Tarixi Aliquli (Alimquli) amirlashkar. 3-fasl


Post Views:
70

III. USHBU YERDA O‘RUSIYA LASHKARI BILAN MUSULMONIYA LASHKARINI IBTIDOI URUSH QILG‘ONLARINI(NG) BAYONI TURUR

Bu orada bir muncha o‘rus lashkari Berfut pulkuflik boshchiligida Oqmasjid ustiga kelib, Yoqubbek Badavlat noibi Mullo Muhammad Rizo bahodurboshini qamabdi. Va bu xabarni eshitgan zahoti Yoqubbek Badavlat, men va Toshkand askari Oqmasjid madadi uchun shitob va ta’jil bilan jo‘nadik. Bu O‘rusiya askari Oqmasjidni qattig‘ muhosira qilib va to‘plari o‘qi shaharga tushib tang qilib turgan mahalda, ittifoqdan shahardan otgan bir to‘p o‘qi Rusiya to‘piga tegib, Rusiya to‘pi sinibdi. Buni ustiga, Badavlat ham yaqinlashdi va Rusiya Oqmasjid ustidan ko‘chib ketdi. Badavlat Oqmasjid’ga kirib, uch-to‘rt kun turib, Oqmasjid ishini saranjomlab, so‘ngra Toshkand kelib, bir hafta turib oldi.

Bu muddatda Normuhammad qushbegidan yoshirin tamomi Toshkand akobirlari Shodmonxo‘ja mingboshi, Muhammadniyoz ponsadboshi, Fozilbek ponsadboshi va Qosim ponsadboshi va tamomi akobirlar Badavlat bilan bilittifoq qipchoqiyani o‘rtadan ko‘tarmoqg‘a ahdu paymon qilib, Qur’on ko‘tarib, so‘zlarini bir joyga qo‘yub, Xo‘qand tarafiga jo‘nattilar. Shahidon qo‘ng‘onlarida yana ahdu paymonlarini yangi qilib, istehkom berdilar. Undin o‘tib, Chilmahram kemasiga kelganda, Xo‘qand shahridan Xo‘ja Kalonto‘ra va Karimquli mehtar va Muhammadnazar parvonachi Xo‘jand hokimi va Mo‘minxo‘ja dodxohlardan odam kelib, ahdu paymon qilib, Qur’on ko‘tarib qaytdilar. O‘sha kuni daryodan o‘tib Chorbog‘i To‘rangi mavzeiga qo‘nib, u yerdan subhi sodiqdan oldin ko‘chib, janobi Badavlat tamomi askariya bilan ilgari tushubdi. Normuhammad qushbegi bir andak mahram yasovuli bilan keyin qolibdi.

Quyosh chiqib tulu’ qilg‘on vaqtda Xo‘qand o‘rdasining darvozasi oldidagi soyga biz ham hozir bo‘ldik. Qipchoqiya ham salom uchun o’rda ichinda jam’ erkanlar. Shu damda Badavlat ishorasi bilan tamomi askariya qilichlarini g‘ilofidan chiqorib va miltiqlarini rostlab: “Har joyda qipchoqiya bo‘lsa, o‘ldurunglar!”deb baland ovoz bilan, yakbora otliq va piyoda ark ichiga kirib, xon huzurida dasturxonda o‘lturg‘on qipchoqiyani ham sudrab olib chiqib, o‘ldurib tashladilar. Ul kuni O‘tamboy mingboshi va Normuhammad qushbegi va farzandlaridan boshqa Xo‘qand shahrida tirik qipchoq qolmay o‘ldirilib, so‘ngra Qosim ponsadboshiga mingboshilik va Mullo Yusufiddinga dasturxonchilik va Badavlatga shig‘ovullik va Muhammadniyoz ponsadboshiga Toshkand hukumati va Mallabekka Yormozoru Marg‘ilon hukumati va Do‘shaboy quramaga Kirovuchi hukumatini berib, uch-to‘rt kun shaharda turub, shahar ichini sarishta qildilar. So‘ngra Musulmonquli mingboshi va qolgan qipchoqiya daf’i uchun Ikki suv orasi tarafiga azimat qilib jo‘nadilar. U mavzega borgandan so‘ng Musulmonquli mingboshi ham tamomi qipchoqiya bilan jonlaridan kechib, jam’iyati azim aylab, muqobala bo‘lib, muhoriba qildilar. Urush nihoyat daraja qattig‘ bo‘lib, qipchoqiya xalqi va Xudoyorxon qo‘shini har ikkala taraf parishon va parokanda bo‘lsalar ham, ammo Xudoyorxon va Mallabek va Shodmonxo‘ja mingboshi, Qosim mingboshi va avlodi Kulikadin Andijon hokimi Iso parvonachilar ma’rakada sobitqadam turdilar. Musulmonqul lashkari tamoman mag‘lub va munhazim bo‘ldi. Oxirulamr, tamomi qipchoqiya Musulmonquldan yuz o‘girib, uni(ng) tadbiri va maslahatiga quloq solmay, Musulmonqulni ushlab, “Yamonimiz shul erdi”, deb Xudoyorxonga tutib topshurdilar. Bu qilgan ishlari qipchoqiyaga hech naf’ va foyda bermay, balki Hotamqul parvonachi va Xolmuhammad dodxoh va munga o‘xshash tamomi akobir va sardorlarini Xudoyor o‘ldirib va Musulmonqulni Yo‘lchibek dodxoh qo‘lidan Xo‘qand yuborib, dorga osib o‘ldirib, o‘zi qaytib, Xo‘qand kelib o‘lturdi.

