Telemak – ogʻayni

O. Henri

 

Ov safaridan qaytgach, Nyu-Meksikodagi kichik Los-Pinos shaharchasida janub yoʻnalishidagi poyezdni kutardim. Poyezd bir soatga kech qoldi. Men majlislar zalining peshayvonida oʻtirib, mehmonxona xoʻjayini Telemak Hiks bilan hayotning mazmun-mohiyati haqida suhbatlasha boshladim.

Shaxsiyatga bogʻliq savollar ham eʼtibordan chetda qolmadi. Undan bir necha yillar oldin qanday hayvon uning chap qulogʻini qiyshaytirib, mayib qilgani toʻgʻrisida soʻradim. Ovchi sifatida turli vaziyatlar oqibatida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan holatlarga qiziqishim tabiiy edi.

– Bu quloq – dedi Hiks, – haqiqiy doʻstlikdan yodgorlik.

– Baxtsiz hodisami? – boʻyin bergim kelmadi.

– Hech qanday doʻstlik – baxt­siz hodisa sanalmaydi, – taʼkid­ladi Telemak.

Men jimib qoldim.

– Men chinakam doʻstlikning yakka-yu yagona namunasini bilaman, – davom etdi xoʻjayin. – U konnektikutlik odam va maymun oʻrtasidagi samimiy doʻstlashuvdir. Maymun Barankvilladagi palma daraxtiga tirmashib chiqib, kokos yongʻogʻini odamga uloqtiradi. Inson uni oʻrtasidan arralab, choʻmich yasaydi. Uni pullab, rom sotib oladi. Maymun kokos sutini ichadi. Shunday qilib, ular oʻz ulushlaridan mamnun holda, birodarlardek ahil yashaydi.

Ammo insoniyat uchun doʻstlik – vaqtinchalik ermak boʻlib, zerikkanida osongina voz kechib qoʻya qoladi.

Bir zamonlar mening Peysli Fish ismli doʻstim boʻlardi. U bilan umrbod ajralmasak kerak, deb xayol qilardim. Biz yetti yil mobaynida yelkama-yelka turib kon qazidik, chorvadorlik qildik, moyjuvoz sotdik, qoʻy boqdik, suratga oldik, sim devorlar qurdik, qora olxoʻri terdik, xullas, birga mehnat qildik. Men va Peysli Fish orasidagi munosabatni na qotillik, na tilyogʻlamalik, na boylik, na ichkilikbozlik va na safsatabozlik buza olmaydigandek tuyular edi. Biz qanchalar ahil-inoq boʻlganimizni tasavvur ham qilolmaysiz. Ishda yaqin hamkor boʻlib, doʻstona his-tuygʻularimiz vaqtni xushhol va quvnoq oʻtkazishga unnardik.

Yoz kunlarining birida Peysli ikkimiz maxsus ust-boshimizni kiydik-da, bir oyga yayrab dam olish uchun San-And­res togʻlariga chiqib ketdik. Yoʻl-yoʻlakay dunyoning ajib moʻjizasi boʻlgan Los-Pinos shaharchasiga duch keldik. Bogʻu rogʻlaridagi ariqlarda naq sut va asal oqar edi. U yerda bor-yoʻgʻi bir yoki ikkita koʻcha, havo, tovuqlar va yemakxona bor edi, xolos. Bizga bundan ortiq yana nima kerak?!

Kechki ovqat mahalidan soʻng ovulni aylanib, temir yoʻl boʻyidagi yemakxonada qanday yeguliklar borligini koʻzdan kechirishga qaror qildik. Bizning oʻtirib olgancha, qizil dasturxon ustidagi qoshiq-vilkalarni tiqirlatishimiz beva Jessapni issiq pirog va qovurilgan jigar keltirishga majbur qilardi.

