Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 28 yil toʻldi. Oʻtgan davr ichida oʻzbek adabiy tilini shakllantirish, uning maqomini yanada oshirish yoʻlida xayrli va eʼtiborga molik ishlar qilindi. Davlatimizning rasmiy hujjatlari ona tilida rasmiylashtiriladigan boʻldi. Oʻzbek tili ilmiy til sifatida ilm-fanning deyarli barcha tarmoqlarida foydalaniladigan, ilmiy tadqiqotlar shu tilda bajariladigan va himoya qilinadigan darajaga koʻtarildi. Oʻzbek tili shakllanishi haqida gap ketganda XX asr boshlarida tilimiz taraqqiyotida oʻziga xos oʻrin tutgan professor Abdurauf Fitratning ilmiy faoliyati haqida toʻxtalib oʻtish oʻrinli.
Abdurauf Fitratning oʻzbek tilshunosligida muhim oʻrin tutgan xizmatlaridan biri uning til taraqqiyoti haqidagi qarashlaridir. Olim “Adabiyot qoidalari” nomli adabiyotshunoslikka bagʻishlangan asarida oʻzbek tili lugʻat boyligining taraqqiyoti masalasiga toʻxtalib oʻtib, shunday yozadi: “Uch yoʻl bilan tilimizga yangi soʻzlar kirgizishni talab etmasak, tilimizni boyishdan toʻxtatgan boʻlamiz. Bular, yangidan yasaymiz (uchgʻich), yotlardan olarmiz (elektrik), unutilib ketgan eski soʻzlarni yangidan kirgizarmiz (qurultoy)”.
Olimning nazarida, milliy tilni rivojlantirishning asosiy omillaridan biri har bir tilning oʻz ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib soʻz yasashdir. Fitratning bu sohadagi qarashlari bugungi tilshunoslik qarashlari bilan aynan mos keladi. Hozirgi oʻzbek tilida ham lugʻat boyligini oshirishning samarali yoʻllaridan biri oʻzbek tilining oʻz ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib soʻz yasash hisoblanadi.
Fitratning oʻzi misol qilib keltirgan uchgʻich soʻzi ana shu asosda hosil qilingandir: uch (oʻzak, oʻzbekcha soʻz) + -gʻich (qoʻshimcha, oʻzbekcha qoʻshimcha), ularning birikishidan hosil boʻlgan hosila – uchgʻich. Tilning ichki imkoniyatidan kelib chiqib yasalgan bunday soʻzlar tilni boyitadi, shu bilan birga, uning sofligini, tozaligini taʼminlaydi.
Fitrat tildagi yangi bir hodisani tilning oʻz ichki imkoniyati orqali ifodalash imkoni boʻlmasa, u holda boshqa til atamalarini qabul qilish kerakligini ham uqtiradi. Bunday olinma soʻzlar oʻzbek tili qonuniyatlariga toʻgʻri kelishi kerak. Shuning uchun ham olim “Tilimiz” sarlavhali maqolasida jonkuyarlik bilan shunday yozgan edi: “Hozirgi soʻzlarimizdagi arabcha, forsiychalardan bir nechasi uchun turkcha topilmaydur, desangiz toʻgʻridir. Biz ham unlarni chiqarmoqchi emasmiz. Unlarni olurmiz, lekin oʻzimizniki qilurmiz. Turkchalashtirurmiz”.
Bu bilan olim olinma soʻzlarni oʻzbek tilining fonetik, morfologik, sintaktik qonuniyatlariga moslashtirishni ilgari suradi. Olinma soʻzlarning ayrimlarini til qonun-qoidalariga moslashtirish imkoni mavjudligi uchun ham Fitrat shunday xulosaga kelgan edi. U “qavoidi sarfiya“ birikmasini aynan shu tarzda olgan edi. Bu birikmaning birinchi soʻzi “qavoid” – qoida soʻzining koʻpligi boʻlsa, “sarfiya” esa morfologiyaga toʻgʻri keladi, soʻz birikmasi tarkibidagi birliklar arab tilining ichki qonuniyatlari asosida birikkan. Olim bu birikmani sarf qoidalari tarzida oladi va tilimizning milliy xususiyatlarini saqlashga, uning ichki qonuniyatlariga amal qilishga harakat qiladi.
Tillarni taraqqiy qildirishning uchinchi yoʻli eski soʻzlarni “qayta tiriltirish”, yaʼni isteʼmolga kirgizishdir. Fitrat bu oʻrinda arxaik tarixda ishlatilgan soʻzlarni isteʼmolga kiritishni nazarda tutadi. Bu omil taraqqiyot taʼsirida unutilib ketgan soʻzlar bilan tilning boyishini taʼminlasa, ikkinchi tomondan nutqni osonlashtiradi va yot soʻz qabul qilishga ehtiyoj qoldirmaydi. Istiqlolga erishganimizdan soʻng qozi, hokim, tuman, viloyat singari qanchadan-qancha eskirgan kalom sifatida sobiq shoʻrolar davrida isteʼmoldan chiqarilgan soʻzlarga qayta hayot bagʻishlandi va bugungi kunda ular tilimizning keng isteʼmol qatlamiga kirib ulgurdi.
Hozirgi oʻzbek adabiy tilida shevadan soʻz olish ham tilning ichki imkoniyati deb qaraladi. Abdurauf Fitratning bu masalaga munosabati qanday edi? Olim “Oʻzbek tili qoidalari toʻgʻrisida bir tajriba: Sarf, Nahv” nomli oʻzbek tili darsligining soʻz boshisida bu haqda toʻxtalgan va oʻzbek shevalariga oʻz munosabatini quyidagicha bildirgan edi: “Bilamizki, bizning shaharlarimiz yuzlab yillardan beri arab, forsiy adabiyotning hukmi ostida yashaydir. Shuning uchun bizda shahar tili buzulgʻondir. Tilimizning sof shaklini daladagʻi el-aymoqlarimizda koʻra olamiz”.
Olima Muhabbat Qurbonova Abdurauf Fitratning oʻzbek tili sofligi uchun kurashchi sifatidagi faoliyatiga yuqori baho berib, quyidagilarni yozadi: “…Bu borada u (Fitrat) oʻzbek xalqining buyuk mutafakkiri Alisher Navoiydan keyin ikkinchi oʻrinda turadi. Fitratning tilimiz haqidagi orzu-armonlari hazrat Navoiyning fikrlari bilan hamohang…”
Fitrat tilshunos olim sifatida oʻzbek tilining soʻz boyligi, ichki imkoniyatlari, grammatik qoidalarining tugalligi jihatidan boshqa tillardan qolishmasligini oʻz asarlarida koʻp bora taʼkidlaydi. XX asrning 20-yillari boshida respublikamizda boʻlib oʻtgan Til va imlo qurultoyida nutq soʻzlagan olim masalaga quyidagicha yondashgan edi: “Tilimizdagi soʻz boyligi, ishtiqoq kengligi, qoida tugalligi, sarf-nahv ingichlari boshqa sharq tillaridan qolishmas. Bu toʻgʻrida fors tillarini butunlay keyinga qoldiradir”.
Abdurauf Fitrat boshqa tillarni kamsitmagan holda oʻz tilining sofligi va boyligi uchun kurashgan olim edi. Darhaqiqat, uning bu boradagi xizmatlari, saʼy-harakati Alisher Navoiyning ilmiy faoliyati bilan toʻla maʼnoda hamohangdir.
Eshpoʻlat JABBOROV,
filologiya fanlari nomzodi
“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.
https://saviya.uz/ijod/tilshunoslik/til-qanday-boyiydi/