Tarixi jahonnamoyi (yakuni)


Post Views:
185

KITOBNING XOTIMASI JANOB XUDOYORXON VALINE’MAT VA BUXORO PODSHOHI ZAFARSIZ MUZAFFARGA BAG‘ISHLANGAN BO‘LIB, ULARNING DAVRIDA YUZ BERGAN VOQEALAR BAYON ETILADI

Fatonat arboblarining guli, navo va ahli sanoat nuktadonlari, sohibfasohat va zukko eshituvchilar jamoatiga ma’lum va ravshan bo‘lsinkim, ul vaqt va zamonda Buxoro amiri ko‘p lashkar bilan kelib, o‘zi Buxoroga qaytib, davlat qarorgohiga orom bo‘lgan edi. (Amir Muzaffar) o‘zbilarmonlik ila kecha-kunduz aysh-ishratga mashg‘ul bo‘lib, xotinbozlik qilib, olamdan g‘ofil va hatto o‘zidan ketib qolib, o‘zini Fir’avnu Namrud deb bilardi. Do‘stni dushmanddan farq etmasdi. Shunday ahvol bir necha vaqt davom qildi. Qish ham kirib keldi, to‘qson to‘qqiz xil totuqlarni olish vaqti ham boshlandi. Bu ish shu mamlakat podshohlari uchun rasm bo‘lub, unga rioya qilib, o‘lkaning har yonidan sarkardalar totuq va tuhfalar bilan Buxoroga kelardilar.

Janob xon xazrat ham shu udumga amal qilib, Baxodurxon to‘ra Kosoniy orqali ko‘pdan ko‘p hadya va tuhfalarni Buxoroga jo‘natdi.

Shu voqealarni naql qilish paytida 1282 yil, ramozoni sharif oyining oxirgi o‘n kunligida o‘rus kofirlari Toshkand viloyatidan Jizzaxni zabt etish uchun lashkar yig‘ib, qishning o‘rtasida harakar boshladilar. Sayhun daryosi bo‘yiga kelib, undan kemada suzib o‘tib, bir muddat lashkar kamchiligini tuzatib, Jizzax sari yo‘l oldilar. Ramazon oyining oxirlarida kofirlar Jizzax yaqinida joylashgan Uchtepa mavzeiga kelib nuzil qildilar.

Jizzax qal’asining hokimi Ya’qubbek degan bir g‘ulom qal’a himoyasiga tushib, kutub turdi. Podshoh (amir Muzaffar) Samarqandga kelib, shu yerdan ketma-ket ilg‘or dastalarni jo‘natib, Jizzaxni behisob lashkar ila to‘ldirib yubordi. Shunga qaramasdan kofirlar bu lashkarlarni g‘aflatda qoldirib, shavval oyining beshinchisida, dushanba kuni 20-80 kishidan iborat guruhlar bilan qal’a oldidan bozorga kelib, hiylayu nayrang qo‘llab shaharga kirmoqchi bo‘ldilar. Shu payt odamlar betaravot nahs bosgan mal’unlarni tanib qolib, shoqin solib, ularni to‘rt tomondan ihota qildilar. Kofirlar mang‘itlarning jur’atsizligi va himmatsiz ekanliklarini bilib, to‘pu to‘fanglardan o‘q uzdilar, keyin xalos bo‘lub orqaga chekinib, sog‘-salomat o‘z qo‘shinlariga qaytdilar. Uchtepa qishlog‘iga, o‘z qarorgohlariga kelib, o‘n besh kuncha yashadilar. Ikki tomon ham urushga jazm qilmadilar. Shundan so‘ng Ya’qubbek g‘ulom zamonasozlik va odamiylik yuzasidan tuyalarga oziq-ovqat va yemu xashak ortip kofirlarga jo‘natdi. Kofirlarning ahvollari tang bo‘lib qaytishga farmon bo‘ldi, (ular) Sayhun daryosining bo‘yida joylashgan Bo‘yoqchiko‘l mavzeiga keldilar. (O‘ruslarning sarkardasi) bir necha sarbozi bilan Toshkandga qaytdi.

Shu voqealar yuz berayotgan chog‘da valine’mat (Xudoyorxon) yorlig‘iga binoan johil Rustambek Toshkandiy Quramaga kelib, Tilovga kirdi, Boturbek qurama esa Bo‘ka qal’asidan joy oldi. Farmon dodxohning o‘g‘li Ovliq viloyatiga nuzul qildi. Musulmonlarning bu ishlari kofirlarning quloqlariga noxush tegib, ulardan 300 kishi dabdaba ila to‘ytepaga yaqinlashdi. Bu daxshatli xabar shijoatli musulmon sarbozlariga yetib-yetmasdan, qo‘rqub, vahimaga tushib, har biri o‘z tug‘i bilan qochib ketdilar. (Musulmonlarning) bir guruhi kandir davonidan o‘tib, bir qismi Sarimsoqlik tog‘idagi bir biyobonda istiqomat ixtiyor etdilar.

Shu vaqtda Buxoro podshohi zafar ko‘rmagan amir Muzaffari bezafar o‘zining qo‘polligi, mumsukligi va aqli ko‘rligi bilan g‘azovat deb, shum va nomuborak niyatini yashirish, Xo‘qandi latifga yurishdek fosid xayolni boshdan kechirdi. Bir necha ming avboshu bebosh bezori-daydi odamlardan lashkar yig‘ib, katta dabdaba va saltanat bilan Jizzaxga keldi.

Hoziru g‘oyibdan hamma umid qilar edikim, inshoolloh, endi zamona amiri kofirlarga yetib bordi, hammalarini jur’atu dilovarlik va shijoatu mardlik va bahodurlik kuchi birla barbod qiladi va viloyatni ozod etadi deb.

Ammo ul nomard va heztarosh amir nomunosib fosid xayollarga botib bahona qidirardi. Xon Xudoyorxon ham saltanat taxtida o‘turub, hali murod gulini hidlamasdan, osoyishtalik damini surmasdan turib, tinch Xo‘qandi latif viloyatida katta fatarot yuz berdi.

