Post Views:
72
…Turkistonda bo‘lgan dahshatli hodisa va noxush voqealardan keyin janobi sohibqiron (Sulton Saidxon) ning behisob lashkar ila qilg‘on harakat va junbushlari, hazrati Avliyoota fuqarosining shahidligi, o‘rus kofirlarining bedodligi va ularga (Aliquli) amirlashkarning xatmu zafar bilan bergan tanbehi haqida so‘z.
…Sichqon yili – 1281 yil zu-l-hijja izzihu oyi o‘rus kofirlar beadablik ila Olma-Ota mavzeidan hayosizlikning toshloq biyoboniga bemurodlik qadamlarini quyub, Marka qal’asiga yaqinlashdilar. Bu qal’a Toshkand viloyati tasarrufida edi. Qal’a aholisi bu holdan ogoh bo‘lib, xammalari birlashib, Saddi Iskandardek himoyaga turdilar. Ular ichlari qora kofirlar daf’iga fursat poylab muntazir bo‘ldilar. Ahli kuffor (kofirlar) musulmonlar jur’atini yaxshiroq ko‘rib bildilarkim: qal’ani zabd etish ular uchun juda ham mushkuldur, hatto qal’aga yaqinlashishning iloji yo‘qdir. Shunda o‘ruslar pastkash va dag‘al kishilarga xos bo‘lgan makru hiyladan foydalandilar. Ularga yer tagini kovlash ishi osonroq va go‘yo dardlariga malhamdek ko‘rindi. Tez fursatda ular qal’a darvozasi tagidan chuqur qazib, ichini har xil dorivor ila to‘ldirib, kechasi jahonsuz otash bilan yoqib yubordilar. Xiyonatkor kishilar doimo shunday qiladilar. Olov shu’lasi tez fursatda manziliga yetib, shunday portladiki, qal’a darvozasini o‘z joyidan devori ila ko‘tarib tashladi va uni yer bilan yakson etdi.
Qal’a aholisi buni ko‘rib, ba’zilari amonat jonini g‘animat bilib, tun qorong‘isidan foydalanib qochib ketdilar. Ba’zilari esa jangga kirib zolimlar qo‘lig‘a tushdilar. (O‘ruslar) shu dahshatli voqeadan so‘ng qal’a imoratlarini yer bilan yakson qilib, hamma odamlarini olib, Turkiston tomonga Mirzo Davlat xizmatiga ketdi. Shahar o‘z hokimidan ayrildi. Farangi kofirlar (o‘ruslar) qo‘rqmasdan qal’a qamalini boshladilar. Ular to‘rt tomondan shahar ichini to‘pga tutdilar. Viloyat fuqarosi har bir ko‘cha va bozorlarda g‘ayrat va jur’atni o‘zlariga qalqon etib, shahar darvozasidan chiqib, ul lain kofirlar ila qattiq urush qildi. Bu ham natija bermadi va ular chekinib, qal’a ichciga yashirindilar.
Shaqovat ahli fuqaroni o‘zlariga noloyiq ko‘rdi va ularning jur’atini oshib, qal’a devorlarini to‘pga tutgan holda darvozaga yaqin keldilar. Aldab, tutun bosishidan foydalanib, tezda bitta to‘pni ichkariga olib kirishdi. Fuqaro o‘z ahlu ayolini g‘ayrat ila mudofaa qildi, uch kecha-kunduz ko‘cha va bozorlarda turub, xotun va bolalari bilan og‘ir jang olib bordilar. Bunday urush hali biron bir podshoh davridabo‘lmagan edi. (Avliyootaliklar) Chimkent yo‘liga intizorlik bilan ko‘z tikib, Toshkent hokimi Nor Muhammad qo‘shbegidan madad va yordam kutar edilar.
Bu nomard (Nor Muhammad qo‘shbegi) ikki oydan beri Chimkentda makon tutgan edi va hamma voqeani bilib turib bechoralarga biron madad bermadi. Olloh taolo amiri kabir umrini uzun va davlatini fuzun aylasinki, unga yaxshi tanbih berib olamga ibrat qilib ko‘rsatdi.
Nihoyat, fuqaroning ahvoli tang bo‘lib, omonlik berishni so‘radilar. Kofirlar bundan habar topib, qatlni to‘xtatdilar, yarashish rejasini tuzib, sulhga rozi bo‘ldilar.
