(Tilshunos olim, murabbiy Ayyub Gʻulomov tavalludining 100 yilligiga)
Milliy universitet filologiya fakultetida xizmat qilgan men tengi domlalar bu tabarruk zotga – zamonaviy oʻzbek tilshunosligi ilmiy maktabiga asos solgan allomaga erkalik qilib “Ayyub aka” deb murojaat etardik. Talabalik yillarimni ham qoʻshganda Ayyub aka bilan 35 yillik umrimiz shu dargohda oʻtdi. Sohamiz boshqa – u kishi tilshunos, men esa adabiyotshunos, u kishi oʻzbek tilshunosligi kafedrasi mudiri, kamina esa hozirgi oʻzbek adabiyoti kafedrasi domlasi, soʻng mudiri boʻlsam-da, u bilan deyarli har kuni uchrashib turardim. Turli yigʻin, kengashlarda, qizgʻin bahs-munozaralar bilan oʻtadigan anjumanlarda birga ishtirok etar, koʻpincha yonma-yon oʻtirardik. Oʻtgan asr 60-70-yillari universitet domlalari uchun ajratilgan yangi mahallada hovli-joy qurib birga hammahalla boʻlib yashash nasib etdi. Domlaning umr yoʻldoshi Saidaxon bilan mening rafiqam bir maktabda muallimalik qildilar, oʻgʻlim Boburjon bilan Ayyub aka va Saidaxonlarning suyukli farzandi Ravshanjon bir maktabda oʻqib, bolalikdan ogʻa-ini doʻst tutingan edilar, bu doʻstlik rishtalari hozirga qadar davom etadi…
Nihoyatda koʻrkam, adlqomat, ozoda, saranjom-sarishta, chehrasidan nur yogʻilib turadigan bardam-sogʻlom bu zot yuz yil yashasa kerak, deb yurardim. Unday boʻlmadi. Butun umri, ilmiy-pedagogik faoliyati mustabid tuzum bosimi, talotumlari, mafkuraviy-siyosiy tazyiqi ostida kechgan bu benazir olim asl maslagi, orzu-intilishlari, dardu alamlari, hasratlarini ichiga yutib-yutib, hatto eng yaqinlariga ham ularni oshkor etmay, etolmay 70 yoshga yetmay birdan choʻkib qoldi, ogʻir yurak xastaligiga uchradi, 72 yoshida olamdan oʻtdi. Domlamiz oramizdan ketishi bilanoq, universitet, mahalla, til ilmi, qolaversa, mening hayotimda tiklab-tuzatib boʻlmas bir kemtiklik, oʻpirilish yuz berdi.
Milliy tilshunosligimiz safida biri biridan qolishmaydigan yetuk allomalar koʻp, ammo men bilganlar, yaqindan muloqotda boʻlganlar orasida Ayyub aka bittagina, u benazir, betakror, unga yaqin keladigan boshqa hamsuhbat tilshunos olimni, murabbiyni koʻrmadim, topmadim.
Domlaning auditoriyada, minbarda oʻzini tutishi, chaqqon xatti-harakatlari, dars oʻtish, maʼruza oʻqish, soʻzlash tarzi, darslik, oʻquv qoʻllanma, ilmiy asarlarining betakror ifoda tarzi hammani birdek maftun etar, u kishini shaxsan tanimagan, koʻrmagan, uning nutqini, maʼruzalarini tinglamaganlar ilmiy asarlari, oʻquv darslik qoʻllanmalarini bir qayta oʻqib koʻrsinlar-a, ularda bu zotning shaxsiyati, soʻzlash tarzi, ohangini baralla tasavvur etishlari mumkin.
Olimning bundan 60 yil muqaddam 1954 yili chop etilgan “Feʼl” risolasidan mana bu parchani oʻqib koʻring-a. (U bizga maʼruza oʻqigani ilk bor kirganida, shu havo rang muqovali kitobcha qoʻlida borligi yodimda, lekin u maʼruza chogʻi biror marta ham kitob sahifalariga qaragan emas). Risola dabdurustdan mana bunday boshlanadi:
“Feʼl harakat yoki holatni ifodalovchi soʻz turkumidir. Feʼllardagi bu leksik xususiyat ularning ikki toʻdaga ajralishiga asos boʻladi: harakat feʼllari va holat feʼllari. Feʼldan anglashiladigan bu harakat va holat odatda shaxs yo predmet bilan bogʻlangan boʻladi” (3-bet).
