Tarixi Aliquli (Alimquli) amirlashkar. 5-fasl


Post Views:
118

V. AMIRLASHKARI MARHUMNING CHIMKENT USTIGA O‘RUSIYA MUHORABASIGA OTLANGONLARINING BAYONI

Simg‘ar yo‘li bilan yurib, Toshkand borg‘ondan so‘ng, kaminani pul olib bormoq uchun Toshkandga tashlab, o‘zlari tamomi qo‘shin va to‘pxona bilan Chimkentga qo‘ndilar. Kamina amirlashkardan so‘ng ikki kun turib, orqalaridan Chimkentga borsam, Amirlashkar muhoriba uchun o‘rus tarafiga ketgan ekanlar. Kamina ham u mavzega bordim. Tamomi Farg‘ona askari saf tortganda, Rusiya ham bir joyda to‘planib, musulmonlarni to‘p o‘qi bilan muztarib va parishon aylabdi. Amirlashkar bir tepalikda yolg‘uz o‘tirgan ekanlar. Kamina chiqib, salom va duo qilib, sharafi dastbo‘s hosil ayladim. O‘zlaridagi ikki ko‘zli durbinni berib, “Bu turg‘on Rusiya askaridur, ko‘ring!” deb marhamat qildilar. Kamina durbin bilan qarab: “Uch yuzdan ziyodaroq ma’lum bo‘ladur”, dedim. Iltifot qildilarki: “Siz bog‘lagan oq yuklarni ham odam gumon qilibsiz, ular ikki yuzdan ziyodroqdur. Ammo, bul ajabki, shul miqdor qo‘shin bu ikki yuz o‘rusga barobar bo‘lolmadi”. Faqir arz qildimki: “To‘pu miltiq g‘olib bo‘lmoqg‘a qo‘ymaydur. Bizlar ham to‘p olibkelsak, qando‘g‘ bo‘lur ekan”.

Darhol Amirlashkar to‘pga odam buyurib, hozir qilib, O‘rusiya qo‘shiniga qarab, besh-olti jilav to‘p otildi. Faqir undog‘ aqida qilurmankim, to‘p o‘qi bilan Rusiya xeyla iztirobga tushgan edi. Ammo, vaqt tanglik qilib, asr namozi vaqti bo‘lib, Amirlashkar: “Rusiya kechasi harakat qilsa, to‘pga ofat yetmasun”, deb to‘plarni qaytarib joyiga olib bordilar. Ul kecha Rusiya va musulmon joy-joyimizda hushyorlik bilan yotdik.

Subhu sodiq: “Udaychilar shahid va yarador bo‘lg‘oni sababli dastalarni rostlang”, deb menga amr qildilar. Kamina dastani o‘z joyiga qaror berib, o‘ng-so‘lini tayyor qilg‘ondan so‘ng, kaminaga buyurdilarki: “Siz shitob bilan Chimkent borib, Jomador noibni Xo‘qand to‘pxonasi va Xo‘qand sarbozi bilan darhol bu tarafga yuboring. Xayr Muhammadxon yovar Toshkand to‘pxonasi va sarbozi bilan qo‘shinni muhofizat qilsun. Ul yerda har qancha mutafariqa va parokanda askardan bo‘lsa, hammasini jamg‘arib, Mingboy parvonachiga topshirinki, Manqat tarafidan Turkboshi yo‘lini tossun, na uchunkim, Avliyo otadagi O‘rusiya madad uchun kelmoqchi ekan. Ular kelib qo‘shilsa, ish yaxshi bo‘lmaydur. Mingboy parvonachi ularni o‘tib qo‘shulmog‘iga mone’ bo‘lgay”.

Kamina Jondor noibni jo‘natib, Mingboy parvonachiga odamlarni topshirib, siporishlarni yetkazib, o‘zim Amirlashkar taraflariga jo‘nadim. Ammo, qo‘shinlarga barcha, aqli qisqa va andishasiz amirlar va sardorlar, to Jondor noib va to‘pxona borguncha sabru toqat qilmay, Amirlashkarga: “O‘rusiya askari oz, agar hujum qilsak, hammasini bosib olarmiz”, deb arz qildilar. Amirlashkar ham nihoyat g‘ayrat va shijoatdan bularning hol so‘zlarig‘a kirib, tamomi askarni Rusiya ustiga yugurtiribdi. Rusiyaning nizomlik o‘qi birla ko‘p shahid va ko‘p yarador bo‘lib, havli mashhar zuhur qilibdi.