Ikki tomon ham o‘z o‘liklarini jang maydonidan chiqarib, o‘z oyin va dinlariga ko‘ra dafn qildilar. Musulmon aholisidan shul urushda bir mingu olti yuz erkak va ayol, kattayu-kichik shahidlikdarajasiga loyiq bo‘ldi. Kofir maqtullar qurbonining soni bu hisobga kirmaydi.
Bu voqealar yuz berayotgan vaqtda bir necha ming o‘rus va ko‘pgina qazoq (kazak) sarbozlari Oqmasjiddan (keyingi) Yassi, ya’ni Turkiston shahrini muhosara (qamal) qila boshladilar. Bu yerning hokimi Mirzo Davlat shijoat va mardlik namunasini ko‘rsatdi, o‘z lashkari bilan kofirlar urdusiga qarshi chiqib, og‘ir jang boshladi va shaharga qaytmoqchi bo‘ldi. Ammo (Mirzo Davlat) kelib ko‘rsa, viloyatning qallob, kasofat va buzg‘unchi kishilaroldindan o‘ruslarga sotilib, ularning xizmatlarida yurgan ekanlar. Ular viloyatni kofirlarga taqdim qilib, shahar darvozasini musulmonlarga ochmadilar. Ular qal’a devorlarini teshib,kofirlarni shahargaqo‘ygan ekanlar. (Mirzo Davlat o‘z sarbozlari bilan) bu xiyonat xabarini eshitib, afsusu nadomat qilib o‘z joyiga qaytdi. Ular kechani bir nav’ o‘tkazib, erta bilan Toshkent viloyatiga yo‘l oldilar. Yo‘l-yo‘lakay Chimkentga kirib, mazkur Nor Muhammadni ko‘rdilar.bu xabarlar va shu mojarolar janobi amir Sulton Saidxonga tez-tez yetkazib turdilar. Bundan sohibqiron ruhida g‘ayrat, shijoat va mardlik qaynab ketib, sipohlik anjom va asboblarini tayorlab, urushga otlandi. (Xon) sa’yi balig‘ (ulug‘ harakatlar) ko‘rsatib, viloyatning har tomoniga, muzofot sarkardalariga, qasaba sardorlariga marg‘ub inoyatnomalar jo‘natib, qo‘shin jamlashga kirishdi.
AMIR SAID SOHIBQIRONNI O‘RUSLARGA QARSHI QILG‘ON YURISHI VA MALIKI MUSTA’ON INOYATI ILA FATHU ZAFAR TOPG‘ONI HAQIDA
Janobi sohibqiron (Sulton Said xon) subhon (olloh) inoyati va xudo muruvvati nurlari ila komronlik masnadi va shodmonlik davlatiga suyanib, barqaror va osoyishta edi. Adolat nurlari va inoyat partavi odamlar yuzida va ra’iyat hayotida ko‘rinardi. Janobi humoyun xotiralari mamlakat xarobaligi va unga yetkazayotgan halallarni isloh qilish yo‘liga tushdi. Bu tinch viloyatning xosu omiga davr hodisalari ko‘p jafolar yetkazardi. U kishi zulm va taaddini yo‘qotib, keyin osoyishtalik ila hukm surmoqchi edi. Zamona hodisalarining qazosidan va nogahonlik alomatlaridan shul tarix safar oyining o‘rtasida ketme-ket janobi sohibqironga dahshatli xabarlar kela boshladikim, o‘ruslar lashkari har tomondan kelib, bir qism Marka, Avliyoota qal’alari, yana bir firqasi esa Turkiston fathiga azm qilib, fitna otiga minib, ahli davlat ko‘zlariga dushmanlik va xarobachilik changini sepibdurlar. Yana bul nobakor kishilar (o‘ruslar)ning boshida Chimkent va Toshkandni olish fikri paydo bo‘layotgan emish. Umidimiz shulkim, a’lo hazrat shijoat bayrog‘i ila bu diyorga kelib, yongan bu olovni mardlik suvi bilan o‘chiradilar, bo‘lmasa (toqatimiz toq bo‘lib) “pichoq suyaklarimizga yetadi”. Qit’a (mazmuni):
Agar shoh shamshirining kuchi bo‘lmasa,
Shaharda har xil sho‘ru bolalar bo‘lar.
Kimki yaxshini yomondan ajrata olmasa,
Har fitna qo‘lidan kelsa qilar.
Bizning iltijoimiz shuldurkim, janobi sohibqiron biz tomonga tez harakat qilib, zafar bayrog‘uni ko‘tarsunlar. Bayt:
Xalqni kuyduradigan olovni
O‘chirmasdan boshqa iloj yo‘q.
