El-ulus orasida «Nobakor, yolg‘onchi va nohalol kishilar bu tosh orasidan o‘ta olmaydi», degan qarash qanchalik haqiqat?
Teshiktosh atrofi deyarli har kuni gavjum. Uzoq-yaqindan kelgan hamyurtlarimizga, ahyon-ahyonda esa xorijlik sayyohlarga ko‘zingiz tushadi. Ko‘z ilg‘amas sahnga ega, tep-tekis bag‘rikeng ushbu tepalikning shundoqqina qarshisida ikki yuz ellik tonnacha keladigan ulkan xarsangtosh yaqqol ko‘rinib turadi. Qizig‘i, toshni o‘n yashar bola ham bemalol tebrata oladi. Xo‘sh, buning sir-sinoati nimada ekanini bilasizmi?
Nurota tog‘ tizmasining janubiy tarmoqlaridan biri Oqtov nomi bilan ataladi. Dengiz sathidan roppa-rosa ikki ming metr balandlikda joylashgan tog‘ning uzunligi yetmish, eni salkam o‘n chaqirimni tashkil etadi.
G‘aroyib tabiat obidasi – Sangijumon intruziv-granit massivining dovrug‘i yetti iqlimga yetgan. Uning antiqa shakl va ko‘rinishdagi toshlari odamni xuddi ohanrabodek o‘ziga jalb etadi.
Bu maskanning tarixi uzoq. Olimlarning t axminlariga ko‘ra, ushbu tog‘ ikki yuz sakson million yillar muqaddam yer qa’ridan ko‘t arilgan suyuq va qaynoq magmatik jinslardan paydo bo‘lsa-da, o‘z vaqtida yer qobig‘ini yorib chiqa olmasdan taxminan ikki yuz ellik ming yillar avval ma’lum chuqurlikda qotib qolgan ekan.
Qimirlovchi ulkan toshning janubida yana bir bahaybat granit toshga duch kelasiz. U uzoq o‘tmishda Sangijumon (hajmi 75-80 kub metrga, og‘irligi 250-270 tonnaga yaqin qimirlab turuvchi harsang) bilan tutashib, yaxlit qoyani tashkil etganligini ko‘rish mumkin. Qoyalar orasida esa aylanma yo‘llar bor. Undan o‘ta turib osmonga qarasangiz, o‘zingizni o‘n besh, yigirma metrlik quduq ichida turgandek his etasiz. «Childirmatosh», «Kabutartosh», «Qizil egartosh», «Elchiboy do‘kon», «Tegirmon tosh», «Kobra» singari turli ko‘rinishlarni inson yodiga soluvchi noyob tabiat obidalari Sangijumon ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishlaydi. Ularning har biri ko‘hna afsona va rivoyatlarga qorishib ketgan.
Aslida Xatirchining tog‘li Sangijumon qishlog‘idagi Teshiktosh sayli saylgina emas, ayrim ishonch bilan kelgan ziyoratchilarga umid qo‘rg‘oni ham edi. Bu manzilga el omonlik-somonlik kunini nishonlash, o‘zlarining halolliklari, to‘g‘riliklari, haqgo‘yliklarini namoyish etish uchun kelishardi guyo.
Yuz yillar muqaddam biror bir odam ushbu marosimga chiqmay qolsa, uning va xonadonining halolligiga, to‘g‘riligiga shubha paydo bo‘lar, bir yil davomida ro‘y bergan falokatlar sababchisi sifatida qaralar va bu nafratu dahshatlar tufayli o‘sha xonadon sohiblari qishloqdan bosh olib chiqib ketishga majbur ekan.
To‘g‘ri, bugun bunday bid’atlardan voz kechilgan, biroq hamon el-ulus orasida «Nobakor, yolg‘onchi va noha lol kishilar o‘ta olmaydi. Bundaylarni u darhol ko‘tarib uradi. Faqatgina andishali kishilar, favqulodda dilbar va xushta’b, diyonatli, saxovatpesha, himmati baland, xosiyatli, iste’dodli, hamiyatli, or-nomusni barcha narsadan yuqori qo‘yadigan insonlargina xatarsiz, osongina o‘tib ket averadi», degan qarash mavjud. Tag‘in to sh bilan bog‘liq ko‘plab rivoyatlar el orasida saqlanib qolgan. Mana ulardan biri. …Qish kunlarining biri edi. Dehqon ertalab turib qarasa, og‘ilxonada bog‘langan ho‘kizi yo‘q. Dehqonni bir kishidan shubha-gumoni bor edi. U haqida qoziga ma’lum qiladi. Qozi el-ulusni bir joyga yig‘adi. Uning maqsadi adolatni qaror toptirish edi. Buning uchun jabrlanuvchi hamda o‘g‘rilikda gumon qilinayotgan kimsa o‘sha Bobotosh ostidan sirg‘alib o‘tishi talab etilardi. Buni dastlab dehqon boshlab beradi. Albatta u tosh ostidan eson-omon o‘tadi. Navbat gumonlanayotgan kimsaga yetganda, u bexosdan orqaga tisariladi, ko‘zlari alang-jalang bo‘lganicha, tosh yaqinida oyog‘i toyib yiqiladi. Uch-to‘rtta norg‘ul yigitlar uni qo‘ltig‘idan suyab turg‘izishadi. Shunda u tilga kirib, «Men gunohimga, aybimga to‘liq iqrorman. Beriladigan jazoga tayyorman», deydi-da o‘g‘riligini aytadi-qo‘yadi. Qissadan hissa shuki, Teshiktosh adolatni, haqiqatni qaror toptirishda odamlarga yaqin ko‘makchi bo‘lib xizmat qilgan ekan.
Rosti, mana shu tosh orasidan o‘tishga chog‘lanar ekanman, mening ham ko‘nglimda andakkina hadik-xavotir bo‘lganini yashirmayman. Ammo shukrki bu yumushni muvaffaqiyat bilan ado etdim. Shu chog‘ bir mo‘ysafid kishi oldinga chiqib, Teshiktosh bag‘riga yaqinlashdi va uning pastidagi joydan o‘rin oldi va «Iqbolingiz balan bo‘lsin, bolam!» – dedi-da uzoq duo qildi. …Har bahor eshik qoqishi bilan, Sangijumondagi Teshiktosh esga tushadi, etim seskanadi. Qani edi nopok, qing‘ir ishlarga qo‘l urib, gunohga botayotgan kimsalar o‘sha hars angtosh teshigi ichidan bir-bir o‘tkazib olinsa-yu, haqiqatda nobakorlari siqilib qolsa, deganga o‘xshash hadik-xavotir ko‘nglimni kemiraveradi. Aytgancha, to hanuzga qadar Teshiktosh qad kerib turgan Xatirchidagi Sangijumon vodiysi el-ulusning, xorijliklarning sevimli maskaniga aylanib ulgurgan.
Ulug‘bek JUMAYEV
Manba: Od-press.uz