Amirlashkari marhum avvalgi tepada g‘amgin va mahzun o‘tirg‘on ekan, kamina salom va duo qilib: “Bu tariqa ishlar janobi payg‘ambarlar va katta podshohlaru salotinlarga voqe’ bo‘lg‘on, munga g‘amgin va mahzun bo‘lmoq lozim ermas, sabru toqat darkordur. Olloh taolo muning badaliga ko‘p zafar va nusrat bermog‘i mumkindur”, deb ba qadri hol tasalli berdim.

Avliyo otadan keladurg‘on Rusiya ham Mingboy parvonachini oldig‘a suribdi. Mingboy parvonachi yo‘ldan qochibdi va O‘rusiya yo‘l bilan kelib, bu yerdagi o‘rusga qoshildi. Yana O‘rusiya sardori odam yuborib, xabar berdiki: “Maydonda o‘liklaring yo tiriklaring bo‘lsa, topib olinglar. Bizlar daxl va taarruz qilmasmiz”.

Binobarin on, o‘lik va yaradorlarni topib, sarishta qildik. Ul kecha yotib, ertasi u yerdan ko‘chmoqchi bo‘lg‘onimizda, Rusiya to‘pu o‘qi ko‘p besaranjom qilib, nochor qir orqali yurib, bir-ikki kun tavaqquf qildik. Kamina janobi Amirlashkarga: “Biror odamni Rusiyaga elchi qilib borsak, bu orada bir-ikki kun o‘tib, ishimiz andak saranjom topar edi”, deb arz qildim, ma’qul bo‘ldi. O‘ratepalik Avliyo otaning eski hokimi Mir Sobirbekni elchi qilib yubordilar. Rusiya sardori izzat qilib, ul ham bir to‘rani qo‘shib yuboribdi. Janobi Amirlashkar kelgan elchini kamina chodarimda ko‘rdilar. Xati va tili, so‘zi andog‘ ekan: “Musoliha va yarash hammaga maqbul ishdur. Ammo men bu viloyatlarni buyruqqa binoan ochib, fath qilib improturi a’zam xizmatlariga ma’lum qilg‘onman. Endi menda ixtiyor qolg‘on emas, ammo siz improturi a’zam xizmatlariga xat yozib, har na murod va maqsudingiz bo‘lsa, qoldurmay darj qilib boradurg‘on elchini menga topshiring, men yo‘l xarojotin tamoman o‘zimdan to‘lab, improturi a’zam hazratlariga yuboray. Agar improturi a’zam Oqmasjidni ham beringlar, deb hukm qilsalar, men Oqmasjidni buzilgan devorlarigacha rostlab topshuray, agar o‘rusni uezi musulmonlarga va bul uezi Rusiyaga bo‘lsunlar, munga amal qilayluk”, deb erkan.

Bu ish nihoyatda yaxshi va g‘animat ish erdi. Ammo Amirlashkari marhum mabodo raoyoi Turkiston tarafiga O‘rusiyaga tobe’ bo‘lsa, besh tamg‘alik jamoasi qo‘ldan chiqadur, deb mulohaza aylab, mundog‘ g‘animat ishni qo‘ldan berdilar.

Hosil ul-kalom, ul yerdan ko‘chib, Chimkentga yaqin bir maydonga qo‘ndik. Udaychilar yo‘qlig‘idan yasavul dastasini ikkiga bo‘lib, yarmini kaminaga, yarmini Ahrorxon to‘ra shig‘ovul topshirdilar. Har kuni ikkovlon Rusiya tarafiga qarovullikka mashg‘ul bo‘ldik.

Hosil ul-kalom, bir kuni salomga yig‘ilg‘on vaqtida, Badavlat qo‘lida bir kimxob to‘n, Mirzo Ahmad qushbegi qo‘lida ham bir kimxob to‘n olib chiqdilar. Badavlat kaminaga kimxob to‘nni kiydurib, tosh uqqog‘on tillo asoni “siz shig‘ovul”, deb qo‘limga topshirdilar. Mirzo Ahmad qushbegi to‘nni Ahrorxon to‘raga kiydurib, yana bir tillo asoni “siz udaychi”, deb ani qo‘liga topshirdi. Hosil ul-kalom, Ahrorxon to‘ra bag‘oyat g‘amgin va mahzun bo‘lib, xijolatu infiol tortib, nochor g‘amu g‘ussa birla o‘zini sabrga oldi.