Yigirma yetti yil davomida yil sayin, oy sayin, kun sayin qotillik, birodarkushlik janjallari avjiga chiqadi. Hatto dushmanga qarshi chiqadigan bir mard kishi topilmaydur. O‘n uch yildurki, o‘rus kofirlari bostirib kirib Oqmasjid, Qozonlidan to Avliyoota, Marka, Olma-Ota, Chulek qo‘rg‘onlarigacha zabt etdilar. Ko‘p odamlar kofirlar bilan bo‘lgan jangda talofat ko‘rdi va viloyatning shunday xarobaga aylanishi olam ahliga ma’lum va ravshandur. Bundan tashqari, shu yil qahatchilik kelib, odamlarning toqati toq bo‘ldi. Xo‘qandi latif viloyatining aholisi davr jafosi kulfatiga giriftor bo‘ldilar. Alar Xudoyorxon qadamini muborak bilib, jonlariga yangi ruh kirgan holatda turardilar. Bu voqealarga qo‘shimcha kuffor urush boshlanib, o‘ruslar Xo‘qandliklarga har tomondan hujumga o‘tdilar. Bu so‘zlardan g‘araz shulkim, ul nojins (amir Muzaffar) Xo‘qandi latif lashkarini oldingi safda kuffor urushiga jo‘natip, o‘zi bir-ikki kunlik masofada turip, “zafar tegsa faqat xo‘qandliklarga tegsun, ular nobud bo‘lsin, men bezarar qolay” derdi. Mahrami xoslarini va sanoqsiz yasovullarini nomalar ila do‘q po‘pisa bilan ketma-ket Xidoyorxon oldiga jo‘natardi.

Xudoyorxon amirning noshud muddaosini farosat ila tushunib, zamonasozlik qilib, bir necha ming sarboz, mahramu yasovul va bir nechta top’larni olib,shahardan yarim farsancha uzoqroqdagi Yermasjid qishlog‘iga keldi. O‘n besh kuncha shu joyda istiqomat qilib turganda, yana amir yasovullari yetib, ularni hol-joniga qo‘ymasdan Qayrag‘och qishlog‘iga olib keldilar. Uch kun shu yerda turub, zu-l-qa’da oyining 26-sida seshanba kuni o‘ruslarg‘a qarshi g‘azovat uchun Sayhundaryosi sohilig‘a yetib keldilar. Janob Sulton illi navbatda daryodan lashkari ila o‘tib, Oqjar mavzeida to‘xtadilar.

Buxoro amiri ko‘rdiki, valine’mat xon uning so‘ziga kirmasdan boshqa yo‘lni ixtiyor etdi, shunda u kofirlar urushini bir tomong‘a qo‘yub, qahru g‘azab ila Xo‘qondi latif sari yo‘l oldi.

Buxoro viloyatining yuzi qaro ulamolari Xo‘qond aholisini o‘ldirish va xotinu bolalarni asir olib sotish haqida rivoyat chiqarib, fatvo berdilar. Shunday fatvo berganlari uchun ularning qo‘llari sinsin!

(Amir Muzaffar) ko‘zoynakli ilondek harakat qilib, O‘ratepadan yarim farsang keladigan Lakkat mavzeiga keldi…

Ikki oy ichda shu mavzeda istiqomat (qilib) va har kuni o‘z haramida qizlar bilan vaqtini o‘tkazib, bachanozlik qilib, olamdagi bor fisqu fujur ila hayotini murdor qildi. (Amir Muzaffar) jahlu johillik va farosatsizligi tufayli, kofirlardan atigi besh farsang narida turib, shunday noma’qulchiliklar bilan shug‘ullanardi. Har kun aholining qiz va xotunlarini zo‘rlab olib (kelib) maishat qilish shul betavfiqning ishi edi. Qit’a (mazmuni):

Mulk arbobining mast bo‘lishi beadabdan emas,
Shoh saltanatig‘a hushyorlik oyini yaxshidur.
Shoh posbondir, shunda mulk shirin uyquda bo‘lar,
Posbong‘a hushyorlik yaxshiyu, g‘aflat loyiq emasdur.

(Amir Muzaffar) valine’mat xon xizmatig‘a har kun kishlarini yuborub, ularni kufforlar bilan jang qilishg‘a majbur etardi. Xudoyor (xon) valine’mat somon tiqilgan qop va kundaga o‘xshagan bu kishining (amirning) so‘ziga kirmasdan, elchilarni yaxshi so‘z ila qaytarib yuborardi. Bunday munosabatni ko‘rgan amir qahr-g‘azabdan o‘limga ham rozi bo‘lardi. Noiloj o‘zini karu ko‘rlikka olib, shu yil yigirma to‘rtinchi zul-l-hijjada uch farsanglik masofani qiyinchilik bilan bosib o‘tib, Sayhun daryosi sohilidagi Mayda lulg‘un degan mavzega yetib keldi. Shu yerdan Abdug‘afforbekni 5 guruh tug‘li qo‘shinga sardor qilib, Qurama viloyatig‘a jo‘natdi. O‘zi shu yerda (Mayda lulg‘unda) qolib, Olloyorbek mang‘it, Ya’qubbek g‘ulom, Sher Ali g‘ulom va boshqa sarkarda – ponsodlarni ko‘p ming lashkari bilan o‘ruslarga qarshi urushga borishga buyurdi. Ular har kun chiqib, o‘ruslar bilan urushib qaytardilar. Bu ma’noni bilib muharram al-harom oyining bir shanbasida kofirlar kelib (mang‘itlar bilan) jang qilib qaytib ketdilar. Bu voqeadan xabar topib, kofirlarni zaifu faqir deb, nazarlari ilmadi va ular bilan katta to‘qnashuvni kutib turdilar. Yakshanba kuni kirdi. Quyosh sharq burjidan maliki farhang amri-la ulug‘ dabdabalar bilan osmon gilamig‘a qadam bosib, sodiq kishilarning qalbidek olamni ravshanu namoyon, sofu musaffa qildi. Islom lashkari harakatga kelib urush maydoniga jasorat bilan kirdilar va to‘pu to‘fanglarni hozirlab, saflarini Saddi Iskandaiydek mahkam qilib, kofirlarni kutdilar. Yakshanba kofirlar uchun ibodat kuni edi. Peshindan so‘ng ibodatdan forig‘ bo‘lgan o‘ruslar islom lashkariga qarshi birdan hujumg‘a o‘tdilar. Ikki tomon bir biri bilan uchrashib ko‘rgan va eshitgan kishining aqli hayratda qoladigan urushni boshlab yubordilar.

Mang‘itlar esa ko‘p yildan buyon xalq nonini tuya qilib yeb, na o‘zlari va na ota-bobolari urush ko‘rmagan edilar. Hammalari old-orqalariga qaramasdan qochish yo‘lini qidirardilar.

Nima bo‘lsang ham, faqat hez bo‘lma degandek, Buxoro podshohi bir farsax masofada turib durbin orqali urushni tomosha qilardi. Kofirlar hushsiz mang‘itlrani to‘pu to‘fang bilan otardilar. Lashkari islom parishon va parokanda bo‘lib, cho‘lu biyobonga qochib ketdilar.

