Namangan tongi
Tun kulrang etagin yigʻishtirmoqda
Asriy chinorlarning yaproqlaridan.
Gul hidi omixta olma hidiga,
Tutar yoʻlovchining dimogʻlaridan.
Ayni pishiqchilik, soʻritoklarda
Oltinrang husayni koʻrsatar jamol.
Anvoyi nashvati, sarxil noklardan
Butoqlar eshilmish goʻyo majnuntol.
Oʻxshashi topilmas bogʻkoʻcha koʻrkin
Goʻyo maʼmur davr dasturxoni bu.
Bogʻbon qalbi kabi saxiy va toʻkin,
Mirishkor mehnatin chin nishoni bu.
Tambalar olinar darvozalardan,
Tashrif buyurmoqda, axir, qutli tong.
Tongotar pallasi bogʻkoʻchalarda,
Gulzorlarda besas ajib bir ohang.
Chilvir sochin boshga chambarak qilib
Hovli supurishar kelinlar, qizlar.
Ulkan tandirlarda olov yoqilib,
Novvoy issiq nonni, hoʻ, boya uzgan.
Samovar qopqogʻi sharaqlab turar
Isroil polvonning choyxonasida.
Guzarlar qaymogʻu qatiqqa toʻlar,
Qishloqlik doʻstlardan tuhfa-nasiba.
Oynaday yarqirar keng asfalt yoʻllar,
Ha, maxsus mashina suv sepib oʻtgan.
Tong bilan Toshkentdan poyezd ham kelar,
Tong bilan boshlanar mehmondoʻstlik ham.
Mehrin qorishtirib pok havosiga,
Chiroyiga-chiroy qoʻshar Namangan.
Koʻzgudir xalqining muddaosiga,
Katta toʻyxonaga oʻxshar Namangan.
Qatiq-qaymogʻini, noni, gulini,
Mevasi, sheʼrini qilib dasturxon,
Shahrim koʻksi uzra qoʻyib qoʻlini
Tongni qarshilaydi, kutadi mehmon.
Ajab
Inson tafakkuri lol etar meni,
Uning izmidadir tabiat, olam.
Qarang, soʻrib olib ilon zahrini
Undan kashf etibdi bir noyob malham.
Inson tabiati lol etar meni,
Ilonning zahridan toparu darmon –
Nechun, nishtar sanchib zahar til bilan
Baʼzan inson oʻrnin olarkan inson?!
Sevgilim
Agar oddiygina bir ayol boʻlsang,
Sohibjamol boʻlsang, barkamol boʻlsang,
Shirin maqol boʻlsang, lafzi halol boʻlsang,
Balki, oddiygina bir ayol boʻlsang,
Shuncha kuymasmidim, dogʻingda?!
Ertakdagi pari, hur boʻlsang, balki,
Laʼli lab, tishlari dur boʻlsang, balki,
Umrimni yoritgan nur boʻlsang, balki,
Ertakdagi pari, hur boʻlsang, balki,
Shuncha kuymasmidim, dogʻingda?!
Yoʻq, na sohibjamol va na malaksan,
Meni qurshab olgan cheksiz falaksan,
Dardu dogʻing bilan menga keraksan,
Dunyoda borimdan bir xush daraksan,
Hayotim totlidir xayol bogʻimda!
Jonimni yoʻlingga qoʻyib, sevmasam,
Azobing rohatday tuyib, sevmasam,
Hijronda jonimdan toʻyib, sevmasam,
Jonimni yoʻlingga qoʻyib, sevmasam,
Shuncha kuymasmidim, dogʻingda?!
Bir umr vaslingga abgorligim ham,
Gohi behud, gohi hushyorligim ham,
Boylik, davlatim ham, nochorligim ham,
Kuyib yurganimdan dogʻingda…
Sevgilim!
Bu dunyo
Uyum shagʻal uzra oʻltirib olib,
Hammaga tosh otgan tantiq boladay,
Oʻzingcha dunyoga yasab bir qolip,
Olamni joylamoq boʻlmagil atay.
Sening qolipingga tushmasa dunyo,
Gunohkor qilmagil, axir, hammani.
Senga noxushlarni xushlasa dunyo,
Gʻanim deb bilmagin, axir, hammani.
Ne iloj, tosh otsang hamma beparvo,
Kulimsirab boqar bu koringga olam.
Kim ham koʻrar senga gʻanimlik ravo,
Raso odam bilan kurashar odam.
Haqiqat
Haqiqat bittadir,
Haqiqat kattadir,
Biz uni maydalab yubordik chogʻi.
Sening haqiqating,
Mening haqiqatim,
Boshqa haqiqatlar u yogʻi…
Haqiqat yaxlitdir,
Bir yombi taxlitdir.
Uni boʻlaklarga boʻlsak birodar,
Tortishib, boʻlishib,
Har kim oʻz ulushin
Ola bilarmikin barobar?
Yoʻq, yoʻq, bu dushvordir,
Tiriklikda kordir.
Kattarogʻin olmoq ilinji,
Shu ilinj, shu armon
Yoʻlida har inson
Yoʻqotib yuradi oromu tinchin.
Maydalangan narsa
Boʻlib parcha-parcha,
Yoʻqolib ketmasmi oqibat?!
Oʻzimiz maydalab,
Eturmiz soʻng talab
Katta haqiqatni hammavaqt.
Tirqirab ketsa gar
Mayda haqiqatlar,
Ulkan nohaqlikka yetmagay kuchi.
Yuraklar bir boʻlsin,
Tilaklar bir boʻlsin,
Haqiqatni butun saqlamoq uchun.
Habib SAʼDULLA
“Sharq yulduzi”, 2014–1
https://saviya.uz/ijod/nazm/tilaklar-bir-bolsin/