 Bu ayol, hatto, shaytonni ham yoʻldan ozdirishi tayin edi. U oʻta semiz ham, oʻta oriq ham koʻrinmasdi. Uning mehmondoʻstlik xislati butun borligʻiga singib ketgandi. Ayolning qizgʻish yuzlari pazandalikka moyilligi va xushfeʼl tabiatli ekanidan darak berardi. Uning tabassumi dekabrda ham bahorgi butalarni gullatib yuborishga qodir edi goʻyo.

Beva Jessap bizga turli-tuman narsalar – ob-havo, tarix, Tennison, qora olxoʻri, qoʻy goʻshti taqchilligi haqida vaysadi. Va nihoyat, uni bizning qayerdan kelib qolganligimiz qiziqtirdi.

– Spring-Velli, – dedim men.

– Big-Spring-Velli, – qoʻshimcha qildi Peysli kartoshka va goʻsht toʻla ogʻzi bilan.

Uning bu qiligʻi oʻrtamizdagi qadrdon doʻstlik rishtalari umrbod uzilishi mumkinligiga ilk ishora berayotganini shu onda his etardim. Peysli mening mahmadona insonlarga aslo toqat qilolmasligimni bila turib, gapimga tuzatish va qoʻshimchalar kiritgandi. Garchand xaritada Big-Spring-Velli deb nomlangan boʻlsa-da, Peyslining oʻzi minglab marotaba Spring-Velli deya ataganini eshitganman.

Boshqa lom-mim demay, kechki ovqatdan chiqqach, temir yoʻl relsi ustiga borib oʻtirdik. Biz necha yillardan beri shunchalar yaqin ogʻayni edikki, bir-birimizning xayolimizdan nimalar kechayotganini yaxshigina anglab turardik.

– Tushungansan, deb umid qilaman, – dedi Peysli. – Men bu beva ayol bilan hayot yoʻllarimni bogʻlab, abadul-abad unga butun borligʻimni tortiq etmoqchiman. Toki bizni oʻlim ajratmaguncha!

– Hammasi aniq va ravshan, – javob berdim men. – Bu haqida gap boshlaganingdayoq fikringni uqib boʻlgan edim. Shuningdek, senga ham ayon boʻlgandir, – davom etdim. – Bu juvonga Hiks familiyasini berishga qaror qilib qoʻyganman. Endi haqiqiy erkaklar toʻyda gullar taqilgan kiyim va choksiz paypoq kiyishadimi yoki yoʻqligini aniqlash uchun gazetaga xabar yozishingni maslahat beraman.

– Dasturingdagi tomoshalarning barchasi ham sen oʻylagandek boʻlavermaydi, – gapirdi Peysli. – Agar bu dunyoviy masala boʻlganida, bajonidil senga oʻzing istagan narsani bergan boʻlardim, biroq unday emas! Ayol tabassumi, – davom etdi u, – goʻyoki Stilla va Xarib[1]da girdobi singari, “Doʻstlik” atalmish kemani ham parchalab, oʻz domiga tortib ketadi. Huddi avvalgidek, sen bilan asabingga tekkan ayiqni birga ovlashga yoinki, seni doimiy qoʻllab-quvvatlashga va kuraklaringni tozalab koʻyishga tayyorman. Lekin bu borada his-tuygʻularimni jilovlab turolmayman. Missis Jessap uchun kurashda esa biz yakkama-yakka bellashamiz. Men seni halol ogohlantirdim.

Fikrimni jamlab olgach, quyidagi qoʻshimcha va qarorlarni taklif qildim:

