Tartib va masʼuliyat muvaffaqiyati

Xitoy taʼlim tizimiga bir nazar

 

  • Aholining savodxonlik darajasi qishloq joylarda 1500 iyeroglif, shahar hududida esa 2000 iyeroglifni bilishi bilan belgilanadi.
  • 1949-yilga qadar mamlakat aholisining 80 foizi savodsiz boʻlgan. 2008-yilga kelib kattalar oʻrtasida bu koʻrsatkich 3,5 foizga kamaydi. Hozirda Xitoy yoshlari (15-24 yoshlilar) ning 99 foizi harf taniydi.
  • Har yili mamlakat yalpi ichki mahsulotining 1,9 foizi taʼlim uchun yoʻnaltiriladi.
  • Soʻnggi oʻn yillikda Xitoyda kollejlar soni ikki barobar, talabalar soni esa besh barobarga ortdi.
  • Xitoy taʼlim sistemasi Amerika taʼlim sistemasi asosida tashkil etilgan.
  • Xitoyda bolalarga ikki yoshidan boshlab taʼlim berila boshlanadi.
  • Birinchi sinfning birinchi choragida oʻquvchi 400 iyeroglifni tanishi shart.
  • Xitoy fuqarosi boshlangʻich taʼlimga toʻqqiz yoshgacha qabul qilinishi mumkin.
  • Xitoyda boshlangʻich sinf oʻquvchilarining davomati Taʼlim vazirligi tomonidan nazoratga olingan.
  • 1980-yillarga qadar Xitoyda birorta xususiy maktab boʻlmagan. Bugun ular soni 70 mingtaga yetgan.
  • Ayni vaqtda maktab bitiruvchilarining 60 foizi oliy taʼlim muassasalariga ixtiyoriy hujjat topshiradi. 1980-yilda bu koʻrsatkich 20 foizni tashkil etgan.
  • Hozirda Xitoyda 2000 ta oliy oʻquv yurti (universitet va kollej) mavjud boʻlib, ularda 2 milliondan ortiq talaba tahsil olmoqda.
  • Amerika universitetlaridagi chet ellik talabalar orasida xitoyliklar rekord qayd etgan (127 mingdan ortiq). Xitoyda esa amerikalik talabalar soni 14 mingtaga yetadi, xolos.
  • Mamlakatda 1 200 000 IT mutaxassisi faoliyat yuritadi, shuningdek, har yili texnika sohasida 400 000 kadr yetishib chiqadi. Xitoy IT mutaxassislari soni boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinda turadi (undan soʻng Hindiston va AQSH).
  • Xitoyda 12 mingta yuridik firma va 300 ta huquq maktabi mavjud boʻlib, ayni paytda 170 mingga yaqin huquqshunos bu sohada xizmat qilmoqda.
  • 30 mingta tashkilot va kompaniyada maxsus ingliz tili kurslari mavjud. Besh yil oraligʻida (2005–2010-yillar) mazkur “taʼlim bozori” ikki barobarga koʻpaydi, undan tushayotgan foyda yiliga 3,1 milliard dollarni tashkil etadi.
  • Dunyoning turli nuqtalarida 40 millionga yaqin xitoylik talaba tahsil olmoqda. Xitoylik talabalarni asosan, Yaponiya va Janubiy Koreyada uchratish mumkin.

 

