Taqlid, tasvir, ilhom va isteʼdod

“Sharq yulduzi” jurnali badiiy, ijtimoiy, falsafiy asarlarni nashr etish bilan birga, jahon adabiyoti tarixi, estetika, poetikaga doir nazariy maqola va suhbatlarni berib borishi jurnal oʻz vazifasi doirasini, koʻlamini kengaytirib borayotganini koʻrsatadi. Adabiyotshunos Ulugʻbek Hamdam “Muallif oʻlimi”ga siz ham ovoz berasizmi?” sarlavhali adabiy oʻylarida keyingi yillar Gʻarb adabiyotshunosligi, estetik tafakkurida tugʻilgan badiiy asarlarni ijod qilish “texnologiyasi”dagi yangiliklar, jumladan, Rollan Bartning “Muallif oʻlimi”, Yuliya Kristevaning “intertekstuallik” kabi yangicha adabiy nazariyalariga qizgʻin munosabat bildiradi. Ulugʻbek Hamdam tahlilidan koʻrinadiki, u Balzakning bir hikoyasi asosida Rollan Bart chiqargan nazariy xulosaga qoʻshiladi ham, ayrim eʼtirozlarini bildiradi ham. R. Bart Balzakning “Sarrazin” hikoyasidagi bir jumla, qahramon ruhiy holatining nozik tasviri muallifning oʻzi topgan matn emas, balki muallifga bogʻliq boʻlmagan, yaʼni muallifi yoʻqolgan, “oʻlgan” matndir, deydi. U keltirgan jumlada Balzak kastratsiya (axta) qilinib, erkakligini yoʻqotgan yigitda romantik tabiatli nafis ayollarga xos nozik hissiyotlar paydo boʻlganini tasvirlaydi. “Buni kim aytmoqda? – deydi R. Bart, – ayollik tabiatini yaxshi bilguvchi yozuvchi Balzakmi? Yo axta yigit oʻrnida ayolni tasavvur qilgan asar qahramonimi? Yoki bu umuman inson donoligimi? Yoki romantik ruhiyatmi? Biz bu tasvir muallifini hech qachon bilolmaymiz”. R. Bart shu birgina jumla asosida umuman badiiy tasvirda subʼyektiv, shaxsiy qarashlar yoʻqolishi haqida “muallif oʻlimi” nazariyasini oʻylab topadi.

Onore de Balzak shu qadar nazariy qoidalar doirasiga sigʻmaydigan adibki, u har bir asarida voqelikning yangi qirralarini, yangi-yangi qahramonlarning subʼyektiv qarashlarini turlicha uslubda tasvirlaydiki, agar asari ustida uning nomi qoʻyilmagan boʻlsa, bularning barchasini Balzak yozganiga ishonmagan boʻlar edik. “Gobsek”, “Yevgeniya Grande”, “Gorio ota” romanlarida jiddiy realist boʻlgan Balzak “Sagʻri teri tilsimi”, “Yoshlik iksiri”, “Al-kimyogar”, “Fachino Kane” asarlarida romantik va fantast adib sifatida koʻrinadi. R. Bart keltirgan matnda men muallif yoʻqolgan, “oʻlgan” deb oʻylamayman.

Balzak “Fachino Kane” hikoyasida venetsiyalik bir aslzoda, senatorning noshukurligi, ochkoʻzligi taqdir ajoyibotlari sababli koʻzi koʻr qilinib, ikki koʻr oʻrtogʻi bilan soz chalib, tilanchilik qilib yashayotganini tasvirlar ekan, yozuvchi fransuzlarga xos bagʻrikenglik, saxovat bilan oʻz nomidan soʻzlab, badiiy ijod sirlaridan ham baʼzilarini oshkor qiladi. Yozuvchi asar qahramoni – sobiq senatorni uchratgan vaqtidagi oʻz kechinmalarini ham mufassal tasvirlaydi: “Men chekka joylardagi xalqning feʼl-atvorini, xarakterlarini oʻrganar edim… Ularning oʻzaro gap-soʻzlarini (ularning hozirgi ahvolini bildiruvchi gap soʻzlarini) eshitib, ularning hayoti ichkarisiga butunlay kirib, egnimda ularning juldur kiyimini, oyogʻimda chorigʻini his etar edim. Bu odamlarning istaklari, nimalarga zoriqishi, ehtiyojlari – barchasi mening ruhimga kirib oldi. (Baʼzi ijodkorlar, aksincha, men ularning ruhiga kirdim, deydilar. Balzak qahramoni boʻlgan yozuvchi aytgani toʻgʻri boʻlsa kerak. Balki, ikkalasi ham mumkindir – M. M.) Shu hunarmandlar bilan birga ularning ish haqini vaqtida bermay, qiynayotgan vijdonsiz ish buyuruvchilarga laʼnat aytar edim. Men oʻz odatlarimni yoʻqotib, (oʻzimni ular oʻrniga qoʻyib), maʼnaviy kamol topib, (fazilatlar hosil qilib), oʻz ixtiyorim bilan shu oʻyinda (boshqa odam boʻlib qolishda) oʻynar edim. Menda bu qobiliyatni kim uygʻotdi ekan? Uchinchi koʻzim ochildimikan? Mabodo, bu qobiliyat suiisteʼmol qilinsa (yaʼni, ortiqcha berilib ketilsa), jinni boʻlib qolish mumkin. (Shunday ruhiy kasallik bor – shizofreniya, bunda bemor oʻzini Napoleon yoki Suvorov deb oʻylaydi – M. M.) Men bunday qobiliyat qayerdan kelganligini, manbaini surishtirib oʻtirmadim, menda shu qobiliyat bor va men bundan foydalanaman, vassalom. Shuni bilardimki, bunday chekka joylarda inqilobchilar, jasur qahramonlar, ixtirochilar, tugʻma isteʼdodlar, zolimlar, kambagʻallikdan boʻgʻilgan, ichkilikka berilganlar va sogʻligʻidan ayrilganlar yashaydi. Bunday qaygʻuli joylarda ne-ne yangi sarguzashtlar, dramalar, dahshatli va ajoyib-gʻaroyib voqealar borligini siz tasavvur ham qilolmaysiz”. Badiiy ijodni tadqiq etgan adabiyotshunoslar hozir buni ijodkorda sinchkov kuzatuvchanlik va boy tasavvur qilish qobiliyati, deydilar. Ammo bu qobiliyat hayotni chuqur bilishga, hayot haqiqatini anglashga asoslanganini yaxshi biladilar, desak, badiiy ijodni ancha joʻn tushungan boʻlamiz. Suqrot hakim doston aytuvchi Ionga: “Badiiy ijod qilish qobiliyati – ilohiy ilhom bilan bogʻliq” deb, bundan koʻra yaxshiroq tushuntirgan. Demak, badiiy tasvirda muallif “oʻlimi” emas, muallif shaxsi, isteʼdodi hal etuvchi fazilatdir.

Kam uchraydigan, ibratli, qiziqarli, muhim voqea va holatlarni tarixchiday bayon qilib emas, balki hayotdagiday jonli tasvirlashni Arastu “mimesis”, taqlid sanʼati deb atagan edi. R. Bart keltirgan misolda, muallif “oʻlmaydi”, aksincha, bunday tasvirda muallif – Balzak koʻrinadi.

