Ivan Aleksandrovich Goncharov 1812 yil 18 iyunda Simbirskda tugʻildi. Uning otasi oʻziga toʻq rus savdogarlaridan boʻlib, bolasi endigina uch yoshga toʻlganida u olamdan oʻtdi. Goʻdak onasi bilan qoldi. Onasi, garchi oʻqimagan boʻlishiga qaramay, bolaning sogʻlom, bilimli, ziyrak boʻlib oʻsishi uchun har narsaga tayyor, aqlli ayol edi. Bolani choʻqintirgan qarindoshlari – isteʼfoga chiqqan moʻysafid dengizchi ham yosh Vanyaning keng fikrli, savodli bola boʻlib oʻsishida yaqindan yordam koʻrsatadi. U Vanyaga dengizda boʻlib turadigan turli hodisalar, sarguzashtlar, kemadagi sayohatlar haqida gapirib berar, bolada dengiz ilmi, sayohat va sarguzashtlarga ragʻbat uygʻotar, oʻz navbatida bolaning ham kundan-kunga oʻqib-oʻrganishiga, tabiat bilan doʻstlashishiga, yiroq mamlakatlar va xalqlar hayotiga qiziqishi ortib borishiga sabab boʻlar edi.
Yana bir jihat – Goncharovlar oilasi oliyjanob, ziyoli va ruhoniy odamlar bilan qoʻshni turar, ular esa yosh Ivanning kitob oʻqishi, til oʻrganishi, ilmli boʻlishida qoʻllaridan kelgan yordamlarini ayamasdilar. Masalan, qoʻshni ayollarning biri fransuz boʻlib, pansionda shu tildan dars berar, Ivan esa undan fransuz tilini oʻrganib olgan edi. Oʻn ikki yoshga toʻlganda Ivan onasi, qarindoshi va qoʻshnilarining yordami bilan Moskvaga joʻnaydi. Bu yerda u oʻrta oʻquv yurtiga qabul qilinadi, nemis, ingliz tillarini oʻrganib oladi, mutolaaga chin ixlos qoʻyib, oʻzi ham yozish-chizish bilan mashgʻul boʻla boshlaydi. 1831 yilda u Moskva universitetining filologiya fakultetiga oʻqishga kiradi va shu yerda oʻz davrining mashhur pedagoglari – professorlar Nadejdin, Sheviryov, Davidovlardan saboq olib, maʼruzalar tinglashga muvaffaq boʻladi, qadimgi yunon va rim adiblarining hayoti, asarlari bilan tanishadi. Goncharov talaba paytida yoshlar oʻrtasida Pushkin dahosi juda ardoqlanar edi. Qolaversa, keyinchalik rus adabiyotining faxri boʻlib qolgan Belinskiy, Lermontov, Stankevichlar ham Goncharov bilan oldinma-ketin kurslarda oʻqishar, ular bilan koʻrishib turish, munozara qilish, badiiy asarlarni almashlab oʻqish, oʻzlari yozgan mashqlarni bir-birlariga oʻqitib olishlar ham uning adib sifatida shakllanishida ijobiy rol oʻynagani shubhasiz.
Oʻqish va tahsillar muddatini tugatgan Ivan Aleksandrovich Simbirskka qaytib keladi. Darvoqe, koʻp tillarni mukammal biladigan poliglot yigit qaysi mahkamaga kerak emas deysiz?! Tez orada uni Peterburgga – Moliya vazirligiga tarjimonlik vazifasiga ishga chaqirishadi. Moliya vazirligida ish koʻp edi, lekin yosh va gʻayratli tarjimon shuncha ish orasida ham oʻzining sevimli mashgʻuloti – adabiy asar yaratish mashgʻulotlariga ham vaqt topa oladi. Bundan tashqari Goncharov shu shaharda yashovchi mashhur rassom N. A. Maykovning uyiga ham qatnab, uning oʻgʻliga til va adabiyot darslarini oʻtar, oʻzi ham shu uyda boʻladigan adabiyot, sanʼat, madaniyat yigʻinlarida ishtirok etardi. Rassomning uyida oʻz davrining mashhur adiblari, adabiyotshunoslari, rassom va aktyorlari, turli arboblar koʻplab yigʻilib turishar, munozaralar, muhokamalar avjiga chiqar, bu esa yosh ijodkorning dunyoqarashi, tafakkuri, adabiy-estetik qarashlari rivojiga jiddiy taʼsir koʻrsatardi. Natijada Goncharovning yozuvchilik mahorati charxlana bordi, u dars bergan yosh Maykov esa keyinchalik rus sheʼriyatining yorqin yulduzlaridan biriga aylandi. Shu tariqa, Goncharov yaratgan yangi asar – (“Oddiy voqea” romani) ham Maykovlar xonadonida ilk bor muhokamadan oʻtib, Nekrasov muharrirlik qilayotgan “Sovremennik” jurnalida chop etiladi. Bu roman tufayli yosh adib avval “Maykov toʻgaragi”da, asar chop etilganidan soʻng esa butun Rossiyada katta shuhrat qozondi. Bundan ilhomlangan Goncharov oʻzining ikkinchi yirik asari – “Oblomov” romanini yozishga kirishdi.
