Adabiyotshunos olim Vahob Rahmonov bilan muloqot
– Har bir millatning mavjudligini, yashayotganini namoyon etadigan omillar boʻladi. Til ana shunday mavjudlik hodisasidir. Til shunchaki soʻzlashish vositasi emas. Til millat maʼnaviyati va madaniyatining toshoynasidir. Modomiki, millatning oʻz tili bor ekan, demak, uning dunyoga aytar soʻzi ham bordir.
Shu tiriklik dunyosining bir qismi oʻlaroq asrlar osha jahonga oʻz soʻzimizni aytib keldik. U uzoq asrlar naridan goh Oʻrxun-Enasoy bitiklari, goh “Devonu lugʻatit turk”, goh “Qutadgʻu bilig” boʻlib jaranglab turibdi. Chunki bu tilni yoʻl-yoʻlakay ne-ne ulugʻ zotlar tengsiz zakosi va fidoyiligi bilan asrab keldilar, sayqalladilar. Zero, Vatanning chegaralari qay darajada himoyaga muhtoj boʻlsa, uning maʼnaviy boyliklari ham shu qadar himoyaga muhtojdir. Shu maʼnoda, milliy tilimiz qarshisida har doim masʼuliyatli boʻlish majburiyatidamiz.
Milliy tilimiz jozibasi, imkoniyatlari va muammolari haqida gapirish uchun 21-oktyabrni kutish shart emas. Modomiki, u bizning tiynatimiz koʻzgusi, ruhimiz tarjimoni, tarbiyamiz hosilasi ekan, unda unga hayot-mamot masalasi sifatida qarashga oʻrganishimiz lozim. Ulugʻlarimiz bu haqiqatni hech qachon unutmaganlar.
Vahob aka, ushbu soʻnggi gapimizga tarixdan bir-ikki misollar keltirsangiz…
– Har bir millatning ulugʻ vakillari oʻz tili va adabiyotini shu xalq yo millatning, avvalo gʻururi, shu bilan birga muomala vositasi deb hisoblaydilar va ularning taraqqiyoti uchun kurashadilar. Shunday millat fidoyilaridan biri XI asrda yashab oʻtgan Xoja Ahmad Yassaviy boʻlib, u turkiy til mavqeini baland koʻtargan edi. U xuddi Alisher Navoiy kabi turkiy oiladan chiqqan olimlarning oʻz ona tilini mensimaganligini yoqlamadi. Alisher Navoiy “Turkiston mulkining shayxul-mashoyixi” deb taʼriflagan bu zot hatto Qurʼoni karim va hadisi shariflarning ham ona tili – turkiyda yangrashini istagan edi:
Xushlamaydur olimlar bizni aytgan turkini,
Oriflardan eshitsang, ochar koʻngil mulkini.
Oyat, hadis maʼnosi turkiy boʻlsa muvofiq,
Maʼnisiga yetganlar yerga qoʻyar boʻrkini.
Bilasizmi, davr tili va adabiyoti taraqqiyoti davlat tepasiga qaysi xalq vakili kelishi bilan uzviy bogʻliq boʻlgan. Misol uchun, Oʻrta Osiyoda hukmronlik qilgan Qoraxoniylar davrida Ahmad Yassaviyning turkiy tildagi ijodi gullab-yashnagani maʼlum. Shuningdek, sohibqiron Amir Temur va temuriyzodalar hukmronlik qilgan yillarda adabiyot, shu jumladan, til masalasi kun tartibiga chiqdi. Alisher Navoiy koʻngil tugʻyoni mahsuli boʻlgan “Muhokamat ul-lugʻatayn”da maxsus qayd etadi: “Hukmronlik tizgini arab va fors sultonlaridan turk xonlariga oʻtganidan soʻng, Halokuxon zamonidan sulton sohibqiron Amir Temur Koʻragon zamoniga qadar turkiy tilda ijod qilgan maqtovga arzigulik shoirlar paydo boʻlmadi. Ammo Sohibqiron Amir Temurning izdosh farzandi Shohrux Sulton zamonining oxirigacha turk tilida ijod qilgan shoirlar zuhur etdilar. Hazratning avlod va nabiralaridan ham xushtabʼ sultonlar yetishib chiqishdi. Shoirlardan Sakkokiy, Haydar Xorazmiy, Atoiy, Muqimiy, Yaqiniy, Amiriy va Gadoiylar yashab ijod etdilar. Biroq ularning safida nomdor forsiy shoirlarga badiiy mahorat va qudratda yuzma-yuz boʻla oladigan kishi paydo boʻlmadi. Birgina mavlono Lutfiyni aytishimiz mumkinki, isteʼdod egalari qoshida oʻqishga arziydigan bir necha matlaʼlari – boshbaytlari bor. Shu jumladan, biri budirki:
Bayt:
Ulki husn etti bahona elni shaydo qilgali,
Koʻzgudek qildi seni oʻzini paydo qilgali”.