Hech qanaqa “kirish”siz feʼlga berilgan loʻnda taʼrif, barchaga birdek tushunarli, harakatdagi jumlalar…
Kitobning oxirrogʻidan yana bir misol:
“Tush feʼli: odatda ravishdoshning ikkinchi turi bilan birikadi… Maʼnosi: harakatning joʻnalish yoʻli; tugallik, maʼnoning kuchayishi: qarol bolaning egni tutday toʻkildi, yenglari uzilib tushdi, qorni toʻymagani ustiga kiyimning dardi boʻlib, bola bechora gulday soʻlib tushdi (folklordan).
Chiq feʼli: bu ham ravishdoshning ikkinchi turi bilan birikadi. Maʼnosi: ishning bajarilishi, uzoq davom etganligi: romanni oʻqib chiqdi, rasmlarni koʻrib chiqdi, bola kasallandi, bu kecha yigʻlab chiqdi. Bu apparatni kim oʻylab chiqargan?” (81-bet).
88 sahifalik risola boshdan-oxirigacha ayni shu tarzda, shu ohangda, shu usulda bitilgan… Shu satrlarni bugun qayta mutolaa qilayotgan chogʻimda domlamizning oltmish yil burun universitet auditoriyasida feʼl turkumi mavzusida oʻqigan gʻoyat maroqli maʼruzasidagi holati, xatti-harakatlari shundoqqina koʻz oldimda gavdalandi, soʻzlash yoʻsini, ohangi baralla eshitilib turdi.
Men Ayyub akaning soʻzlash, yozish tarzi, ifoda usulini unga zamondosh adiblardan Abdulla Qahhor uslubiga oʻxshataman. Adib asarlarida, xususan, hikoyalarida har bir soʻz oʻz joyida, gap tuzilishi sodda, aniq, pishiq-puxta, gapda birorta ham ortiqcha unsur yoki kemtik – chala-chulpa holatni topolmaysiz. Jimjimador, yaltiroq, bezakdor jumlalarsiz, oshkora his-hayajon, oh-vohlarsiz ham sodda, loʻnda jumlalar orqali adib nishonga bexato uradigan teran maʼnodor matnlar tuza oladi, ularda oʻquvchi dilini oʻziga mahliyo etadigan sirli-sehrli ohang baralla yangrab, eshitilib turadi. Men bilgan tilshunoslar orasida faqat Ayyub aka ilmiy asarlaridagina shunday shoirona ruh, jozibador ohang bor!
Ayyub aka nihoyatda intizomli shaxs boʻlgan. Biror tasodif boʻlib qolmasa, uning universitetga borishi va qaytishi vaqti aniq tayin edi. U yurganda qaddini adl tutib bir maromda odim tashlar, bu maromini aslo buzmas, belgilangan maromdan tez ham, sekin ham yurmas edi. Universitetga yayov borish yoki qaytish muddati hech qachon 20 minutdan oshmas edi. Men ham imkon qadar uning shu tartib-rejimiga qarab ish tutar edim. Endi eslab koʻrsam, oʻsha 20 minutlik borib-kelishlarimiz hech mahal behuda oʻtmagan ekan. Oʻsha chogʻlardagi gurunglarimizning har biri muayyan mavzuga bagʻishlanardi.
Ayyub aka oʻz sohasi bilan cheklanmay, adabiyot, adabiyotshunoslikdagi yangiliklardan muntazam xabardor boʻlib borar edi. Milliy adabiyot bu yoqda qolib, rus va jahon adabiyotidagi, jumladan, “Literaturnaya gazeta”, “Noviʼy mir”, “Drujba narodov”, “Inostrannaya literatura” sahifalaridagi yangiliklarni, bahs-munozarlarni muntazam kuzatib, oʻqib borardi. Bir gal “Literaturnaya gazeta” sahifalarida ketayotgan “Liriklar va fiziklar” mavzusidagi bahs ustida soʻz ochib, bahslashayotgan azamatlar Sharq tarixini, Sharq adabiyoti va fanini yaxshi bilmaydi-da. Ozod, Matyoqub, Norboy, Siz shu bahslarda qatnashib bizda olimlar shoiru, shoirlar olim boʻlganligini, bu anʼana hozir ham davom etayotganligini, loaqal, Ibn Sino, Navoiy, Bobur, Fitrat, Oybek, Shayxzoda, Izzat Sultonlar misolida koʻrsatsalaring boʻlmaydimi, deya taʼna qildi. Soʻzi tasdigʻi uchun yana koʻplab misollar keltirdi.