Bu xabarni eshitib hazrati sohibqiron harakat qilishga azm etdi va hamma qasaba, viloyatlarga farmon va inoyatnomalar jo‘natib, islom dini orqali ta’kid va tahdid ko‘rsatib, qo‘shin yig‘ishga kirishdi. Xon farmonini eshitib har tomondan jasur askarlar va botir sarbozlar to‘plashib keldilar. Ularning sanog‘i falak yulduzlaridan ham ko‘p edi. Hisobdon oqilu olimlar sipoh miqdorining ko‘pligidan hayratda edilar.
Necha-necha manzillardan o‘tib janobi xon (lashkari ila) Toshkandga kelib, istiqomat rejasini tuzdi. Bir necha muddatdan keyin qolgan qo‘shin ham yetib keldi. Safar anjomlarining kamchiligini to‘ldirib, asta-sekin Raxshsifat samand jilovini maqsad tomon tortdilar…
…Manzillar va mahallalarni kezib (xon) Sharobxona mavzeiga yetib keldi va baxt xaymasini johu jalol va shavkat ila falak avjiga urdi va shu erni manzil qildi. Tun vaqti istirohat chog‘da Toshkand viloyati urug‘laridan bo‘lmish Niyoz Ali chaqqon kelib shunday habar berdi: “O‘rus kofirlar Chimkent viloyatiga ikki tomondan yaqinlashib, shaharga yarim farsax qolganda to‘xtaganlar. Davlat arkonlari va maslahat sohiblari janobning ijozatisiz jangga kirmasdan sizning tashrifingizni kutub turibdilar. Omonsiz jangga (kelib) kirishlarini talab qilamiz”. Bu xabarni eshitgach, (Sulton Said xon) Mulla Alimqulni sardor aylab, uni kuffor jangiga jo‘natdi. Mulla Alimqul kech tunda ko‘chib, himmat raxshini maqsud yo‘liga haydadi. Sur’at bilan yo‘llarni tay etib, quyosh chiqayotgan payti Chimkentdan o‘tib, muddaosiga yetib to‘xtadi. U bosharaf kishilardan maslahat so‘radi. Ular, bor kuch-qudratimiz bilan dinimiz dushmanlariga qarshi urushaylik va zarba beraylik, shoyadki kofirlarga kimligimizni ko‘rsataylik, degan qarorga kelishdi.
Shu payt Alimqul sardorni hujum qilish xabari dushman qulog‘iga yetib, o‘zlarini yo‘qotib, vahimaga tushib, Oqmasjid va Turkiston kofirlarining oldingi manzilgohi bo‘lgan joyida nusratasar lashkarning yo‘lini Saddi Iskandardek to‘sdilar. Ular atroflarida chuqur bir xandaq kavlab, hamma g‘alla ortilgan arava, otu tuyalari, asbobu ashyolari bilan mahkam o‘rab olib, yo‘lda qolib ketgan g‘ariblarga o‘xshab turdilar.
Mulla Alimqul eshikog‘asi qo‘liga zafar jilovini olib, iqbol ostonasiga qadam qo‘ydi, sharafi esa osmon avjiga yetib, fathu zafar uchun askarlarga ishorat qildi…
Ikki tomondan ham harb nog‘orasi va urush nayi chalindi. Musulmonlar tantanasi fazoda aks sado berardi. Dovul sadosi, yoshu qari faryodi arshdagi malak qulog‘ini (ham) kar qildi.
G‘azabnok suvoriylar va shiddatkor yigitlar dushman tomon hamla qildilar. Omonlik tovusi oromini yo‘qotib, zog‘ga o‘xshab bir chekkada turardi. Ajal lochini urush maydonida parvoz qilib, ruh qushini sayd etardi. Qatl olovi shunday yonib ketdiki, osmon toqiga yetardi, urush shu’lasini ta’siri shunday ediki, uning nuri falakni yoritardi. Dilovar askarlar o‘z jonlaridan kechib, shirin hayotni unutib, bahordagi chaqmoq qamishzorga urgandek, kurashga tashlandilar. Xususan ahli islom kofirlarni qattiq jazoladilar, ularni jilo tig‘i bilan urib, shijoat o‘qini otib, boshlarini tanalaridan judo qilib tashladilar…
Ko‘p kushoyishlardan so‘ng zafar nasimi olloh inoyati ila musulmonlar tomoniga esdi, kofirlar boshiga badbaxtlik tuprog‘ini hovuchlab sepdi va ularni sharmanda qildi. O‘ruslar tez orada omonlik so‘rab, musulmonlar oldida tiz cho‘kib bosh qo‘ydilar. Imonli va farosatli musulmonlar ularga ozodlik berib, zafarpaykar otlarini chodirlari tomon surdilar.
