TEMIRCHILIK — 1) temirni bolgʻalab turli buyumlar (ketmon, oʻroq, tesha va b.) yasash kasbi. Temirchilik kishilik jamiyatining eng qadimgi davrlarida paydo boʻlgan. Mil. av. 3—4ming yillikda Eron, Mesopotamiya, Misrda temirni sovuklayin va qizdirib bolgʻalab, turli xil aslahalar, mehnat qurollari va b. buyumlar yasalgani maʼlum. Oʻzbekiston hududida Temirchilik ishi maxsus doʻkonda amalga oshirilgan. Temirchilik doʻkonida — oʻchoq, qoʻra, supa, oʻra, choʻpkunda; ish qurollaridan sandon, bosqon, bolgʻa, ombur, egov, charx, dam va h. k. boʻlgan. Temirchi temirni otashdondagi oʻtga qoʻyib qizdiradi, metall tobiga kelib, oq tusga kirgach, uni sandonga qoʻyib, zarur shaklga kelguncha bolgʻalaydi. Bu ishlar usta, bozgʻonchi va damgir tomonidan bajarilgan. Temirchilik hozir ham keng koʻlamda saqlanib qolgan; 2) ogʻir mashinasozlikning metallni bolgʻalab, shtamplab, presslab turli buyumlar ishlab chiqariladigan tarmogʻi. Bu tarmoq 16-a. da Yevropada birinchi marta suv bilan ishlaydigan mexanik bolgʻa yaratilganidan keyin rivojlandi. 19-a. larda mashinada shtamplash, bugʻ bilan ishlaydigan bolFa, gidravlik press vujudga keldi. 20-a. 50y. lariga kelib Temirchilikning yangi usullari, yaʼni qiyin deformatsiyalanadigan materiallarni portlatib yuqori tezlikda shtamplash, gidrostatik press lash (gidroekstruziya) va b. usullar yaratildi. Temirchilik materiallarni deformatsiyalashga, yaʼni ularni yemirmay, tashqi kuch taʼsirida shaklini oʻzgartirishga asoslangan. Temirchilikning keng ishlatiladigan usullaridan biri bosim bilan ishlov berish. Bu usul mashinaning eng muhim detallarini tayyorlashda ishlatiladi. Metall ishlashning asosiy usullari dastlabki materiallarning holatiga (prokat, quyma va b.), jihozlarga (press, bolgʻa), asboblar bilan uskunalanishiga va texnologik usullarga bogʻliq. Shu alomatlariga qarab, Temirchilik bolgʻalash, hajmiy va list shtamplash, presslash turlariga boʻlinadi (q. Metallarni ishlash).
Bolgʻalash — metallarni bosim bilan ishlash usullaridan biri (q. Bolgʻalash, Bolgʻalash mashinasi). Shtamplash — materiallarga bosim bilan ishlov berish; bunda zagotovkaga shtamplarda plastik deformatsiya berilib, zarur shakldagi buyumlar olinadi. Shtamplash 0,5—30 t li katta bolgʻalarda, 6—100 Mn (600— 10000 tonna kuch) kuch bilan zarb beradigan issiklayin shtamplaydigan krivoshipli presslarda, 750 Mn (75000 tonna kuch) kuch bilan zarb beradigan gidravlik presslarda bajariladi. Shtamplash materiallarni ancha tejaydi, buyumlar tannarxini kamaytiradi.
Presslash — turli profilli materiallar, simlar, quvurlardan zagotovka va buyumlar olish usuli. Hajmiy yumshok, materiallar (paxta, xashak va b.) ni paketlashda, ikkilamchi xom ashyolar (qirindi, chiqindi)ni qayta ishlash va b. da ham ishlatiladi.
Temirchilik yoʻli bilan ishlab chiqariladigan buyumlar avtomobil va aviatsiya sanoatlarida, traktorsozlik, asbobsozlik, yengil sanoat, uyroʻzgʻor va b. tarmoqlarda ishlatiladi.