Hazrat Navoiyning bu gaplarini mushohada qiladigan boʻlsak, uning nazarida XIV-XV asrlargacha yirik forsigoʻylarga teng kela oladigan turkigoʻy ijodkorlar boʻlmagan yoki buyuk ijod namunalari saqlanib qolmagan.
Ha, Alisher Navoiy oʻz ona tili va adabiyotining hayotiyligini mustahkamlash va uning rivoji uchun qaygʻurib, astoydil muntazam kurashgan buyuk tilshunos olim ham edi. Oʻz xalqi adabiyotini ravnaq toptirish va til boyligini rivojlantirish har doim Alisher Navoiy faoliyatining diqqat-markazida turgan dolzarb muammolaridan biri boʻlib kelgan. Shu bois oʻz xalqi oldida turgan bu muammoni hal qilish maqsadida “Muhokamat ul-lugʻatayn” asarini oʻz davrining ijtimoiy-siyosiy va madaniy talablaridan kelib chiqib yozishga qaror qilgan.
– Domla, uzr, gapingizni boʻlaman. “XIV-XV asrlargacha yirik forsiygoʻylarga teng kela oladigan turkiygoʻy ijodkorlar boʻlmagan yoki buyuk ijod namunalari saqlanib qolmagan” degan soʻzlarni eshitish kishiga juda alam qilarkan. Chunki Hazratning oʻzlari “Majolis un-nafois” tazkirasida oʻnlab turkiygoʻy shoirlarning nomini keltiradilar. Taʼbi nozik temuriy shahzodalarni qoʻying, oʻz davrining fozillari sanalmish Mavlono Lutfiy, Gadoiy, Atoiy, Yaqiniy, Haydar Xorazmiy, Mavlono Sakkokiy, Muhammad Ali Gʻaribiy, Muhammad Solih, Mavlono Latifiy, Mavlono Hoji Abul Hasan singari oʻttizdan ortiq shoir va adiblarning nomi zikr qilingan. Nima, ular turkiy tilni bilmaganmi? Yoki turkiyda yozgan shoirlarga qandaydir moneliklar boʻlganmi?
– Navoiy bayonotidagi ogʻriqli nuqta shundaki, zamonning navqiron shoirlari, oʻzlari oʻzbek oilasidan boʻlsalar-da, zamon anʼanasi va oʻzlarini elga tanitishday shuhratparastlik tufayli, asosan, forsiy tilda ijod qilganlar. Albatta, fors adabiyoti hukmronligi anʼanasi taʼsiridan yosh Navoiyning oʻzi ham chetda qolmagan. Dahoning “Muhokamat ul-lugʻatayn”dagi oʻz eʼtiroficha ilk sheʼriy mashqlari forsiy tilda boʻlgan. Faqat kamolot bosqichiga yuksalgani sari oʻz asarida qayd etgan qoidaga amal qilgan: oʻzbek oilasi farzandi boʻlgani uchun ona tilida koʻproq, forsiy tilda ozroq asarlar yaratgan.
Siz hozir tazkirada sanoqqa kirgan shoirlarni sanab oʻtdingiz. Bilasizmi, ularning ozginasi sohibdevon boʻlganlar. Shuning uchun ham Alisher Navoiydek turkiy til va adabiyot bayroqdori nazarida turkiygoʻylar juda oz boʻlib koʻringan.
Bu xususda shoir oʻz armon va istaklarini shunday izhor etadi: “Endiki, turkiy tilning cheksiz imkoniyatlari shunchalik dalillar bilan isbot qilindi, kerak edikim, bu xalq orasidan chiqqan isteʼdod ahli salohiyat va qobiliyatlarini oʻz tillari turganda oʻzga til bilan zohir qilmasalar va ishga solmasalar edi. Agar ikkala tilda ijod etish qobiliyatlari boʻlsa, oʻz tillarida koʻproq yozsalar edi va ikkinchi tilda ozroq aytsalar edi. Agar mubolagʻa qilgudek boʻlsalar, ikkala tilda baravar yozsalar edi”… (“Muhokamat ul-lugʻatayn”).