– Erkaklar orasidagi doʻstlik tarixi, – gap boshladim men, – asrlar oldin odamlar bir-birini uchar toshbaqa va sakson futli dumli kaltakesaklardan himoya qilgan davrlarga borib taqaladi. Bu odat oʻshandan beri saqlanib qolib, hanuzgacha ular bir-biri uchun zarur damda mardona turib berishga tayyordir. Garchand endi turli maxluqlar bostirib kelmasligini bilishsa-da! Bu haqida koʻp bora eshitganman, – davom etdim, – yaʼni hayotida ayol zoti paydo boʻlgach, erkaklarning orasidagi doʻstlik barham topadi. Axir nega shunday boʻlishi kerak? Koʻryapsanmi, Peysli, missis Jessapning ilk nigohi va issiq pirogi, afsuski, ikkimizning ham qalblarimizni larzaga keltirdi. Mayli, u oramizdan eng munosibiga nasib etsin. Sahna ortidagi yashirin oʻyinlardan holi tarzda, men sen bilan ochiq maydonda bellashaman. Sen oldimizda, yonimizda boʻlgan vaqtdagina unga xushomad qilaman. Demak, xuddi shunday imkoniyat senda ham mavjud. Bu kelishuvimiz orqali “Doʻstlik” atalmish kemamizni girdob domiga gʻarq boʻlishdan saqlab qolamiz. Toki ikkimizdan birimiz gʻolib boʻlmaguncha!

– Mana buni doʻstlik, deydilar! – soʻzladi Peysli qoʻlimni siqib. – Men ham aytganingday qilaman. Biz bu vaziyatda hech qanday munofiqlik va xunrezlikka yoʻl qoʻymay, goʻyoki ogʻa-inilardek, xonimga mulozamat koʻrsatamiz. Gʻalaba yoki magʻlubiyat! Ne boʻlsa-da, biz doʻst boʻlib qolaveramiz.

Missis Jessapning yemakxonasi orqa tarafidagi daraxtlar tagida oʻrindiq oʻrnatilgan edi. Janubga yoʻl olgan yoʻlovchilarni ovqatlantirib, kuzatib yuborgach, u shu yerda salqinlab oʻtirishga odatlangandi. Peysli bilan kechki ovqatdan soʻng, shu joyda koʻrishib, qalbimiz sohibasini kutardik. Agar uning huzuriga ikkimizdan birimiz avvalroq kelsak, halollik va ehtiyotkorlik bilan ikkinchimiz kelishini kutar edik.

Missis Jessap bizning kelishuvimiz haqida bilib qolgan ilk kecha, men Peyslidan oldinroq oʻrindiqqa keldim. Kechki taomni endigina tanovul qilib boʻlgandik. Missis Jessap oʻrindiqda yorqin pushtirang koʻylagida oʻtirardi. Qizgʻin oshxona ishlaridan keyin u anchagina salqinlab ulgurgandi.

Uning yonidan joy olib, tabiat haqida soʻzladim. Oʻsha oqshom hammasi oʻz oʻrnida edi; oy osmon bagʻrida nur sochar, ilm-fan va tabiat qonunlariga binoan, daraxtlar koʻlankasini yoygandi. Butalar orasidan tungi koʻrshapalaklar, zargʻaldoqlar, quyonlar va oʻrmondagi boshqa patli jonivorlarning shovqinli toʻs-toʻpoloni eshitilardi. Temir yoʻl boʻyidagi eski pomidor gʻaramlarini toʻzgʻitib esayotgan togʻ shamoli xuddi arfadek kuy taratardi.

Chap tomonimda goʻyo xamir issiqda oshgani kabi gʻalati bir hisni tuydim. Missis Jessap menga yaqinroq oʻtirib olgandi.

– Eh, mister Hiks! – dedi u. – Dunyodagi yolgʻiz insonlar mana shunday faraxbaxsh oqshomda oʻzlarini yanada yolgʻiz sezsa kerak-a?

Shu zahoti oʻrnimdan turdim.

– Afv etgaysiz, xonim, – dedim men, – toki Peysli kelmagunicha, bu yoʻsindagi savollarga biror nima deyishim mushkul.

Shundan soʻng xonimga yillar mobaynida sinalgan doʻstligimiz toʻgʻrisida soʻzlab berdim. Biz hayotning oʻnqir-choʻnqir yoʻllarida hoyu havasga berilmay, bir-birimizdan ustunlik jihatlarimizni qidirmay, oʻzaro kelishib olganimizni unga tushuntirdim. Missis Jessap avvaliga jiddiy oʻyga tolgandek koʻrindi. Keyin esa oʻrmondan aks-sado qaytadigan darajada sharaqlab kulib yubordi.