Ulugʻbek Hamdam turli chalkash qarashlarga aniqlik kiritish uchun eng ishonchli dalillardan biri – Arastu “Poetika”sida aytilgan “mimesis” – taqlid nazariyasiga murojaat qiladi: “(Fikrlarni) har qancha aylantirib koʻrmaylik, Aristotel mustahkam asosga ega fikrni ilgari surganligini hayotning oʻzi isbotlab kelmoqda. Albatta, oʻzgacha qarashlarning ham pishiq-puxta poydevori bor esa, olam keng – yashayveradi. Qolaversa, Gegel ham, boshqalar ham (masalan, Lessing, Gyote, Xerder… – M. M.) dastlabki ulgini Aristotel bobodan olganiga tarix guvoh. Zero, adabiyotu sanʼatning kelib chiqishida qomusiy olim nazarda tutgan “taqlid”ning hissasi hamisha oʻz oʻrnida sobit turib kelayotganidan-da koʻz yumib boʻlmaydi”. Biz bu fikrni quvvatlab aytamizki, Arastu hakim mazkur qarashlarida Suqrot va Aflotun kabi ustozlarining fikrlariga ham tayanar edi. Chunonchi, Aflotunning “Ion” asarida Suqrot Homer dostonlarini kuylovchi rapsod yoki aedga badiiy tasvir tamoyillarini tushuntiradi. “Suqrot haqidagi xotiralar” muallifi Efeslik Ksenofont yozishicha, donishmand bir musavvirning Troya oqsoqollari Paris olib qochgan Yelenaning husnini koʻrib hayratga tushganlarini tasvirlashidan xulosa chiqarib aytadiki, ijodkor qahramonlarining gapirishi va harakatiga ham, ruhiy holatlariga ham taqlid qiladi. Darvoqe, Rollan Bart “muallifning yoʻqolishi” nazariyasini Suqrot va Arastudan olgan, ammo xato koʻchirgan. Aflotunning oʻsha dialogida Suqrot “Iliada” dostonida voqealar va xarakterlar, ularning nutqlarini koʻrsatar ekan, oʻzi aralashmay bir chetga chiqib turadi. Biz bu tasvirlarda Xomerni emas, Ahillni, Gektorni, Odisseyni koʻramiz, deydi.

R. Bartning matnda “muallifning oʻlimi” haqidagi fikrlari asosida poetik sanʼat tabiatini tushunmaslik yotadi. U ilohiy ilhom nimaligini ham tushunmaydi. Suqrot hakim, Aflotun va Arastu ijodkorlarni Tangri ilhom bergan zotlar, deb qadrlaydi. Suqrot doston aytuvchi rapsod Ionga: “Sening Homerni yaxshi kuylashing bu kasbni yaxshi bilganing uchun emas, balki ilohiy ilhom holatida aytganing uchundir”, deydi. Donishmand bu fikrini asoslash uchun baxshi, oqin ham, shoir ham ilhom vaqtida asar qahramonlarining holatiga tushadi, deydi. Atoqli estetik olim A. F. Losev “Antik dunyo estetikasi” koʻpjildligining “Sofistlar. Suqrot. Platon” kitobida aytadiki, “Suqrot insoniyat tarixida birinchilar qatorida, moddiy mavjud narsalar oʻtkinchi, ammo inson ruhi va ongidagi rasolik, mukammallik, goʻzallik gʻoyalari abadiy yashaydi”, degan edi. Keyinroq bu gʻoya Aflotunning ideyalar va ideallar haqidagi taʼlimotiga taʼsir koʻrsatdi.

Aflotun badiiy matnda, aniqrogʻi poeziyada (qadimda drama, nasr, sheʼriyat, musiqa, rassomlik, raqs, haykaltaroshlik, xullas, nafis sanʼatlar poeziya deb atalgan) muallifning koʻrinishi yoki koʻrinmasligi, Rollan Bartning qoʻpol soʻzicha, muallifning oʻlimi yoki hayotligi) deb atalgan hodisani Aflotun “ijodkorning ifoda usuli” deb ataydi. Aflotun fikricha, (va Arastu fikricha ham) adabiy janrlarga boʻlinish ifoda usuliga bogʻliq. Aflotun “Davlat” asarida bunday deydi: “Poeziyaning bir turida ijodkorlik butunlay taqlid asosida quriladi, bu tragediya va komediyadir (yaʼni dramaturgiya), boshqa turda shoir oʻzini ifoda qiladi, sen buni difirambalarda koʻrasan…” Aflotun fikrini rivojlantirishga jurʼat qilib aytamizki, shoirning oʻzini ifoda qilishi difirambalardan tashqari, yana falsafiy va lirik poeziyada, dil izhori boʻlgan badiiy nasrda (Jan Jak Russoning “Yangi Elozida”sida, Alfred de-Myussening “Asr oʻgʻloni dil izhori” romanida, I. V. Gyotening “Faust” dostonida, F. Klingerning “Faust” romanida, Bayron, Hayne, Adam Mitskevich, Pushkin, Lermontov, Yesenin, Choʻlpon, Usmon Nosir sheʼrlarida, Jubron Xalil mansuralarida) koʻrinadi. F. Dostoyevskiyning “Xoʻrlangan va haqoratlanganlar” romanida, “Oydin kechalar” qissasida, bu adibning dushmani boʻlgan N. Ye. Saltikov Shchedrinning “Pahlavon” hikoyasida va “Bir shahar tarixi” satirik romanida ham shoir oʻzini kuchli ifodalaydi.

Aflotun fikrining davomida aytadi (biz beodoblik bilan oraga soʻz qoʻshganimiz uchun uzr soʻraymiz): “Epik poeziya va boshqa koʻp turlarda esa bu ikki ifoda turi (“muallif koʻrinadigan, yashaydigan va koʻrinmay, yoʻqoladigan” usul) birlashadi. Arastu hakim Aflotun fikriga aniqlik kiritib aytadi: “Umuman aytganda, oʻxshatish (mimesis) sanʼati (epos va tragediya, komediya va difiramba (madhiya), avletika va kifaristika (musiqaviy janrlar) oʻzaro uch jihatdan: (1) Tasvirlashning turli vositalari (yaʼni cholgʻu turlari, boʻyoqlar, haykaltaroshlik ashyolari…) bilan; (2) nima tasvirlanayotgani bilan (biz yana qoʻshamiz: nima va qanday tasvirlanayotgani bilan); (3) rangbarang oʻxshatish usullari bilan farqlanadi.

Bu yerdagi ikkinchi asos – nimani va qanday taqlid (tasvir) qilish turli adabiy janrlarni keltirib chiqaradi. Arastu fikricha, tragediyada ijobiy, ulugʻvor xarakterlar, komediyada – tuban yoki hajviy (kulgili) xarakterlar va holatlar tasvirlanadi. Dramaturgiya janrlarida muallif koʻrinmay, faqat qahramonlar (xarakterlar, adabiy tiplar), koʻrinsa-da, baribir, asarning umumiy gʻoyasida muallif (uning hayot hodisalariga shaxsiy munosabati) yorqin koʻrinadi. Badiiy asarda qahramonlar tasvirlanib, muallif koʻrinmay tursa-da, asarining tilida, ohangida, uslubida, nimalar va qanday tasvirlanayotganida muallif yorqin koʻrinib turadi. Ustoz Abdurauf Fitrat “Adabiy qoidalar”ida aytadiki, badiiy asarda til, uslub, ohang faqat isteʼdodli mualliflarda boʻladi. Badiiy asar tili zaif, rangsiz, ohangsiz boʻlsa, uslub koʻrinmasa, isteʼdod yoʻqligining nishonasidir.

Ulugʻbek Hamdam va Zuhriddin Isomiddinov adolatli tadqiq etganiday, koʻchirmakashlar, plagiatlarning “asarlari”da koʻrinadigan uslub, ranglar va ohanglar, fikr, gʻoyalar “soxta yozuvchi”niki emas, balki oʻgʻirlanib talangan “mazlum” muallifnikidir. Oʻgʻri muallif esa muallif emas, oʻzining isteʼdodi yoʻqligini fosh etuvchi, bechora odam, aybdor, oʻgʻridir – bunday ijodkorda or-nomus ham yoʻq.