Bir kuni O‘rusiya askari tamomi to‘pu to‘pxona bilan Chimkentga yaqin bir tepada urush boshladilar. Bu tarafdan Jomador noib ham to‘pxonalarini rostlab, ul tepa atrofiga qoraqundo‘g merganlarni joyladi. Rusiya to‘pi musulmonlarni bezovta qildi, ammo musulmonlar to‘pxonasi va qoraqundog‘ mergan o‘qi ham O‘rusiyani xo‘b besaranjom aylab, rus askarlarini mazkur tepadan surishib, pastga tushib, o‘rus tarafiga yurib, bir yerda to‘plandilar. Musulmon askari ularning orqasidan tushganda, ular miltiqlari bilan daf qildilar. Mingboy parvonachiga miltiq o‘qi tegib shahid bo‘lganda, ikki askar bir-biridan ajradi.

Ul kecha yotib erta bilan xabardor bo‘lsak, O‘rusiya tamomi Arasdan o‘tib ketibdi. Binobarin on, Badavlatni (Yoqubbekni) bir muncha askar bilan o‘rus orqasidan buyurib, Normuhammad parvonachi, Niyoz Ali dodxoh, Temur ponsad, Muhammad Yunus ponsadlarni: “Avliyo otaga boringlar, u yerdan kelgan o‘ruslar Avliyo otaga kirolmasun”, deb yubordi. Ammo Badavlat O‘rusiyaga ba ta’jid borgan ekan, deb yetolmay qytib keldi. Ammo Mormuhammad parvonachilar Tulkibosh va Qulondan o‘tib, Tezsuvga bormay, “O‘rusiya Avliyo otaga borib qolibdur”, deb yolg‘on aytib keldilar. Hol onki, Avliyo ota rusiyasi suvsizlik, uzoqlik vajhidan nihoyat tanglik va azob tortib, Normuhammad parvonachilar Chimkent kelganlaridan so‘ng, bir-ikkilab Avliyo otaga yetubdilar. Bu sababdan, Amirlashkar bularni beg‘ayratlik va bejur’atlik qilg‘on vajhidan g‘azabnok bo‘lib, Bayzoq dodxoh, qirg‘iz, qozoq, Mullo Zarif ponsad, Temur ponsad va Muhammad ponsadlarni Chimkentdan tashqari chiqorib, mazkur Bayzoqni to‘p og‘ziga bog‘lab, ottirib, boshqalarini sarboz miltiqi birla otib o‘ldirdi. Normuhammad parvonachini Toshkand hukumatidan olib, uning joyiga Mirzo Ahmad qushbegini hokim qilib, Normuhammad parvonachi sarkori va zakotchiyu amloklarini daxlu sarfini so‘rab, hisob-kitob qilish uchun kaminani Toshkandga buyurdilar. Faqir Toshkand kelib, hanuz ishi tamom bo‘lmay, Amirlashkar o‘zlari ham kelib, Eshon qozini xalifa sultoni Rumga elchi qilib, unga loyiq tuhfa va peshkashlarini topshirib, Eron va Qizilbosh yo‘li bilan jo‘natib, o‘zlari ham murojaat aylab, dohili Xo‘qand bo‘ldilar.

Bu tarafdan Chernaef jondorol O‘rusiya askari bilan Chimkentni qamab, bir-ikki kundan so‘ng, tadbir ustidan o‘zini qochg‘ong‘a o‘xshatib, andak orqasiga qaytibdur. Mirzo Ahmad qushbegi nodon mag‘rur bo‘lib, “O‘rusiya qochti va shikast topti”, deb tamomi askari bilan Chimkentdan chiqib, Rusiya orqasiga tushibdi. Chernaef jondiorol qaytib hamla qilib, bularni qochirib, Chimkentga kirmoq uchun majolu fursat bermabdi. Chimkent ichiga Rusiya askari tushib, Mirzo Ahmad qushbegi tamomi tavobiotu asbobu asliha, libosu anjomdan ajrab, otu qamchini tashlab, Toshkand tarafiga qochti. Bu xabar Xo‘qandga yetgandan so‘ng, Amirlashkar bag‘oyat mahzun va g‘amgin bo‘lib, janobi Badavlat marhumga buyurdilarkim: “Siz Toshkandga Mirzo Ahmad beaql qoshiga borib xabardor bo‘ling, minba’d mundog‘ majnunlik va ahmoqlik qilmasun. Mabodo Rusiya askari Toshkandga kelsa, shikast va xazinat topib to‘pu qo‘rg‘ondan tashqari chiqmasun, qo‘rg‘onni saqlasa, kifoya”, deb ko‘p ta’kid qildilar.