Haqiqatdan ham Sulton Husayn Mirzo zamoniga kelib manzara bir muncha oʻzgardi. Xuroson adabiyot va sanʼat jannatiga aylandi. Husayn Boyqaro Xurosonning shoir, adib va olimlar mamlakatiga aylangani bilan faxrlanadi. U oʻz zamonidagi adabiyotning umumiy ahvoli, hatto shoirlarning sanogʻigacha sinchkovlik bilan qiziqib maxsus “Risola” ham yozgan edi. Sulton Husayn – Husayniy oʻz risolasida Xuroson mamlakatida mingga yaqin kishilar qalam tebratayotganlarini gʻurur bilan qayd etadi va bu hodisani oʻz zamonining baxt-saodati deb ataydi. Shu barobarinda, “Risola”da mavzuimizga aloqador yana bir gap bor. Yaʼni Sulton Husayn Mirzo risolasida buyuk turkiygoʻylar yoʻqligidan oʻkinadi: “… Lekin maʼnolarning bokira tanasiga (ishlatilmagan nozik maʼnolarga) hech kishi turkona libos kiydirmagandi (turkiy tilda yozmagandi) va oʻsha nozaninlarni bu zebo kiyim bilan jamolini namoyon qilishgacha olib kelmagandi va bu mushk hidli raʼnolar yalangʻochlikda panada qolganlar va bu hurdek zebolar kiyimsizlikdan yuzlarini namoyish qila olmaganlar”.
Bu shohona afsuslar birdan Alisher Navoiy zikrini boshlash bilan faxru iftixorga oʻz oʻrnini boʻshatib beradi: “… Mir Alisher “aslahallohu shonahu”kim, “Navoiy” taxallusi bilan (el orasida) mashhur boʻlgan va sheʼrlarida bu taxallusni qoʻllaydi. U turk tilining oʻlgan jasadiga Masih nafasi bilan jon kirgizdi, bu ruhni topganlar turkiy soʻz oʻrish-arqogʻidan toʻqilgan kiyim va yengil koʻylak kiydilar. Soʻz gulistonida shoirlik navbahoridan jonga rohat bagʻishlovchi yogʻinlar bilan rang-barang gullar ochdi va sheʼriyat daryosiga fikrlar bulutidan parvarishlovchi tomchilar bilan turli durlar sochdi”.
Xoʻp, savolingizning yana bir muhim javobi: Alisher Navoiy davrida oʻzbek shoirlarining koʻproq boshqa tilda ijod qilishlariga asosiy sabab shu boʻlganki, ular oʻzbek tilining ifoda imkoniyatlaridan bexabarliklari tufayli boy adabiy anʼanalari davom etib kelayotgan va nisbatan oson boʻlgan fors tilida ijod qilishgan. Bu hol forslarning oʻzbek tili ijod uchun noqis til degan fikrga kelishlariga sabab boʻlgan. Aslida esa bunga asosiy sabab oʻzbek tili qonuniyatlarining toʻla ishlab chiqilmaganligi, oʻzbek tilining fors tiliga xos boʻlmagan, lekin ijod uchun muhim boʻlgan oʻziga xos xususiyatlari ochib berilgan nazariy asoslari yaratilmaganligidadir.
– Tushundim. Demak, Navoiyning “Muhokamat ul-lugʻatayn” asari hayotiy zarurat tufayli dunyoga kelgan. Xususan, uning yaratilishiga maʼlum maʼnoda zamon podshohi Sulton Husayn mirzoning, asosan, Alisher Navoiyga bagʻishlangan “Risola”si ham maʼlum maʼnoda turtki bergan koʻrinadi.
Domla, endi oʻz-oʻzidan savol tugʻiladi: “Muhokamat ul-lugʻatayn” asari oʻz davri ijodkorlari uchun muhim qoʻllanma sifatida oʻzbek tilining oʻziga xos xususiyatlarini qay darajada ochib bergan? Oʻzbek tili va adabiyotining susaygan badiiy mavqeini koʻtarishda ona tilimizning qaysi jihatlariga ahamiyat bergan?