Ulugʻbek Hamdam “Muallif oʻlimi”ga siz ham ovoz berasizmi?” (yoki asl ijod sogʻinchi) bahs-munozarali adabiy oʻylarida Arastu kashf etgan “mimesis” tushunchasi hozirgi maʼnodagi taqlidni emas, balki hayotning oʻxshashini tasvirlash, haqiqiy hayotni tasvirlash ekanligini tushuntirib, badiiy asarlarni baholash, tahlil va talqin qiluvchi olim, munaqqidning masʼuliyati, bilim saviyasi (va isteʼdodi) haqida muhim fikrlarni aytadi. “Axir, tanqidchi u yoki bu saviyadagi qalamkashning ortidan mudom soyadek ergashib yurib, uning har bosgan qadamini tarozida oʻlchash degani emas-ku? Axir, munaqqid mutaxassis sifatida, avvalo, yuksak saviyali asarlardan badiiy-estetik zavq tuyib, ularni joʻshib tahlilu tavsif qilib yashashni (yaʼni oʻzi mansub milliy adabiyotning yuksalishiga xizmat qilishni) istaydi”. Jahon adabiyoti va sanʼati tarixida faqat isteʼdodli sanʼatkorlar bir-birining ijodini baholar edilar. Shu maʼnoda, bu sanʼatkorlarning kundaliklarini, esdaliklarini, I. V. Gyote, G. E. Lessing, Volter, I. G. Xerder, Aka-uka Avgust va Vilgelm Shlegellar, Jan Pol Rixter, Entoni Sheftsberi, Shelling, Bayron, Shelli, Balzak, Stendal, V. Gyugo, Teofil Gotye, Sent-Byov, Aka-uka Edmon va Jyul Gonkurlar, A. S. Pushkin, V. G. Belinskiy, Lev Tolstoy, F. M. Dostoyevskiylarning kundaliklari va esdaliklarini oʻqish naqadar koʻp bilim va zavq beradi bizga! Anri Beyl Stendal “Parma ibodatxonasi” romanini Balzak tahlil etib, yutuq va kamchiliklarini aytib, maqola-etyudini eʼlon qilganida hayajonlanib, Balzakdan fikr eshitganiga fahrlanib, oʻz asarini olti oy qayta koʻrib, tuzatib chiqqan edi. V. Belinskiy va N. Dobrolyubov adolatli va joʻshqin talqinlari va taqrizlari bilan rus adabiyotining badiiy, ijtimoiy qimmatini jahonga tanitdilar.

Hayriyatki, 1991 yil kuzidan hozirgacha, Milliy istiqlol davrida millatparvar, istiqlolchi adiblarimiz va shoir, dramaturglarimiz adolatli, haqiqiy bahosini, qadr-qimmatini topa boshladi.

Ulugʻbek Hamdam ijodiy taʼsir masalasida, Nizomiy “Xamsa”si va Navoiy dostonlarining vorisiyligi haqida, ustozlardan taʼsirlanish, ruhlanish haqida muhim fikrlarni oʻrtaga tashlaydi. “Nazarimda, – deydi u, – hamma adabiy hodisalarni bir xil meʼzon bilan oʻlchab boʻlmaydi. Albatta, Nizomiy Ganjaviy hayotga va ellar orasidagi mavjud afsonalaru dostonlarga birinchi boʻlib taqlid qildi, natijada “Xamsa” – besh asarda hayotning muayyan modelini yaratdi”. Ilohiy ilhom samarasi boʻlmish besh goʻzal dostonda Nizomiy “hayotning muayyan modelini” emas (bu texnogen jamiyatda sanʼatni va hayotni modellash degan soʻzlar Gʻarbda keng tarqalgan), balki asl sanʼat tilida aytganda, olam ichra yangi olamlarni, ajoyib-gʻaroyib voqealarni va taqdirlarni tasvirladi. Bu yerda mimesis – taqlid soʻzining yana bir maʼnosini – tasvir, yaʼni tasavvurdagi olam deb atash munosibroq boʻlsa kerak. Gʻarb estetikasi va adabiyotshunosligining hozirgi davrida mumtoz estetika davrida boʻlmagan strukturalizm, proyeksiya, model, modus, diskursiv, gʻoyalar dissotsiatsiyasi, intertekstuallik, germetizm, modernizm, virtual, kreatsional degan terminlar borki, bularning barchasi sanʼat tabiatiga begona boʻlib, badiiy fazilatlarni, uslubiy ranginlikni ifoda qilolmaydi. M. Baxtinning qadimgi sanʼat tabiatiga aloqador “koʻpovozlilik” sifatini biz ham qabul qilishimiz mumkin, ammo hozirgi Gʻarb olimlari topgan bidʼatlar – yangiliklar mumtoz adabiyotshunoslikka, mumtoz estetikaga tuflab yopishtirilmoqda.

Taniqli adabiyotshunos Muhammadjon Xolbekovning “XX asr modern adabiyoti manzaralari” kitobi milliy istiqlol davrida oʻzbek adabiyoti (proza, poeziya, adabiyot tarixi va nazariyasi) yangi davrga qadam qoʻygani va u jahon adabiyotidagi modernizm, ekzistensializm, strukturalizm, “sehrli realizm”, postmodernizm va boshqa “izm”lari vakillari faqat nomlari yangiligi bilan emas, balki bu adabiyotlar mazmun, mohiyati, badiiy, uslubiy, gʻoyaviy, falsafiy izlanishlari bilan mumtoz realistik adabiyotdan keskin farqlanishini, modernchi adiblar ijodining oʻziga xos tomonlarini, bular ijodi haqida oʻzlari va boshqalar aytgan fikrlarni umumjahon adabiyotshunosligi koʻlamida talqin va tadqiq etadi. Kitob muallifi adolatli koʻrsatganiday, XX asr modernchi sanʼatkorlari oʻzlarining ijodini ne chogʻli yangi hodisa deb baholashiga qaramay, ular bilib-bilmay yoki istab-istamay, avvalgi asrlarda (hatto antik davrlarda) mavjud boʻlgan ijodiy yoʻnalish, oqim, metod-usullardan, xususan, Dante, Choser, Shekspir, Rable, Servantes asarlaridan, XIX asr adiblari V. Gyugo, Ch. Dikkens, V. Shott, G. Longfello, U. Uitmen, O. Uayld, G. Melvill, X. Ibsen, Sh. Bedler, Edgar Po asarlaridan ilhomlangan va foydalanganlar. Ayrim modernchilar – J. Joys, T. Lav Pikok, Umberto Eko va boshqalar oʻz asarlariga Gomer, Shekspir, Rable, Servantes, V. Gyugo asarlaridan ayrim gʻoyalarni va hatto matn parchalarini ham aralashtirib, “manbaini toping” deganday, adabiy topishmoqqa aylantirib yuborganlar. Gohida modernchilar hikoya, novella janrini “yangilash” jarayonida badea-esse, hatto adabiy-tanqidiy oʻy-mulohazalarni ham badiiy adabiyotga tenglashtirganlar. Xususan, Argentina adibi Luis Borxes ijodida bu hodisa juda koʻp uchraydi. U “Marvli hakam yoxud niqobli paygʻambar” badeasida Muqanna qoʻzgʻoloni voqeasini tilga olmagan holda faqat uning “Qora atirgul” kitobida aytgan favqulodda gʻaroyib, diniy-mistik, falsafiy qarashlarini bayon qiladi. U gapni Muqannaning kimyogar ekanligi, yung liboslarni istalgan rang, boʻyoqlar bilan oʻzlashtirishini, qayerga borsa, oʻzi bilan oʻrnatilgan ikki arslonni birga olib yurishini, bu arslonlar uning jamoli nurini koʻrgach, koʻr boʻlib qolganligini, Muqanna dinini inkor etuvchilar oxiratda 999 olovli qiyofada jazolanishlarini bayon qiladi. Falsafiy fikr-mulohazalar badiiy tasvir oʻrnini egallasa ham, oʻquvchini hayratlantiradi.

