Talas jangi yoki Tan imperiyasining O‘rta Osiyoni egallashiga bir bahya qolgani haqida


Post Views:
201

TALAS JANGI – Talas (Taroz) daryosi bo‘yida arab va xitoy qo‘shinlari o‘rtasida yuz bergan hal qiluvchi jang (751). 8-asrning 1-yarmida Tan imperiyasi Buyuk ipak yo‘lini egallash va bu yo‘ldagi davlatlarni o‘ziga bo‘ysundirish uchun bir necha bor urushlar qilgan. Movarounnahrdagi murakkab ichki ahvol (arablarga qarshi qo‘zg‘olonlar), Farg‘ona hokimining Xitoydan yordam so‘ragani bu yurishlarga bahona bo‘lgan. Tan davlati 750 yil millati koreys bo‘lgan Gao Syanchji (Gav Shanchji) qo‘mondonligida katta qo‘shin jo‘natgan. Bu qo‘shin farg‘onaliklar bilan ittifoqlikda Chochni vayron qilgan, katta o‘lja (tuyalar, otlar, oltin, kumush)ni qo‘lga kiritgan. Choch hokimi qatl qilingan, uning o‘g‘li arablardan yordam so‘ragan. 751 yil iyul oyida arablarning Ziyod ibn Solih qo‘mondonligi ostidagi qo‘shini Gao Syanchjining xitoylar, farg‘onaliklar, qashqarliklar, kucharliklar hamda qarluqlardan iborat yirik qo‘shini (arab manbalariga ko‘ra 70 ming kishi) bilan Talas daryosi bo‘yida to‘qnashgan. Talas jangi 5 kun davom etgan. To‘qnashuv jarayonida Tan armiyasi tarkibidagi qarluqlar arablarga qarshi kurashdan bosh tortgan va xitoyliklarning ar’yergardiga zarba berganlar. Xitoy qo‘shini butunlay yakson qilingan. Gao Syanchji yordamchilari Li Siye va Duan Shoushilar bilan birga zo‘rg‘a qochib qutilgan. Ibn al-Asirning yozishicha, xitoyliklardan 50 ming kishi o‘ldirilib, taxminan 20 ming kishi asir olingan. Asirga tushgan Xitoy jangchilari orasidan tanlab olingan hunarmandlar Samarqandga keltirilgan. Ular Samarqandda qog‘oz ishlab chiqarish sanoatining yanada rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan. Xitoylik hunarmandlar hatto Mesopotamiya shaharlariga ham keltirilgan. Talas jangi Markaziy Osiyo xalqlari tarixida o‘ta muhim rol o‘ynaydi. U Tan imperiyasining O‘rta Osiyo hududini egallash yo‘lidagi tajovuzkorona siyosatiga uzil-kesil chek qo‘ygan. Ammo bu Farb bilan Sharq o‘rtasidagi savdo aloqalarini butunlay uzilishiga olib kelmagan.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/talas-jangi-yoki-tan-imperyasining-o-rta-osiyoni-egallashiga-bir-bahya-qolgani-haqida/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x