Hezalak podshoh (Amir Muzaffar) durbinda bu ahvolni ko‘rdi va shunday hez kishida ham toqat qolmadi va kiyinib ulgurmasdan ming hasrat ila otga minib, namozi asr vaqtida Jizzax tomon yo‘l oldi. Uning lashkariga putur yetdi va parishon bo‘lib jang maydonidan qochib qoldilar. Hech kim bunday besaranjomlik va nomardlikni bunday to‘nkabadan kishidan, amiri hezdan hozirgacha kutmagan edi. Ajdodlaridan qolgan shunday saltanatni, buxorolik ba’zi bir mag‘rur kishilar uchun iftihor bo‘lgan mufoxirotni, qurol-yaroq, podshohlik anjomlarini, xususan, bir necha dilband ma’shuqalarini begonalarga tashlab ketdi.

Bu voqea 1283 yil yakshanba kuni, muharram-al harom oyining 7-sida yuz bergandi. Katta hez janoblari (amir Muzaffar) shu qochishda joni halqumga tiqilib, kechqurun Jizzaxga yetib keldi. Uning mulki behisob, behokim qoldi. Abul G‘afforbek yuz O‘ratepaga kirib, muzofot ila egallab, mustaqil bo‘ldi. Xo‘jand aholisi janob (Xudoyor) valine’mat xon huzuriga kelib, undan sardor bo‘lishini iltijo qilib so‘radi. Janob Shahriyor Mullo To‘ychi dodxoh qirg‘izni bir necha ishonchli kishilar bilan Xo‘jandga yubordi. O‘z ham kelib shaharga kirdi. Xo‘jandga tobe’ bo‘lgan joylardan Nov qal’asi, Qo‘shtegirmon, G‘o‘lakandoz, Oqtepa, Dalvarzin, Mahram, Qorachiqum, Konibodom va boshqalar amiri valine’mat (Xudoyorxon) tasaruffiga o‘tib, olam tinch va osoyish bo‘ldi. Turkiston shaxlari orasida shunday bir gap bor: “Otilmagan sopqon ham boshga tegar, ham ko‘zga”. Ularning yana ko‘p masallari amiri (Muzaffar)ga qarata aytilgan. U Jizzaxda ham to‘xtamasdan Samarqandga qochib ketgan edi. Amir Muzaffarga o‘lim vahimasi tushib, bir necha kun shu yerda (Samarqandda) istiqomat qildi.

Olloyorbek mang‘it esa Jizzaxga kirib keldi, qolgan molu xazina, to‘pu to‘fang hammasi kofirlarning qo‘liga tushdi. Necha yillab jamlangan boylik bir zumda nobud bo‘ldi. Shundan keyin battol kofirlar O‘ratepa va Jizzaxni qo‘yib, g‘ayrat jilovini Xo‘jand tomon burib, bir necha kun ichida yetib kelib, shaharni qamal qildilar.

Ba’zi bedin va dunyofurush molparast ulamo, oqsoqollaru arboblar birlashib, ozgina pul mablag‘ deb qancha odamlarning qonidan ham qo‘rqmay, qal’a darvozasini kofirlarga ochib berdilar.

Xulosatul-kamol shulkim, amir valine’mat (Xudoyorxon) Bahodur xoja ponsodni qo‘shini bilan (Xo‘jandga) yubordi. Uning yuz kishidan ko‘proq qo‘shini kofirlar safini yorib o‘tib, shaharga kirdilar. Shunga qaramasdan, kofirlar Xo‘qond darvozasiga yaqinlashib, jang boshladilar. Xo‘jandliklar g‘ayrat kamarini bellariga bog‘lab, ularni orqaga qaytardilar. Shu payt mazkur yil muharram al-harom oyining yigirma uchida ul xiyonatkorlar kofirlarga boshqa darvozani ochib berdilar. Xo‘jand qal’asini olish kofirlarga oson tushdi. Xo‘jand fuqarosi kofirlarning shaharga kirishlarini ko‘rib g‘ayrat va shijoat ila o‘ruslarning yo‘lini to‘sib, qat’iy harakatlar bilan jangga kirdilarki, yeru osmon, dono va nodon kishilar afsus barmoqlarini hayrat tishlari ila tishlab, tahsin va ofarinlar. Har ikki taraf to‘pu to‘fang, cho‘butayoq ila bir-birlarini urib (o‘lim ila) yakson qilardilar.

Xususan, musulmonlar ko‘proq to‘pu to‘fang qurboni bo‘lub, orqaga qaytib har bir ko‘cha, mahalla va bog‘lar ichidan qochib qoldilar. Kofirlar ham ular orqalaridan quvlab ketdilar, ko‘cha, mahalla va bozorlarda odam qolmasdan, ayolu bola demasdan ko‘p kishilarni miltiq bilan otib shahid qilishdi.

Fayzosor shayx Muslihiddin hazratlarining mozorlarida panoh topgan g‘aribu bekaslar, ko‘ru cho‘loqlar, gadoyu darveshlar, mayibu majruhlar hammalari biror kishi qolmasdan nobudlik olamiga ketdilar.

Madrasa va saroylarda ko‘plab odamlar talon-taroj qilinib, qatl etildilar.

Ikki tomon ham tinchib, qiyomatsar mojarolar to‘xtagandan so‘ng har bir toifa o‘z o‘liklarini topib, ularni sanash bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Musulmonlardan 2600 kishi erkagu ayol, kabiru sag‘irdan shahodat darajasiga yetib ekanlar va kufforda esa 1200 kishi – do‘zah va jahannam dargohiga ketgan ekan. Shunday fojia ila Xo‘jand fuqarolari kofirlarning zulm sitamig‘a giriftor bo‘ldilar. (Xo‘jand) viloyatining mo‘tamadlari ming ajzu dard ila janob xon (Xudoyorxon) valine’matg‘a ketma-ket elchi bilan hat yuborib, islom (ahli)dan madad so‘radilar.

Janob xon uzoq muddat andisha dengiziga g‘arq bo‘lib, kofirlarga qarshi biron jur’at qilmadi.

Kuffor ahli sa’y va taraddudga tushdi, aslaha-anjomini shay qilib, 1263 yil, jumodul oyining uchinchisida jabru sita hayolini O‘ratepa tomon burdi. Ko‘p lashkar ila Oqsuv daryosining sohiliga yetib kelib tushdilar. Shu yerda istiqomat qilishni ixtiyor etib, uch yuzga yaqin qozoq va o‘ris batollarini ilg‘or tariqasida O‘ratepa tomon yubordilar.

