Post Views:
117
Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz, Payg‘ambarimiz Muhammad sollollohu alayhi vasallamga behisob durudu salovotlarimiz bo‘lsin!
Sarlavhadagi savolga qisqa va lo‘nda qilib, «O‘zimiz aybdormiz» deb qo‘ysak bo‘ladi. Lekin mana shu xulosaga kelish uchun bir qancha ma’lumotlarni va hayotiy voqyea-hodisalarni o‘rganib o‘tsak, hech ikkilanmay, haqiqatdan ham o‘zimiz aybdor ekanmiz, deb xulosa qilishimiz qiyin bo‘lmaydi. Allohga hamdu sanolar bo‘lsinki, mustaqilligimizdan keyin barcha sohalarda keng ko‘lamli rivojlanish, taraqqiyot, yangilanishlar, ijobiy o‘zgarishlar yuz beryapti. Mazkur ijobiy o‘zgarishlarning samarasi o‘laroq, diniy, ma’rifiy, ma’naviy, axloqiy sohalarda ham ancha-muncha natija va yutuqlar yo‘q emas. Keling, gapimiz quruq bo‘lmasligi uchun bir necha misol keltirib o‘taylik.
Kundalik hayotimizdagi turli sohalarda, jumladan, savdo-sotiqda, turli marosimlar o‘tkazishda, oilaviy munosabatlarda biror savol yoki muammo paydo bo‘lsa, ahli ilmlarga murojaat qilish odat tusiga aylanib bormoqda. Bu esa Alloh taoloning «Bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahlidan so‘rang» degan buyrug‘iga muvofiq bo‘lgani bilan qadrlidir. Zero, mustabid tuzum davrida dinimizga nisbatan salbiy munosabat shakllantirilgani tufayli bid’at-xurofotlar ko‘paygandan-ko‘payib, urchib, hamma sohani qamrab olgan edi. Biror muammo paydo bo‘lsa, odamlar tegishli sohadagi mutaxassislarga murojat qilishni unutib, hali folbinlarga, munajjimlarga, bashoratchilar va yana qandaydir jinkashlarga suyanishar edi.
Afsuski, biz din xodimlariga kelib tushayotgan murojaatlarning asosiy qismi oilaviy mojarolar tashkil etmoqda. Bu holning yanada achinarli jihati shuki, ko‘pincha kelin taraf shikoyat bilan keladi. Ularning son-sanog‘i haddan tashqari ko‘p bo‘lgani uchun, shuningdek, deyarli barcha shikoyatlar asosan bir tarafga, ya’ni quda tomonga yo‘naltirilganligi tufayli aniq bir misol keltirmay, mazkur shikoyatlarning umumiy xulosasini aytib o‘taylik.
Bir kelin shunday deb shikoyat qilyapti: «Meni haydab yuborishdi. O‘tirsam o‘poq, tursam so‘poq, sochim supurgi, qo‘lim kosov bo‘lib, qilmagan ishim yo‘q. Hamma narsani o‘rganganman. Pishiriq tayyorlashdan tortib chevarchilik, oshpazlik, hattoki, tibbiyotdan ham xabarim bor. Muomalam ham yaxshi, kattayu kichikni birdek hurmat qilaman, hech qachon biror narsadan shikoyat qilmayman. O‘qimishli, zamonaviy, har taraflama havas qilsa arzigudek kelin bo‘lgan edim. Hyech narsadan hech narsa yo‘q, erimning qo‘li yugurdak bo‘lib qoldi. Uradi, bo‘lar-bo‘lmasga haqorat qilib, «sen bo‘lmasang, boshqasi» deb kamsitadi. Vaholanki, uydagi barcha jihozlarni ota-onam qilib bergan, yana hammasi chet elniki, erimning ustidagi sarpolarning hammasi xorijdan alohida buyurtma qilib keltirilgan. Qisqasi, uydagi barcha jihozlarni adajonim olib berganlar. Bu noshukr erimga yana nima kerak ekan, bilmay qoldim»
Bizdan nima yordam deb so‘rasam, «Shu erimni va u kishining ota-onalarini chaqirib, bir pand-nasihat qilib qo‘ysangiz» deydi. Kelin tarafning shikoyatini to‘xtatib turaylik-da, kuyov tomonning shikoyatlariga quloq tutib ko‘raylik.