M. Holbekov modern adabiyoti haqida fikr yuritar ekan, uning mazmuni, ranglari, spektrining diapazoni juda kengligini, turli mualliflarning modern asarlarida antik davr mumtoz adabiyoti, oʻrta asrlar, Uygʻonish davri, maʼrifatchilik, romantizm, simvolizm, ekspressiya, neorealizm, syurrealizm oqimlariga xos uslublarning aralashuviga yoʻl qoʻyilganini eʼtirof qiladi. Paradoksal holat shunda yaqqol koʻrinadiki, modern adiblari oʻz asarlarining uslubini ne chogʻli “yangi” deb oʻylasalar-da, bu uslubda antik davrdan hozirgacha boʻlgan barcha ijodiy uslublarning goh sintezi, koʻproq eklektikasi koʻzga tashlanadi. Modern adiblarida goh Bibliyaning “Tavrot” (“Qadimgi Ahd”) qismiga, goh Injil (“Yangi Ahd”) qismiga taqlid, goh antik davr Yunon va Rim adabiyoti asarlariga taqlid qiladilar.

Muallif toʻgʻri kuzatganiday, modern adabiyoti faqat badiiy asarlardan iborat boʻlmay, u badea, ertak, ilmiy-tadqiqotlar, maktublarni va turli mumtoz badiiy asarlarning parchalaridan iborat “vinegret”larni ham oʻz ichiga oladi. Luis Borxes ijodida teran poetik, psixologik hikoyalar bilan ayni vaqtda badea, maqola, kichik ilmiy tadqiqotlar ham koʻp uchraydi. (“Bobil kututbxonasi”, “Paskal fazosi”, “Kevedo”, “Kolrijning tushi”, “Chesterton haqida”, “Ibn Rushd izlanishi”, “Mumtoz adiblar haqida”, “Don Kixot”da yashiringan sehr”, “Mark Injili”, “Kitoblarga ehtirom…”)

Darvoqe, Ulugʻbek Hamdam “matn oʻyini”, “intertekstuallik”, “qoʻshtirnoqsiz sitata” kabi yangi terminlarning mazmun-mohiyatini tushuntiradi va Jeyms Joysning “Uliss” romanini muallifning oʻzi maqtab, Gomerning “Odisseya”siga oʻxshatganligini aytadi. Aslida esa, chindan ham sitatalar toʻplamiga oʻxshash bu salmoqli va quroq-yamoqli asarni “Odisseya”ga oʻxshatishni men Gomerni ham, uning asarini ham haqoratlash, deb bilaman. Joysning “Uliss” romanida “Odisseya”ga oʻxshashlikni izlash tikanzorda sayroqi bulbulu anvoyi gullarni izlashday gap.

Gomer “Odisseya”sida baʼzi xayolot manzaralari fonida jasur insonning haqiqiy sarguzashtlari, kutilmagan falokat, ofatlarni yengib oʻtgan, tabiat qudrati, hatto samoviy qudrat bilan bahslashgan, aql quvvati bilan kiklop-devni ham dogʻda qoldirgan yetuk qahramon faoliyati mantiqan asosli, tabiiy, realistik tasvirlangan boʻlsa, Joysning uch qahramoni Leopold Blum, Stiven Dedalus, Molli hech qayerga bormagani holda, besh yuz sahifa davomida tinimsiz gap sotadilar, soʻkinadilar, hech qanday falokatga uchramaydilar ham. Odisseyning dolgʻali ummon va dengizu orollarda olamning yarmini kezib chiqishini Joys qahramonlarining u xonadan, bu xonaga oʻtishi, Dublin shahrining bir necha koʻchasini aylanib kezishiga qiyoslab boʻladimi? Aslo! Dublin koʻchalarida kezish qayoqdayu, Oʻrta Yer, Egey dengizlari, Bahri muhitda, dolgʻali toʻlqinlarda suzish qayoqda?

Atoqli adabiyotshunos, Gʻarb mumtoz va modernizm adabiyoti bilimdoni Muhammadjon Xolbekov “XX asr modernizm adabiyoti manzaralari” kitobida J. Joyc romanida birinchi shaxs, uchinchi shaxs, muallif shaxslari fikr-oʻylarda aralashib ketgani, yaʼni ataylab yasalgan palapartishlik va chalkashlikni yangilik, deb maqtaydi. Tanqidchi maqtagan romanning “Lotofaglar” nomli 5-bobida hech qanday lotofaglar (yovvoyilar) yoʻq, bu yerda Leopold Blum bir ayol maktubi solingan konvertdan qanday qilib qutilishni bilmay, temiryoʻl koʻprigi ustida yirtib, parchalab tashlab yuborishi, qogʻoz parchalarining shamolda uchib sochilib ketishi tasvirlanadi. Bu tasvirning ham “Odisseya”ga zarracha aloqasi yoʻq. M. Xolbekov yozishicha, Nobel mukofoti laureati Tomas Eliot (1888–1965) Joysni hikoya qilish oʻrniga mifologik usuldan foydalangani uchun maqtab, “bu esa zamonaviy dunyoni sanʼat uchun tushunarli qilishga qoʻyilgan yangicha qadamdir”, deb maqtaydi. Men aytamanki, Tomas Eliot bu gapi bilan mifologik usul ming yillar davomida mavjudligini bilmasligini oshkor qilgan. Joys oʻz-oʻzini maqtab, “Uliss” syujetida Dante yoki Shekspir ohanglarini ham uchratish mumkin, Stiven oʻzini Odissey oʻgʻli Telemak emas, balki Hamlet deb, boshqa joyda esa u oʻzini “Tavrot” va “Injil”dagi paygʻambarlarga, “1001 kecha”dagi Sindbodga oʻxshatadi. Xullas, bu qahramonni biz Uliss ham, Telemak ham, Hamlet ham demay, oʻzini Napoleon deb oʻylovchi, shizofreniya kasaliga chalingan jinniga oʻxshatsak, haqiqatga yaqinroqdir, deymiz. Muallif oʻzini Gomer, Shekspir, Servantes kabi buyuk zotlarga oʻxshatishiga hech bir mantiqiy asos yoʻq, bu gaplarga faqat mumtoz adabiyotning shoh asarlaridan xabarsiz oʻquvchilargina ishonishi mumkin. Joysni kimdir (yoki oʻzi) Shekspirga oʻxshatsa, shu bilan u Shekspir boʻlib qolmaydi, albatta.

Jeyms Joys sofdil inson va katta sanʼatkor ekanligini men ham eʼtirof qilaman. Menimcha, u mashhur yozuvchi boʻlishdan avval, yoshligida yaxshiroq yoʻlni tanlab olgan edi. Yoshligida u oʻzini ulugʻlash, chalkash, quroq, “yangicha” asarlarini maqtash oʻrniga buyuk norveg sanʼatkori Xenrik Ibsen ijodi haqida badea, esselar yozgan vaqtida ancha insonparvar va kamtarin edi. Muhammadjon Holbekov “XX asr modern adabiyoti manzaralari” kitobida yozishicha, J. Joys buyuk dramaturg X. Ibsen asarlarini asliyatda oʻqish maqsadida norveg tilini oʻrganishga kirishadi, uni oʻziga ustoz hisoblab, “Ibsenga tahsinlar oʻqib, zavqu shavqqa toʻliq maktublar bitadi va uning taʼsirida oʻzining “Porloq karyera” pyesasini yozishga kirishadi. Zamondoshlari eslashicha, bu pyesa Ibsenning “Biz – oʻlganlar uygʻonganimizda”, “Qoʻgʻirchoq uyi” va “Yoshlar ittifoqi” dramalaridan olingan parchalardan iborat qorishiq asar boʻlgandi”. M. Xolbekovning Joys va Ibsen munosabatlariga doir mana bu fikrlari eʼtiborga sazovor: “Joys oʻzini Ibsenning irlandiyalik vorisi (izdoshi) tarzida koʻrganligi bejiz emasdi… Ikkovi ham qashshoqlikda yashab ulgʻaygan, ikkovi ham vatanidan badargʻa qilingan va oqibat ikkovlon oʻz vatandoshlari haqida keskin va qoʻpol, zaharxanda uslubda asar yozdi, ikkalasi ham “toshbagʻir”, “maʼnaviy dunyoqarashlari past”, kundalik mayda tashvishlar bilan oʻralashib qolgan, “maydagap”, hattoki “odobsiz va axloqsiz” mualliflar, deb topildi”.