Bir zum oʻtib, sochlarini yogʻlab silliqlagan Peysli koʻrindi. U missis Jessapning yoniga kelib oʻtirdi va oʻzining gʻamnok hikoyasini soʻzlashni boshladi. Peysli 95 yildagi Santa-Rita vodiysida roʻy bergan toʻqqiz oylik qurgʻoqchilik paytida oʻzi va Lamlining kumush egar uchun oʻlik sigirlarning terisini kim koʻproq shilishga bellashganini hiqoya qildi.

Shunday qilib, ayolning eʼtiborini qozonish sari tashlangan ilk qadamdayoq, men Peysli Fishning oyogʻidan chalib, uni ustunga bogʻlab qoʻygandim. Ayol qalbini zabt etish borasida har birimiz turlicha uslubga ega edik. Peysli, shaxsan, oʻzining boshidan kechirgan yoinki gazetalarda oʻqigan qiziqarli voqealar orqali uni lol qoldirishga harakat qilardi. Menimcha, u oʻzining ayol qalbini ovlash gʻoyasini, qachonlardir, men Shekspirning “Otello”sida koʻrgan tomoshadan oʻgʻirlagandi. Pyesada qora tanli kishi gersogning qizini Rayder Xaggard, Lyu Doksteyder va doktor Parkxerstlarga tegishli boʻlgan aralash suhbatlar bilan siylab, oʻz niyatiga erishadi. Biroq bu yoʻsinda mulozamat koʻrsatish, faqatgina, sahna koʻrinishi uchun mos tushib, hayotda esa ish bermasligi tayin edi.

Endi sizga ayol kishining es-hushini oʻgʻirlash borasidagi shaxsiy retseptimni tanishtirsam. Qanday qilib uning qoʻlini olish va ushlashni oʻrganing – u sizniki! Bu u qadar oson boʻlmaydi. Ayrim erkaklar, xuddi yelkasidan chiqib ketgudek darajada ayol qoʻllarini shunday qattiq ushlab tortadiki, amika[2]ning hidi dimogʻingizga urilib, bogʻlamning yirtilib ketganini eshitasiz. Baʼzilar esa qoʻlni huddi qizib turgan taqadek olib, goʻyo dorishunos sulfat kislotani idishga quygan kabi uni oʻzidan nariroq ushlaydi. Aksariyat kishilar esa xuddi oʻtlar orasidan topilgan beysbol toʻpidek xonimning koʻz oʻngida uni ezgʻilab ushlab, ogʻriq dastidan bilaklari ostida qoʻli tutashib turganini bir dam unutishga bermaydi. Bularning barchasi behuda urinishlardir.

Men sizga toʻgʻri yoʻlni koʻrsataman.

Hovliga sezdirmay kirayotgan odamni hech koʻrganmisiz? U panjara ustida oʻtirgancha, uni kuzatib turgan mushukka otish uchun tosh oladi. Odam qoʻlida hech narsa yoʻqdek, goʻyoki u mushukni, mushuk esa uni koʻrmayotgandek tutadi oʻzini. Mana gap nimada aslida! Hech qachon ayol kishining qoʻlini unga sezilarli darajada choʻzib tortmang! Uning qoʻlini ushlayotganingizni xonim anglab turgan esa-da, uning bu fikrdan xabardorligini bilishingizni aslo sezdirib qoʻymang. Bu mening taktik qoidam edi. Peysliga kelsak, u oʻzining harbiy harakatlari va baxtsiz voqealari haqidagi serenadalari bilan bor-yoʻgʻi missis Jessapdan Nyu-Jersi shtatidagi Oushen-Grouv bekatiga toʻxtovchi yakshanba kungi poyezdlar qatnovini bilishi mumkin edi, xolos.

