– Oʻtkir aka, sizga Bolta aka deb murojaat qilsam, maylimi? Chunki ismingizdan koʻra taxallusingiz el orasida juda mashhur. Bolta nomingizni eshitganda, hatto adiblar adibi, shoirlar shoiri Eshmon Malla ham joyidan uch yarim qarich uchib tushar ekan.
– Haligi, “Pichanzor”ni yozgan bolani aytayapsiz-da?
– Kechirasiz, men “Pichanzor oralab ikki kun” trilogiyasi muallifi, “Oltin siyohdon” mukofoti sohibi, adib va shoir, mavlono Eshmon Malla haqida gapiryapman…
– Hm-m… Men uning hamma asarini oʻqib chiqqanman. Nuqul kitobxonni aldaydi-yu, lekin oʻzi durust bola. “Pichanzor”ining syujeti oʻzining “Bedazor” romanidan olingan. Faqat birida voqealar pichanzorda, ikkinchisida bedazorda boʻlib oʻtadi. Ha, aytganday, bosh qahramonlari ham boshqa-boshqa. “Pichanzor” qahramoni – Shomurod, “Bedazor”niki – Boymurod. Lekin men ikkita asar bosh qahramonlarining bitta qizga koʻngil qoʻyishini hech hazm qilolmayman. Shomurod ham, Boymurod ham Oysha degan qizni yaxshi koʻradi. Misol uchun, shu asarlarni men yozganimda, ikki qahramonimga ikkita qizni tavsiya qilgan boʻlardim. Oysha, mayli, Shomurodniki boʻla qolsin, Boymurodga Oygul deganini duch qilardim. Oysha va Oygul. Ikkovida ham “Oy” bor. Qalay?
– Zoʻr-ku, lekin bu asarlar yozilib, har biri million nusxadan chop etilganiga ancha yillar boʻlib qoldi. Muallif asarlariga sizning tavsiyangiz bilan oʻzgartirish kiritishiga ishonasizmi?
– Buning nimasi qiyin ekan? Xalq, yaʼni kitobxonlar shuni talab qilayapti, oʻrtoq yozuvchi, yoki siz xalqqa qarshimisiz, deyman. Qani ogʻzini ocharmikan?.. Be, siz Eshmonni yaxshi bilmas ekansiz, u oʻzi unchalik yomon yozuvchi emas.
– Bilamizki, siz koʻp yillardan buyon sanʼat sohasida ham qalam tebratib kelasiz.
– Ha, qalam tebratib kelayotganim rost. Qalamning orqasidan roʻzgʻor ham tebratib kelayapmiz. Qora qozon qaynab turibdi, harqalay.
– Ayting-chi, Boltaboy aka, hozir kimlarning ashulalarini sevib tinglayapsiz?
– Men sevib tinglaydigan ashulalar koʻp. Ochigʻini aytsam, keyingi paytlarda saviyam bir qadar “oshib”, oʻzim bir vaqtlar qoʻshiqlarini kulga bulab, tuproqqa qorishtirib, “boltalab” tashlagan qoʻshiqbuzarlarni ham hofiz oʻrnida koʻrib borayapman. Haligi, bir qoʻshni xalq maqoli boru, baliq boʻlmasa, baqayam baliq oʻrnida oʻtaveradi, degan. Onasini toʻyib emgurlar, oʻroqday, e, yoʻgʻ-e, ignaday toʻgʻri gapni aytishgan ekan. Shu, masalan, oldin toʻrtta qiz likillab qoʻshiq aytadigan “Lolalar” guruhini, miyasi sogʻ odam borki, “Chalalar” guruhi deb atardi. Negaki, qoʻshiqlari chala pishgan oshni eslatardi-da. Hozir diqqat bilan tinglab koʻring, uning qoʻshiqlari bugungilarning “mingʻillash”lari oldida “shlyager” boʻlib qolgan. Kuni kecha televizorda Jey-jey Nuqta Sharob degani chiqib, besh minut quloqni shangʻillatdi. Yangangizning qoʻlidan pultni yulib olib ovozini “noʻl”ga tushirsam ham eshitilib turdi-yey. Birinchidan, shu xonandaga hayronman, “Jey-jey” degan ismni qayerdan olgan? Undan koʻra, oʻzbekcha qilib: “Joʻja” deb olganida zoʻr boʻlardi. “Nuqta” degani: “Boʻldi, Oʻzbek estradasiga nuqta qoʻyaman, hammang tamomsan!”, degani boʻlsa kerak. “Sharob” otiyam egasiga mos emas. “Sharob” emas, “Xarob” deganida sanʼatkorning oʻz ijodi yorqin ifoda etilgan mukammal taxallus boʻlardi.