Abdul G‘afforbek O‘ratepa viloyatining hokimi va yetakchisi edi. U bir qancha mard va jasur odamlarini yo‘l qo‘riqlashga yuborgan ekan. Yo‘lda bu ikki guruh bir-biri bilan to‘qnashdilar. Musulmonlar katta kuch bilan kofirlarga shunday hamla qilishdiki, ahli kufforda tobu toqat va sabru sabot qolmadi va kelgan yo‘llariga qaytib, ming nayrang ila qochib ketdilar. O‘ktam yigitlar chaqqonlik bilan kofirlarga yetib olib, po‘latsimon nayzalar otib, yomg‘irdek o‘q yog‘dirib, qo‘shlarigacha quvib borib, qytib keldilar. Musulmonlarning jur’ati ahli kufforga ma’lum bo‘ldi. Beqaror yuraklarida sabru toqat qolmadi va ular payshanba kuni, ertalab o‘z joylaridan ko‘chib, Ko‘rkat mavzeiga keldilar. Islom lashkari kofirlarning yo‘lini to‘sib, sa’yu ko‘shishila jangi azm qildilar. Kofirlarning harbiy qudrati zo‘rligi tufayli ahli islommag‘lub bo‘lib, urusha-urusha orqaga qaytdilar. Navkand mavzeiga kelib, otlarini to‘xtatib, yana bir qattiq jangga kirishdilar. Har bir mavze va qarorgoh uchun betinim jang qila-qila Maxovzor mavzeiga yaqinlashdilar…

Shu kuning ertasi ahli kuffor qal’ani egallash qasdi ila yo‘lga chiqdi. Musulmonlar ham bir qancha merganlarni qal’a atrofiga joylab qo‘ygan ekanlar. Merganlar battol kofirlar yaqinlashishi bilanoq ularning atroflarini o‘rab olib, to‘pu to‘fanglarni jo‘shu hurujga keltirib, to‘rt tomondan muhobotsiz otdilar. Kofirlarda tob-toqat qolmadi va ular katta zarar ko‘rib, qattiq zarba yeb qaytilar. Kundan-kunga jangu jadal kuchayib borardi. Yakshanba kechasi, jumodul-oxir oyining 4-si yo 5-sida kofirlaruchta darvozaga odamlarni ta’yinlab Mug‘ darvozasining chuqur handaqini xas-xashak bilan to‘ldirib, shunday vasi’ joyni bir kechada tikis qilib, o‘zlariga yo‘l ochib, tongni kutib turdilar.

Shu payt shahar aholisi g‘ofil va o‘z ahluholiga mashg‘ul bo‘lib, olamdan bexabar uyquda yotar edilar. Biroz vaqt o‘tgach, sahar paytida shahar darvozalariga bir ming – ikki ming kishini qo‘yib, o‘ruslarning guburnot(uri) va jiniroli (generali – Sh. V.) ko‘p sonli to‘da ila Mug‘ darvozasida hozir bo‘ldi. To‘satdan o‘zlari tekislagan yo‘ldan o‘tib, shahar darvozasidan kirib tug‘ sanchiqini Mug‘ qal’asiga o‘rnatishni buyurdi. (Mug‘ qal’asi) shu viloyatning hokimining joyi edi. Kofirlarning qolgan lashkarlari shaharga har bir darvozadan firqa-firqa, to‘p-to‘p, guruh-guruh bo‘lib qichqirib shovqin-suron ko‘tarib kirdilar va olamni to‘s-to‘polonga ko‘mib bozorga yaqinlashdilar. Ahli islom musulmonlik hamiyatini diliga joylab, Saddi Iskandardek ustuvor turib jang qilardilar. Ular o‘z yurtining hokimi Abdul G‘affaorbek yuz kofirlar kelishi bilanoq juftakni roslaganini eshitib, zaif va bemador bo‘lib, qochishni mo‘ljal qildilar. Odamlar xilvat joylarga yashirinib, kofirlar nazaridan maxfiy bo‘ldilar.

Qishloqdan va shahardan kelgan aholi pana joy topmasdan noilojlikdan jangga tushib, o‘ruslarning to‘pu to‘fanglarning sochgan otash balosudan nobud bo‘lib, shahodat darajasiga yetub, oxirat olamiga ketardilar. (O‘ruslar) uch soatga yaqin viloyatni talon-taroj va aholini qatl qilib, zamona mardumiga omonlik berdilar. Shu dahshatli jang jarayonida musulmonlardan sakkiz mingdan ko‘proq kishi kofirlarning to‘fang va shamshirlari tig‘idan ajal topdi. Kofirlarning o‘lgan soni besh mingdan oshib, do‘zax otashiga sazovor bo‘ldilar. (O‘ruslar) kuch ila O‘ratepa mamlakatini o‘z qo‘llariga oldilar.

Abdul G‘afforbek xotin va bolalari bilan Samarqandga qochib ketdi. Ahli kuffor yetti kun O‘ratepada turib, viloyat ishlarini saranjom qilib, yakshanba kuni mazkur (jumodul oxiri) oyining o‘n uchinsida Jizzax tomon borishga amr etdi. Necha yo‘l bosib, manzili muddao sarhadig‘a yetdilar. Shaharga bir yarim farsax keladigan masofaga qo‘nib, odamlarning hafsalasini pir qildi va bir necha kundan keyin, etda tongda qal’a darvozalariga hujumga o‘tdi. Guburnot(ur) qal’a muhosarasiga buyruq berib, o‘zi Buxoro darvozasi oldiga turdi.

Lashkari islom qal’a ichidan turib to‘pu to‘fangni ishga soldilar. Kofirlar esa tashqaridan o‘q otib, taloto‘b bilan shaharga kirdilar. Musulmonlar besaranjom bo‘lib, har tomonga parishonlik bilan yugurar va najot yo‘lini qidirib topmasdilar. Kofirlar musulmonlarni uch tomondan to‘sib, to‘pu to‘fang zarbi ila shunday urushardilarki, o‘lganlarning hisobi yo‘qdur. Mang‘it sipohidan taxminan 15-16 ming kishi o‘z sardorlari shahodat darajasiga yetgan edi. Mang‘itlar o‘z jur’atsizligi tufayli shunday baloga giriftor bo‘ldilar. Aks holda, shuncha odam jasorat ko‘rsatganda, kofirlarning terisini shilib olardilar. Viloyat ichi ahli kufforga to‘lib ketdi.

Jizzax zabt etilgandan so‘ng uch kun o‘tib, amir (Muzaffar) Buxorodan, Samarqandga keldi. Uning tabiatida g‘ayratu hamiyat yo‘qligi uchun Samarqandda ham bemaza va bema’ni amallar bilan shug‘ullanib yurdi.

Qish kelib, dalv oyi kirdi. Orenburg volisi Kirjijanovski jinirol va Rusiyaning amirlashkari edi, Rusiyag‘a ketdi. Shundan keyin Buxoro amiri Sodiq To‘ra ibn Kenesari to‘rankim, Dashti qipchoq salotinlarining avlodidandir, bir necha ming suvoriy sipoh bilan Oqmasjid sarhadini chapovul qilish (bostirish) uchun jo‘natdi. Javzo (may) oyining boshlarida o‘ruslar ham 200 ga yaqin sarbozi bilan Oqmasjid qal’asidan chiqib, Buxoro chegarasida joylashgan Sariq buloq mavzeiga keldilar. Ulardan bir favj sarboz ajralib, Sodiq to‘ra mulozimlari bilan to‘qnashdilar. O‘ruslardan 13 kishi o‘ldirildi, 6 sarboz asirlikka tushdi, qolganlari esa qochib xalos bo‘ldilar. Sodiq to‘ra hushxabar bilan asirlarni Buxoroga jo‘natdi, o‘zi esa O‘qjargacha borib qaytib keldi.