Shu kunning ertasida firo‘zlik xusravi bo‘lmish quyosh o‘zining jahontob va zarnigor bayrog‘ini osmon qal’asida zarfishon o‘qlari bilan habash sipohi – qora tun qo‘shinini parishon qilgan payt… ko‘p o‘rus kofirlar boshyalang, kulohlarini qo‘lga olib, qo‘rqib, uzr so‘rash uchun Alimqul sardor qo‘liga keldilar. Sovg‘a-salomlarini tortiq etib, dushmanlik va adovat ruhidagi kalimalarni unutib, ular o‘z maqsadlarini bayon qilishdi. Ikki tomon ham sulhga rozi bo‘lishdi. Musulmonlar sulh vasiqasiga imzo qo‘yub, (o‘ruslardan) ikki lak miqdorida Rossiya tillosida pul talab qilishdi, bu esa Xo‘qandi latifning 225 ming bir misqolli ashrafiysiga teng edi. Ular Turkiston viloyatini ham qaytarib berishga rozi bo‘lishdi. (O‘ruslar) ruxsat olib, o‘z qo‘shlariga qaytib ketishdi…
Mulla Alimqul sardor bu farahbaxsh xabarlarni hamma viloyat va muzofotlarga tarqatib chiqdi. Sag‘iru kabir va g‘aniyu sharif hamma joyda bir hafta xursandchilik qilib, bir-birlariga suyunchi berardilar. Nusratshior musulmonlar o‘z ishlarida vaqtda kofirlarning bir necha ming nafari bir-biridan bexabar Chimkent mavzeiga yaqinlashib, xavfsirab, ko‘rsichqonlar kabi baxillar qabriga o‘xshagan chuqur va qorong‘u joylarga (okoplarga – Sh. V.) kirib ketdilar.
Bu voqealar tafsiloti janobi sohibqiron (Sulton Said xon)ga ma’lum bo‘ldi va u huzuriga o‘zining ahli davlat va ahli qonunini yig‘ib, maslahat soldi. Martabali amirlar kayvon dargohida tillaridan purgavhar so‘zlar sochib aytdilarkim: “Hozir dushmanga hujum qilib bo‘lmaydi. Ularni to‘rt tomondan muhosara (qamal) qilish kerak. Muhosara qancha cho‘zilsa, shuncha foydalidir. Chunki kundan-kunga ularning oziq-ovqati tamom bo‘ladi, islom lashkarining kuchi bo‘lsa ko‘payadi”. Bu fikrlar davlat umarosiga ma’qul bo‘lib,har bir sarkarda o‘z qo‘shini bilan dushman atrofini pargoldek qamab, (ulardan) boxabar bo‘lib turdilar.
Safar oyining yigirma ikkinchisi kunida bir necha ming kofir o‘z “go‘rxona”laridan to‘satdan chiqib, islom lashkarini pisand qilmasdan ulardan to‘pu to‘fangdan o‘q otib, Chimkent qal’asi tomon yo‘lga tushdilar. Kamozi taligacha yetib kelib, shu yerdan shahar qal’asini to‘pga tutip, shunday urush boshladilarkim (ko‘rgan) odamning jur’ati vahimaga tushib, hayratdan gung va lol bo‘ldi.
Mulla Alimqul sardor janoblari har bir pahlavon guruhini har joyga tayinlab, Mingboy qo‘shbegini o‘zining orqasiga joylashtiradi. Mulla Alimqul eshikog‘asining o‘zi bir necha (dushman) bilan urushardi…
Kuffor sipohi (umid o‘qi o‘rniga) to‘pu to‘fanga zo‘r berardi, musulmon lashkari esa ginayu adovatdan o‘qlarini zaharlab kurashardi. Bu zarbalardan qo‘rqqan kofirlar simobga o‘xshab xar tomonga oqib ketardilar va kabutarlarga o‘xshab o‘z jonlarini asrash harakatiga tushardilar…
Alqissa, ikki tomon ham shu hatarli hamda xavfli joyda matonat va sabot ila bir-birlari bilan qattiq olishdi. Farg‘ona qo‘shini ertadan kechgacha muhoraba qildi. Shuning uchun falak toqidagi malak shohodat qo‘lini hayrat tishi bilan tishlab, shu urshni maqtardi… oxirda zafar shamoli Farg‘ona tomon esdi va kofirlar tor-mor bo‘lib, qochishga ixtiyor qildilar… (Ular) bevafolik tuprog‘ini muruvvat ko‘ziga tashlab, (Rossiya) saltanati obro‘yini fano bodi (shamoli)ga berdilar. Nazm (mazmuni):
Biri qo‘lidan murod jilovini berdi,
Yana biri havas oti tepasidan tushib ketdi.
