Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Erkin Aʼzam bilan ustoz Asqad Muxtor haqida suhbat
– Erkin aka, adabiyotimizning ulkan chinorlaridan boʻlmish Asqad Muxtor haqida yozgan maqola va xotiralaringizda u kishini ustozim degansiz. Bilamizki, adabiyotda ustozlik qilish oson emas. Masalan, kulol koʻzani qanday yasash kerakligini qoʻli bilan koʻrsatib beradi. Novvoy, haykaltarosh, tandirchi va hokazo hunar egalari ham shogirdining qoʻlidan ushlab, xatosini koʻrsatib, ish oʻrgatishi mumkindir. Endi, shoir-yozuvchi boʻlaman degan havaskorga ustozlik qilish boshqacharoq. Tabiiyki, unga oʻzingiz yozib bera olmaysiz. Yozganini tahrirlab yoki ogʻzaki yoʻl-yoʻriq berish boshqa gap. Qisqasi, badiiy ijodda ustoz-shogirdlik masalasi qanday kechadi? Asqad Muxtor ustoz sifatida sizga qanday yoʻl-yoʻriq, yoʻllanmalar bergan?
– Toʻgʻri aytasiz, adabiy tajribada ustoz-shogirdlik masalasi xiyla boshqacha, oʻziga xos. Ustoz atalmish, siz aytgandek, ijod bobida ul-bul yoʻl-yoʻriq koʻrsatishi, yozilgan matnni tahlilu tahrir qilib, tegishli maslahatlar berishi, keyinchalik nashr ishlarida hali tajribasiz havaskorning roʻyobga chiqishida xayrixohlik qoʻlini ham choʻzishi mumkindir-u, ammo hech qachon “Xuddi menga oʻxshatib yozishi shart!” deya talab qoʻyolmaydi, negaki ustozini aynan takrorlagan qalamkash chinakam yozuvchi emas, anchayin bir nusxakash sanaladiki, unday toifaning asl adabiyot taraqqiysida hech bir oʻrni yoʻqdir.
Asqad Muxtorni ustoz deb biladiganlar koʻp, juda koʻp. Hatto, u kishi rahbarlik qilgan “Guliston”da toʻrt qator sheʼri chiqqanlar ham ogʻiz toʻldirib “ustozim” deydi. Chunki – faxrli! Chunki kimsan – Asqad Muxtor! Ustozning oʻzi bulardan birortasini shogirdim deya ataganini kamina eslayolmaydi, mehri tovlanib ketganda, “yigitlarim”, “mening yigitlarim” deb qoʻyardi, xolos. Bir galgina “guliston”chi uch-toʻrttamizni zinapoyada uchratib, allaqanday joʻshqinlik bilan “Mening arsonlarim!” degani yodimda.
Bizga oʻxshagan qalamkashlarning omadi chopgani shuki, bevosita u kishining qoʻli ostida ishlaganmiz. U kishining tahriridan chiqqan qoʻlyozmalarni koʻrib, qaysi soʻz nega oʻchirilganu nima bilan almashtirilgani, umuman, matnni sayqallashga oid tamoyillar borasida oʻzimizcha taʼlim olganmiz. Bunisi mayli, ustozning ogʻzidan chiqqan shunchaki bir ibora, oddiy luqma ham behikmat emas edi. Donishmand inson edi-da Asqad aka!
Biroq ustozning eng katta darsi, sabogʻi – uning asarlari. Oʻrganmoqchi boʻlgan odam shularni oʻqisa, sinchiklab mutolaa qilsa kam boʻlmaydi.
Yana bir jihat – adibning shaxsiyati. Asqad Muxtor kundalik hayotda ham havas qilsa, har bir xatti-harakatidan oʻrnak olsa arziydigan asl ziyoli, fazilatli inson edi. “Maydalikdan qochinglar, – deb oʻgit berardi u shogirdlariga. – Maydakashlik yomon, odamni, ijodkorni pachoq qilib qoʻyadi”.
Bir ustozlik shuncha boʻlar.
– Asqad Muxtor – serqirra ijodkor. Nosir sifatidagi faoliyati – Asqad Muxtorning bir qirrasi. Shoir sifatida ham juda goʻzal sheʼrlar yozganki, bu uning ikkinchi qirrasi. Asqad Muxtor mohir publitsist ham edi. Bu ijodkorning yana bir qirrasi. U kishining tarjimonlik, muharrirlik va boshqa faoliyat yoʻnalishlari ham bor. Ayting-chi, XXI asr oʻzbek kitobxoni uchun Asqad Muxtorning qay bir qirrasi qadrli, ahamiyatli? Bunday savol berishimga sabab – baʼzan Abdulla Qahhor, Oybek, Gʻafur Gʻulom, shu jumladan, Asqad Muxtor kabi serqirra adiblar ijodiga baho berishda ular yashagan murakkab davr unutilib qoʻyiladi…
– Siz tilga olgan Abdulla Qahhor, Oybek, Gʻafur Gʻulom yoki Asqad Muxtor ijodisiz oʻtgan asr oʻzbek adabiyotini tasavvur qilib boʻlarmikan? Agar ilohiy taqdir nasib etganida, oʻsha ulugʻ siymolar yangidan tugʻilib, bajonidil bugungi zamonda yashamoqni istamasmidi deng! U yogʻini aytsangiz, oʻzimiz – sizu biz yangi zamon ahli boʻlaturib, ijodkor sifatida nimani doʻndirib qoʻyibmiz?!