Kuyov shunday deydi: «Qori aka! Nima deyishni ham bilmayman, aytgani ham xijolat bo‘layapman. Lekin sizga aytmasam, kimga ham aytaman? Keliningiz o‘z-o‘zidan ota-onasinikiga ketishni odat qilib oldi. Ikkita bolamiz bor axir! Kun ora sal narsaga arazlab, bolalarni yetaklab, ketib qolaveradi. Mana, oila qurganimizga 6-7 yil bo‘lyapti. Biror marta qo‘pol gapirmaganman, qo‘l ko‘tarmaganman, aytgan narsalarini olib berganman, birovdan hech qanday kam joyi yo‘q! Ota-onam ham kelinini yeru ko‘kka ishonmaydi. Kelin qo‘lini sovuq suvga urmasin deb, onam meni koyigani koyigan. Lekin ayolim ota-onamni xizmatlarini qilmaydigan qiliq chiqardi, ular qanchalik yaxshi muomala, munosabatda bo‘lsa, ularga nisbatan mutlaqo teskari muomala qiladigan bo‘lib oldi. Nimagadir onasinikiga borib kelganidan keyin birdaniga aynib qoladi. Menimcha, bu o‘zini onasiga bizlar to‘g‘rimizda bo‘lar-bo‘lmas mish-mishlarni aytganidan keyin qaynonam qizini bizlarga qarshi qo‘llash uchun har xil makr-hiylalar o‘rgatib jo‘natadi, shekilli».
Afsuski, bu kabi shikoyatlarni deyarli har kuni bir necha marta eshitamiz. Shuning uchun ham ular to‘g‘risidagi umumiy gaplarning yig‘indisini keltirib o‘tdik. «Xo‘p, qori aka, siz ularga nima deb javob yoki maslahat berasiz?» degan savol tug‘ilsa kerak.
Men ularga avvalo shunday deyman: «O‘z ayolingiz yoki eringizning ayblarini, kamchilik va nuqsonlarini dasturxon qilib yoyganingizdan hech qanday foyda yo‘q. Qolaversa, shariatimizning ko‘rsatmasi bo‘yicha bir kishining ustidan shikoyat qilinadigan bo‘lsa, mazkur ayblanuvchi ham shu majlisda ishtirok etishi kerak. Demak, siz juftingiz to‘g‘risida yoki qudalaringiz haqida shikoyat qilmoqchi bo‘lsangiz, marhamat qilib, u tarafni ham shu yerga chaqiring va aytadigan gaplaringizni ularning ishtirokida, guvohliklarida gapiring».
Shunday desam, ular: «Qori aka, men sizga yolg‘on gapirayotganim yo‘q, borini aytayapman. Menga biror maslahat bering! Nima qilay? Boshim qotib qoldi» deyishadi.
Albatta, siz o‘zingizcha haqsiz. Lekin narigi taraf ham o‘zi yolg‘iz kelib shikoyat qilsa, siz to‘g‘ringizda shunday gaplarni aytadiki, mutlaqo siz aybdor bo‘lasiz. Barcha illat va kamchiliklar sizda ekani isbot bo‘ladi. Insonning tabiati shunday. Hyech qachon «Men aybdorman, boshqalarda ayb yo‘q! Boshimga nimaiki balo kelayotgan bo‘lsa, o‘zimdan» demaydi. Shuning uchun ham shariatimizda bunday shikoyatlar ikkala taraf bilan birgalikda ko‘rib chiqiladi, aks holda bu muammoni ijobiy hal qilishning imkoni yo‘qdir. Shuning uchun siz ham aybni avvalo o‘zingizdan axtaring. Juftingiz nima uchun bir necha oy yoki yillar davomida yaxshi bo‘lib yurganu, keyinchalik birdaniga aynib qolgan? O‘z-o‘zidan bunday bo‘lishi mumkin emas. Buning yetarlicha sabablari bo‘lishi kerak. Ana shu sabablarni o‘zingizdan qidirib, ularni muolaja qilishga o‘ting. Bu borada yoshlardan ko‘ra ota-onalar ko‘proq aybdor desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Tasavvur qilib ko‘ring, yuqoridagi misolga o‘xshash qiz yig‘i-sig‘i, dod-faryod bilan onasinikiga kelsa, ona bu holatga qanday munosabat bildiradi? Uning aytgan gaplari taxminan quyidacha bo‘ladi: «Ha qizim, jonim-asalim, nima bo‘ldi? Kim xafa qildi? Yer yutkur, nonko‘r kuyovim urdimi? Hye, urmay qo‘li sinsin! O‘zi shunaqaligi avvaldan ma’lum edi. Ota-onasi qayoqqa qarayotgan ekan? Hali adang kelsin, kuyov bolani chaqirib, kerak bo‘lsa sharmandasini chiqarib, qudalarni ham ta’zirini berib qo‘yamiz!»
Ota-ona qizini shunga o‘xshash balandparvoz so‘zlar bilan qarshilaydi. Natijada qiz bu «mehribonlik», «g‘amxo‘rlik»dan keyin yerda turgan bo‘lsa, osmonga sapchiydi. Fursatdan unumli foydalanib qolish uchun kuyov va uning ota-onalari to‘g‘risida har xil fisqu fasodlarni to‘qib, hammayoqni bo‘lg‘aydi.