Buxoro amirining farmoniga binoan Samarqand volisi bir necha ming sarbozni (Jizzaxga) jo‘natdi. Ular Jizzax qal’asiga ozuqa jo‘natishga qarshilik ko‘rsatib, shu jihatdan o‘ruslar vaziyatini og‘irlashtirib yubordilar. Boshqa tomondan (Buxoro amiri o‘ruslarga) elchi jo‘natdi. Buxoro amiri elchisi va vakili Orenburg‘ viloyatida sulh tuzdi. Shartnoma asosida o‘ruslar tomonidan zabt etilgan Yangiqo‘rg‘onni Buxoro amiriga qaytarildi. Buxoro amiri esa Jizzaxni o‘ruslarga berdi. Buxoro tomonidan elchi Abdullaxon … to‘ra edi.

Shu voqealar aytilayotga paytda (Buxoro) viloyati harob bo‘ldi. Shahrisabz va Qarshi viloyatining elot va aholisi (amirga) qarshilik ko‘rsatib, Jo‘ybor xo‘jazodalari va to‘ralarinkim, Buxoro amiriga jiyan bo‘ladilar. Shahrisabzg‘a olib keldilar. Amir (Muzaffar) Samarqandda bu odamlarning jur’atini eshitib, g‘azablanib, ularni kamsitdi.

Shu voqyelarda xitoy-qipchoq qabilasi Miyonkolotda qo‘zg‘olon ko‘tarib, Dubus, Chelak va Kattaqo‘rg‘ongacha bo‘lgan bir qancha qishloqlarni bosib oldilar.

Amir shunday jasoratlardan ko‘p ma’yus va mag‘mum bo‘lib, qipchoqlarga qarshi qo‘shin tashlashga botinmadi. Qipchoqlar bu ko‘zyoshlarga ahamiyat berib, xitoy qabilasining bir nechta ulug‘larini ushlab amirga berdilar. Samarqandda ularni qatl etib, lashkar ila Shahrisabz tomonyurish qildi.

Marohillarni bosib o‘tib, Jom qal’asig‘a etib kelganda to‘xtashga buyruq berdi. (Jom mavzei) shahrisabzdan qariyb uch farsax keladi. Amir (Muzaffarning) tabiatida g‘ayratdan hech asorat qolmadi va ahvoli og‘irlashib, shu yerda qoldi. Birinchi daf’adagidek siyosat qilib do‘q-po‘pisa bilan bir elchi yubordi, ammo foydasiz edi. Oxiri amir yarashishga majbur bo‘lib, orqag‘a qaytdi va qarshi tomon yo‘l oldi. Shu davru zamonda Orenburg‘ viloyatidan to Xo‘qandu Buxoro viloyatlarigacha bo‘lgan hudud rus podshosi qo‘lig‘a o‘tdi. Shu yerlar bir ayolotga (general-gubernatorlikka) birlashtirildi va Rusiya poytaxtidan Kaufman nomli kishi voliy-amirlashkar tayin etildi. Yangi Rusiya voliysi oldingi amirlashkar va amir o‘rtasida tasdiqlangan bitimni qabulqilmadi, aksincha uni buzish yo‘lidan bordi.

(Kaufman) Buxoro amiriga birinchi sharnomadan ham o‘gir bo‘lgan, o‘zi tartib va tanzim bergan yangi ahdnomani juda oz muddatda ko‘rib chiqmoq uchun yubordi.

Agarda Buxoro amiri shu ahdnomani qabul qilmasa urushishga tayor bo‘lsin, deb shart ham qo‘ydi. Buxoro amiri bu ahdnoma shartlarini o‘z davlatiga o‘gir bilib, shunday javob yuborishni buyurdikim, “Rusiya arboblarining ahdu paymonlari barqaror emas ekan. Har qaysi yangitdan amirlashkar va voliy bo‘lib olsa, eng avval yangi ahdnomalar qabul qilishga intilar ekanlar. Ahdnomaning shartlari bizning hukumatimizga zarari kulliy yetkazadi va kunlar o‘tishi ila bizning sabr-toqatimizni to‘ldiradi. Biz o‘z ixtiyorimiz ila birinchi tuzgan ahdnomani buzib tabdiletmaymiz. Agarda Kaufman oldin tuzgan bitimni qabul qilmasdan uning bekor qilishga ko‘shish etsa, unda buzmakor va ahdu paymonsiz nomin oladi”. Shu majlis-mashvarat oxiriga yetmasdan va Kaufman javob olmasdan burun milodiy 1867 yil, jaddiy oyining oxirlarida o‘rus askarlarining sardori Jizzaxdan Buxoro hududig‘a kirib, Uxum qasabaining yerlarigacha bosib keldi. Bu yerlarning aholisi Buxoro ra’iyasi hisoblanar edi. O‘ruslar ularning manzillariga o‘t qo‘yib, mol-hollarini talon-taroj qilib, keyin Jizzaxga qaytib ketdilar.

Milodiy 1868 yildan quyosh hamal burjiga kirgan mahal O‘rusiya askarlari Uxum qasabasiga ikkinchi marta tajovuz qilib, buxorolik qorovul to‘dalarni bosdi va ularni parishon qildi. Chelak hokimi buxorolik madadiga yetib kelib, o‘ruslar bilan urushga tushdi.

Quyosh savr burjining 18 darajasida edikim, Turkiston sipohsolari Kaufman taxminan 5 ming saralangan O‘rusiya askarlari bilan Samarqandni zabt etishni o‘zig‘a maqsad qilib, Toshkanddan yo‘lga chiqdi. Bir necha muddat Jizzaxda turib, javzo oyining boshlarida Zarafshon daryosig‘a yaqinlashdilar. Shu yerda amirdan elchi kelib, kaufman tomonidan yangitdan tartib va tanzim berib amirg‘a yuborilg‘on ahdnomani olib ketdi. Amir (Muzaffar) ahdnomani o‘qib, qo‘yilg‘an shartlarg‘a moslab qabul qilib, Kaufmang‘a jo‘natgan edi, Kaufman elchiga aytdikim: “Bugun men yurush uchun endi otga minganman, kechqurun manzilga yetsam, ahd shartlari borasida muzokara qilaman” Kaufman yaqinlashib, Zarafshon bo‘yida Tali siyoh tepasida Buxoroni ko‘rdi. O‘rus sipohsolari Kaufman elchiga aytdikim: “Senga 2 soat muhlat, chopar jo‘natib, buxoroliklarni narigi sohildan qaytarsin, biz hech qanday to‘siqsiz daryoni kechib o‘tsak, shu yerda sen bilan sulh haqida gaplashamiz”. Elchi chopar yuborib, bu shartni Buxoro amiriga ma’lum qildi. Ular shu va’daga ishonib, o‘ruslar Zarafshon daryosida kechib o‘tayotgan paytda ularga hech qanday qarshilik ko‘rsatmadilar. Kaufman boshliq o‘rus askarlari talofatsiz o‘tib, muzokara va sulhni kutib turgan buxoroliklarga to‘satdan hujum qilib, ularga talofat yetkazdilar. Shundan Kaufman sulh taklifini qabul qilmasligi haqida qat’iy javob berib,elchini qaytardi. Firibga duchkelgan sodda elchi ma’yus bo‘lib Buxoroga qaytdi…