Asqad Muxtor haqiqatan ham serqirra ijodkor. Ammo shu qirralarni bir-biridan ajratib baholash toʻgʻri boʻlarmikan? Oʻsha sheʼr ham, oʻsha nasru publitsistika ham bir koʻngilda tugʻilib, bitta qalamdan chiqqan emasmi?! Bir muxlis sifatida fikrimni aytsam, Asqad Muxtor bularning bariga yurak qoʻrini bir xilda sarflagan, taʼbir joiz koʻrilsa, ularni “oʻgay-chin”ga ajratmagan. Chin qalamkash doim shunday ish tutadi, bir sahifalik matnga ham jon-jahdi bilan kirishadi – oʻrtada ijodkorlik shaʼni bor.
Obdon bosh qotirib shunday xulosaga keldim: bugungi kitobxon, umuman, bugungi zamondoshimiz Asqad Muxtorning deyarli butun ijodiy faoliyatidan ibrat olsa boʻlar ekan. Masalan, shoirlar ustozning sheʼriyatini ustun qoʻyishi mumkin, menga oʻxshaganlarga esa romannavisligi undan kam emas.
– “Kechikayotgan odam” kitobingizda ustozning “Sobirman” sheʼrini ilk sahifada bergansiz. Bu sheʼr sizni qay jihati bilan oʻziga tortdi?
– Ilk bor oʻqiganimdayoq bu sheʼr meniki boʻlib tuyulgan – mening dilimdagi gaplar, men yozishim kerak boʻlgan fikrlar. Ortiqcha boʻyogʻu tashbehlardan xoli soddagina bu satrlarni men mardu tanti koʻngilning oʻkinchlari, mardu tanti koʻngil eʼtiroflari deb bilaman. Siz aytgan kitobga taqdimnoma sifatida berilgani – toʻplamning umumiy ruhi, yaʼniki muallifning botiniy ruhiga mos kelgani tufayli. Ustozga ehtirom nishonasi ekanini esa alohida taʼkidlashim darkor.
– Yana bir-ikki yildan keyin ustoz Asqad Muxtor tavalludiga yuz yil toʻladi. Sizningcha, adib qaysi romanlari, qaysi hikoya va qissalari bilan davr sinovlaridan omon-eson oʻtib kelmoqda?
– “Davr mening taqdirimda”, “Chinor”, “Buxoroning jinkoʻchalari”, “Fano va baqo”, “Insonga qulluq qiladurmen”, “Tundaliklar” va oʻxshashi yoʻq sheʼriyat… Ziqnalik qilayotganga oʻxshayman-a?
– Yaqinda Asqad Muxtorning “Chodirxayol” hikoyalar toʻplamini qayta oʻqib chiqdim. U haqda kichkina taqriz ham yozdim. Biroq ilgarigi nashrlari bilan solishtirib koʻrsam, baʼzi bir hikoyalar tahrir etilib, qisqartirib chop qilingan… Bu qanchalik toʻgʻri? Sizningcha, xususan, Asqad Muxtorning shoʻro davrida yaratilgan asarlarini nashr etishda qanday yoʻl tutganimiz maʼqul?
– Ustoz keksayib, xastalanib qolgan kezlari bir kuni yoʻqlab Doʻrmonga bordik. Uyga kiraverishdagi oʻrik soyasida gangir-gungur suhbatlashib oʻtirarkanmiz, u kishi ogʻir xoʻrsinib hasrat qilgani esimda: “Mana, endi yozadigan zamon keldi. Sizlar yozasizlar. Bizniki endi bari chiqit…”
Oʻshanda rostakamiga larzaga tushganman: Asqad Muxtorning yozganlari chiqitga chiqsa-ya?! Biz shu choqqacha oʻqib-oʻrgangan, biz sigʻingan Asqad Muxtorning! Bunday ulkan adibdan oʻtkazib biz nima ham yozardik deng?!
Savolingizga kelsak, menimcha (umuman, orif dunyo qonun-qoidasiga koʻra), marhumlarning bisotiga, xususan, yozuvchi boʻlsa – ijodiga biror bir yoʻsinda daxl qilish, oʻchirib-qoʻshish – gunohdir. Undan koʻra oʻsha asarlarning tagiga qachon yozilganini koʻrga hassa qabilida qayd qilib qoʻyaylik, tegishli mazmundagi soʻzboshilar bilan tanqidiy matn shaklida nashr etaylik!
– Ustozingiz Asqad Muxtorga oʻxshab shoir boʻlishni ham istaganmisiz? Hayotingizda biror marta sheʼr yozganmisiz? Mana, tengdoshingiz Usmon Azim keyingi paytlarda hikoyaga ham qoʻl urdi, nimaga siz sheʼr yozmaysiz? Umuman, sheʼriyatga munosabatingiz qanday? Sheʼr yozish qiyinmi yoki nasriy asar?
– Bolalikda sheʼr deb bir nimalar qoralaganim rost, hozir ham qofiyasini kelishtirishim mumkin – qonun-qoidasini bir shoirchalik bilsam kerak. Lekin tayin bir sheʼriy isteʼdod boʻlmagach, hammaning boshini qotirish chikora?! Mensiz ham atrofda unaqalar koʻp-ku!
Sheʼr yozish ham qiyin, hikoya yozish ham bir balo. Buning ustasi boʻlmaydi. Shoiri ham, nasrnavisi ham ishni har gal yangidan boshlamoqqa mahkum – sanʼatning talabi shu. Odatdagi tajribayu koʻnikmalar oʻz yoʻliga. Koʻza yoki xontaxta yasash deganlari emas bu.
Qoʻqon davlat pedagogika instituti doktoranti
Barno HASANOVA suhbatlashdi.
“Yoshlik”, 2017–4
https://saviya.uz/hayot/suhbat/tanti-kongilning-okinchlari/