Oqshom payti edi. Chekishga chiqqan Peyslidan avvalroq oʻrindiqqa kelishga ulgurdim. Doʻstlikni bir zum chetga surib, missis Jessapdan “J” harfidan koʻra, “H” harfini yozish osonroq ekanligi xususidagi fikrini soʻradim. Koʻp oʻtmay, uning xayolini mening tugmamdagi sambitgullar oʻziga jalb etdi. Men unga tomon egildim-u, ammo… unday qilolmadim.

– Agar qarshi boʻlmasangiz, – dedim oʻrnimdan turib, – bu ishimizga yakun yasashdan oldin Peyslining kelishini kutsak. Shu kungacha doʻstlikka biron marta xiyonat qilmadim. Bu qiligʻim oʻta nohaqlik boʻlar edi.

– Mister Hiks, – gapirdi missis Jessap, qorongʻuda menga gʻalati tikilib. – Agar shu sabab boʻlmaganida, oʻzingizni nariroq olib, uyimga boshqa qadam bosmasligingizni soʻragan boʻlardim.

– Bu nima deganingiz, xonim?

– Sizdan yaxshi er chiqmasa-da, ammo oʻta vafodor doʻst chiqishi aniq, – dedi u.

Oradan besh daqiqa oʻtar-oʻtmas, Peysli kelib, missis Jessapning yoniga oʻtirdi.

– Silver-Sitida 98 yilning yozida, – gap boshladi u, – “Koʻk nur” pivaxonasida Jim Bartolomyuning katakcha atlas koʻylak kiygan xitoylikning qulogʻini tishlab olganiga guvoh boʻlganman. Sababi… Nega buncha shovqin?

Biz missis Jessap bilan chala qolgan ishimizni boya toʻxtagan joyidan davom ettira boshlagandik.

– Missis Jessap, – gapirdim men, – familiyasini Hiksga oʻzgartirishga vaʼda berdi. Hozirgi qiligʻimiz esa buning yana bir tasdigʻidir.

Peysli oyoqlarini skameykaning tirgagi atrofiga oʻrab, chuqur uh tortdi.

– Lem, – dedi u, – yetti yildan beri doʻstmiz. Missis Jessapni sekinroq oʻpishning iloji yoʻqmi? Men sen uchun shunday qilgan boʻlardim.

– Yaxshi, – javob berdim men. – Ovoz chiqarmaganim boʻlsin.

– Oʻsha xitoylik, – hikoyasida davom etdi Peysli, – 97 yilning bahorida Mallinz ismli odamni otib oʻldirgan kimsa boʻlib, soʻng…

Peysli yana oʻzining gapini oʻzi boʻldi:

– Lem, – dedi u, – agar sen haqiqiy doʻst boʻlsang, missis Jessapni bunchalar qattiq quchoqlamas eding. Hatto oʻrindiq ham qimirlab ketayapti. Axir menga ham oxiriga qadar teng imkoniyat bermoqchi eding-ku!

– Mister, – dedi missis Jessap Peysliga oʻgirilib, – agar yigirma besh yildan soʻng, bizning mister Hiks bilan kumush toʻyimiz ustidan chiqsangiz, nima deb oʻylaysiz – ushbu masalada magʻlub boʻlganingiz uchun oʻz yogʻingizda oʻzingiz qovurilgan boʻlarmidingiz? Mister Hiksning doʻsti boʻlganingiz uchungina sizga uzoq chidadim. Lekin sizga endi bizni tinch qoʻyib, uzoqroq yurish vaqti keldi.

– Missis Jessap, – soʻzladim men, qalligʻimga nisbatan mulozamatni susaytirmay, – Mister Peysli – mening doʻstim. Men unga bitta imkoniyat boʻlsa ham, oxirigacha tengma-teng va halol kurashishni taklif qilganman.

