Tarbiyaning zamoni

Emdi ochiq maʼlum boʻldiki, tarbiyani tugʻulgan kundan boshlamak, vujudimizi quvvatlandurmak, fikrimizi nurlandurmak, axloqimizi goʻzallandurmak, zehnimizi ravshanlandurmak lozim ekan. Tarbiyani kimlar qilur? Qayda qilinur? degan savol keladur. Bu savolga, “birinchi uy tarbiyasi. Bu ona vazifasidur. Ikkinchi, maktab va madrasa tarbiyasi. Bu ota, muallim, mudarris va hukumat vazifasidur”, – deb javob bersak, bir kishi deyurki, “qaysi onalarni aytursiz, bilimsiz, boshi paqmoq, qoʻli toʻqmoq onalarmi? Oʻzlarida yoʻq tarbiyani qaydan olib berurlar”, der. Mana, bu soʻz kishining yuragini ezar, bagʻrini yondurar. Otasiga nima dersiz, desak, qaysi ota? Toʻychi, uloqchi, bazmchi, doʻmbirachi, karnaychi, surnaychi, ilm qadrini bilmagan, ilm uchun bir pulni koʻzlari qiymagan, zamondan xabarsiz otalarni aytursizmi? Avval oʻzlarini oʻqitmak, tarbiya qilmak lozimdur”, – der. Mana bu soʻzni eshitgach, umid qoʻllari qoʻltuqgʻa urilur.

Xayr, boʻlmasa muallimchi desak, “Qaysi muallim? Maqsadi pul, maslagi shuhrat, yuqori maktablarda oʻqumagan, “usuli taʼlim” koʻrmagan muallimlarni aytursizmi? Avval oʻzlari dorilmuallimin”larda oʻqimaklari, soʻngra dars bermaklari lozimdur”, – der. Mana bu soʻz insonni hayrat daryosiga gʻarq qilur.

Mudarrislarga na dersiz desak, qaysi mudarris? Matlablari osh, maqsadlari chopon, darslari beimtihon, isloh yaqinidan yurmagan mudarrislarni aytursizmi? Bular oʻz vazifalarini bilub, nafslaridan kechub, zamonga muvofiq ravishda darslarini isloh qilub, imtihon birla oʻqutmaklari lozimdur”, – der. Mana bu soʻz har kimni “Alisloh” demakga majbur qilur. Boʻlmasa hukumat-chi? desak, “xayr, hukumat hammaning otasidur. Oʻz fuqarosining bolalarini tarbiya qilmak lozim, shuning uchun bizning Rusiya hukumati oʻgay boʻlsak ham, har yerda bizlar uchun ham maktablar ochub, bolalarimizni tekin oʻqitur. Lekin oʻzimiz ish bilmagan, yalqov, uyda onamiz tarbiyasi, otadan pul tarbiyasi, muallimdan axloq tarbiyasi, mudarrisdan funun tarbiyasi koʻrmaganimizdan, hukumat maktablaridan ham oʻz hissalarimizni ololmaymiz”, – der. Mana bu soʻz bizlarni tarbiyadan mahrum, huquqning na ekanin bilmaganligʻimizni bildirur.

Alhosil, tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: “Insonlarning karami dinidadur, muruvvati aqlindadur, hasabi axloqindadur”, – demishlar.

 

Agar bir qushning yosh bolasin olib,

Boʻlur tarbiyat birla yoʻlga solib.

Onasin olib asragʻon birla rom,

Qilmas kishi saʼy qilsa mudom.

Kerak tarbiyat yoshlikdan demak,

Ulugʻ boʻlsa lozim kelur gʻam yemak.

Egur bemashaqqat kishi navdani,

Toʻgʻunchi egur kuydirib kavdani.

 

Abdulla AVLONIY

 

“Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobidan

https://saviya.uz/ijod/nasr/tarbiyaning-zamoni/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x