Buxoro sipohi Samarqandga kirmasdan azamat jilovini Buxoro tomon burdilar. Ertasi Samarqandliklar o‘ruslar bilan sulh tuzdilar. O‘ruslar amir Temur poytaxti sanalmish Samarqand shahrini tasarruf qildilar. Javzo oyining o‘rtasigacha ular Urgut shahri va Chelak qal’asini ham istilo qildilar. Bir necha askarlarini Kaufman bir jinirol yetakchiligida Kattaqo‘rg‘on tasarrufi uchun yubordi. Uchinchi kuni o‘ruslar Samarqanddan 8 farsax keladigan Kattaqo‘rg‘onga yetib keldilar. Shu yerning hokimi Ya’qubbek shaharni tashlab qochdi. O‘ruslar Kattaqo‘rg‘onni jangsiz egallab oldilar. Kaufman ham shu zahoti Kattaqo‘rg‘onga yetib keldi. (U) Samarqandga qaytib, bir necha guruh askarni ikki farsax keladigan Qal’asiga yubordi. Shahrisabz sardori bir necha ming piyoda va suvoriy qo‘shini bilan kelib, o‘ruslar bilan jang qilib, qaytib ketdi. O‘ruslar Samarqandga qaytdilar.

Shu jangda Shahrisabzliklardan ko‘p kishi talofot ko‘rdi. Samarqandlik Mirzo so‘ziga qaraganda 50 kishi halok bo‘lgan ekan. Quyosh javzo oyining oxirida ediki, Buxoro sipohi Zirabuloq mavzeiga jam’ bo‘lub, Kattaqo‘rg‘on qal’asini zabt qilishga jazm etdilar. Bu xabar Kaufmanga yetib bordi. (U) Samarqanddan bir necha saraaskarlari va to‘pu to‘fanglari bilan Buxoro sipohiga qarshi kurashmoq uchun Kattaqo‘rg‘onga, undan Zirabuloqqa keldi. Buxoroliklar Zirabuloq mavzeida Buxoro yo‘liga qo‘shilib ketgan bir qir tepasida saflangan edilar. O‘rus askarlarini Kaufman ikki qismga bo‘lib, o‘ng va chapdan hamla qilishdi. Buxoroliklar jang ko‘rgan askarlarning to‘pu to‘fanglari otashig‘a tob bermasdan orqaga qaytdilar.

Shu muhorabada hozir bo‘lgan kishlarning aytishicha, buxorolik piyoda va suvoriylardan ming kishidan ko‘prog‘i nobud bo‘lib, o‘ruslarning talofati ikki yuz kishiginaga yetar ekan, xolos. Kaufman Zirabuloqda buxoroliklar bilan urushayotgan vaqtda ming, xitoy-qipchoq va Shahrisabz kenagaslarining qabila sardorlari ittifoq bo‘lib, ko‘p sipoh ila Samarqandga kelib, bu shaharni fath etmoqchi bo‘ldilar. (Ular) Saroyning atrofida ichki qal’ani to‘rt tomondan bosib olib, uning ikki darvozasi – Samarqand va Buxoro darvozasiga hujum qilib, mardlik bilan sa’yi balig‘ ko‘rsatdilar. O‘ruslarning ahvoli juda tang bo‘ldi. Qabilalar ittifoqi agar yana ikki-uch kun ittifoq va ijtimo‘ ila muhosaraga sabot ko‘rsatganda edi, g‘olib kelib, Samarqandni o‘ruslardan ozod qilgan bo‘lardilar. Ammo movarounnahrlik badbaxtlarning shuncha sa’yu harakatlari va mehnatu mashaqqatlari natijasiz anjom topdi. Buxoro sipohining Zirabuloqda mag‘lub bo‘lganlarini eshitib, birinch bo‘lib Shahrisabz kenagaslari, keyin esa boshqa toifalar sabot va jalodat qadamlarini tortib olib, muhosaradan yuz o‘gurub, har tomonga parishon bo‘lib, parokandalikka berildilar. Shuning uchun aytganlarkim, bayt (mazmuni):

Parokanda lashkardan hech foyda yo‘q,

Ularning yuz mingidan ikki yuz jangovar yigit yaxshiroq.

Qolgan lashkar besh kun muhoraba va muhosara ixtiyor etib, Kaufman Samarqanddagi o‘ruslar madadiga kelayotir degan xabar ma’lum bo‘lgandan keyingina qamalini qo‘xtatib, o‘z vatanlariga qaytdilar.

Voqealarga shohid bo‘lgan samarqandliklarning so‘zlariga qaraganda, o‘zbeklarning birlashgan qo‘shinlari ko‘p jasorat ko‘rsatib, o‘ruslardan 270 kishini o‘ldirgan ekanlar.