– Alisher Navoiy bu asarida asosan oʻzbek tilining fors tiliga xos boʻlmagan, lekin ijodkor uchun muhim boʻlgan xususiyatlarni ochib bergan. Shulardan biri oʻzbek tilida fors tiliga nisbatan umumiy tushunchalarni anglatuvchi soʻzlardan tashqari, juzʼiy tushunchalarni bildiruvchi soʻzlarning koʻpligi va ularning ayrimlari fors tiliga ham oʻtgan, ikkinchisi shakldosh soʻzlarning koʻpligi, bunday soʻzlar tajnis va iyhom sanʼatlari uchun zarur, uchinchisi oʻzbek tilida fors tilida boʻlmagan, lekin nutq uchun zarur boʻlgan grammatik shakl va unsurlarning mavjudligi, misol uchun oʻzbek tilida kelishik kategoriyasi bor, fors tilida esa yoʻq. Toʻrtinchisi, oʻzbek tilining fonetik xususiyati qofiya uchun fors tilinikiga nisbatan qulayroqligidir. Asarda shoir oʻzbek tilining ijod uchun muhim boʻlgan qirralari haqida mukammal bayon qiladi.
Bu asarning yozilishida rasmiy ravishda amalga oshirilgan qator siyosiy islohotlar ham maʼlum ahamiyat kasb etgan. Yaʼni, Alisher Navoiy suyangan togʻ – Husayn Boyqaroday maʼrifatparvar hukmdor boʻlsa-da, turkiy til va adabiyot taraqqiyoti uchun kurashish va yana kurashish lozim edi. Navoiy amalda oʻz ona tilining mislsiz boyligi va adabiyotining qudratli ekanligini oʻz badiiy va ilmiy ijodi bilan doʻndirib qoʻygan boʻlsa-da, “Oldingdan oqqan suvning qadri yoʻq” deganlaridek, nafaqat forsiygoʻylar, baʼzi turkiygoʻylar ham Alisher Navoiy dahosini u tirikligida aniq tasavvur eta olganlar, deb boʻlmaydi. Shuning uchun Navoiy oʻz tilida soʻzlashuvchi qalam ahliga, ziyolilarga “Muhokamat ul-lugʻatayn” nomli bayonnoma bilan yuzlandi. Ularga oʻzbek tilining mislsiz boyligi, badiiy soʻz yaratish uchun qulay imkoniyatlari cheksizligini jonbozlik bilan kashf qilib berishni oʻz oldiga ulugʻ maqsad qilib qoʻydi va bu buyuk himmati uning uzil-kesil muvaffaqiyatini taʼminladi.
Oʻzbek tili olami nechogʻlik hayratlarga arzirli ekanligini Alisher Navoiy ijodkorga shunday manzur etadi: “Shuur yoshiga qadam qoʻyilganda Haq subhona va taolo taʼbimga gʻaroyibotlar sari maylni zotiy, diqqat va zahmatkashlikka jasoratni tugʻma qilgani uchun mushohada va mulohaza meni turkiy tilga yoʻlladi: shunday zeb-ziynatli bir olam koʻz oldimda namoyon boʻldiki, oʻn sakkiz ming olamdan ortiq va tabʼimga shunday fazlu yuksaklik osmon tabaqasi ochildiki, toʻqqiz falakdan ortiq hamda bir xazina uchradiki, durlari yulduz gavharlaridan ham yorugʻroq, bir gulshan yoʻliqdi: gullari osmon sayyoralaridan porloqroq, maskani atrof-tevaragi el oyogʻi yetmakdan forigʻ va gʻaroyib narsalari begona qoʻllar daxlidan omonda. Ammo xazinasining iloni qonxoʻr va gulshanining tikanlari son-sanoqsiz. Xayolga keldiki, bu ilonlar nishi nashtaridan qoʻrqib isteʼdodli oqillar bu xazinadan bahra topmay oʻtiptilar va koʻnglimdan shunday kechadiki, goʻyo bu tikanlar ninalari zararidan nazm ahli guldastachilari bazm tuzishga yetarli gul teraolmay chetlab ketib qolibdilar”.
