L. N. Gumilyov nomidagi Yevroosiyo Milliy universiteti Oʻtror kutubxonasi ilmiy markazi katta ilmiy xodimi Imongʻozi Nurahmad oʻgʻli tomonidan qoʻyilayotgan ilmiy muammo tahsinga loyiq. Ammo u fan tarixidagi birinchi hodisa emas. Hozirgacha ham bu borada talaygina taklif va mulohazalar, ilmiy bahs va munozaralar boʻlib kelgan. Sak va massagetlar nomi bilan mashhur boʻlgan qadimgi xalqlar bugun dunyoning koʻplab elat va millatlari uchun oʻq ildiz boʻlajagiga oid kuzatishlar zamirida jon bor. Yirik tarixchi olimlarning biz qadimiy tarix sarhadlariga chuqurroq kirib borganimiz sari koʻplab xalq va millatlar orasidagi tafovutlarning kamayib borishiga koʻproq iqror boʻlib boraveramiz, degan mulohazalari oʻzini toʻlaligicha oqlaydi. Mantiqan olib qaralaganida, odamzodning ilk manba va manshalari Odam Ato va Momo Havvolardan boshlanadi.
Maqoladagi bosh gʻoya saklarga oid manba va materiallarga bugun butun turkiy xalqlarning toʻla daʼvogarlik qila olishi haqidagi qarashlarni tavsif etish va himoya qilishdan iborat.
Saklar haqidagi maʼlumotlar koʻplab qadimgi yozma manbalarda saqlanib qolgan. Bu obidalar orasida Avesto, Qadimgi fors yozma obidalari, Yunon hamda Xitoy olimlarining tarixiy merosi namunalari mavjud. Ularda “Mouri”, “Margʻun”, “Margʻiyona”, “Soʻgʻda”, “Soʻgʻuda”, “Soʻgʻdiyona”, “Bahdi”, “Baqtrish”, “Baqtriyona”, “Xvarizam”, “Xvarazmin”, “Xorasmiya”, “Parfiyona”, “Tur”, “Shak”, “Sak”, “Massaget” singari joy hamda xalqlarning nomlari tilga olingan. Bular bilan yuzaki tanishishning oʻzi ham mazkur atamalarning bizning hududlarimizga, tariximizga bevosita daxldorligidan dalolat ekanligini isbotlab turibdi.
Psixolog olimlarning koʻrsatishicha, inson xotirasi nihoyatda murakkab psixo-fiziologik qonuniyatlar bilan bogʻliq holda faoliyat koʻrsatadi. Undagi asosiy qonuniyatlardan biri nomuhim narsalarni eʼtibordan soqit qilish hamda muhim narsalarga, albatta, xotiradan joy ajratish bilan bogʻliq. Turli etnonimlar, toponimlar tarkibidagi ayrim soʻz va tushunchalar shuning uchun ham ayricha ahamiyat kasb etadi. Bular xalq xotirasining, ijtimoiy xotiraning qonuniy natijalari sifatida namoyon boʻladi. Shu nuqtai nazardan yondashiladigan boʻlsa, “sak” atamasining turkiy tillar doirasida turli shakl va koʻrinishlarda saqlanib qolgani bejiz emas.
Qrimda Sak (Saki) deb nomlanadigan shahar va koʻl bor. Yoqutlarning asl milliy nomi saxa (sak+a = saxa) ekanligi yaxshi maʼlum. Qozoq etnonimi tarkibida ham “sak” unsuri mavjud (qa+saq = qasaq = qazaq = qozoq). Oʻzbek xalqi shevalaridan biri (qipchoqlar) ham shu nomga daxldor: qip+saq = qipchaq = qipchoq. Qirgʻizlarda “saktan” deb nomlanadigan urugʻ nomi qayd etilgan. Oʻzbek kishi nomlari orasida “Saktosh” nomi ham uchraydi.
Oʻzbek urugʻlari orasida “saktiyan”, “saxtiyan” nomi bilan ham yuritiladiganlari bor. Hozirgi oʻzbek adabiy tilida bu soʻz “saxtiyon” tarzida saqlangan variantga ham ega. U “oshlangan echki terisi” maʼnosini bildiradi. Agar “sak”ning dastlab bugʻu terisi, kiyik terisi, degan maʼnoga ega boʻlganini nazarda tutsak, bu soʻzlar orasidagi bogʻlanishlarning tasodifiy emasligi ochiq koʻrinadi.
Bu mulohazalarni bildirishdan asosiy maqsad shuki, biz maqola muallifining qarashlarini maʼqullaymiz. Bunday misollar boshqa mutaxassislar tomonidan oldin ham u yoki bu yoʻsinda aytilgan. Albatta, muallif uni oʻziga xos tarzda asoslashga harakat qilgan. Ularning koʻproq publitsistik ruh oʻramida berilganini ham inkor etib boʻlmaydi.
Shunga qaramay, muammoning toʻla ilmiy yechimlari uchun taxmin va farazlarning oʻzi kamlik qilishini ham eʼtirof etishga toʻgʻri keladi. Faqat tarixiy, etnik, etnografik emas, balki fonetik, leksik, morfologik, sintaktik qonuniyatlar ham “bir yoqadan bosh chiqarib” tasdiqlagan holdagina ilmiy xulosalarning kuchiga kuch qoʻshiladi. Shunga qaramay, maqoladagi dalillarning asosiy qismi soha mutaxassislarining eʼtiborini tortadi va bu boradagi yangicha fikr va mulohazalarning paydo boʻlishi uchun muhim omil boʻladi, deb ishonaman.
Boqijon TOʻXLIYEV,
Nizomiy nomidagi TDPU professori,
filologiya fanlari doktori
“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–2
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/til-tarixiy-xotira-namunasi/