Ammo Mallaxon bag‘yat tundmizoju bebok edi. Marg‘ilon Xo‘qandga yaqin bo‘lgani uchun Xudoyor Mallaxon vahimadan tashvishnok bo‘lib, har nimadur yiroqroq joyda tursun, deb Muhammadniyoz qushbegini Toshkand hukumatidan olib, mallabekni hokim qilib yubordi. Mallabek Toshkand borib, Abduvali degan odamni Oqmasjidga hokim qilib yubordi, o‘zi andak muddat ichdan Xudoyorxonga yov bo‘lib, xonlik da’vosini qildi. Xudoyorxon Mallabek daf’i uchun tamomi Xo‘qand askari birla otlanib, Xo‘jand yo‘li birla yurib, Xo‘jandga Muhammadnazar parvonachi o‘rniga (Yoqubbek) Badavlatni hokim qilib, o‘zi Toshkand borib, Mallabekni oldi.

RUSIYA IKKINCHI MARTABA OQMASJIDNI MUHOSIRA QILG‘ONINI(NG) BAYONI TURUR

Bu orada O‘rusiya bir katta sardor bir muncha askar va to‘pu to‘pxona bilan kelib, Oqmasjidda Abduvalini muhosira qildi. Mazkur sardor Abduvaliga urush yaxshi ermas, har nimadur isloh bilan topishaylik, deb odam kirgusga ham, Abduvali tundxo‘ylik bilan o‘rus sardoriga: “Siz qo‘rg‘onga keling, ikkovlon so‘zlashib ahdu paymon aylab, topishib, musoliha qilaylik”, deb odam yuboribdi. O‘rus sardori uning so‘ziga ishonib, boshlig‘lari bilan miltiq ushlamay, be yarog‘u anjom, xotirjamlik bilan qo‘rg‘on oldiga kelibdi. Abduvali xiyonat qilib, tamomi merganlarini qo‘rg‘on ustiga chiqarib, hammalari o‘rusiyani nishona qilib, “Otinglar!” deb buyuribdi. Hammalari yakbora o‘rusiyani otibdilar, ammo Xudovandi taolo saqlab biror nafar o‘rusiya yo otalariga o‘q tekmay, hammalari salomat joylariga qaytaribdilar. Undan so‘ng o‘rus sardori Abduvaliga: “Bu qilg‘on g‘adur xiyonat birla sening qoning menga muboh bo‘ldi”, deb muhosirani qattig‘ qilibdi. Qo‘rg‘on devoriga naqb kovlab, doru to‘ldirib, ko‘p o‘t qo‘yub, qo‘rg‘onni yiqitib, raxnadan askar shaharga yuguribdi. Abduvali bir necha tavobei birla o‘lib va yarador bo‘lgan yarador bo‘lib, Rusiya askari qahru g‘alaba birla shaharga kiribdi…

Bu tarafdan Mallabek Xudoyorxonga muqobiladan ojiz kelib, Buxoro tarafiga qochti va Xudoyorxonga Toshkand fath bo‘lib, Shodmonxo‘ja qushbegini hokim qilib, o‘zi qaytdi. Shodmonxo‘ja Toshkand qo‘shini va to‘pu to‘pxona bilan Rusiya daf’i uchun Oqmasjid tarafiga otlanib bordi. O‘rusiya tarafidan bir muncha askar chiqib orada andak muhoriba voqe’ bo‘lib, Shodmonxo‘ja qushbegi eski askar xushmandligi va oqilligidan bildikim, Rusiya askari bilan urushib, obro‘ olib bo‘lmaydi. Nochor tadbir ustidan bir xat chiqorib: “Menga xondan o‘rus bilan urushmang, men o‘zim improturi a’zam xizmatlariga elchi yuborib so‘zlashurman, degan mazmunda inoyatnoma qilibdurlar”, deb aytdi. Shu tadbir birla urushni mavquf qo‘yub, to‘pxona va asbobu anjom birla salomat murojaat qildi.