Savolingizning ikkinchi qismiga kelsak, “Muhokamat ul-lugʻatayn” asarini chuqur tadqiq qilgan akademik Alibek Rustamovning qayd qilishicha, Alisher Navoiyning oʻzbek xalqiga til jihatidan koʻrsatgan bebaho xizmatlaridan biri shu boʻlganki, u oʻzbek tilini oʻziga qadar oʻzbek adabiy tilida ishlatilmagan turkiy lahjalardagi soʻzlardan unumli foydalanib, ularning adabiy tilda saqlanib qolishiga erishgan va bu bilan adabiy tilni yangi soʻzlar bilan yanada boyitgan. Ikkinchi xizmati shuki, u mavjud soʻzlar va qoʻshimchalar asosida oʻzicha yangi soʻzlar yaratgan va badiiy talablarga javob beradigan lugʻaviy birliklarni hosil qilishning nozik va ajoyib usullarini kashf qilgan. Uchinchisi turkiy lahjalar va folklordan unumli istifoda qilib adabiy tilda oʻzigacha ishlatilgan soʻzlarni yangi maʼnolar bilan boyitgan.
Alisher Navoiyning toʻrtinchi buyuk xizmati shundan iborat boʻlganki, u til lugʻat fondi va sheva soʻzlari hisobiga adabiy tilning soʻz shakllari, sintaktik gap tuzilishlarini koʻpaytirib ularning maʼno va qoʻllanilish doiralarini kengaytirdi. Mana shu xizmatlari tufayli oʻzbek adabiy tilining istifoda imkoniyatlari kengaygan, estetik qimmati yuksak darajaga yetgan, qolaversa, ilmiy-badiiy qudrati ham oshgan.
– Alisher Navoiy Sohibqiron Amir Temur saltanatining tiklanishi bilan oʻzbek tiliga davlat va adabiyot tili sifatida keng imkoniyatlar eshigi ochilgani, ammo tuzukkina turkiy shoirlar boʻlmagani, faqat Shohrux Mirzo zamoniga kelib Sakkokiy, Haydar Xorazmiy, Atoiy, Muqimiy, Amiriy, Yaqiniy va Gadoyidek bir guruh yaxshi turkiygoʻy shoirlar yetishib chiqqanini qayd etadi.
Amir Temurning oʻz farmonlarini ona tilida yozdirgani Muhammad Haydar mirzoning “Tarixi Rashidiy” nomli fors tilida Kashmirda yozgan (1541–1546) tarixiy asarida aniq koʻrsatilgan. Davlat hujjatlarini uygʻur baxshilari yozishgani inobatga olinsa, bu asardagi ushbu buyruq parchasiyoq Sohibqiron farmonining ona tilida yozilganiga shak-shubha qoldirmaydi. Chunki forsiy tilda bitilgan kitobga, agar Amir Temur farmoni-hujjati hurmati boʻlmaganda Sohibqiron buyrugʻi tugʻrosida “Suyurgʻatmish yorligʻidin Temur Koʻragon soʻzum” singari oʻzbek tilidagi soʻzlar kiritilmas edi. Ammo Husayn Boyqaro davrida til masalasi davlat siyosati darajasiga yetgan ekan-da.
– Xuddi shunday. Sulton Husayn mirzo Shohrux Mirzo davlatidagi oʻzbek tili va adabiyoti taraqqiyotini endi oʻz davrida yanada yangi, yuksak bosqichga koʻtarishga harakat qildi. Alisher Navoiy saʼy-harakati, oʻz ona tili boʻlgan oʻzbek tiliga hurmat va eʼtiqodi tufayli oʻzi ham turkiy tilda ijod etib, sohibdevon shoir sifatida nom qozondi va oʻzbek tili va adabiyotiga davlat ahamiyatiga molik ish sifatida qarab, maxsus buyruqlar chiqarib, oʻzbek oilasidan chiqqan isteʼdodlarni ona tilida ijod qilishga chorladi.
U yoki bu tilning soʻz boyligi, til qonuniyatlarining mukammalligi va qudratli adabiyot yaratish imkoni muayyan til boyligi, soʻzlarning yaqin maʼnoli yoki maʼnodosh soʻzlarga boyligi hamda bir soʻzning bir necha maʼnoda kelishi bilan ham izohlanadi. Navoiy “yigʻlamoq” tushunchasi forsiyda “giristan” boʻlsa, oʻzbek tilida uning yaqin maʼnodoshlaridan yigʻlamsinmoq, ingramoq, singramoq, siqtamoq, oʻkurmak, inchkirmak singari shakllari borligi va ularning har biri yangi-yangi maʼno va taʼsirchanlik ifodasi bilan tafovutli ekanligini uqtiradiki, bu hisobda forsiy va turkiy tildagi soʻz nisbati yettiga bir boʻlgan.