Yuqoridagi faktlar 1949-yilga qadar 500 million fuqarosi savodsiz boʻlgan mamlakatning bugungi taʼlim tizimidagi muvaffaqiyatlaridan soʻzlaydi. Aholi oʻrtasida savodxonlikni oshirish muammosi keng koʻlamda bepul maktablar ochish bilan hal qilindi. Hozirda mamlakatning 90 foizi hududida majburiy boshlangʻich taʼlim yoʻlga qoʻyilgan, oʻqishni aro yoʻlda tashlab ketuvchilarga qattiq chora koʻriladi. Xitoy maqolida “Munosib ustoz topish mushkul, munosib oʻquvchiga ega boʻlish esa yuz karra mashaqqatli” deganlaricha bor. Munosib boʻlish uchun xitoyliklar hatto bogʻcha yoshidan bir necha fanlardan repetitorlarda oʻqishadi. Mamlakatdagi taʼlim tizimi kuchli raqobat va eng yuqori natijaga erishishga qaratilgani sabab xitoyliklar bir umr bosimda oʻqishga, ishlashga, yashashga oʻrganadilar. Olti yashar bola maktabga kirish uchun test koʻrinishidagi oʻzining ilk imtihonini topshiradi va oʻn ikki yoshigacha boshlangʻich taʼlimni egallashadi. Oltinchi sinfni tamomlagach, Xitoy oʻquvchilari imtihon topshiradilar, bu – boshlangʻich taʼlimdan oʻrta taʼlimga oʻtish bosqichi hisoblanadi. Uch yillik oʻrta taʼlim mobaynida kuniga 6-7 ta fan oʻqitiladi. Bordi-yu imtihondan oʻtolmasa, bu oʻrta taʼlimdan, oliy oʻquv yurtidan-u barqaror ishdan umid qolmadi degani. Bugungi taraqqiyotini tartib-intizom soyasida koʻrgan Chin mamlakatida tartibsizlik shafqatsiz jazolanishi tabiiy. Oʻn ikkita darsni sababsiz qoldirish maktab oʻquvchisini taʼlimdan mosuvo qiladi.

Xitoy Xalq Respublikasida oliy oʻquv yurtlariga kirish uchun yagona davlat imtihoni oʻtkaziladi. Qishloq va shahar maktablarining taʼlim darajasidagi tengsizlik inobatga olinib, imtihon savollari hududga koʻra alohida ishlab chiqiladi. Bir talaba oʻrniga 200-300 abituriyentning kurashishi mazkur imtihonning juda katta bosim ostida oʻtishiga sabab boʻladi. Natijada koʻpchilik xitoy oʻquvchilari xorijda oliy taʼlimni davom ettirishni afzal biladilar. Oʻz yurtida talabalik baxtiga erishgan fuqaro yiliga sohasiga qarab 300-700 dollar miqdorida kredit toʻlaydi. Talaba taʼlim uchun davlatdan qarz olishi va oliy oʻquv yurtini tamomlagach, uni qaytarish imkoniga ega. “Istasang qishloqqa agronom boʻlib bor-da, qarzni xizmating bilan toʻla. Istasang savdo sohasiga kir-u, kreditni davlatga qaytar.” Bu yoʻl – aholini moddiy qiyinchilikdan qutqarish uchun oʻylab topilgan asosiy chora. Mamlakatda oliy oʻquv muassasalari nafaqat yoshlar, alohida katta yoshlilar uchun ham mavjud boʻlib, ular yoshidan qatʼi nazar tanlagan sohasi boʻyicha oʻqish imkoniyatiga egalar. Bundan ikki ming yil avval xitoy faylasufi Konfutsiy aytganidek, ustozning oliy burchi haqiqatni yoyish, mahoratni oshirish va tushuntirishdir. Zamonaviy Xitoy oliy taʼlim tizimi mana shu uch tamoyil asosida ish koʻradi: adolat, yuqori sifat va diversifikatsiya. Xitoy yoshlaridagi taʼlimga masʼuliyat, tartibga rioya etish va birinchi boʻlishga intilish ularning yoshligidan qon-qoniga singdirilgan. Bu odat endilikda fazilatga, fazilat esa xarakterga aylanib, butun dunyo xitoy millatining qiyofasini Masʼuliyat, Tartib va Gʻalaba timsolida koʻra boshladi.

 

Sevara ALIJONOVA

 

“Sog‘lom avlod uchun” jurnali, 2015-12

https://saviya.uz/turfa-olam/tartib-va-masuliyat-muvaffaqiyati/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x