«TARAQQIY» — jadidlar gazetasi. 1906-y. 14(27) iyundan Toshkentda chop etilgan. Noshiri va muharriri — Ismoil Obiliy. «Taraqqiy» tom maʼnodagi ilk milliy nashr hisoblanadi. Uning saxifalarida chor Rossiyasining Turkistonda olib borayotgan mustamlakachilik siyosatini dadillik bilan fosh qilishga bagʻishlangan maqolalar, xabarlar va maʼlumotlar bosilgan.
«Taraqqiy» da bosilgan felyeton va b. materiallarda tanqidiy yoʻnalish, fosh qilish ruhi kuchli boʻlgani uchun u oʻsha davrning eng ommaviy nashriga aylangan va jamoatchilik fikriga katta taʼsir koʻrsatgan. Munavvarqori Abdurashidxonov, Mahmudxoʻja Behbudiy, Soʻfizoda, Nozimaxonim, Bahrombek Davlatbekov, Shokir Muxtoriy, Zarif Xoliqiy va b. ning ommaga milliy ozodlik, taraqqiyot gʻoyalarini targʻib va tashviq qiluvchi asarlari «Taraqqiy» saxifalarida chop etib turilgan.
«Taraqqiy» tutgan yoʻl, gaz. ning maslagi va maqsadi, unda chop etilgan asarlardagi oʻtkir tanqidiy ruh mustamlakachi maʼmurlarga maʼqul kelmagan. 19 soni chiqqanidan soʻng «Taraqqiy» yopib qoʻyilgan. Muharriri qamoqqa olinib, gaz. ning molmulki musodara qilingan. «Taraqqiy»ning ilk soni chiqqan 27 iyun 1993-y. dan buyon mamlakatimizda «Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni» sifatida nishonlanadi.
Ad.:Jalolov A.,Oʻzganboyev H., Oʻzbek maʼrifatparvarlik adabiyotining taraqqiyotida vaqtli matbuotningoʻrni, Taraqqiy, 1993; Pidayev Taraqqiy, Matbuot — millat chirogʻi, Taraqqiy, 1999; Abduazizova N., Turkiston matbuoti tarixi (1870-1917), T., 2000.