Milodiy 1867 yili saraton oyining o‘rtalarida zafar ko‘rmagan amir Muzaffar va Turkiston sipohsolari Kaufman o‘rtalarida sulh tuzildi. Buxoro amiri Jizzax, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on va ularga taalluqli bo‘lgan yerlarni hamda o‘ruslar istilo qilgan mavzelarni Rusiyaga berdi. Bunga qo‘shimcha katta mablag‘ – tovon to‘lashni o‘z bo‘yniga oldi. Buxoro mamlakatida ularning siyosiy idorasi ta’sis topdi. Shu vaqtda quyosh dalv burjining oxiriga yetgan edi. Buxoro amirining sulhidan 6 oy ilgari Farg‘ona xoni Said Muhammad Xudoyorxon va Turkiston sipohsolari Kaufman o‘rtalarida ham sulh bitimi bo‘lgan edi va adovatu xusumat o‘rnini amniyat egalladi. Mamlakat rifohiyati esa tijoratga aylandi. Qon to‘kilish va mulku madaniyat xarobaligiga sabab bo‘lgan jangu jadallar yo‘q bo‘ldi. Shu voqealar yuz berayotgan bir paytda Qarshi voliysi Abdumalik to‘ra Buxoro xoni amir Muzaffarning katta o‘g‘li Shahrisabz kenagaslarining ulug‘lari va Sodiq to‘ra binni Kenesari to‘ra Ablay Sulton yurtdoshlari ila Buxoro amirligi va saltanatiga da’vo qildi. U o‘z otasi amir Muzaffarga qarshi hamlaga o‘tib, jangovar sipohni yig‘di. Buxorodan amir Muzaffar sipoh va sarbozlar ila o‘g‘lining hujumini daf’ etmoq uchun Qarshi tomon otlandi. Qarshi cho‘llarida Abdulmalik bilan jang bo‘ldi va Abdulmalik to‘raning sipohi parokanda bo‘ldi. Abdulmalik Shahrisabzga qochdi. O‘z o‘g‘lini taqib qilib, otasi Shahrisabz qal’alaridan bo‘lgan Chiroqchini qurshab oldi. Shahrisabz voliysidan o‘z o‘g‘lini talab qildi. Bu ish oxiriga yetmasdan turib, boshqa joyda qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Abdulmalik to‘ra farmoniga binoan Nurota va Karmanani Sodiq to‘ra olgani xabari amir Muzaffar qulog‘iga yetdi. Bu fitna va ixtilol sababiga ko‘ra (amir) Chiroqchidan orqa’ga qaytib, bu dahshatli hodisalarni bartaraf qilmoq uchun Samarqand voliysi jinirol (Abramov – Sh. V.)dan yordam so‘radi. O‘rusiya uchun Buxoro amirini qo‘llash xayrli ish deb, jinirol amir iltimosini qabul aylab, bir necha guruh askar bilan Jom sarhadig‘a keldi. Shahrisabz voliysi o‘ruslarni kelishlarini eshitib. “O‘rusiya Shahrisabzni ham olar ekan” deb Chiroqchidan Shahrisabzga qaytdi. Abdulmalik to‘ra ham Qarshiga keldi. Buxoro amiri bu ahvoldan foydalanib, Sodiq to‘ra fitnasini bostirishga harakat qildi, unga shikast yetkazib, fasod va sho‘ru g‘avg‘olarga ozgina bo‘lsa-da taskin berdi. Amir Buxoroga qaytdi.

Qarshi turgan Abdulmalik to‘ra parokanda bo‘lg‘an sipohni yig‘ib yana qo‘zg‘olon ko‘tarib, ixtilofni boshladi. Buxoro amiri ikkinchi marta Samarqand jinirolidan yordam so‘radi. Samarqand jiniroli Jomdan bir necha guruk qo‘shin va bir necha to‘p ila Qarshig‘a bordi. Quyosh aqrabning 20-21 darajasida edi, o‘ruslar qarshida Abdulmalik bilan to‘qnashib, unga zarba berdilar. Abdulmalik to‘ra Qarshidan qochdi va uning sipohi mag‘lub bo‘ldi. Aqrab oyining oxirlarida o‘rus jiniroli Qarshini amir ma’murlariga topshirib, Samarqandga qaytdi. Shu hodisalardan keyin Shahrisabz hokimi, kenagas toifasining raislari, Kishtut va farob fuqarosini o‘ruslarg‘a qarshi qayradilar. Kishtut, Farob va Magi’yon raislari o‘ruslarg‘a qarshi chiqdilar. Ularga yordam deb Haydar xoja degan kishini bir necha shahrisabzlik guruh bilan yubordilar. Haydar xoja Samarqand chegarasida yurgan o‘rus suvoriylariga hamla qilib, ulardan bir qanchasini o‘ldirib, ba’zilarini yarador qildi. Bundan Samarqand voliysi jinirolning jahli chiqib, Turkiston sipohsolari Kaufmanga bu ahvolni ma’lum qildi. Turkiston sipohsolari buyruq berdikim, Shahrisabz yurishini maxfiy rejalashtirib, viloyatni makr bilan ishg‘ol qilib, Buxoro amiriga bersin samarqand jiniroli safar anjomlarini muhayo aylab, amir Muzaffarni bu ishidan boxabar etib, o‘z askarlarini ikki dastaga ajratdi. Sunbula oyining yettisida birinchi favj Jomga yo‘l oldi. Favji soniy ikki kundan keyin Qoratepa devonidan o‘tib, Kitob qal’asining oldida birinchi qism bilan birlashdi. Ular qal’aga yaqin bo‘lgan O‘rus qishloq degan joyga tushdilar. Sunbulaning 13-kunida o‘ruslar askar va to‘plarini har nuqtaga joylashtirib, qal’ani olish bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Shahar va qal’aga alohida-alohida hamla qilib, to‘pga tutishni boshladilar. Kechasi esa o‘ruslarning bir necha guruhi qal’aga yurish qilib, xandaqqa yaqin keldilar. Qal’adagilar bundan ogoh bo‘lib, o‘ruslarni o‘qqa tutib, mudofaaga o‘tdilar. O‘ruslarning yana bir guruhi posbonsiz qolg‘on joydan devorg‘a narvonlar qo‘yib, qal’aga kirdilar. Qolganlari esa devorning qulagan joylaridan shaharga bostirib kirdilar. O‘rus suvoriylari ham Robatak darvozasini yiqitib, to‘rt tomondan shaharga kirdilar. Qal’a aholisi o‘zlarini g‘am-anduq dengizida ko‘rib, turli yo‘llar bilan urusha-urusha chekindilar. O‘ruslar yo‘llarida uchragan uy-joylarni, kishilarning to‘plab qo‘ygan yem-hashaklarini, zahira qilib qo‘ygan o‘tinlarini yondirib, uning yorug‘ligida oldinga qarab intildilar. Shunday qilib, tongacha o‘ruslar shaharni butkul zabt etib, o‘z tasarrufiga oldilar. Shu urushda Shahrisabzliklardan 500 dan ko‘proq shahid bo‘lib, ko‘p odam zahmdor bo‘ldi. Jangda qatnashgan mo‘tabar kishilarning so‘zlariga qaraganda o‘ruslardan 150 kishiga yaqin odam talofatga uchrabdi. Ammo 30 ta cho‘yan to‘p, bir necha pilta miltiq va boshqa narsalardan juda ko‘p zahira o‘ruslar qo‘liga o‘tibdi.