Bu orada (1852 yil) Goncharov Dengiz Vazirligidan xat oladi, maktubda u Yaponiya mamlakatiga joʻnab ketayotgan savdo-tijorat ekspeditsiyasining rahbari admiral Putyatinning kotibi sifatida uzoq davom etadigan dengiz sayohatida ishtirok etishi soʻralgan edi (mana sizga koʻp tillarni bilishning sharofati!). Shunday qilib, Ivan Aleksandrovichning bolalik chogʻidagi orzulari amalga oshdi. Ikki yil davom etgan bu sayohat natijasi oʻlaroq, adibning “Pallada” fregati” degan sayohatnoma asari dunyoga keldi. Bu kitob rus sayohatnomalarining ichida hamon tengi topilmaydigan kitob deb eʼtirof etiladi, mazmunan boy va rang-barangligi, tabiat manzaralari, dengizchilar hayoti batafsil tasvirlanganligi bilan dunyo kitobsevarlarini qiziqtirib keladi.
Sayohatdan qaytganidan keyin Ivan Aleksandrovich Xalq maorifi vazirligining senzura qoʻmitasiga ishga chaqiriladi. 1857 yili u oʻzining eng mashhur romani – “Oblomov” asarini yozib tugatdi. Roman “Otechestvenniʼe zapiski” jurnalida chop etildi, keyinchalik kitob holida oʻquvchilar qoʻliga yetib bordi. Oradan oʻn yillar oʻtib, 1868 yilda muallifning yana bir ulkan romani – “Jar” chop etildi. Rus adabiyotining mumtoz namoyandasi hisoblangan Goncharov qalamiga mansub asarlar asosan ana shulardan iborat. Toʻgʻri, adib qartaygan chogʻida ham matbuot sahifalarida, adabiy jurnallarda maqolalari, xotira va esselari bilan ishtirok etib turdi.
Oʻzining ulugʻ isteʼdodi, badiiy salohiyatiga koʻra Goncharov rus adabiyotida haqli ravishda Pushkin va Gogollar bilan bir qatorda tilga olinadi. XIX asr rus hayotining birmuncha kulgili, tuban, illatlarga boy manzaralari Gogol qalamida qanchalik hajv qilingan boʻlsa, Goncharov oʻz asarlarida bu xil kamchiliklar bilan birga ijobiy oʻzgarishlar ham boʻlayotganini, rus qishloq va viloyatlarida oqil, ezgu niyatli, sodda, samimiy, oliyjanob odamlar ham bor ekanligini ishonchli koʻrsatib bera oldi.
Aytishlaricha, I. A. Goncharov juda sekin yozar ekan; shuning natijasimi, undan meros qolgan asarlar ham unchalik koʻp emasdi. Chet ellarda uni faqat bittagina romanning muallifi sifatida bilishadi. Uning xizmat vazifasi davlat ishlari bilan bogʻliq boʻlganligi tufayli, Goncharov shu ishlardan boʻshagan paytlardagina badiiy ijod bilan shugʻullanar edi. Uning romanlari badiiyat jihatidan ham, kompozitsion tuzilishi jihatidan ham, lingvistik xususiyatlari jihatidan ham pishiq-puxta chiqqanligining boisi ham shundadir, ehtimol.
Muzaffar Ahmad tayyorladi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–6
https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/tilbilgich-mumtoz-adib/