Drama va Ibsen ijodi haqida Joys aytgan fikrlar, bir qarashda, Arastu “Poetika”si qoidalariga muvofiq keladi. J. Joys fikricha, “dramada muallif yoʻqolib, koʻrinmay” turadi (R. Bart fikricha, “oʻladi”), faqat qahramonlar harakat qiladi (yashaydi). Buni Arastu ham aytgan. Ammo fikrining davomida J. Joys yanglishadi: “Drama (asar sifatida) har qanday maʼnaviyat, odob-axloq va hattoki goʻzallikdan, balki sanʼatkorning shaxsiyatidan ham baland turadi”. Bu fikr mutlaqo xatoligini Esxil, Sofokl, Evripid, Shekspir, K. Gotssi, Bomarshe dramalari, Aristofan, Molyer, Bernard Shou, N. V. Gogol komediyalarining yuksak axloqiyligi va maʼnaviyati ham isbotlaydi. Komediyada ham, dramada ham axloqsizlik qoralanadi, hajv qilinadi. Kamina J. Joysning “Dublinliklar” turkumidagi hikoyalarini oʻqiganman. Ularda Chexov hikoyalaridagi kabi insonparvarlik, vatanparvarlik ham sezilib turadi. Menimcha, Joysda oʻzini hamda oʻz asarlarini ulugʻlashday odobsizlik tugʻilishiga F. Nitsshega yaqinlashuvi sabab boʻlgan. F. Nitsshe bir asarida Suqrot hakimni “eng axmoq”, “zararkunanda”, tuban shaxs deb, uning shuhratiga hasad qiladi.

Ammo jahon mumtoz adabiyoti tarixida shunday durdona asarlar borki, ularni asosli ravishda boshqa buyuk asarlarga oʻxshatadilar. Fransuz mumtoz adibi Fransua Rablening “Gargantyua va Pantagryuel” romani jahonga mashhur va u Gʻarb Uygʻonish davri adabiyotining durdonasi, deb eʼtirof etiladi.

Fransuz xalq qissalariga, folklorga yaqin bu romanda xalq hayotdagi barcha ogʻirchilikni, mashaqqatlarni quvnoqlik, hazil-huzul bilan yengib, kulgi yordamida zolimlarni va ochkoʻzlarni fosh etishi majoziy, allegorik, latifanamo, mubolagʻa, grotesk usulida, boy jonli xalq tilida ifodalanadi. M. Servantes “Don Kixot” romanini F. Rable asari taʼsirida yozgan boʻlsa kerak. F. Rable asarining badiiy va ijtimoiy fazilatlari M. Baxtin kitoblarida chuqur tahlil qilingan. Mana shu asarning deyarli barcha nashrlari boshlanishida mashhur fransuz musavviri Gustav Dore chizgan ajoyib suvrat beriladi. Suvrat markazida qahqah urib kulib, kitobini ochib turgan muallif, uning ikki yonida ikki donishmand, biri Suqrot, biri Aflotun. Bu uch donishmandning qadamlari ostidagi katta maysazorda juda koʻp yozuvchi, shoir, dramaturglar qoʻlida qogʻoz, qalam, ochiq kitob sahifalaridan shosha-pisha “koʻchirib” olmoqdalar. “Koʻchiruvchilar” orasida juda mashhur adiblar, shoirlar, bular orasida Servantes, Filding, Molyer, Jonatan Svift ham bor.

F. Rable romanining koʻpgina fazilatlaridan biri – muallifning afandi kabi xalq bilan jonli suhbat ohangida gapirishi. Roman muqaddimasidayoq muallif (ziyolilarga emas) avom, oddiy oʻquvchilarga (bolalarga deyish ham mumkin) donishmand Suqrot kimligini bunday tushuntiradi:

“Roviylar ayturlarki, bu yunon donishmandi silenga oʻxshar ekan (yunon mifologiyasiga koʻra, echkiday hamma narsaga qiziquvchi shoʻx chollar). Qadim zamonlarda ajoyib-gʻaroyib shaklda qopqogʻi boʻlgan, qimmatbaho toshlar (oltin, javohir, uzuk, sirgʻalar) saqlanadigan qutichalarni ham silen, deyisharkan. Qutichaning tashqarisi shoxi bor quyonlar, egarlangan otsimon oʻrdaklar, qanotli echkilar shaklida boʻlarkan. Ularga qaragan odam kulgisi qistarkan. Ammo bu kulgili quticha ichida javohirlar, gavhar, zumrad, xushboʻy mushk-anbar borligini hech kim bilmaydi. Shunga oʻxshab, Suqrot ham koʻrinishda kulgili, sodda, betakalluf ekan. Burni kartoshkaday, koʻzi buqaning koʻziday, kiyimi juda oddiy, doimo tishini gʻijirlatib, xaxolab kulib yurar ekan. Qisqasi, u tentakning ham tentagi, bilmasvoy boʻlib koʻrinarkan. Aslida esa, Suqrot oʻsha zamonda donolarning donosi ekan. U hazil va kulgi bilan shunaqa teran, tagdor, qimmatli fikrlarni aytar ekanki, hech kimning aqliga bunday fikr kelmas ekan. Yana Suqrot shunaqa odam ekanki, doimo quvnoq, xotirjam boʻlib, boshqa odamlar ogʻir mehnat bilan, dengizlarda suzib, jangu jadal qilib topganlarini bir chaqaga olmas ekan… Men sizlarga bu gaplarni nima uchun aytyapman, ey aziz doʻstlarim! Bu kitobda tasvirlangan kulgili va choʻpchaknamo voqealar shunchaki quvnoq hazil ekan, deb oʻylamasligingiz uchun. Oʻzingiz ham bilasiz-ku, mehmonni kiyimiga qarab kutib oladilar va aqliga qarab kuzatadilar. Mening yozganlarimni, qahramonlarimni ham gʻalati kiyimlariga qarab baholamang. Bu yerda ertak ham, jiddiyroq gap ham bor”. (Kaminaning ruschadan tarjimasi.) Shundan soʻng F. Rable suyakni hafsala bilan gʻajib, iligini izlayotgan itni tasvirlaydi. Xullas, bu kitob yetti iqlimga mashhur boʻlib, satirik yozuvchilarning momoguldurakday qahqahasini yevropaliklar “Rableona kulgi”, deydigan boʻldilar. Muallifi shunday yorqin koʻrinadigan durdona asarlar borligini bilgan adabiyotshunos va munaqqidlar Rollan Bart yoki Yu. Kristaleva kabi Gʻarb olimlarining “Muallif oʻlimi” haqidagi gaplari maʼnosiz ekanligini biladilar. Ehtimol, ular “Muallif oʻlimi” deganda, faqat sanʼat asarida avtor oʻzi koʻrinmay, xarakterlar voqea mantigʻiga koʻra harakat qiladilar va oʻylaydilar, demoqchi boʻlsalar kerak. Baribir, har bir yaxshi asarda muallif oʻzi jisman qatnashmasa-da, maʼnan borligi aniq seziladi.

J. Svift “Gulliverning sayohatlari” asari koʻp oʻtmay, F. Rablening shuhratini ham orqada qoldiradi. Ammo ustoz, baribir, ustoz-da. “Gargantyua va Pantagryuel” ham, “Gulliverning sayohatlari” ham jahonning koʻpchilik xalqlari tillariga tarjima qilingan. Agar bizda ham Gustav Dorega izdosh rassom topilganida, Nizomiy “Xamsa”sidan namuna olayotgan Husrav Dehlaviy, Jomiy, Navoiy va boshqa buyuk zotlarni quvnoq qiyofalarda koʻrsatar edi.