– Imkoniyat! – taʼkidladi xonim. – Nahotki, u oʻzida imkoniyat bor deb hisoblaydi? Bu kecha guvohi boʻlganlaridan soʻng, aslida unda imkon emas, balki behuda umid qolganini anglab yetdi, deb oʻylayman.

Shunday qilib, bir oy oʻtgach, biz missis Jessap bilan Los-Pinosdagi cherkovda turmush qurdik. Ushbu marosimni tomosha qilish uchun butun shaharcha toʻplandi.

Va nihoyat, voizning roʻparasida ikkimiz yelkama-yelka turib olgach, u oʻzining ananaviy ibodati va tilaklarini oʻqishni boshladi. Shu orada atrofga alanglab, Peyslini topolmadim.

– Toʻxtang! – dedim voizga. – Peysli yoʻq-ku. Biz Peyslini kutishimiz zarur. Telemak Hiksda doʻst bitta boʻladi, doʻstlik – umrbod.

Missis Jessapning koʻzidan oʻt chiqayozdi. Biroq voiz koʻrsatmaga itoat etib, ishini toʻxtatdi.

Biroz oʻtib, kiyimining tugmalarini qadagancha, oʻrindiqlar orasidan qushdek yelib kelayotgan Peysli koʻrindi. Toʻy sababli shaharchadagi yagona attorlik mollari doʻkoni yopilib, to doʻkonning orqa siniq oynasidan kirib, oʻziga-oʻzi xizmat koʻrsatmaguniga qadar koʻnglidagidek libosni topolmaganini izohladi. Shundan keyin, u kelinning narigi yoniga kelib turdi va marosim davom etdi. Peysli hanuz oxirgi imkoniyatni poylab, voizning adashib, kelinni unga nikohlab qoʻyishini oʻylayotgandek tuyulaverardi menga.

Toʻyning rasmiy qismi yakuniga yetgach, choy ustida yigʻildik. Tomoshabinlar ham tarqaldi. Eng soʻnggida, Peysli qoʻlimdan siqib, unga nisbatan haqqoniy va samimiy boʻlganimni taʼkidladi. U meni doʻst deb atashdan faxrlanishini bildirdi.

Voizning ijaraga berish uchun jihozlangan uyining oldi tarafi koʻchaga qaragan edi. Asal oyimizni nishonlash uchun El-Pasoga ertaga soat oʻn-u qirqda joʻnab ketadigan poyezdga qadar uning uyini band qilgan edik. Voizning xotini xonalarni gulxayri va pechak gullar bilan bezatgani uchun ayvonga oʻxshab koʻrinar, juda bayramona edi.

Oʻsha tun soat oʻnga yaqin, men kirish eshigi oldida oʻtirgancha, salqin shabadada etigimni tortib yechdim. Missis Hiks esa xonalarni koʻzdan kechirardi. Zum oʻtmay, ichkarida chiroq yondi. Men hanuz joyimdan siljimay, oʻtgan damlar va tomoshalarni xayolimdan oʻtkazardim.

Birdaniga missis Hiksning ovozi jarangladi:

– Lem, kelayapsanmi?

– Hozir, hozir! – dedim oʻzimga kelib. – Menga laʼnatlar boʻlsin, agar Peyslini kutmagan boʻlsam…

– Ammo gapimni oxirigacha yetkazmasimdan, – yakunladi Telemak Hiks, – kimdir qirq beshlik toʻpponcha bilan chap qulogʻimga oʻq uzgandek boʻldi. Bu zarba missis Hiks qoʻlida ushlab turgan pol supuradigan tayoqdan kelgan ekan.

 

Ingliz tilidan

Gulnoza Mamarasulova

 tarjimasi.

 

“Ijod olami”, 2018/1

 


[1] Stilla va Xaribda – qadimgi grek afsonalaridagi dengiz maxluqlari.

[2] Amika – botanika dorivor oʻsimlik.

https://saviya.uz/ijod/nasr/telemak-ogayni/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x