Domla oʻsha kezlari faol ijod etayotgan adabiyotshunos munaqqidlarning aqida, saviya, darajasini yaxshi bilar, ularga odilona baho berardi. Gurunglarimizdan birida L. Qayumovning Hamza haqidagi salmoqdor kitoblari haqida soʻz ochib, uning yutuq va kamchiliklari ustida batafsil toʻxtaldi. Bugun eslab koʻrsam, oʻshanda aytgan koʻp mulohazalari yodimdan koʻtarilibdi, ammo bir jumla – mana bu gapi esimda qolibdi: “Lazizxon Hamza hayoti va ijodini sinchkovlik bilan ikir-chikirlarigacha teshiribdi, Hamzaga daxldor boʻlsa, uyi tokchasida yotgan ignani ham kitobiga kiritibdi”. Topib aytilgan qahhorona loʻnda, obrazli gap, kitobga berilgan odilona baho!
Oʻzgalarga, safdoshlariga baho berishda domla nihoyatda ehtiyotkor, talabchan boʻlgan. Ozod akaga, uning oʻzi aytganiday, sirtdan befarqroq qarasa-da, aslida, uni nihoyatda hurmat qilar, qadrlar, universitet sport zalida voleybol mashqlarida bir komandada birga muntazam qatnashar, ammo ilmiy munozaralarda koʻp hollarda dilidagini oshkora aytavermasa-da, ichida uning yonini olardi. Bir gal adabiyot gazetasida Ozod akaning bir chiqishi munosabati bilan keskin ruhdagi tanqidiy maqola bosildi. Yoʻl-yoʻlakay, shu haqda soʻzlashib bordik. Oxirida u “Haq gapni aytishda yozuvchilardan Abdulla Qahhor bitta edi. Hozir tanqidchilar ichida bu borada Ozod bitta! Ozod akangizga ayting, oʻzini ehtiyot qilsin. Yuqoridan shapkasini ol desa, quyida kallasini oladiganlar borligin unutmasin”, dedilar.
80-yillar boshlarida boʻlsa kerak, universitetdan birga qaytish chogʻi “Oʻtkan kunlar” romanining til, imlo xususiyati, xususan, 1926 yilgi nashrida soʻzlardagi – gan, – ga, – kan, – lik kabi qoʻshimchalarning – gʻan, – gʻa, – qan, – liq ga aylantirilgani, bu hol asar mutolaasida bugungi kitobxon uchun qiyinchilik tugʻdirayotgani ustida soʻz ochib, nega shunday boʻlgani sababini soʻradim. Faqat bu romanda emas, adibining 20-yillari matbuotda chiqqan boshqa asarlarida, publitsistik maqolalarida ham shunday hol koʻzga tashlanadi. Qiziq, Qodiriyning 1914–1920 yillar oraligʻida, keyinroq 30-yillarda bitgan asarlarida bu hol kamdan-kam uchraydi. Afsuski, muayyan sabablarga koʻra, adib asarlarining asl qoʻlyozma nusxalari saqlanmagan, asliyatda qanday ekanligini bilmaymiz. Eshitishimcha, 20-yillar boshida qabul qilingan imlo qoidasiga koʻra – gan, – ga, – kan, – lik kabi qoʻshimchalarni – gʻan, – gʻa, – qan, – liq shaklida yozish nazarda tutilgan ekan. Bu qoida lotin alifbosiga oʻtilgunga qadar amalda boʻlgan… Shunisi ham borki, yozuvchi iborasi bilan aytganda, roman matnida bu qoidani buzib qoʻyadirgan hollarga har qadamda duch kelamiz: bir sahifaning oʻzida – gan, – ga, – kan, – lik qoʻshimchalari bilan bitilgan soʻzlar ham yondosh holda kelaveradi. Demak, bu borada izchillik boʻlmagan.
Darhaqiqat, lotin alifbosiga oʻtilganidan keyin, ayrim istisnolarni hisobga olmaganda, asl holatga – gan, – ga, – kan, – lik shakllariga qaytildi. Oʻsha qoida amalda boʻlgan davrda chiqqan asarlardagi holat keyingi nashrlarida oʻzgartirildi. Oybek, A. Qahhor, Gʻ. Gʻulom, H. Olimjonlar avvalgi imlo qoidalari boʻyicha chiqqan asarlari matnini keyingi nashrlarida yangi qoidaga moslashtirganlar. Qodiriyning “Jinlar bazmi”, ayniqsa, “Uloqda” hikoyalari ham 1936 yilgi nashrida ham uslub, ham imlo jihatidan jiddiy tahrir qilingan.
