TAXTAKOʻPIR — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Taxtakoʻpir tumanidagi shaxarcha (1984-y. dan). Tuman markazi, Nukus sh. dan 107 km. narida. Yaqin t. y. stansiyasi Chimboy (55 km). Aholisi 17,1 ming kishi (2004). Xoʻjaliklari Quvonchyorma kanalidan suv oladi. «Taxtakoʻpir» atamasining kelib chiqishini 20-a. ning boshlarida Quvonchyorma kanalining davomi boʻlgan Bosay kanali ustida xashar yoʻli bilan taxta (yogʻoch)dan qurilgan koʻprik (shevada «koʻpir») bilan bogʻlaydilar.
Taxtakoʻpirda tuman hokimiyati binosi, maʼmuriy, davlat va qurilish tashkilotlari, «Taxtakoʻpirdon» aksiyadorlik jamiyati, avtokorxona, taʼmirlash ustaxonasi, MTP, «Taxtaqishloqmash» (Qozogʻiston bilan) qoʻshma korxonasi, supermarket, avtovokzal mavjud. 6 umumiy taʼlim maktabi, musiqa maktabi, 2 kasbhunar kolleji, kutubxona, madaniyat saroyi, «Otalar choyxonasi», savdo markazi, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari ishlab turibdi. Tennis korti, stadion, sport klubi bor. «Doridarmon» aksiyadorlik jamiyati, tuman markaziy kasalxonasi, shoshilinch tibbiy yordam markazi, yuqumli kasalliklar kasalxonasi, 3 poliklinika, ayollar konsultatsiyasi, 7 dorixona, va b. tibbiy muassasalar aholiga xizmat koʻrsatadi. Taxtakoʻpir — Nukus yoʻnalishida avtobuslar qatnovi yoʻlga qoʻyilgan.