Sunbula oyining o‘rtalarida Samarqand jiniroli (Shahrisabz) shahriga kirib, shahar a’yonu ashrofini jam’ etib, Shahrisabz Buxoro amoratiga taaluqli ekanini e’lon qilib aholini tinchitdi, keyin Kitobga keldi. Shu yerda amir Muzaffar Shahrisabzga yuborgan yangi ma’mur va zobitlar bilan muloqot qilib, viloyatni Buxoro amirining mutasaddilariga topshirib, Samarqandga qarab jo‘nadi. Shu asnoda u eshitdiki, Shahrisabz voliysi Bobobek parvonachi Hakimbiy o‘g‘li va uning noibi Qalandar eshikog‘asining o‘g‘li Jo‘rabek dodxoh Mog‘iyon qasabasida 3 mingga yaqin lashkar to‘plab kutib turibdi va agarda rus askarlari Shahrusabzni buxoroliklarga berib qaytsalar, buxoroliklarni Shahrisabzdan haydab, yana viloyatni o‘z qo‘llariga olarmishla. Shuning uchun jinirol Kitobdan Farobga keldi. Shahrisabz voliysini sipohi ila topmasdan Farob aholisig‘a shunday e’lon qildikim, shu kundan boshlab sizning qasabalaringiz Samarqand muzofotining hay’atiga tegishlidir va sizlar rus tobeligiga kirgansizlar. Yana bir ma’murni bir favj ila Mog‘iyonga yubordi va yuqorida aytilgan mazmundagi xabarni u yerning aholisiga ham e’lon qildi. Shu ishlardan so‘ng Samarqand jiniroli o‘z askarlari bilan Samarqandga qaytib ketdi. Shahrisabz voliysi Bobobek o‘z akalari va noibi Jo‘rabek dodxoh hamda xizmatkorlari bilan ancha muddat sarsonu sargardoon bo‘lib, Farg‘ona chegarasiga yaqinlashdi. Buni Xudoyorxongga ma’lum qildilar. Janobi Xudoyorxon o‘z amirlari bilan mashvarat qildi. Xonning akasi Sulton Murodbek, umaro va vuzaroning aksariyati birlashib dedilarki: “Agarda biz Shahrisabz voliysini Farg‘ona saroyida qabul qilsak, Buxoro amiri O‘rusiyani bizga qarshi qayraydi va o‘ruslar bizdan voliy (Bobobek)ni talab qiladilar. Agar uni o‘ruslarga bersak, sharmanda bo‘lamiz, agar o‘ruslarning xohishini rad qilsak, bu bilan ahdu paymonini buzib, ularga bahona va sabab topibbergan bo‘lamiz. Buning chorasi shuki, Shahrisabz voliysiga safar zaruriyati va luzimotini taxtlab, avval uni mehmon qilib, keyin Qoshg‘arga jo‘natsak. Bu savobli fikr qabul bo‘ldi. Saroyning bir ishonchli mulozamini uzru ma’ni ila ziyofat va mehmondorchilikka da’vat qilish uchun Bobobek oldiga yubordilar.

Mazkur ma’mur Shahrisabz voliysining oldiga kelib ahvolni tushuntirdi va hamma naqdini berib aytdiki, “Farg‘ona hokimi sizdan uzr so‘rab o‘z mulkida bir necha kun mehmon bo‘lishingini hohlaydi va keyinroq Qoshg‘arga borsangiz, sizni chegaragacha kuzatib qo‘ymoqni zimmamizga olamiz”. Shahrisabz voliysi (Bobobek) unga javob berdiki: “Biz Qoshg‘ar safarini xohlamaganmiz. Biz Shahrisabzdan bu tomonga Buxoro amiri zulmidan qochib keldik. Buxoro amiri bizning ko‘p ulug‘larmizni o‘ldirdi. Bizning o‘rtamizda qo‘hna adovat bor. Biz Samarqand jinirolining oldiga borib taslim bo‘lmadik, chunki u Buxoro amirining o‘ng qo‘lidur. Agarda unga taslim bo‘lganimizda edi, ehtimol jinirol amirdan pora olib, o‘zini Turkiston sipohsolari Kaufmanga yaxshi ko‘rsatish uchun bizni Buxoro amiriga topshirgan bolur erdi. Agarda Farg‘ona xonining (Xudoyorxon) o‘zi bizni avlodimiz ila Kaufman huzuriga yuborsa ma’qul erdi. Samarqand jiniroli va boshqalarning vositasisiz o‘zimiz Turkiston sipohsolari Kaufmanga taslim bo‘lamiz. Bizning maqsadimiz shu, chunki Rusiya davlati buyukdur va ularning qonuni va nizomlarida asirlar va taslim bo‘lgan kishlarni o‘ldirish qoidasi yo‘qdur. Buni biz ko‘p mo‘tabar kishilardan eshitganmiz.

Ko‘p joylarning va viloyatlarning‘ hokimlari, masalan, totorlar, cherkaslar va boshqa g‘ayridinlar o‘ruslarga asir tushganda, ularni o‘ldirmasdan tarbiya qilganlar. Binobarin, biz safar sargardonligidan ko‘ra yaxshisi, Toshkandga borib, o‘ruslarga taslim bo‘lamiz, agar Farg‘ona hazrati bizlarni o‘z elchisi bilan Toshkandga jo‘natsa, undan rozi va va xushnud bo‘lardik”.

Mazkur ma’mur bu so‘zlarni Shahrisabz voliysidan eshitib, xon hazratlari oldiga kelib, hammasini arz qildi. Xon janoblari voliy iltimosini qabul aylab, yo‘l ehtiyochi va xarajatini xazinadan berib yubordi. Shahrisabz voliysi Bobobek parvonachi Hakimbiy o‘g‘lini ba’zi shaxsiy mulozimlari va noibi Jo‘rabek dodxoh qalandar eshikog‘osi o‘g‘li bilan birga Xo‘qanddan yana bir elchi qo‘shib, Toshkandga jo‘natdilar.

Ularning qolgan qarindoshlarini, urug‘larini Bobobek parvonachi iltimosiga ko‘ra Farg‘onada qoldirdilar va ularning martaba va maqomlariga qarab, xazinadan maosh muqarra qildilar.

Abdulmalik to‘ra g‘oziy Samarqand jiniroli bilan Qarshida jang qilib talofatga duch kelgach, Olloh irodasi ila bir muddat Urganch va Afg‘onistonda musofirat zahmatini chekdi. U yoqlardan Farg‘ona mamlakatiga kelib, bir necha kun Farg‘ona xoning darborida mahmon bo‘lib, o‘z xohishi ila Qoshg‘arga o‘tib ketdi va bir necha vaqt shu yerda yashadi. Keyin Britoniyo Azimaga ketdi. Makkai mukarrama ziyoratig‘a borgan mo‘tabar kishilarning aytishlaricha, fozil amirzoda hozir Hindistonda izzatu ikrom, ofiyat va salomat masnadida o‘turgan ekanlar. Va bu jumlala ham g‘aroyib voqealarning bayoni edi va biz ularni muxtasar yozdik.

Junayd Mulla Avaz Muhammad ibn Mulla Ro‘zi Muhammad Sufiy Attor

https://shosh.uz/uz/tarixi-jahonnamoyi-yakuni/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x