Bu yoqda gapni kelini ketib qolgan onadan eshiting: «Ha, o‘g‘lim? Shuni ketganiga qayg‘urib o‘tiribsanmi? Ketsa ketaversin, daraxtni tepsang qiz bola to‘kiladi. Onasi o‘pmagan 18 yasharidan shundoq qo‘yningga solib qo‘yaman, hech qayg‘urma. Sendek yigitga qizimni beraman deganlar son mingta»
Bu tomondagilar ham shunga o‘xshash balandparvoz gaplar bilan o‘g‘lining qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldiradi. Bunday gaplardan keyin oila yana qayta tiklanib ketishi mumkinmi? Albatta, yo‘q.
Aslida ota-onalar farzandlariga qanday munosabatda bo‘lishlari kerak edi?
Ona qaytib kelgan qiziga «Qani, bu yoqqa o‘tir-chi. Nima uchun qaytib kelding? Sen bizning qo‘limizda omonat eding, seni shuncha yil yedirib-ichirib, tarbiyalab, voyaga yetkazib, yuzimizni yorug‘ qilib, iffating, iymoning bilan turmushga uzatsak, bizni sharmanda qilib, qaytib kelib o‘tiribsanmi? Bu uyda sening o‘rning yo‘q! Sening o‘rning o‘sha uyda. Ikkinchi marta bunaqa holatda qaytib kelmagin, aks holda biz sendan norozi bo‘lamiz! Yuzimizni shuvut qilasan, shunday o‘qimishli, odob-axloqli, ziyoli, iymonli xonadonga turmushga uzatsak, nimasidan norozi bo‘lib qaytib kelayapsan? Aytayotgan shikoyatlaring yolg‘on. O‘zingda ham ayb bor. Avval o‘zingni tuzat. Kuyovimdan shikoyat qilmagin. Ikkinchi marta bunday holat takrorlanmasin» deb, uning qo‘lidan yetaklab, kuyovinikiga olib borib qo‘ysa, olam guliston. Qiz bunday muomala va tanbehdan keyin noiloj bo‘lsa-da, o‘zining uzatilgan xonadonida yashab, ko‘nikib ketishga majbur bo‘ladi.
Kuyovning onasi ham: «Ha? Kelinni nega haydading? Haydasin deb olib bergan edimmi? Kelinimning qadami qutlug‘, qo‘li yengil edi. Tayyorlagan taomlarini aytmaysanmi, qavm-qarindosh ham, qo‘ni-qo‘shnilar ham kelinimga havas qilar edi. Hamma ishni aytmasimdan qoyillatib bajarar edi. Senga nimasi yoqmadi? O‘zi yoshligingdan tajang, qaysar eding. Tirnoq ostidan kir qidiradigan odat chiqarib oldingmi? Bechora kelinim tag‘inam injiqliklaringga shunchadan beri sabr qilib kelyapti. Kelinim bilan ajrashadigan bo‘lsang, sendek boladan voz kechaman. Borgin-da, qaynota qaynonangdan uzr so‘rab, xotiningni qaytarib olib kel. Aks holda o‘zingni ham bu uydan haydab chiqaraman. Shirindan-shakar nabiralarimni yetim qilishingga yo‘l qo‘ymayman» desa, o‘g‘il o‘sha zahotiyoq aqlini yig‘ib oladi, ota-onasini norozi qilishdan qo‘rqib, xotinning ba’zi kamchiliklaridan ko‘zini yumadi. Natijada ikkala yosh ham kattalarning tanbeh va pand nasihatlari samarasi o‘laroq, barchaga namunali oilaga aylanib ketadi.
Axir Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdek zot ham jannatiy ayollarning sayyidasi bo‘lmish qizlari Fotimaga kuyovlari hazrati Alini rozi qilishga buyurib, pand nasihat qilib turganlar. O‘z o‘rnida sahobai kiromlar ham, o‘tgan barcha ulug‘lar ham o‘g‘illariga nisbatan kelinlariga yaxshi muomalada bo‘lishni tavsiya qilganlar. Bu esa shariatimizning ko‘rsatmalaridan biridir. Qolaversa, oilaning har taraflama baxtiyor bo‘lishini asosiy omilidir.
Alloh taolo barchamizga tinch-totuv turmush nasib qilsin, kelin-kuyovlarimizga chinakam islomiy, baxtiyor oila nasib aylasin, jamiyatimizni mustahkam qilib, xalqimizni O‘zining roziligini topadigan xalqlardan qilsin, omin!
Ishoqjon BEGMATOV
«To‘xtaboy» jome masjidi imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Oltin Qalam» XI Milliy mukofoti sohibi
https://shosh.uz/uz/tarbiya-kim-aybdor-2/