Yaqinda o‘g‘lim “tepki” kasalligi bilan og‘ridi. Shifokorlar kasallik asoratlansa, bepushtlikka olib kelishi mumkinligini aytishdi. O‘g‘limning moyaklari shishgandi. Rostdan ham u kelajakda befarzand bo‘lib qolishi mumkinmi?
Avvalo, savol yanada aniqroq bo‘lishi maqsadga muvofiq. Savolda o‘g‘lining yoshi, dard qanday alomatlar bilan kechganligi va qanday davolar qo‘llanilganligi haqida lom-mim deyilmagan. Qolaversa, moyaklar shishganligini mutaxassislar ta’kidlashganmi yoxud savol so‘ragan onaning nazdida shundaymi, bu ham mavhumligicha qolmoqda.
Endi savolning javobiga qaytsak:
“Tepki” kasalligi tibbiyotda “epidemik parotit” xalq orasida esa “cho‘chqayuz”(“Svinka”) va “quloq orti dardi” (“zaushnitsa”) ham deb ataladi. Oldinlari faqat bolalarga xos infeksiya hisoblangan bu kasallik oxirgi paytlarda kattalarda ham (ayniqsa, yigitlarda) bot-bot uchrashi kuzatilmoqda. Bu o‘tkir virusli kasallik dastlab so‘lak bezlarini shikastlab, so‘ngra boshqa a’zolarga tahdid soladi.
Afsuski, ota–onalar bu holni oddiy “tomoq og‘rig‘i”ga yo‘yishib, bola dardining asoratlanishiga sabab bo‘lishadi. Zero, dard asoratlangan taqdirdagina pushtga tahdid soladi. Odatda, bu kasallik 5 – 15 foiz hollarda bolalarda moyaklarning o‘tkir yalig‘lanishi (orxit) bilan asoratlanadi. Yigitlarda esa bu ko‘rsatkich 18 – 20 foizni tashkil etib, xatarli jihati bolalardan farqli o‘laroq, nafaqat moyaklarning o‘zi, balki uning ortiqlarining ham shikastlanishi ya’ni orxoepididimit dardi kuzatilar ekan. Bu asorat esa aksar hollarda bepushtlikka yo‘l ochishi bilan xatarlidir.
“Tepki” kasalligi asoratlanmaganda, quyidagi belgilar bilan kechadi: harorat ko‘tarilishi, majolsizlik, og‘iz qurishi, quloq atrofida shish va og‘riq bo‘lishi, gapirganda, chaynalganda og‘riq hissi kuchayishi va h.k.lar.
“Tepki” moyak va uning ortiqlariga asorat bersa, quyidagi tusda kechadi: Kasallik boshlanganligiga 5 – 8 kun bo‘lgach, haroratning 39 – 40 C gacha yana keskin ko‘tarilishi, yorg‘oqda, gohida esa hatto qorin pastki qismida ham kuchli og‘riq paydo bo‘lishi kuzatiladi. Moyaklar va uning ortiqlari 2 – 3 baravar, ya’ni g‘oz tuxumlaridek kattalashib, shishib ketishi mumkin. Harorat 3 – 7 kun, moyaklardagi shishlar 5 – 8 kungacha ushlanishi mumkin. Keyinchalik og‘riq o‘tib ketib, moyaklar kichrayib borishi kuzatilsa-da, bunday bemorlarning talayginasida zurriyotsizlik ro‘y beradi.
Ota – onalar va bemorlarga maslahatlar
- Har qanday “tomoq og‘rig‘i” va arzimas tuyulgan alomatlar “tepki” kasalligining belgilari bo‘lishi mumkinligini unutmang. Shu bois, imkon qadar tezroq mutaxassis – shifokorga murojaat qiling.
- Afsuski, ko‘pgina mahallalarda onaxonlar bemorlarni “kelin tepki” bilan “siylashadi”. Quloq atrofidagi so‘lak bezlaridagi shish 2 – 3 kundan keyin kichrayib borishi shundog‘am ro‘y beradi. Bu aslo, “kelin tepki”sining samarasi emas. Aksincha, “tepki” kasalligini teptirib davolash, uning asoratlanishiga, nafaqat moyak va uning ortiqlariga, balki miya, oshqozon osti bezi, eshitish a’zolari va hatto bo‘g‘imlarga ham tarqatish mumkin. Qolaversa, ota–onalar bu irim-xurofotdan xotirjamlikka berilib, goho qimmatli vaqtni boy berib qo‘yishlari mumkin.
- Kasallikni asosan shifokor – infeksionist davolasada, urologni ham jalb etish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
- Kasallik aniqlangan zahoti, eng kamida o‘n kun davomida yotib davolanish (uyda yoki shifoxonada) zaruriy shartlardandir.
- Jismoniy zo‘riqish, ishlash bu paytda aslo mumkin emas.
- Kasallik viruslariga qiron keltiradigan o‘ta samarali dorivorlar ham nomavjudligi bois, kasallik alomatlariga qarab dorivorlar tayin etiladi. Ammo dard asorat bermasligi uchun antibiotiklardan oqilona foydalanish, uning boshqa a’zolarga tarqalmasligiga yordam beradi.
- Shifoxonadan bemor tuzalib chiqqach, butkul xotirjamlikka berilmasdan, shifokor urolog-androlog ko‘rigidan o‘tkazish ko‘pgina noxushliklarning bartaraf bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Umuman olganda, dard asoratsiz kechsa va o‘z paytida davolanilsa, bepushtlik ro‘y bermasligi mumkin.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Erkaklar bepushtligi. Davosi bormi?
Manba: Tib.uz