Talmeh

Talmeh arabcha soʻz boʻlib, maʼnosi “chaqmoq chaqilishi”, “bir nazar tashlash” demakdir. Badiiy sanʼat sifatida u tarixiy va afsonaviy voqea, masal, shaxs, mashhur asar va qahramonlar nomiga ishora qilish vositasida fikrni qisqa, ixcham tasvirlashdir.

Xorazmiyda shunday bayt mavjud:

 

Sulaymon saltanatlik podshosen,

Masih anfoslik, Yusufliqosen.

 

Ushbu baytda uchta shaxs nomi: Sulaymon, Masih va Yusuf tilga olingan. Ularning uchalasi haqida ham faqat oʻzbeklarda emas, turli xalqlarda juda koʻplab afsona, rivoyat, qoʻshiq, hatto dostonlar yaratilgan. Ular bilan bogʻliq rivoyatlar “Qurʼon” da ham qayd etiladi. Maʼlumki, Sulaymon – Dovud paygʻambarning oʻgʻli edi, u oʻn toʻqqiz aka-uka orasida eng donishmandi boʻlgan. Shu tufayli u barcha yer yuzidagi odamlarnigina emas, qurt-u qumursqaga, qushlarga, hatto “ins-u jinslar”ga ham hukmronlik qilgan. “Sulaymon saltanatlik podshosen” misralari ana shu afsonaviy shaxs qudratini moʻjaz shaklda eslash orqali badiiy tasvir qahramonini tavsiflashga xizmat qilmoqda.

Masih ham paygʻambarlar silsilasidan oʻrin olgan. Unga xos xislatlardan biri oʻlikni tiriltira olish qudratidir. Masih anfoslik – Masih nafasiga ega boʻlishlik demakdir.

Yusuf esa goʻzallik ramziga aylangan obraz. U Yaʼqub paygʻambarning oʻgʻli. “Yusuf va Zulayho” dostonidagi bosh qahramon, koʻplab shoirlar eʼtiborini tortgan:

 

Solib borma meni, ey Yusufi husn,

Bukun Yaʼqubtek bayt ul-hazanda.

(Atoyi)

 

Bu yerdagi talmeh “Yusuf va Zulayxo” turkumidagi dostonlardan xabardor boʻlishni taqazo etadi. Maʼlumki, Yusuf Yaʼqub paygʻambarning sevimli farzandi boʻlgan. Ammo taqdir ayni mana shu farzandidan muayyan muddat ayrilib yashashini ravo koʻradi. Natijada ota gʻam uyi (bayt ul-hazan) da yashashga majbur boʻladi. Yusuf oʻzining tashqi koʻrinishi – goʻzalligi bilan ham boshqalardan ajralib turar edi. Demak, lirik qahramonning oʻz mahbubasiga “Yusufi husn” deb murojaat etishi bejiz emas ekan.

 

 

“Adabiyot” (Boqijon Toʻxliyev, Bahodir Karimov, Komila Usmonova. Oʻrta taʼlim muassasalarining 10-sinfi va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquvchilari uchun darslik-majmua. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent–2017) darsligidan.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/talmeh/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x