TEMPERA (ital. tempera — boʻyoqni aralashtirmoq) — 1) boʻyoq moddasi va bogʻlovchi moddasi suvli emulsiya va tuxum sarigʻidan tarkib topgan boʻyoq. Bogʻlovchi moddalar tarkibiga qarab sariq T. (tuxum sarigʻi qoʻshilgan), oq Tempera (tuxum oqi qoʻshilgan), kazeinli Tempera va b. turlari bor. Sanoat usulida katta va kichik tyubiklarda ishlab chiqariladi;
2) Tempera boʻyoqlari yordamida yaratiladigan rangtasvir turi; monumental va dastgoh sanʼatida keng qoʻllaniladi. Temperada yaratilayotgan asarlar sirti lok bilan qoplanmaydi, shuning uchun ular mayin jilosiz sirtga ega. Tempera asarlarida rang va rang tuslari tashqi taʼsirga chidamli, oʻzining dastlabki sifatini moyboʻyoq rassomligiga nisbatan uzoq vaqt saqlaydi. Temperani akvarel va guash bilan qoʻshib ishlatish mumkin.