Bu yerda “koʻchirish” soʻzi nisbiy maʼnoda, nusxa koʻchirish emas, balki buyuk sanʼatkorlar maktabida oʻqish, ularning asarlaridan ruhlanish, taʼsirlanish maʼnosida qoʻllanmoqda. Ulugʻbek Hamdam ham bu hodisani shu maʼnoda talqin qiladi va masalaning boshqa bir muhim tomoniga eʼtiborimizni qaratadi: “Yoʻq, Navoiy “Xamsa”si tarjima (taqlid) asari emas, unda har bir shoir mavjud shaklga oʻz mazmunini, iztirobu kechinmalarini toʻkib solgan… Daho shoirning xizmati faqat “Xamsa”ni yozgani bilan belgilanmaydi. U, bu muhtasham asarni oʻsha vaqtda “harb (jangu jadal) tili”, nafis adabiyotga mutlaqo yaroqsiz deyilgan turkiy tilda yaratdi. Bu bilan Navoiy oʻsha paytda turkiy tilga bepisand qarashlarni bir zarb bilan parchalab tashladi. Axir, bunga Nizomiydek umumbashariy dahoning oʻzi ham jurʼat qilmagan edi”. Ulugʻbek adolatli aytganidek, “Nizomiyning oʻzi ham Firdavsiy “Shohnoma”sidagi muayyan syujet chizigʻidan taʼsirlangan”. Yana aytish kerakki, Muhammad Abu Rayhon Beruniy “Osar ul-boqiya”da aytishicha, sosoniy podshohlar (Ardasher Bobak oʻgʻli, Shopur, Bahrom Goʻr, Husrav va Shirin, Farhod) haqida xalq qissalari va “Shohnoma”lar boʻlgan. Firdavsiydan sal avval shoir Daqiqiy ham “Shohnoma” yoza boshlaydi, ammo ming baytini yozganidan soʻng (ehtimol, islom dinini qoralab, nojoiz soʻzlar aytgani uchun) oʻlimga hukm etiladi. Kamina (M. M) Daqiqiy “Shohnoma”sining oʻsha ming baytini topib oʻqiganman, unda haqiqatan zardushtiylik ulugʻlanib, turonliklar dini yerga urilgan.

Ulugʻbek Hamdamning ijodiy taʼsirlanish haqidagi mana bu fikri ham juda muhim, deb oʻylayman: “Original syujet shakllarini yaratish oson ish emas. Ijodkor har qancha isteʼdodli boʻlmasin, uning qachon, qanday davrda tugʻilishi ham koʻp narsani hal qilib berishi, har jihatdan tub oʻzgarishlar yuz berayotgan zamonlar ijodkorga juda xilma-xil syujet shakllarini (yoʻllarini) taqdim qilib qolishi mumkin. Bunga amin boʻlmoq uchun Qodiriy va Choʻlponlar hayoti va ijodini esga olishning oʻzi kifoya”. Chindan ham, shoʻrolar, leninchi qizil imperiya kuchlari barcha tobe oʻlkalarda diktatura oʻrnatib, xalqimizning eng maʼrifatli odamlarini, Munavvar qori, Behbudiy, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Ashurali Zohiriy, Muso Saidjon, Ibrat, Sidqiy Xondayliqiy kabi maʼnaviy yetakchilarni hibsga olib, qiynab, otib tashlashi, ming yillik diniy, maʼnaviy qadriyatlarimizni oyoqosti qilishiga Abdulhamid Choʻlpon norozilik koʻrsatgani sababli uning “Buzilgan oʻlkaga”, “Kishan”, “Bas, endi”, “Xalq ummondir”, “Koʻngil”, “Goʻzal” kabi sheʼrlari vujudga keldi.

Yana ustozlardan oʻrganish, taʼsirlanish haqida. Daholar, isteʼdodli adiblar, shoirlar, rassomlar oʻz ustozlaridan oʻrganishi, kimlarning izidan borishi haqida oshkora va faxrlanib yozadilar. Yosh Alisher maktabda oʻqigan oʻsmirlik chogʻlaridan Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” dostonini yodlashi, birinchi yod olgan baytlari Shoh Qosim Anvorning “Rindemu, oshiqemu jahonsoʻzu joma chok” deb boshlanuvchi gʻazali ekanligini, Nizomiy, Husrav Dehlaviy va Jomiydan madad, kuch-quvvat olgani haqida yozadi. Navoiy oʻta kamtarlik bilan F. Attorni shohga, oʻzini qulga oʻxshatadi:

Men demonki, ul atodur, men oʻgʻul,

Ul shahi oliysifat, men banda, qul.

Alisher Navoiy keyinroq, shoirlik shuhrati yetti iqlimga yoyilganda ham ustozlarini unutmaydi:

Oʻrtadim olam elini, oʻzni ham,

“Qush tili”din oʻzga qilmay soʻzni ham…

Yetuk shoirlik davrida ham Navoiy “Hazoyin ul-maoniy”ning toʻrtinchi devoni “Favoid ul-kibar”da ustozlarini yod etadi: “Gʻazalda uch kishi tavredur ul navʼ ki andin yaxshi yoʻq nazm ehtimoli: Biri muʼjiz bayonliq sohiri hind (Husrav Dehlaviy), ki, ishq ahlini oʻrtar soʻzu holi. Biri Isonafasliq rindi Sheroz (Xofiz), Fano dayrida mastu louboli. Biri qudsiy asarliq orifi Jom, Ki jomi Jamdurur singʻon safoli. Navoiy nazmigʻa boqsang emastur Bu uchning holidin har bayti holi. Hamono, koʻzgudurkim, aks solmish Anga uch shoʻx mahvashning jamoli…”

Alisher Navoiydan bir necha asr avval yashagan shoir Jaloliddin Rumiy ham maʼnaviy ustozlari Abdul-Majd Sanoiy va F. Attor ijodidan saboq olgani bilan faxrlanib yozadi:

Attor ruh bud-u, Sanoiy du chashmi oʻ,

Mo az ba Sanoiy-u Attor omadem.

Yaʼni bizga (Jaloliddin Rumiy va zamondoshlariga) Attor ruh boʻldiyu, biz Sanoiy va Attor izidan bordik.

Shoʻrolar davrida, sal kam bir asr davomida dahriylar, proletarlar diktaturasi mafkurasi shoirlarni ustozlarini inkor etuvchi, xudbin (egoist) qilib tarbiyaladi. Bu davrda adiblar va shoirlar ustozlarini eslamadilar (baʼzilardan tashqari).

Aslida esa, buyuk ustozlarning ijodiy, maʼnaviy maktabida saboq olmay turib, hech bir ijodkor oʻsolmaydi.

XX asr va Istiqlol davrida oʻzbek adiblari va shoirlarining koʻpchiligi (Choʻlpon, Fitrat, Hamza, Soʻfizoda, Ibrat, Miskin, Hislat, Xurshid, Sobir Abdulla, Charxiy, Habibiy, Oybek, Hamid Olimjon, Usmon Nosir, Erkin Vohidov, Abdulla Orif, Matnazar Abdulhakim, Jamol Kamol, Anvar Isroilov, Asqar Qosim, Farid Usmon, Anvar Obidjon, Omon Matjon, Maʼruf Jalil) tabiiy ravishda daho Navoiy ijodiy maktabida saboq olganlar. Baʼzi adib va shoirlarimiz shu qadar oʻzini sevadiki, ustozi yoʻqligi bilan faxrlanadilar, jahon mumtoz adabiyotini koʻp oʻqiydigan ijodkorlarni masxara qilib, “Biz hech kimdan oʻrganmaymiz”, deb maqtanadilar.

Xalqimizda “Usta (ustoz) koʻrmagan shogird har maqomga yoʻrgʻalar”, degan matal ham bor. Navoiy kabi ustoz koʻrganlar esa, Farhod kabi togʻlarni qoʻporib, ariqlar qazib, gulzorlar va bogʻ-rogʻlar bunyod etadilar.