Boshqasi o‘qdonini yo‘qotip behol bo‘ldi,
Biri qanotsiz qushdek ucholmay qoldi.
Dushman sipohi qochib orqaga qaytishni ixtiyor etdi… ko‘p kishi ul otashafro‘s tig‘ tobidan, paykon shu’lasidan va jonso‘z o‘qdan jangda o‘lib, zog‘u itlarga yem bo‘ldi. Nusratshior askarlar qo‘liga urush asboblari va urush aslahalari ko‘p g‘animat tushdi.
Ahli kufforning bir firqasi Turkiston tomonga, boshqasi Avliyoota tarafga ketdilar. Musulmonlarning bir guruhi qochoqlar orqasidan quvib, sheru yo‘lbarsdek hamla qilib, (o‘ruslarni) taqib etib ketdi va bir manzil ular bilan urushib-urushib chekindilar.
Shu asnoda bir o‘q kofirlar tomonidan otildi va shijoat jangalining sheri, yagona va farzona, ul dilovar va rustamzoda, mard, jasur lashkarboshi Mingboy qo‘shbegi bahodir qipchoq bilagiga tegdi. Shu zahmdan keyin butun qo‘shin o‘z manziliga qaytdi. Kofirlar musulmonlar qo‘lidan butkul ozod bo‘ldilar.
Mingboy ikki kun rohat to‘shagida yotip, uchinchi kun shahodat darajasiga yetib, jannat tomon yo‘l oldi.
Shundan keyin janobi sohibqiron fathu zafardan ollohga shukurlar qilib, nusratshior lashkarni joy-joylariga qo‘yib, Chimkent qal’asi devorini yangitdan bino etdi. Endi (bu qal’a) Saddi Iskandari zul-qarnayidan darak berardi.
Viloyat qal’asi qurilishidan keyin Chimkent va Toshkandni Mirzo Ahmad degan bir parvonachiga taqdim qilib, bir guruh ilg‘or chegarachi merganlarni ko‘mak (hamda qal’ani muatahkamlash) uchun qoldirdi.
Sartiya, qirg‘iziya va boshqalar orasidan sohibqironga xiyonat qilganlarni jazolab, (Alimqul) zang bosgan xotirasiga sayqal berib, musaffo qildi va ko‘ngli joyiga tushdi. Hamda Sulton Mahmud xon to‘ra, Ulug‘jon to‘ra, lashkar boshliqlaridan Nor Muhammad qo‘shbegi Muhammad Nazarbek parvonachi, Niyoz Ali dodxoh ponsodboshi shahodat darajasiga ko‘tarildi. (Qatl qilindi – Sh. V.)
Shundan so‘ng Alimqul sardor azamat jilovini Toshkand tomon tortib, yo‘l bosib Toshkand viloyatiga kirdi va Sulton Said xon ostonasini o‘pishga muyassar bo‘ldi. O‘n kun ichida bu erni makon va istirohat uchun manzil qildi. Bir necha vaqtdan so‘ng Sulton Said xon azamat jilovini Xo‘qondi latif tomoniga ma’tuf qilib, yo‘l oldi. Dashtu sahro va manzilu marohilni o‘tib, 15-ravi ul-avval, jum’a kuni (1281 yil) manzilgohi bo‘lgan o‘rdaga kirib kelib, xusravona taxtga xursandli va xushbaxtlik ila chiqdi.
Viloyat ra’iyasi va aholisi hukmdorning adlu insofi ila forig‘bollikda yashardilar. Shu muqaddimadan keyin bu musavvada musannifi (ya’ni muallif – Sh. V.) sohibqiron fathu zafari haqida bir munosib tarix aytdi…
Junayd Mulla Avaz Muhammad ibn Mulla Ro‘zi Muhammad Sufiy Attor
https://shosh.uz/uz/tarixi-jahonnamoyi-1-qism/