Necha kundan so‘ng, Chernaef jondorol Rusiya askari bilan Toshkand qasdida chiqdi, deb xabar keldi. Yana Amirlashkar ko‘p ta’kidi balig‘ birla inoyat yuborib, o‘zlari ham tamomi Farg‘ona lashkari bilan otlanib, Oqjar kemasidan daryodan o‘tib, ertasi Bobo tarxonga qo‘nib, namozi asrdan so‘ng Amirlashkar bilan men ikkovlon sho‘rbo ichib turgan vaqtda, Yusuf Qoshg‘ariy degan yigit: “Toshkandni Chernaef jondorol Rusiya askari bilan kelib qamab, qo‘rg‘onga yugurdi va janobi (Yoqubbek) Badavlat ko‘p g‘ayrat va shijoat ko‘rsatib, Rusiya askari shikast topib qaytdi”, degan mazmunda ariza olib keldi. Amirlashkar: “Qo‘rg‘ondan hargiz chiqmanglar”, deb ba ta’kid inoyatnoma birla bu odamni qaytarib, o‘zlari ham tez Bobo tarxondan otlanib, Kandir dovonidan o‘tib, Kelov mavzeiga, undan To‘ytepa, To‘ytepadan Toshkandga Ming o‘rik mavzeiga qo‘ndilar. Tamomi Toshkand, ulamo-fuzalosi va mashoix u yerda sharafi muloqotga musharraf bo‘lib,bir-ikki kundan so‘ng, Toshkand o‘rdasi dorul-amorasiga kirib, muhimoti zaruriyai mulkga jahd qildilar.

Janobi Amirlashkar Qoshg‘ar va uni tavobioti ta’rifini va fuqarolari farmonbardor va jam’uyati betakallufligini ko‘p eshitgan sababli, kaminadan necha karrot ul viloyat avzoi va atrofini so‘rab, uni qo‘lga kirguzmoq va tasarruf qilmoq shavqi ko‘gullariga tushgan va istilo topgan edi. Bu fikr bilan uch kungacha hech kimga salomga va suhbatlariga yo‘l topmoqqa ijozat va ruxsat bermadilar. Faqat kamina atrofu javonib axborini olib kirur erdim va hech odam ushbu muddatda janobi Amirlashkarni ko‘rolmadi. Ammo janobi Badavlat bu voqeadan bag‘oyat vahmnok va andishamand bo‘lib, kamina manziliga kelsam, “Jon uka, az baroi Xudo, ogoh qiling, bu nima ish va nima voqeadur”, deb so‘radilar. Kamina javob berdimki, janobi Amirlashkar sizni podshoh qilmoq xayoli va andishasida yururlar. Mundan boshqa sizga bir zarra zararu zahmat va nuqson yetgurmoq hargiz go‘shan xotirlarida yo‘q”, deb qasam birla xotirjam’ qildim.

Janobi Amirlashkar uch kundan so‘ng, tamomi sarkarda va umaroi sipohlarini salomga ruxsat berib, arkoni davlat bilan Qoshg‘ar maslahatini o‘rtaga soldilar. Oxirlari bu ma’no qaror topdikim, Jahongirxon to‘ra o‘g‘li Buzrukxon to‘rani hozir qilib dedilarki: “Siz Qoshg‘arga to‘ra va xon, ammo yurtdorlikka va olmaqu bermoq va urmoq, o‘ldirmoq va azlu nasb va munga o‘xshash ishlar tamoman (Yoqubbek) Badavlat ixtiyorida bo‘ladur. Anga siz hargiz daxlu taarruz qilmay, xonlik va to‘ralik otiga qanoat aylab, ayshu ishratga mashg‘ul bo‘lib, Badavlat ishoratidan hargiz chiqmaysiz”, deb, ushbu ma’niga qattiq qasamlari birla ahdu paymon qildurub, Qur’on ko‘tardilar.

Janobi Badavlat o‘zlari minmoq uchun kaminaning bir otini so‘radilarva faqir mazkur otni tillo jabduqi va tillo qo‘tozu zarrin kajimlari bilan xizmatlariga yuborib va har taqdir xushu xurram Qoshg‘ar tarafiga jo‘nattilar.

(davomi bor)

Muhammad Yunus bin Muhammad Amin

Manba: Muhammad Yunus Toib. Tarixi Alimquli amirlashkar//Sharq yulduzi. –1996. -№ 1-2.

https://shosh.uz/uz/tarixi-aliquli-alimquli-amirlashkar-5-fasl/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x