Afsus, adib “Oʻtkan kunlar”ni yangi sharoitda yangi imlo qoidasiga oʻz qoʻli bilan moslashtirishga ulgurolmay dunyodan oʻtib ketdi. Romanining 1925 yilda chiqqan birinchi boʻlimiga ilova qilingan “Uzr” sarlavhali izohnomasida u afsus-nadomat bilan asarning “imlosi uch-toʻrtta imlochilarimiz tomonidan tuzatilib (!) ajoyib bir quroq holiga keldi”, deb yozadi. “Roʻmanning ikkinchi boʻlimini bunday xatolardan sof boʻla olishiga vaʼda bera olmasligini” ham pisanda qilib oʻtadi.
Shu haqida soʻz ochganimda Ayyub aka: “Darhaqiqat, 20-yillarda siz tilga olgan Til va imlo qurultoyidan boshlab to yangi lotin yozuviga oʻtgunga qadar ayni shu til va imlo masalasi tevaragida qizgʻin bahs-munozaralar davom etgan, – deya soʻzini davom ettirdi. – Yana bir necha bor ayni shu masalaga bagʻishlangan qurultoy, muhokama majlislari boʻlib oʻtdi, matbuotda qizgʻin munozaralar davom etdi. “Chigʻatoy gurungi” aʼzolari bu harakatning boshida turgani bois, garchi gurung 1922 yili tarqatib yuborilgan boʻlsa-da, ular ilgari surgan gʻoyalar harakatda davom etaverdi. Chigʻatoychilar ona tilimizni arab, fors tillari taʼsiridan xalos etishga, ayni paytda, uni bostirib kelayotgan rus va boshqa Ovropa tillari tahdididan asrash, himoya qilish, umumturk tillariga xos qadriyatlarni tiklash, turli usutuvor sheva boyliklarini muomalaga olib kirish yoʻlidan bordilar. Bu borada goho haddidan oshish hollari ham boʻlgan. Bahslar chogʻi imlo bobida bir xulosaga kelish qiyin kechgan. Boya siz eslatgan “Oʻtkan kunlar” matnidagi “tuzatish” – tahrirlar ana shunday oʻzboshimchalik oqibati ekani ayon. Oʻsha yillari vaqtli matbuot, nashriyot tahririyatlarida Qodiriy aytgan “imlochilar” ayni shu yoʻsinda faoliyat olib borganlar.
Bu muammoni shu holda qoldirib boʻlmaydi. Bu – Qodiriydek soʻz sanʼatkoriga, “Oʻtkan kunlar”dek benazir asarga, qolaversa, jonli adabiy tilimizga zugʻumdan boshqa narsa emas. Muhimi, romanning ilmiy akademik nashrini tayyorlash, asar matnini Qodiriyga yarashmaydigan shu xil sunʼiylik, dagʻallik, har xilliklardan xalos etish kerak. Zarurat tugʻilsa, bu ishga bosh qoʻshishga men tayyorman…”
Azizlar, yuqorida keltirilgan Ayyub akaning soʻzlari matnini aynan tiklashga, ochigʻi, qurbim yetmadi, faqat nutq mazmunini bor holicha qogʻozga tushirishga urindim, xolos. Buning uchun Sizlardan uzr soʻrayman. Afsus, bu orada Ayyub aka betob boʻlib qoldi, ancha vaqt davolandi, avvalgi holiga qaytmadi, oxiri, olamdan oʻtdi… 90-yillarga kelib shoʻro zamonida jiddiy tahrir, qisqartirishlar bilan chiqqan “Oʻtkan kunlar” oʻrniga 1926 yilgi nashri asl nusxa namunasi sifatida qayta chop etildi, shundan beri u qayta-qayta chop etilayotir. Adib hayotligida lotin alifbosida bosilgan 1933 yilgi nashrida bu borada ancha-muncha tahrir, tuzatishlar bor edi. Bu nashr negadir hozirga qadar eʼtibordan chetda qolib kelayotir…
Kishiga taskin beradigan jihati shundaki, qodiriyshunoslik bugun balogʻat yoshiga koʻtarilgan, Qodiriy armonini, Ayyub akadek til ilmi shoirining takliflarini yuzaga chiqarish, “Oʻtkan kunlar”dek noyob romanning ilmiy-akademik nashrini tayyorlashga qodir zukko adabiyotshunos, matnshunos, tilshunoslarimiz bor, endigi butun umidimiz ulardan.
Umarali NORMATOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Fan arbobi
“Sharq yulduzi”, 2014–1
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/til-ilmining-shoiri/