Ammo Qosim mingboshi nihoyat nodonlig‘ va hamoqatidan: “Shodmonxo‘ja beg‘ayrat va nomard odam ekan, Toshkand qo‘shini bilan o‘rusni olmay va Oqmasjidni fath qilmay qaytmog‘dan ortu’groq nomardlik ishi bo‘larmu?! Men agar lochin va qarchig‘aylarimni buyursam, Rusiyani changollari bilan ko‘tarib tashlab, tamom qilur edilar”, deb aytdi. Xudoyorxon bu ahmoqona so‘zlariga ishonib, Shodmonxo‘ja qushbegi va Sarimsoq dodxoh, Muhammadkarim shayx dodxoh – bu uch nafar sardorni tahqiru ihonat birla Xo‘qand olib borib, Xo‘qand o‘rtasida ayni jamoat va salom vaqtida zamona (ayollarni) libosin kiydirib, oldilariga charx va duk qo‘yub, behuda obro‘larini to‘kti.

Qosim mingboshi tamomi Xo‘qand askari va to‘pu to‘pxona va Toshkand askarini olib, “Fitirburxgacha o‘rusdan asar qoldirmayman”, deb g‘urur va lofu kazof bilan Oqmasjid ustiga jo‘nadi. Bular borib, bir qazon labiga qo‘ndilar. O‘rusiya askari Oqmasjiddan chiqib, ro‘baro‘ bo‘lib, O‘rusiya tarafidan besh-olti to‘p otilib, o‘qlari Qosim mingboshi lashkariga oralab tushib, hech kim o‘lmay va yarador bo‘lmabdi, ammo Xudovandi taolo ko‘ngillariga xavfu haybat solib, to‘pu to‘pxona, qo‘shu pilta va xaymayu chodar va molu amvol, hatto boshlaridagi marvorid telfaklarini tashlab, ot qamchi(lab), Toshkand tarafiga qochibdilar. Yo‘lda ochlik va chanqoqlik kulfatini totib, it azobida doxili Toshkand bo‘lib, hadsiz infiol va xijolat va sharmandalik bilan doxili Xo‘qand bo‘lib keldilar.

Qosim mingboshini(ng) Xudoyorxon va tamomi ahli sipoh va fuqaro nazarida qadru e’tibori qolmadi. Andak muddatda Xudoyorxon Qosim mingboshi va Namangon hokimi So‘fibek dodxoh Davronbek o‘g‘li, Mullo Sayfiddin dasturxonchi, Muhammadnazar parvonachi va mo‘minxo‘ja dodxohlardan xafa bo‘lib, Qosimbek mingboshi, So‘fibek va Qambarbeklarni Qorategin tarafiga chiqorib yubordi. Mullo Sayfiddin dasturxonchi, Muhammadnazar parvonachi va Mo‘min dodxohlarni Xo‘qandda o‘ldirib, Muhammadniyoz qushbegini mingboshi va Fozilbek dodxoh Arslonbek dodxoh o‘g‘lini dasturxonchi qildi. Yana Xudoyorxon og‘a-inilik jihati va silai rahm o‘yidan Buxoroga Mallabekka jarchi yuborib, jam’i gunohidan o‘tibdi. U ham Xo‘qand kelib, yana og‘i-ini topishib, ittifoq bo‘ldilar. Bu hangomda Mallabekni ota-ona bir (ayniy) ukosi va Xudoyorxonni(ng) ota bir ona boshqa ukosi Andijon hokimi So‘fibek Sheralixon o‘gli Andijonda to‘y boshlab, Xudoyorxon Mallabek birla to‘y uchun Andijon keldilar.

Astag‘firulloh! Ne maqomda erdim va ne yerga keldim. Amirlashkari marhumni(ng) bayoni ahvoli edi, tahrir topmoqi lozim edi, ammo avvaldan yozilib, so‘z oraladi.

Hosili kalom, ul qish ul bahorda Shodmonxo‘ja mingboshini Balig‘chidan chiqorib, Turkistonga hokim qildi. Va kamina mingboshidan bir hafta ilgari Turkiston bordim. Rustambek o‘rniga amakivachchasi Shodibek Abdusamad Oqsoqol o‘g‘li hokim bo‘lib, Turkiston askari chunon xarob ekanini, shuncha askar ichidan ikki tosh yo‘lga yaraydurg‘on ot topilmadi. To mingboshi borguncha, Oqmasjiddan bir o‘rus sardori bir muncha askar bilan otlanib kelib, bo‘lak yoniga qo‘ndi. Alqissa, Shodmonxo‘ja mingboshi dohili Turkiston bo‘lib, Sayidxo‘ja otlig‘ odamni elchi qilib, yaxshi, shirin va muloyim so‘zlar aytib, sulhdan so‘z boshladi. Mazkur Rusiya sardori ham joyidan harakat qilmay turdi. Bu orada Toshkand hokimi Qanoat otaliq so‘zi bilan Shodmonxo‘ja mingboshi o‘rniga Do‘stmuhammad qaroqalfoqni Turkistonga hokim qilib, mingboshini Xo‘qandga olib kelib, to‘pu to‘fanglarni topshirib, noib qildi.

(davomi bor)

Muhammad Yunus bin Muhammad Amin

Manba: Muhammad Yunus Toib. Tarixi Alimquli amirlashkar//Sharq yulduzi. –1996. -№ 1-2.

https://shosh.uz/uz/tarixi-aliquli-alimquli-amirlashkar-3-fasl/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x