– Xabaringiz boʻlsa kerak, hozir doʻstingiz Bardamqul Baqiroqning bozori chaqqon. Aytishlaricha, u yigirma-oʻttiztalab sheʼrni konveerdan chiqarganday bir kunda yozib tashlar ekan. Xonandalar faqat uning sheʼrlarini kuylashayotganmish. Unga munosabatingiz qanday?
– Bardamboy hamisha bardam, xuddi jigarimday boʻlib ketgan yaqinlarimdan biri edi. Nima jin urdi-yu, tuppa-tuzuk injenerligini tashlab, “shou-sheʼriyat”ga oʻzini urdi. Mayli, haloli boʻlsin. Bir oycha boʻldi, Oʻtkirvoy, oʻzimni xonandalikda ham bir sinab koʻrsammikan, nima maslahat berasan, deb qoldi. Doʻstimning pichirlaganda ham filni choʻchitadigan ovozi bor. Buni bilganim uchun, unga omad tiladim. Ishoning, agar u qoʻshiq aytsa, yuraklarni sel qiladi. Qolaversa, hali aytdim, balandgina ovozi bor. Uning uchun yaponlargami, koreyslargami aytib, maxsus ovoz pasaytirgich uskunalar ishlab chiqarishni “zakaz” berish kerak. Bu jahon qoʻshiqchilik sanʼatida yangilik boʻladi. Doʻstim kontsert berib qolsa, reklamasida muxlislarning qulogʻiga paxta tiqib kirishlarini ham eslatib qoʻyish lozim. Shuningdek, kontsert saroyi maʼmuriyatiga ham tavsiyam bor. Baqiroqning kontsertigacha saroy oynalarini qalinrogʻiga almashtirishsin. Bir yuz toʻqson – ikki yuz detsibel ovozda oynalar tugul devorlar ham darz yeyishi mumkin. Buni eʼtibordan chetda qoldirish yaxshilikka olib kelmaydi.
– Boltaboy aka, sizni xalq mashhur tanqidchi deb biladi va ardoqlaydi. Munaqqid Oʻtkir Boltaning tanqidchilikdan ham boshqa sevimli mashgʻuloti – “xobbi”si bormi?
– Yaʼni boʻsh vaqtlaringizda nima bilan shugʻullanasiz, demoqchisiz-da?
– Yashang.
– Men boʻsh vaqtlarimda koʻpincha boʻsh boʻlaman. Bu javobim hazil, albatta. Jiddiy aytadigan boʻlsam, tanqidchilikdan boʻshagan paytimda, boltamni oʻtkirlashga harakat qilaman.
– Majoziy maʼnoda aytayapsiz-da?
– Oʻlmang. Buni ikki xil maʼnoda tushunish mumkin. Ammo bir sirimni, toʻgʻrirogʻi, hasratimni ham ayta qolay. Boltamni charxlashga charxlaymanku-ya, uni tuzuk narsaga ishlatishni ham oʻylashim kerak. Misol uchun, oʻzim salkam oʻttiz yildan beri faqat Eshmon Mallaning uch-toʻrtta asarini qayta-qayta tanqid qilib kelaman. Ikkalamiz necha marta shuning ustida “choʻqishib” oldik.
– Menga yopishganing-yopishgan, kley! – deya xezlanib qoladi bachchagʻar Malla.
Nima qilay, Eshmonnikidan boshqa mening “boltam”ga munosib asarning oʻzi yoʻq. Keldi Qora deganlari boru, uning yozganlariga “bolta” urish uyoqda tursin, bolta tekkizish hayf.
Shu, muxbir ukam, hasratim shu mening. Ammo toʻgʻrisini ayting, suhbatimizning qanchasini “kesib” tashlamoqchisiz? Aytavering, xafa boʻlsam, Bolta otimni Tesha qoʻyaman.
– Salomat boʻling, ustoz! Bizda qaychi degan buyumning oʻzi yoʻq. Ularni tupkanning tubiga koʻmib tashlanganiga koʻp yillar boʻlib qoldi. Xavotir olmang.
– Barakalla sizga…
2011 yil
https://saviya.uz/ijod/nasr/tanqidchi-otkir-bolta-bilan-suhbat/