Adabiy vorislik, ijodiy taʼsirlanish ham ustozlar merosini chuqur oʻrganish bilan bogʻliq. Jaloliddin Rumiy “Masnaviy”sidagi ancha-muncha rivoyat, hikoyat (pritcha)lar Muhammad Zayniddin Gʻazzoliyning “Ixʼyo” va “Kimyoi saodat” asarlaridan olingan. Koʻzi nogiron toʻrt kishi umrida birinchi bor filni uchratganlarida filning qulogʻini ushlab koʻrgani, bu hayvon supraga oʻxshaydi, deydi. Oyogʻini ushlab koʻrgani, uni ustunlarga, hartumini ushlab koʻrgani, yoʻgʻon arqonga oʻxshatadi. Gʻazzoliy aytadiki, bu koʻrlarning har biri oʻzicha haqiqatning bir qismini aytadi. Barchasini birlikda, yaxlit koʻrmagani, bilmagani uchun butun haqiqatni bilmaydilar.

Jaloliddin Rumiy ham bu hikoyatni shunday gʻoyani ifodalash uchun keltiradi. Boshqa hikoyatida Jaloliddin Rumiy bir podshohning kanizakni sevib qolishi, ammo kanizak ogʻir dardga uchrab soʻnib borishi, podshoh bir avliyoni tushida koʻrib, oʻngida ham topishi, u aziz kanizakning dardi ishq ekanligini sezib, turli shaharlar va turli kasblar haqida savollar berib, kanizakning tomir urishi tezlashganiga qarab, uning sevgilisi samarqandlik zargar yigit ekanligini bilganini tasvirlaydi. Bu rivoyat esa Rumiydan ikki asr avval yashagan Ibn Sino nomi bilan bogʻlangan edi. Bu hikoyat Ibn Sinodan bir asr keyin, Jaloliddin Rumiydan bir asr avval yashagan Nizomiy Aruziy Samarqandiyning “Chahor maqola” asarining forscha asliyatida toʻlaroq keltirilgan (Qarang: “Surat va siyrati Ibn Sino” toʻplami, Dushanbe, “Irfon”, 1980).

Jaloliddin Rumiy “Masnaviy”da bu hikoyatni oʻzining tasavvufiy falsafasiga muvofiq ancha oʻzgartirib yuborgan va avvalgi rivoyatda boʻlmagan teran xulosalarni chiqargan. Rumiy talqinida, podshoh kanizagini darddan halos qilish uchun samarqandlik zargarni “aldab”, boylik va mansab vaʼda qilib chaqirtiradi. Shoh avliyoning maslahatiga kirib kanizakni zargar yigitga nikohlab beradi. Olti oy birga yashaganlarida kanizak yor vasliga yetib sogʻayib ketadi. Shundan soʻng tabib – avliyo zargar yigitga yashirin zahar beradi. Yigit xastalanib, chiroyi yoʻqolib, xunuklashgach, kanizakning undan koʻngli qoladi. Bu bilan shoir, kanizak yigitning faqat husnini sevganini bildiradi. U Samarqanddagi oilasi, farzandlarini tark etib, mol-dunyoga uchib kelgan yigitni qoralaydi:

Molu mulk, boylik, bisotlar berdi pand,

Yurtidan, farzandidan yuz burdi mard.

 

Tushdi shod yoʻl uzra, shoh aylab nazar –

Jonga qasd qilganligin bilmay xatar…

(Odil Ikrom tarjimasi)

Gohida Gʻarbning daho shoirlari ham Sharqdagi ustozlarning ijodidan oʻrganib, ruhlanib, nodir asarlar yozadilar. Dante “Ilohiy komediyasi” da Sanoiyning “Sayrul-ibod alal-maod” (“Obidning oxiratga sayri”) va F. Attorning “Meʼrojnoma” poemasidan, Gyote “Gʻarbu Sharq devoni”ga kirgan yuzlab sheʼrlarini Firdavsiy, Anvariy, Saʼdiy, Xofizdan, Qurʼon qissalaridan, A. S. Pushkin “Qurʼonga taqlid”, “Paygʻambar” sheʼrlarini oyat va hadislardan ruhlanib yozganlar. Isteʼdodli olim Zuhriddin Isomiddinov “OʻzAS”da bosilgan “Bir zarra favvorasi” nomli maqolasida Paolo Koeloning “Al-kimyogar” romani syujetini Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”sidagi bir hikoyatdan olib, kengaytirganligini yozadi. (Yigit tushida koʻrgan xazinani izlaydi…)

Zuhriddin Isomiddinov “Parilar va qaroqchilar” maqolasida baʼzi soxta olimlar, uyalmay-netmay, birovlarning ilmiy tadqiqotlarini bemalol koʻchirib yozishini, baʼzilar bir kitobdan bir parcha, boshqasidan bir parcha olib, “sitatalar toʻplami” qilib, Ilmiy Kengashga sira tap tortmay muhokamaga berishlari haqida yozadi, Alisher Navoiyning koʻchirmachilarni mazammat qilgan otashin baytlarini keltiradi. Baʼzi zamondoshlari Navoiy gʻazallaridan koʻchirib olib, yana maqtanib, oʻziga koʻrsatar ekanlar. Bunday orsiz shoirlardan koʻra quyosh nurida qiygʻos ochiladigan sariq, pushti, oq beor gullar oriyatliroqdir. Ustoz Jomiy “Bahoriston”da bir kishi turli shoirlarning sheʼrlaridan koʻchirib, dono vazir Sohib Ismoil Abbadga koʻrsatganini, vazir uni uyaltirganini yozadi.

Kamina Oʻzbekiston Milliy universiteti, falsafa fakultetida ishlayotganimda Zuhriddin aytgan hodisalarga duch kelganman. Magistrlik diplomi olish uchun bir yosh olim “Mahmud Qoshgʻariyning estetik qarashlari”ni mavzu qilib olgan, men uning ilmiy rahbari edim. Bu yosh “olim” 5-6 oy davomida ilmiy ishining 30 foizini yozdi. Himoya qilishga besh kun qolgan. Men unga adib va olim Gʻulom Karimiyning M. Qoshgʻariy hayoti haqida yozgan “Karvon” qissasini berib: “Shu asar haqida fikrlaringizni qoʻshing”, dedim. Magistrant nima qildi, deng? U “Karvon” qissasini sharhlab oʻtirmay, kompyuterda toʻliq koʻchirib, ilmiy ishga qoʻshib, himoyaga topshirdi. Himoya Kengashi aʼzolari unga “aʼlo” baho bermoqchi boʻldilar. Men, uning ilmiy rahbari, bunga qarshilik qildim. “Bu ishning 60 beti Gʻulom Karimiyning “Karvon” qissasi”, dedim. Magistrant agar “aʼlo” baho olsa, aspiranturaga qabul qilinar edi. Mening qarshiligim bilan “aʼlo” baho ololmadi, aspiranturaga qabul qilinmadi. Aslida, bu yosh “olim”ga “2” baho qoʻyish, kursda qoldirish kerak edi. Lekin Abdulla Qodiriy Xudoyorxon tilidan aytganiday, bu yigitga “pusulmonchiliq” qildilar.

