir ich-ichingni kemira boshlaydi. Tarix qismati yoʻqlikka yuz tutgan tillar, xalq va elatlar taqdiri haqida qanchadan-qancha ogʻriqli qissa va rivoyatlar soʻylamagan bizga…

Keyingi paytlarda Andijonga borib qolsam, bundan nari borsa oʻttiz-qirq yilgina ilgari hamqishloqlarim lafzida boʻlgan koʻpgina soʻz va iboralar bugun ularning tilidan tushib qolayotganini seza boshlayman!.. Birgina men tugʻilgan kichkina qishloqda xotirdan sitilayotgan soʻzlar shuncha boʻlsa, bu koʻlamni butun mamlakat miqyosiga chaqsak, zalvorligina kitob boʻlar ekan-da, deb qoʻyaman.

Aslini olganda, til emas, kundalik tilimiz kambagʻallashib boryapti, desak toʻgʻriroq boʻlar. Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilib, ulugʻlanib turgan paytda uni boyitmasak, eʼtiborsizlik changi qoplagan durday soʻzlarimizni yarqiratib ishlatmasak, uyat boʻlar, deb oʻylayman. Gapni koʻp choʻzmasdan ana shunday soʻz va iboralarimizdan ayrimlarini keltira qolay…

 

Balish – dumli qoʻy.

Bicha – opa.

Buvak – chaqaloq.

Boʻgallatib – kosa yoki idishga oʻta toʻldirib, ogʻzi-burnidan toshirib quyish yoxud solish.

Dudama – ikkiyuzlamachi, turlanaveradigan kimsa, xameleon.

Doʻltaqoʻzi – lallaygan, lavoq.

Doʻxti qursin – afti, basharasi qursin.

Jiji – buvak, chaqaloq

Joni port – kimningdir koʻnglini olish, bir ish yoki narsaning tashvishida yoʻl, chora izlab doim bezovtalanib turgan odamning holati.

Itirinji – uydagi tartibsizlik, besaranjomlik.

Iyagida qarigan – oʻzini katta odamlarday tutib soʻzlovchi bolakay, keksaqori.

Koski – ogʻzi shalaq, soʻkongʻir kimsa.

Koʻkayim kesildi – soʻzim oʻldi, kamsitildim.

Koʻtak arava – asosan otga qoʻshiladigan toʻrt gʻildirakli arava. Koʻtak – ruscha “kotok” soʻzining buzilgani.

Koʻtaram – sillasi qurib, ketini koʻtarolmay yotib qolish, kasallik.

Lagan – rahbarlar nima desa, maʼqullab turadigan yaltoqi odam. Laganbardor.

Lovaq – lavoq, boʻshang, xom semiz.

Mallash – oq sariqdan kelgan bola.

Minqi – dimogʻida, pingʻqilanib, tushunarsizroq gapiradigan odam.

Modalib – taqalib, qadalib, tirgʻalib turib olish.

Orashon – suyuq ovqatning sharaqlatib qaynatilishi

Pangʻvosh – aqli gʻovlagan, miyasi poʻla, qovoqbosh.

Pozmon – aftodahol, xafahol, tushkun, parishonhol.

Rov – jadal, birrov, ostonadan hatlab-hatlamay koʻrib oʻtish.

Sarigʻ mashak – sarigʻdan kelgan, jahli burnining uchida turadigan, sal narsaga achchigʻlanadigan odam.

Somtirab – tentirab, dovdirab, yoʻlidan adashib.

Sorvozori – oʻz shaxsini martabali qilib, ishing tushsa yoki ish buyursang, oʻzini toroziga solib turuvchi kimsa.

Tavirka qilib – arzimaydigan gapni ham gap deb, martaba qilib koʻtarib yurish.

Tasrayib – bezrayib, baqrayib turib olish.

Tutantiriq – kul ostidagi oxirgi choʻgʻ ustiga tashlab, puflab olov chiqarish uchun maxsus ingichkalab yorib chiqilgan payraha oʻtin, quruq xas-xashak yoki qogʻoz.

Tutimsaq – oʻzicha, turli ajabtovur yumushlarni oʻylab topib, kuymalanib yuradigan bola.

Ummay-jummay – gʻayrat bilan, shijoat bilan harakat qilish.

Upchik – chaqaloqlar soʻrgʻichi.

Shixti qursin – afti qursin.

Shoʻqatoy – shoʻx, tinib-tinchimaydigan, tutimsaq bola.

Eshma – boʻlar-boʻlmasga eshilib, nozlanaveradigan qiz yoki ayol.

Quyqi – gʻamingni yegan, kuyingan odam boʻlib sening gapingni unga, uning gapini senga chaqimchilab yuruvchi ayol.

Chinoqchi – paxta mavsumida terimchilar ortidan yurib, hosilning chanoqda qoldirmay toza terilishini nazorat qilib boruvchi shaxs.

Choʻkar – qattiq poyali oʻsimliklarning sinib yoki oʻrib olinganidan keyin shudgorda qolgan, oyoqqa sanchilishi mumkin boʻlgan qismi.

Gʻirtmak – gapi bilan boʻyi yoshiga mos tushmaydigan, katta odamday aqllilanib soʻzlaydigan bola.

 


Abdunabi BOYQOʻZIYEV

 

1954 yili tugʻilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ni tamomlagan. “Gʻuboringni yozgayman”, “Seni izlab keldim”, “Judoligʻ dashti”, “Koʻzlari daryoyim!..”, “Dilxiroj tuygʻular”, “Besh navo”, “Choʻli irogʻim” nomli kitoblari chop etilgan.

 

“Yoshlik”, 2016 yil 9-son

https://saviya.uz/ijod/tilshunoslik/tilim-onamning-tili/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x