“Muhokamat ul-lugʻatayn” muallifi nazariyotchi va amaliyotchi tilshunos sifatida oʻzbek tili lugʻat boyligi, fonetik va morfologik hodisalar tufayli tushuncha ifoda va maʼno imkoniyatlari chek-chegarasizligini birma-bir dalillar ekan, turkiy tilining mislsiz boy va taʼsirchan, badiiy qudrati ortiq ekanligini oʻz ijodi tahlilida namoyish etib ulgurgan. Navoiy ijodining birinchi buyuk tadqiqotchisi Sulton Husayn mirzo boʻlib, unga “Risola” bagʻishlagan boʻlsa, ijodining umumlashma bahosini Navoiyning oʻzi ushbu asarida ikkinchi boʻlib bergandir. Savol tugʻiladi: nega Navoiyning oʻzi “Muhokamat ul-lugʻatayn”da oʻz ijodining oʻzbek adabiyotidagi oʻrnini bunchalik jonkuyarlik bilan tahliliy aniqlashtirishga urindi?
Xuddi Abulgʻozi Bahodirxon “Shajarai turk” asarida ota-bobolari va oʻz tarixini oʻzi yozganidek, Navoiy ham uning ijodiga Sulton Husayn mirzo “Risola”sidan keyin maxsus tadqiqiy yondashuvchi asar oʻzbek tilida yozilmasligini xuddi bilgandek, bu ishni qildi. Toʻgʻri, Alisher Navoiy hayoti, faoliyati, shaxsi, siymosi, ijodiga doir tavsifiy-tahliliy talqinlar Gʻiyosiddin Muhammad Xondamirning “Makorim ul-axloq” asarida maxsus, Abdurahmon Jomiyning oʻndan ortiq asarlarida, Zayniddin Mahmud Vosifiyning “Badoyeʼ ul-vaqoyeʼ” esdaliklarida, Muhammad Haydar Mirzoning “Tarixi Rashidiy”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Vaqoyeʼ” (“Boburnoma”) singari memuar va talay tarixiy asarlar, dostonlarida ham mavjud. Biroq “Boburnoma”dan boshqalari, hammasi forsiy tildagi asarlar ekanligini inobatga olsak, Navoiyning oʻz ijodiga tahliliy-nazariy daxli juda toʻgʻri boʻlgan. Negaki daho Navoiy ijodining shu darajadagi tahliliy maʼrifati, kim biladi, XV asr ziyolilari, xususan oʻzbek adib va shoirlari uchun maʼlummidi yo yoʻqmi…
Bundan-da muhimi: oʻzbek tilining jahonshumul asarlar yaratishga qodir buyuk soʻz xazinasi ekanligini Navoiydan boshqa qaysi soʻz sanʼatkori ijodida isbotlash imkoni bor edi?
Shunga koʻra Navoiy oʻz ijodi ona tili va adabiyotining oliy namunasi ekanligini yaxshi bilardi. Shuning uchun ham asar muallifi oʻz oliy maqsadi – oʻzbek adib va shoirlarini ona tilida yozishga ragʻbatlantirish va chorlash uchun oʻz-oʻzini, oʻz ijodini tahliliy kashf etishga burchli ham edi.
– Rahmat, domla. Biz til haqidagi muloqotimizga asosan Hazrat Navoiyning “Muhokamat ul-lugʻatayn” asarini asos qilib olishimizdan maqsad shu ediki, Hazrat ona tilimizning barcha yutuqlarini nazariy jihatdan muxtasar tahlilu talqin etib, nohaq hasadgoʻylar daʼvolarini chilparchin qilib, bu masalaga uzil-kesil nuqta qoʻydi. Bu ulkan muammoni u quruq daʼvo bilan emas, balki chuqur asosli dalillar, yorugʻ fikrlar, teran ilmiy mulohazalar bilan hal qilib berdi. Buyuk dahoning bu jonbozligi asrlar osha bizga ibrat boʻlib kelmoqda.
Suhbatdosh: Alisher NAZAR
“Yoshlik”, 2014 yil 10-son
https://saviya.uz/hayot/suhbat/til-ruhimiz-tarjimoni/