Jahon mumtoz adabiyoti tarixida diniy, muqaddas kitoblar rivoyatlari va qissalaridan yoki u zaminda yozilgan buyuk asarlardan, umuman, nodir tarixiy va badiiy asarlardan ijodiy taʼsirlanmagan adib, shoir, bastakor, rassom yoʻq, deyish mumkin. Albrext Dyurer, Mikelanjelo Buanarotti, Leonardo da-Vinchi, Sanbro Botichelli, Jotto, Titsian, Fidiy, Praksitel kabi musavvir va haykaltaroshlar Afina, Rim, Venetsiya, Florensiya va boshqa madaniy poytaxtlardagi muhtasham ibodatxonalarning devorlari va shiftlaridagi bezaklarda, bogʻlardagi haykallar va favvoralarda “Bibliya” (“Zabur”, “Tavrot”, “Injil”) syujetlaridan taʼsirlanib, nodir asarlarini ijod qildilar. Abdul-Majd Sanoiy “Sayrul ibod ila-l-maod” (“Obidning oxiratga sayri”), F. Attor “Meʼrojnoma”, “Bulbulnoma”, “Ilohiynoma”, “Mantiq ut-tayr”, Jomiy “Yusuf va Zulayho”, Navoiy “Lison ut-tayr” asarlarida Qurʼon rivoyatlariga, Gomer “Iliada” va “Odisseya”da mavjud miflardan Jon Milton “Yoʻqolgan jannat”, Bayron “Qoyin”, “Qiyomat” asarlarida “Bibliya” rivoyatlaridan foydalanganlar. Ingliz dahosi Vilyam Shekspir “Yuliy Sezar”, “Antoniy va Kleopatra”, “Koriolan” asarlarini yozishda II asr muallifi Plutarxning “Qiyosiy hayotnomalar” kitobidan toʻliq foydalangan. “Injil”da kelgan, Iso Masih hayotiga aloqador qiyomatgacha oʻlmay, doimo dunyoda kezib yuruvchi odam haqida fransuz adibi Ejen Syu, rus adibi Vyacheslav Ivanov, argentinalik modernist adib Luis Borxes, oʻzbek adibi Isajon Sulton yozgan asarlari ham mutlaqo bir-biriga oʻxshamaydi. Bu mavzu eng yuksak badiiy saviyada yoritilgan asarlar Ejen Syuning toʻrt jildli “Agasfer” romani, Luis Borxesning “Oʻlmaydigan odam” hikoyasidir. Ikkala ijodkor ham “Bibliya” rivoyati syujetidan foydalangani holda, juda muhim umuminsoniy va sirli muammolarni yoritadilar. Ejen Syu romanida xalqaro yezuitlar mafiyasi sofdil, goʻzal qalbli, olijanob insonlarni aldab, azoblab, mol-mulklarini tortib olishini, ammo ilohiy kuchlar bu insonlarga yordamga kelishi tasvirlanadi. Luis Borxes hikoyasida ham “Injil” nozil etilmagan, yanada qadimgi davrda yashagan Gomerning million yillardan soʻng insonlar yana aqlidan ayrilib, yovvoyilashgan kelgusi yarim odamlar orasiga tushib qolishi allegoriya, timsol, fantaziya badiiy suratda yoritilgan. I. Sultonning “Boqiy darbadar” romanini ijobiy maʼnoda Ch. Aytmatovning “Kassanndra tamgʻasi” asariga qiyoslash mumkin. Unda Yer yuzida globallashuv, yuksak texnologiyalar maʼnaviy qashshoqlikni keltirishga qarshi boʻlgan sirli, ilohiy kuchlar tasvirlanadi.

“Jahon adabiyoti” jurnalida bir necha yil avval atoqli italyan adibi Dino Butsattining turkum hikoyalari Rahimjon Otauli va uning oʻgʻli tarjimasida eʼlon qilindi. Ajoyib hikoyalar. Tarjima ham goʻzal. Ammo bir yildan soʻng bir yosh oʻzbek yozuvchisi Dino Butsattining “Uchayotgan qiz” (hikoyada bir baxtsiz qiz yuz qavatli uyning yuqori qavatidan oʻzini tashlaydi, uyda yashovchilar bunga beparvo qaraydilar) hikoyasini “OʻzAS”da oʻz nomidan eʼlon qildi. Xalqning maʼnaviy yetakchilari – yozuvchilarning bunday oʻgʻriligi eskichada ham, yangichada ham nomaqbul ish hisoblanadi.

Badiiy ijoddan koʻchirmachilikdan ming marta yomon bir illat borki, bu – tarixiy, ijtimoiy, falsafiy, diniy, maʼnaviy haqiqatlarni bilmasdan yozish yoki bundan ham yomoni – bilib turib gʻarazli maqsadlar bilan buzib yozishdir. Gohida hatto daho mutafakkirlarda ham shunday illat uchrab turadi. IX-XII asrlarda Rim papalari Vizantiya va Gʻarbiy Yevropa mamlakatlarining qirollarini, ritsarlari va darveshlarini Quddusi Sharifni egallashni, Iso Masih qabrini musulmonlar “asorati”dan qutqarish bahonasida I, II, III, IV salib urushlari tashkil etib, Yaqin Sharqdagi yer-mulklarni va boshqa boyliklarni talon-taroj qilganlar. Yevropa salibchilarining birlashgan qoʻshinlari 1099 yilda Quddusi Sharifni 40 kun qamal qiladilar. Soʻng ular shaharga bostirib kirib, ochlik va tashnalikdan holsizlangan yahudiylarni ham, musulmonlarni ham, nasroniylarni ham oʻldirib, uy-joylarini va boyliklarini egallab olishi salibchilarning tarix kitoblarida yozib qoldirgan. Shu tarixiy haqiqatni yaxshi bilan Edgar Po “Quddus ostonasida” hikoyasida qamalda qolgan yahudiy xalqining sabot-matonatini ulugʻlab yozadi. Fransuz mutafakkiri Volter esa “Muhammad” dramasida bu tarixiy shaxsni salbiy, tuban shaxs qilib koʻrsatgan. Yekaterina II bu dramani mukofotlab, ruschaga tarjima qildirib, Suvorov qoʻshinlarini Turkiyaga qarshi urushga ruhlantirish uchun Moskva, Peterburg, Qozon tetrlarida sahnaga qoʻydirgan. Fransua Volter ingliz zodagonlaridan mukofot olish maqsadida fransuz xalqining milliy qahramoni Janna d’Arkni masxaralab yozgan poemasini koʻp tillarda nashr ettirdi. Fransiyadan AQSHga borib yashayotgan bir fransuz zodagoni, Janna d’Ark avlodi Volterga xat yozib, buyuk mamasini haqorat qilgani uchun duelga chaqiradi. Qariya Volter qoʻrqib, javobida: “Bu asarni men yozmaganman”, deydi. Bu voqealar Pushkin 10 jildligining 7-jildida aytilgan, maktublar matni keltirilgan. Isteʼdodli yosh tadqiqotchi Alisher Mahmudovning “Lessing ijodida Sharq madaniyati talqini” kitobida bu masalalar keng yoritilgan.

Kamina ham “Volterga raddiya” maqolamda G. E. Lessing, I. Xerder, A. S. Pushkin asarlari Volterning insoniy ojizliklari aytilgan “Ajoyib kishilar hayoti” seriyasidagi kitoblar asosida jiddiy eʼtirozlarimni bildirganman. Dante ham islom dinida “Bibliya”dagi deyarli barcha paygʻambarlar hurmat qilinishini bilmasdan, musulmon paygʻambarini “doʻzax”ga joylashtirgan. A. Oripov oʻzbekcha tarjimada shu oʻrinni qisqartirib toʻgʻri qilgan. Lessing, Pushkin, Chernishevskiy va boshqa ijodkorlar insoniyat rahnamolari qatorida islom paygʻambarini ulugʻlab yozganlar. Taraqqiyparvar ijodkorlar jahon xalqlarini Arastu, Forobiy, Firdavsiy, Nizomiy, Jomiy, Navoiylar kabi tinch-totuvlikka chaqirishi zarur.

Xullas, biz adabiyotshunoslar bunday hodisalarni baholash uchun jahon mumtoz adabiyotining Sharqu Gʻarbdagi barcha yaxshi asarlarini suvday bilishimiz, nazariy asoslarni esa modernchi, quroq-yamoqchi, intertekstualchilar, virtualchilar, simulyatchilar, modellovchi, soʻzbozlardan emas, Esxil, Sofokl, Evripid, Vergiliy, Goratsiy, Ovidiydan, Navoiy, Bobur, Ogahiy, Shekspirdan, Balzak, Gyugo, Stendal va ularning ijodini uqib tadqiq qilganlardan oʻrganishimiz zarur.

 

Mahkam MAHMUD

 

“Sharq yulduzi”, 2014–1

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/taqlid-tasvir-ilhom-va-istedod/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x